Alisher Navoiy o’zbek adabiy tilining asoschisi

DO`STLARGA ULASHING:

REJA:
 
  1. KIRISH:
    а) Alisher Navoiy  о’zbek adabiy тilining аsoschisi.
  1. ASOSIY QISM:
1) Navoiy tilining fonetik xususiyatlari.
2) Navoiy tilining morfologik xususiyatlari.
  1. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR.
O’zbek adabiy tilining rivojida 15-asrning ikkinchi yarmi juda muhim davr hisoblanadi. Bu davrda Alisher Navoiy o’zining muborak ijodi bilan o’zbek adabiyotini yuksak darajaga ko’tarish bilan birga, o’zbek tilining taraqqiyotiga ham o’zining salmoqli hissasini qo’shdi. Navoiy o’z asarlarida, albatta «grammatika» yoki «fonetika» so’zini qo’llagan emas. Lekin tilning grammatik va fonetik qonunyatlarini yaxshi bilgan, ularni bir-birlaridan yaxshi farqlagan va o’ziga xos arabcha-forscha va turkcha-o’zbekcha atamalar bilan nomlangan: amr, harf, harakat, hamza, voze (voz-yasovchi yoki so’z yasovchi); tajnis va ihom – ko’p ma`noli so’z; alam-ism, ot; atmutakallim-so’zlovchi; lafz, kalom, alfoz kabilar haqida o’z davriga nisbatan juda muhim fikr va mulohazalar bayon qilgan. Jumladan, Navoiy turkiy (o’zbek) tilining grammatik xususiyatlari haqida yetarli darajada fikr bildirgan. U, xususan, so’z yasash yo’llari haqida maxsus to’xtaydi. O’zbek tilida fe`llardagi birgalik va orttirma darajalarini yasovchi –sh/-ish, -t, qo’shimchalari orqali chopishmoq, topishmoq, ko’chishmoq, o’pishmoq, yugurt, qildurt, yashurt, chiqart kabi so’zlar yasalganligini, sifatlarda belgining ortiq-kamligini esa p, m, vositasi orqali op+oq qop+qora, qip+qizil, sap+sariq, yum+yumaloq, yap+yassi, op+ochuq, yam+yashil, bo’m+bo’sh tarzida ifodalanishini aytadi.[1] Shuningdek, ravishdoshning – g’ach/-gach, -qach/-kach affiksi orqali tergach, borg’ach, yorg’och, topqoch, sotqoch kabi fe`l formalarining yasalishini; harakatni bajarishga intilish, tayyorlanish kabi ma`nolarni ifodalashda esa – gu/-g’u affiksi bilan yasalgan sifatdosh formasiga – dek ravishdosh yasovchi qo’shimchaning qo’shilishi orqali borg’udek, yorg’udek, qayg’udek, urgudek, surgudek fe`llarning hosil qilishini misollar bilan ko’rsatadi. Navoiy asos solgan adabiy tilning tovush imkoniyatlarining kengligi ham to’la isbot qiladi. Chunki Navoiy asarlarining tili o’z davrida mavjud bo’lgan turkiy sheva, lahja va dialektlarning deyarli hammasining vokalizmini qaryib to’liq ravishda aks ettirgan va 9 sostavli unli tovushlar sistemasi va singarmonizm qonuniyati eski o’zbek adabiy tilining asosiy bazalari bo’lgan qipchoq lahjalarinng ham, o’g’uz lahjalarining ham, o’rta o’zbek (qarluq-chigil-uyg’ur) lahjalarining ham tovush sistemalarini to’liq aks ettirishga imkon beradi. Navoiy tilidagi qisqa hamda cho’ziq i unli tovushli o’sha davrdagi o’g’uz-turkman lahjalarining tovush sistemasini to’liq aks ettirish uchun hamda fors-tojik tilining ta`siriga kuchli ravishda uchragan Hirot, Samarqand, Buxoro shahar shevalari va ular tipidagi shevalarning tovush xususiyatlarini aks ettirish uchun xizmat qilgan. Alisher Navoiy asarlari tilida uchrovchi ochiq o (o) tovushi esa shu keyingi aytilgan til va dialektlarda fonema darajasiga ko’tarilgan lablangan o ni aks ettirish uchun qo’llagan. Alisher Navoiyning turkiy til sistemasidagi tovushlarning qonuniyatlarini yaxshi bilishligi va ularni yaxshi qo’llay olishi turkiy tilning tovush imkoniyatlarini necha yuz yillar davomida an`anaga kirib qolgan tor arab alfaviti imkoniyatlari darajasida ham yuzaga chiqarish mumkinligini isbot qiladi[2]. Alisher Navoiy va umuman klassik shoirlarimiz juda yaxshi bilgan. Ular o’z asarlarining tilida 9 ta mustaqil fonemani ishlatganlar.
