ABROR XIDOYATOV haqida

DO`STLARGA ULASHING:

O‘ZBЕKISTON XALQ ARTISTI
(1900-1958)
Buyuk o‘zbek aktyori Abror Hidoyatov 1900 yilda Toshkentda tug‘ildi. Savodini eski maktabda chiqaradi. 1918 yili Mannon Uyg‘ur O‘zbek drama teatrini tashkil qiladi va unga Obid Jalilov, Sayfi qori Olimov, Abror Hidoyatov kabi yoshlarni jalb etadi. Ne’mat (G‘.Zafariy, «Halima»), Asqar (U.Hojibekov, «Arshin mol olan»), Vurm (Shiller, «Makr va muhabbat») kabi obrazlar A.Hidoyatovning teatr sahnasida yaratgan ilk obrazlari bo‘ldi. O‘ziga ham, o‘zgalarga ham talabchan aktyor Abror Hidoyatovning yaratgan obrazlaridan har doim ham ko‘ngli to‘lavermasdi. Haqiqiy aktyor bo‘lish uchun mukammal bilim va katta malaka zarurligini tushungan Abror Hidoyatov Moskvadagi O‘zbek teatr studiyasiga o‘qishga kirib, V.Kansel, R.Simonov, I.Tolchanov, O.Basov, L.Sverdlin kabi san’atkorlardan ta’lim oladi, realistik sahna san’ati sirlari haqida chuqur nazariy va amaliy bilimga ega bo‘ladi. O‘zbek teatr studiyasida sahnalashtirilgan Molerning «Xasis» komediyasida Gorgagon, Gogolning «Revizor» asarida Skvoznik-Dmuxanovskiy obrazlarini yaratadi. Umuman, Moskva studiyasida o‘qish A.Hidoyatovning kelgusidagi ijodiy parvozida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. 1927—1935 yillarda A.Hidoyatov Sarimsoq (K.Yashin, «Yondiramiz»), Rustam (U.Ismoilov, «Rustam»), Shopur (Xurshid, «Farhod va Shirin»), Frandosa (Lope de Vega, «Qo‘zibuloq qishlog‘i» ) kabi rollarni ijro etib, mahorat pillapoyalaridan asta-sekin ko‘tarila bordi va yetuk obrazlarni yaratish yo‘lida jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. 1935 yilda Hamza teatrida V.Shekspirning «Hamlet» tragediyasining premerasi bo‘ldi. Rejissyor Mannon Uyg‘ur sahnalashtirgan bu asarda aktyor Hamlet rolini ijro etdi, bu spektakl xalq orasida katta muvaffaqiyat qozondi. «Xamlet» spektakli, ayniqsa, Hamlet obrazi o‘zbek teatr san’ati tarixida ulkan voqea bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Asar tomoshabinlarning muhabbatini qozonganligi sababli ketma ket 21 kun ko‘rsatildi. Teatr jamoatchiligi, chet ellik san’at muxlislari spektaklga va Hamlet obraziga qoyil qoldilar. Chindan ham A.Hidoyatov yaratgan Hamlet obrazi nafaqat o‘zbek teatri sahnasida, balki jahon teatr san’atida ham erishilgan kagga ijodiy muvaffaqiyatlardan biridir. 1939 yili rejissyor Ye.Bobojonov Hamzaning «Boy ila xizmatchi» asarini sahnalashtirdi va asardagi G‘ofur roli¬ni A.Hidoyatovga topshirdi. G‘ofur Hamletdan keyin aktyor yaratgan eng yorqin obrazlardan biridir. San’atkorning Hamza teatri sahnasida yaratgan, aktyorga katta shuhrat keltirgan eng yorqin «obrazlaridan yana biri 1941 yilda N.V.Ladigin va M.Uyg‘ur sahnalashtirgan V.Shekspirning «Otello» tragediyasidagi Otello roli bo‘ldi. Vatanimiz va chet ellardan kelgan san’at muxlislari spektaklga, aktyorlar iste’dodiga, ularning ijrosiga yuksak baho berdilar. 1945 yilda ingliz par¬lamenta delegatsiyasi teatrning taassurotlar daftariga shunday deb yozgan edi: «Biz pesaning bunday yaxshi qo‘yilganini hech qachon, hech qayerda, hatto Londonda ham ko‘rmagan edik. Biz ayniqsa, Otello bilan Dezdemona rolini o‘ynagan artistlar mahoratiga qoyil qoldik». Otello rolini aktyor 18 yil davomida 500 marta o‘ynadi. Umuman, V. Shekspir ijodini o‘zbek xalqiga manzur qilishda Abror Hidoyatovning xizmatlari benihoya kattadir. Keyinchalik Hamza nomidagi O‘zbek Davlat akademik dra¬ma teatrida va A. Hidoyatov nomli drama teatrida V. Shekspirning «Otello» tragediyasi sahnalashtirildi. Ushbu spektakllarni kamsitmagan holda aytish kerakki, ulardagi Otello bilan A. Hidoyatov Otellosini tenglashtirib bo‘lmaydi. Chunki, A. Hidoyatov Otellosi betakror san’atning o‘lmas namunasidir. A. Hidoyatovning o‘zbek tarixiy dramalarida yaratgan bir qator obrazlari — Muqanna (H.Olimjon, «Muqanna», 1943), Temur Malik (M.Shayxzoda, «Jaloliddin», 1943), Alisher Navoiy (Uyg‘un va Izzat Sulton, «Alisher Navoiy», 1945) kabilar ham yuksak e’tiborga molik obrazlar sirasiga kiradi. «Abror Hidoyatov o‘z tomoshabiniga ega zabardast aktyor edi,— deb hikoya qiladi O‘zbekiston xalq artisti Mahmudjon G‘ofurov. — Abror aka G‘ofur, Hamlet, Alisher Navoiy rollarini Olim Xo‘jayevga, G‘ofurni Shukur Burhonovga berib, o‘zi faqat Otelloni o‘ynadi. U haqiqiy Otello edi. Men Abror akadan boshqa aktyorni Otello rolida tasavvur qila olmayman. Abror Hidoyatov vafotidan keyin Otello rolini Shukur Burhonov o‘ynashi mumkin edi. Ammo, u o‘ynamadi. Chunki, Otello Abror Hidoyatov ijrosida tomoshabinlar qalbidan chuqur joy olgan edi. Ab¬ror Hidoyatov fojiaviy rollarning mohir ustasi edi». Abror Hidoyatovning o‘zbek kino san’atida yaratgan eng yaxshi roli— 1945 yilda suratga olingan «Tohir va Zuhra» filmidagi Sardor obrazi bo‘ldi. Abror Hidoyatov umr yo‘ldoshi, taniqli san’at ustasi Sora Eshonto‘rayeva bilan ko‘p yillar birga yashashdi, birga ijod etishdi, o‘lmas obrazlar yaratishdi, havas qilsa arziydigan oqil va fozil farzandlarni tarbiyalab voyaga yetkazishdi, munosib shogirdlar yetishtirishdi. Buyuk iste’dod egasi Abror Hidoyatovning o‘zbek teatr san’ati ravnaqidagi xizmatlari «O‘zbekiston xalq artisti» va 1948 yilda Davlat mukofoti bilan munosib taqdirlangan. Xalqimizning sevimli farzandi Abror Hidoyatov 1958 yilda Toshkentda vafot etdi. Toshkentdagi markaziy ko‘chalardan biri uning nomi bilan ataladi. Poytaxtimizda Ab¬ror Hidoyatov nomli drama teatri ishlab turibdi. Rejissyor Bobo Xo‘jayev buyuk san’atkor to‘g‘risida hujjatli film yaratgan. Mashhur o‘zbek san’atkorining o‘lmas xotirasi xalqimiz qalbida abadiy yashamoqda. O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 9 yilligi munosabati bilan o‘zbek milliy madaniyati rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Abror Hidoyatov «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlandi. 2000 yilda respublikamiz madaniy jamoatchiligi Abror Hidoyatov tavallud topgan kunning 100 yilligini nishonladi.

Оставьте комментарий