Alisher Navoiy o’zbek tiliga ya`ni o’z ona tilimizga diqqat bilan qaradi. Navoiyning afsus bilan ta`kidlashicha, hatto, ko’pgina o’zbek shoirlari ham, ona tili boyliklari va keng imkoniyatlaridan foydalanishga kam e`tibor berardilar. «Bu til dag’al til, unda yuksak san`at asarlari yaratib bo’lmaydi» degan fikrlarga uzil-kesil zarba berish, o’zbek tilining yashirin qolib kelayotgan xazinalarini ochish va uni ilm ahllariga, she`riyat muxlislariga tushintirish o’zbek xalqining buyuk farzandlari oldida muhim vazifa bo’lib turardi. Ana shu ulkan ishning uddasidan Alisher Navoiy chiqa oldi. Navoiy «Bu alfoz va iboratda bir nav daqoyiq ko’pdurkim, bu kunga deguncha hech kishi haqiqatig’a mulohaza qilmag’on jihatdin bu yashurun qolibdur. Va filhaqiqat agar kishi yaxshi mulohaza va taammul qilsa, chun bu lafza muncha vus`at (kenglik) va maydonida buncha fushat (ochiqlik) topilur…» deb yozdi va o’zbek shoirlarini o’z ona tilini faqatgina xalq ommasi emas, balki shoirlar ham qo’llashi, shu tilda, iloji boricha, o’z iqtidor va mahoratlarini ko’rsatishlari kerak edi. Masalan, Navoiy xuddi shu maqsadda quyidagicha yozadi: «…turk tilining jomliyati muncha daloil bilan sobit bo’ldi, kerak erdikim, bu xalq orasidin paydo bo’lg’on ta`b ahli salohiyat va ta`blarin o’z tillarin turg’och, o’zga til bilan zohir qilmasa erdi va ishga buyurmasalar erdi. Va agar ikala til bilan aytur qobiliyatlari bo’lsa, o’z tillari bilan ko’proq aytsalar erdi va yana biri bilan ozroq aytsalar erdi. Va agar mubolag’a qilsalar, ikala til bilan teng aytsalar erdi…»[3]. Bobur tili bilan aytganda, Navoiy o’zbek tilida barchadan «ko’p» va «xo’p» yozib, qalam kuchi bilan qalblardan joy oldi. Alisher Navoiy til bilimiga doir «Muhokamat ul-lug’atayn» asari bilan o’zbek adabiy tilining, xususan o’zbek tilshunosligining ilmiy-nazariy asoslarini yaratib berdi. Alisher Navoiy «Muhokamat ul-lug’atayn»da o’zbek tilini fors tili bilan taqqoslab, ona tilidagi ustunliklarini, uning adabiyot, san`at, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotidagi rolini ashyoviy matreallar misolida namoyish etadi. Navoiy ikki tilni – o’zbek va fors (tojik) tillarini qiyoslar ekan, birining ahamiyatini kamaytirib yoki rad etib, ikkinchisining ahamiyatini bo’rttirib ko’rsatmaydi, bu sohada hech qanday mubolag’aga yo’l qo’ymaydi, aksincha, ularning har birini o’z holicha olib qaraydi. Boy materiallarga asoslangan holda o’zbek tilining fors tili bilan teng huquqligi va go’zalligini, ayrim hollarda esa bu tomonlarning ustunligini isbotlab ko’rsatadi. Ayniqsa, bunday xarakterli tomonlarning fonetika tarkibida, so’z yasashda, uslubshunoslikda, leksikada aniq ko’zga tashlanib turishini alohida ta`kidlab o’tadi. Navoiy o’zbek tilini yoqtirganligi va ta`biga mos kelganligi, fors tilini esa sevmaganligi uchun bunday xulosaga keldi, deb o’ylash noto’g’ri bo’lar edi. Demak, Navoiy fors tilining qimmati va ahamiyatini kamsitmaydi. Ulug’ adib fors tilidan foydalanishda yuqori pog’onaga ko’tarilgan bo’lib, ushbu xususda Navoiy bilan bellasha oladigan kishi kam topilar edi. Bu ijodkorning «Foniy» taxallusi bilan yozgan asarlarida ham aniq ko’rinib turadi. Navoiy asarlari tili 15-asr o’zbek adabiy tilining yuksak namunasi bo’lib, til tarixini o’rganishda katta manba va boylikdir. Uzoq va mashaqqatli izlanishlar tufayli uning yana bir qimmatli asari borligi aniqlanganligi, bu asar tili lug’ati bo’lib, «Sab`at abxur» (Yetti dengiz) nomi bilan mashhurligi, hozirgi vaqtda Turkiya olimi Ogah Sirri Lavand Alisher NAvoiyning ana shu lug’ati ustida tadqiqot olib borayotganligi matbuotda xabar qilgan edi[4].
Navoiy o’zbek tilida 100 ta fe`lni yuzaga kelishi sabablarini ko’rsatadi va ularning tahlilini beradi. Bunday fe`llarning ko’plari fors tilida uchramasligini qayd etadi, u qator fe`llardagi sinonimlarni misol keltiradi. Navoiy asarlari tilini singormonizmsiz shevalarga asoslangan deb qaraydi. E.D.Polivanov esa uning asarlari O’rta Osiyo tilida yozilganligini qayd etadi[5].
Alisher Navoiy aniq bir dialektga asoslanib ish ko’rmagan. U o’zbek dialekt va shevalarida ko’p va keng qo’llanuvchilik xarakterli xususiyatlarni tanlab olib, o’zbek adabiy tilini taraqqiy ettirish uchun qizg’in kurash olib bordi. Navoiy asarlarida qarluq-chigil-uyg’ur lahjasi va qisman qipchoq shevalari xususiyati mavjuddir.
Navoiy asarlari tilining fonetikasi hozirgi zamon o’zbek tili va 10-13-asr yodnomalari tilining fonetikasidan o’zining ba`zi xususiyatlari bilan farq qilai. Navoiy tilining fonetik xususiyatlari bilan bog’liq bo’lgan masalalar hali to’liq-to’kis ravishda hal qilingani yo’q. Navoiy nutqining fonetik bo’laklari haqida tilshunoslarimiz bir-biriga mos kelmaydigan turli fikrlarni bayon qilganlar.[6]
Professor N.Rajabov Navoiy tili va umuman, o’zbek tili ustida olib borgan kuzatishlari natijasida o’zbek nutqining, shu jumladan, Navoiy nutqining ham fonetik bo’laklari jumla, sintagma, takt, bo’g’in va tovushlardan iboratligini, jumla eng yirik fonetik birlik bo’lib, nutqning ikki pauza orastdagi maxsus intonatsiyaga ega bo’lgan bo’lagidir. Jumla odatda gapda to’g’ri keladi. Chunki jumlaning pauzasi fikriy tugallik, intonatsiyasi esa gapning mazmuniga borg’liqdir.
Jumladan keyingi kichik fonetik bo’lak sintagmadir. Jumla bir yoki bir necha sintagmalarga bo’linadi. Sintagma bir yoki bir necha taktdan iborat bo’lishi mumkin. Takt sintagmadan kichik fonetik bo’lak bo’lib, bir bosh urg’u ostiga olib talaffuz qilinadigan bo’lakdir. Alisher Navoiy o’zining «Muhokamat ul lug’atayn» asarida taktga quyidagicha bo’lib chiqadi.
  • ishq; 2) axtar-i: -dur 3) daraxshanda; 4) bashariyat; 5) kozi; 6) nur-u; 7) ziyosi; 8) andim; 9) vagarshar-sh:-dur; 10) raxshanda; 11) insoniyat; 12) tojinin; 13) zeb-u; 14) bahosi; 15) andin; kabi taktlarga bo’ladi.
Takt bir yoki bir necha bo’g’indan iborat bo’ladi. Bo’g’in deb taktning  nafasining bir zarbi bilan talaffuz qilinadigan bo’lagiga aytiladi.
15-asr o’zbek adabiy tilida ham bo’g’in hosil qilish unli tovushlar hisoblangan. Bo’g’in unli bilan boshlanishi, ya`ni to’siqsiz bo’lishi yoki undosh bilan boshlanib, to’siqli bo’lishi mumkin. Bo’g’in boshida ikki undosh qator kelmaydi, ya`ni bo’g’in faqat bir undosh bilan to’siladi. Yana bo’g’in unli bilan tugashi, ya`ni ochiq bo’lishi, yoxud undosh bilan tugashi, ya`ni yopiq bo’lishi mumkin.
Vokalizm Navoiy tilida uning o’zining «Muhokamat ul-lug’atayn»dagi ma`lumotiga ko’ra, to’qqiz unli fonema mavjuddir.[7]
i-i, e-a, y-u, ө-o va e.
«I» fonemasi. Ma`lumki, hozirgi o’zbek adabiy tilidagi «i» fonemasi qadimgi turk tilida va hozirgi jilovchi hamda singormanizmli yilovchi o’zbek shevalarida ikki mustaqil «i» va «i» fonemalaridan iborat. Navoiy i tovushi borligi haqida gapirmaydi. Demak, qadimgi turk tilidagi i-i fonemalari o’zbek adabiy tilida 15-asrdayoq birlashib bir I fonemasiga aylana boshlagan.
«E» fonemasi. Bu fonema qadimgi turk tilidagi til oldi «ә»sining torayishi natijasida vujudga kelgan, qadimgi turk tilidagi kәldi, sәkiz, әr kabi so’zlarning hammasi birinchi bo’g’indagi ә, 15-asrda «e»ga aylanganini ko’ramiz, ә turkiy so’zlarning affikslarida saqlangan bo’lsa ham, turkiy so’zlar uchun fonemaning kuchli pozitsiyasi o’zak,  ya`ni birinchi bo’g’in hisoblanganligi uchun, a tovushning varianti deb hisoblash kerak.[8]
«A» — fonemasi. Tojik tilidan o’zbekchaga yor, bozor, qamar, samar kabi tojik va arab so’zlaridan o’tib, turkiy so’zlardagi «ә» fonemasi «e»ga aylangandan keyin turkiy so’zlardagi hamda tojik va arab so’zlaridagi a dan hosil bo’lgan, «o» bilan «u»ga qarama-qarshi turuvchi tovushdir.
Bor-bar-ber
Zor-zar-zer
O-e va y-u fonemalari. Bu fonemalarning 15-asr o’zbek adabiy tilida mavjudligi shubhasizdir. Chunki Navoiy ot(olov)dan өt (o’tmoq dan buyruq)ni farqlaydi.
Konsonantizm Navoiy tilida 25 ta undosh fonema bor: b, p, f, v, m, t, d, s, n, r, l, sh, j, j, ch, l, g, q, g’, ng, i, x, h,  (ع).
Navoiy tilidagi qaror, sangar kabi so’zlar oxiridagi r hozirgi zamon o’zbek tilida dissimilyatsiyaga uchrab, i ga aylangan: qoray, sarg’ay.
Navoiy tilida ham singarmonizm qonunlari mavjud.[9] Navoiy «Xamsa» sining Abdujamil nusxasi bizni singarmonizmning har uchala qonuni, ya`ni unlilardagi tanglay uyg’unligi, lab uyg’unligi, hamda undoshlardagi jaranglilik va jarangsizlik uyg’unligi bor, degan xulosaga olib keladi.
 Alisher Navoiy chog’ishtirma (kontrastiv) lingvistikaning asoschisi hisoblanadi. Alisher Navoiy o’z ona tilida badiiy ijod qilish, ona tilining butun go’zalligi, tarovatini amalda ko’rsatish bilangina cheklanib qolmaydi. Ona tilini o’sha davrda badiiy adabiyot uchun an`ana bo’lib qolgan fors tiliga qiyoslab, bu tildan hech qolishmasligini, hatto ba`zi o’rinlarda ustunroq turishini ilmiy jihatdan ham isbotlab bermoqni o’z oldiga maqsad qilib qo’ydi. Ana shu maqsadda 1499-yilda ikki til muhokamasiga – ikki tilning chog’ishtirma grammatikasiga bag’ishlangan maxsus asarini – «Muhokamat ul-lug’atayn» asarini yaratadi.
Alisher Navoiyning bu asarining maydonga kelishi bilan dunyo tilshunosligida yangi sahifa ochildi. Tilshunoslikning hozirgi kunda chog’ishtirma (kontrastiv) lingvistika deb yurutiluvchi yangi yo’nalishga asos solindi. Chog’ishtirma tilshunoslikning o’ziga xos xususiyatlari shundaki, ikki tizimga mansub bo’lgan tillar tilning barcha sathlari bo’yicha bir-biriga solishtiriladi.[10]
Bundan tashqari Navoiy tilning morfologik xususiyatlari haqida ham gapirib o’tadi. Navoiy tilidagi so’zlarni xuddi hozirgi zamon o’zbek tilidagi kabi dastlab ikki katta morfologik guruhga, ya`ni mustaqil va yordamchi so’zlarga, so’ngra mustaqil so’zlarni o’z navbatida ot, sifat, olmosh, son, fe`l, ravish turkumlariga, yordamchi so’zlarni esa ko’makchi, bog’lovchi va yuklamalarga bo’lish mumkin.[11]
Ot. Ot turkumiga kiruvchi so’zlar kishi, hayvon, narsa, hodisa va tushunchalarninng otini bildiradi va quyidagi grammatik kategoriyalarni o’z ichida oladi.
  • Atoqlilik va turdoshlik
  • Kishilik va nokishilik
  • Holat
  • Ko’plik
  • Egalik
  • Kelishik
Navoiy tilida jins kategoriyasiga oid elementlar ham bor, ot turkumidagi so’zlar gapda ega, kesim, aniqlovchi, to’ldiruvchi va hol bo’lib kela oladi.
Sifat. Navoiy tilidagi sifatlar ham xuddi hozirgi turkiy tildagi sifatlar singari asliy va nisbiy sifatlarga bo’linadi. Asliy sifatlar ham nisbiy sifatlar ham predmetning belgisini bildiradi. Asliy sifatlarga aq (oq), qara (qora) qizil, yashil singari rang bildiruvchi; chuchuk, achiq (achchiq) ta`m bildiruvchi; ulug’, kichik, past, baland singari hajm va shakl ifodalovchi; qari, yash kabi jismoniy belgilarni bildiruvchi; yaxshi, yamonga o’xshash mavhum belgilarni anglatuvchi; uzaq, yaqin singari zamon va makon belgilarini bildiruvchi so’zari kirib, bular predmet belgisini bevosita o’zlarining leksik ma`nolari bilan bildiradi.
Olmosh. Navoiy tilida  III – shaxs kishilik va ko’rsatish olmoshi ul bosh kelishikda ham, boshqa kelishiklardagi kabi hozirgi o’zbek tilidagidan farq qiladi.
Ul kishilik olmoshi  bo’lib kelgandagina alar shaklida ko’plik formasi yasaladi.
Ravish. Navoiy tilida hozirgi o’zbek tilida iste`moldan chiqqan ravishlar bor. Masalan, base, asru, burna, tanla kabi ravishlar shular jumlasidandir. Basi ravishi o’zbek tiliga tojik tilidan o’tgan bo’lib, «behad», «ko’p» va «juda» ma`nolarida ishlatiladi.
Bog’lama ish, sifatdosh va ravishdon bilan ifodalangan kesimni shakllantirib, uning shaxs-sonini ko’rsatuvchi yordamchi so’zdir.
Navoiy tilidagi birinchi va ikkichi shaxs bog’lamalari shaklan olmoshdan farq qilmaydi. Chunki Navoiy tilida bu bog’lamalar men (hozirgi o’zbek tilida-man), sen (hozirgi o’zbek tilida-san), biz (hozirgi o’zbek tilida — miz) va siz (hozirgi o’zbek tilida- siz) shakllariga ega.
Lekin bog’lamalarni, tarixan olmosh bo’lishiga va shaklan olmoshga o’xshash bo’lshiga qaramay, olmosh deb atay olmaymiz. Chunki men, sen, biz olmoshlari shu shaklga ega bo’lgan bog’lamalradan faqat bir jihatdan, ya`ni tovush tarkibi nuqtai nazaridan farq qilmaydi, ammo fonetik belgilari hamda leksik va grammatik xususitlariga ko’ra butunlay farq qiladi. Umuman, Navoiy asarlari tili haqida quyidagicha xulosa chiqarishimiz mumkin:
Navoiy ijodi 15 asrning ikkichi yarmi o’zbek adabiy tilining rivojlanish tarixida juda muhim o’rin tutadi. O’zbek adabiy tili o’ziga xos fonetik va grammatik xususiyatlari (unlilar konvergentsiyasi, undoshlar, ba`zi morfologik forma va sintaktik konstrukturalar) mana shu davrdan rivojlana boshlagan edi.
Alisher Navoiy o’zining barakali ijodi bilan o’zbek klassik adabiyotni yuksak pog’onaga ko’tardi. O’zbek adabiy tilining rivoji uchun ham juda salmoqli hissa qo’shdi. Alisher Navoiy shoh asarlari 15 asr o’zbek tilini o’zida aks ettirgan bo’lib, o’zbek tili tarixini o’rganish uchun eng boy manba hisoblanadi.
ФОЙДАЛАНИЛГАН АДАБИЁТЛАР:
  1. Абдураҳмонов Ғ., Рустамов А. Навоий тилининг грамматик хусусиятлари. –Т.: «Фан», 1984.
  2. Дониёров Х., Йўлдошев Б. Адабий тил ва бадиий стил. – Тошкент: «Фан», 1988.
  3. Каримов С., Санақулов У. Ўзбек тилшунослиги масалалари. – Самарқанд, 2001.
  4. Нурмонов А. Ўзбек тилшунослиги тарихи – Тошкент: «Ўзбекистон» 2002.
МАҚОЛАЛАР:
  1. Абдуллаев Ф. Навоий синграмонизми хусусиятлари // «Ўзбек тили ва адабиёти» журнали, 1966, №5.
  2. Дониёров Х, Санақулов У. Ўзбек тилшунослигининг асосчиси // «Ўзбек тили ва адабиёти» журнали, 1991, № 1.
  3. Ражабов Назар. Навоий – она тили учун курашчи // «Ўзбек тили ва адабиёти» журнали, 1991, № 1.
  4. Ҳамид Сулаймон. Жаҳон кутубхоналаридаги Навоий қўлёзмалари // «Тил ва адабиёт таълими» журнали, 1967, №3.
[1] Алишер Навоий  асарларининг 15 томлиги. 14-том. — Тошкент, 1967,116-117-бетлар.
[2] Дониёров Х., Санақулов У.  Ўзбек тилшунослигининг асосчиси // «Ўзбек тили ва адабиёти» журнали, 1991, №1, 28-31-betlar.
[3]  Ражабов Н. Навоий — она тили учун курашчи // «Ўзбек тили ва адабиёти» журнали,, 1991, №1, 32-33-betlar.
[4] Ҳамид Сулаймон. Жаҳон кутубхоналаридаги Навоий қўлёзмалари // “Тил ва адабиёти таълими” jurnali, 1967, №3, 34-35-betlar.
[5] Поливанов Е.Д. Этнографическая характеристика узбеков. Вып. 1. Происхождение и наименование узбеков. – Ташкент, 1925, с.13.
[6] Абдураҳмонов Ғ., Рустамов А. Навоий тилининг грамматик хусусиятлари. — Тошкент: «Фан», 1984, 6-7- б.
[7] Ражабов Назар. Навоий – она тили учун курашчи // «Ўзбек тили ва адабиёти» журнали, №1, 33-34 — бетлар
[8] Абдураҳмонов Ғ., Рустамов А. Навоий тилининг грамматик хусусиятлари.  — Тошкент: «Фан», 1984,  14 -б.
[9] Абдуллаев Ф. Навоий сингармонизми хусусиятлари. // «Ўзбек тили ва адабиёти» журнали, 1966, №5.
[10] Нурмонов А. Ўзбек тилшунослиги тарихи. – Тошкент: «Ўзбекистон», 2002, 85-86-бетлар.
[11] Абдураҳмоно Ғ., Рустамов А. Навоий тилининг грамматик хусусиятлари. – Тошкент, «Фан», 1985, 31- бет.

Оставьте комментарий

ArabicChinese (Traditional)EnglishFrenchGermanHindiKazakhKyrgyzRussianSpanishTajikTurkishUkrainianUzbek