Chaqaloqlarda kindik churrasi

DO`STLARGA ULASHING:

Organizmning turli anatomik boʼshliqlarini hosil qiluvchi devorlaridagi mavjud boʼlgan tabiiy tirqishlar yoki yumshoq toʼqimalarning nimjonligi tufayli ular tonusini keskin pasaygan joylari orqali ayrim aʼzolarning tashqariga, yaʼni teri ostiga yoki yondosh anatomik boʼshliqqa boʼrtib chiqishi churra hisoblanadi.

Insonlarda ichki va tashqi churralar tafovut qilinadi. Chaqaloqlarda kindik, chov, chov-yorgʼoq churralari koʼp kuzatiladi, ayni paytda, bosh va orqa miya, diafragma churralari hamda kindik tizimi churrasi ham uchrab turadi.
Barcha tugʼma nuqsonlar singari churralar turli salbiy omillar (onaning homiladorlik davrida turli oʼtkir va surunkali kasalliklar yoki infektsiyaga chalinishi, stress holatlari, asabiy va ruhiy toliqishlar, shuningdek homilaning ona qornida moʼʼtadil rivojlanishidagi buzilishlari) natijasida paydo boʼladi.
Oʼlchamlariga koʼra farqlanadi
chaqaloqlarda-kindik-churrasi
Kindik sohasidagi churralarning ikki turi tafovut qilinadi.
Kindik tizimi churrasi (embrional churra ham deb yuritiladi) kelib chiqish sabablariga koʼra oddiy kindik churrasidan farqlanib, qorin old devori mushaklarining qisman yoki toʼliq boʼlmasligi hisobiga, aksariyat koʼp hollarda churra hosilasi oʼlchamlarining kattaligi (3-15 sm) bilan farq qiladi. Kindik tizimi churrasi mavjudligi chaqaloq tugʼilishi bilanoq aniqlanadi va tegishli davo belgilanadi.
Kindik churrasi – qorin old devori mushaklari paylarining rivojlanishi va oʼzaro bitishidagi buzilishlari tufayli bitmay qolgan kindik halqasidan charvi yoki ichakning teri ostiga chiqishidir. Kindik halqasi, yaʼni churra darvozasi turli oʼlchamlarda boʼladi. Аyrim bolalarda u jimjiloq yoki koʼrsatkich barmoqlarning diametriga teng kelsa, boshqalarda esa 3-4 sm tashkil qiladi va tegishli tarzda turli oʼlchamdagi churra hosilasi koʼrinishida boʼladi. Odatda bu hosilani bola tinchlanganida osonlik bilan barmoqlarimiz orqali qorin boʼshligʼiga tushirish imkoniyati mavjud.
Tugʼilish jarayonida kuzatilgan jarohatlanishlar yoki boshqa kasalliklar, ich kelishi va siydik ajratishdagi qiyinchiliklar, shuningdek yoʼtal tufayli bola bezovtaligining kuchayishi hisobiga churra oʼlchami kattalashib boradi. Bu esa mavjud klinik belgilar yanada chuqurlashuviga va yoʼldosh kasalliklar qoʼshilishiga ham sabab boʼlishi mumkin.
Kompleks davo — samarali natija
chaqaloq-kindik-churrasida
Kindik churrasining mavjudligi bolaning yoshidan qatʼiy nazar, shifokorga koʼrsatishni va ota-onalar tomonidan tegishli tavsiyalarni olish va ularni muntazam ravishda bajarishni taqozo etadi. Bolasida kindik churrasi mavjud boʼlgan koʼpgina onalarning bizga murojaat qilganlarida ular tomonidan bolaning kindigi ustiga tanga qoʼyib leykoplastir bilan tortib qoʼyish, yoki churrani doka bilan bogʼlash kabi oʼtkazilgan tadbirlar foyda qilmaganligi toʼgʼrisida gapirishadi.
Davo taktikasi kompleks yondoshuvni talab etadi. Bu borada onaning ishtiroki nihoyatda yuqori boʼlishi zarur. Bola tinchligini, ich kelishi va siydik ajratish ravonligini taʼminlash qorin boʼshligʼi bosimi oshishi va churra kattalashishining oldini olishda asosiy ahamiyatga ega. Bolani ratsional ovqatlantirishni yoʼlga qoʼyish hamda emizuvchi onaning ham parxez saqlashi bola meʼda-ichak yoʼllarida moʼʼtadil muhitni yuzaga keltiradi.
Kindik halqasining bitishi va qorin devori mushaklarini rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarning ham ahamiyati yuqori. Buning uchun churra hosilasini qorin boʼshligʼiga toʼgʼrilab atrofidagi terini boʼyiga bir-biriga yaqinlashtirgan holda halqa ustidan, eni 1,5-2 sm leykoplastir bilan tortib qoʼyiladi. Bu tadbirni bola toʼla tinchlangan paytda yoki uxlayotganida amalga oshirish osonroq.
Ijobiy natija 15-20 kundan keyin kuzatilib kindik halqasining nisbatan kichraya borishi bilan kechadi. Odatda chaqaloq va goʼdak yoshdagi bolalar terisining nozikligi va taʼsirchanligi tufayli plastir oʼrnida qizarishlar paydo boʼladi. Buning oldini olish uchun har 4 kunda plastir 3-4 soatga olinadi va vitaminli krem bilan ishlov berilgach qayta yopishtiriladi. Bu muolajadan toʼliq samaraga erishilmaganda bu tadbir 10-15 kunlik tanaffusdan keyin yana bir necha bor qayta oʼtkazilishi mumkin.
Taʼkidlash joizki, kindik qoldigʼi tushib ulgurmagan chaqaloqlarda, shuningdek kindik kosachasining yalligʼlanish alomatlari kuzatilganda, leykoplastirli tortma qoʼyishdan oldin vrach maslahatini olish va asseptika va antiseptika qoidalariga amal qilingan holda tegishli ishlov berib turish zarur boʼladi.
Churra qisilishi xatarli
kindik-churrasi-qisilishi
Muntazam ravishda kuniga 3-4 marta goʼdakni qorniga yotqizish churra tirqishi bitishida samara beradi. Chaqaloqlar (leykoplastirni olmasdan turib) 5-10 daqiqaga qorniga yotqizilganda ularning koʼkrak qafasi va boshini ona yordamida balandroq koʼtarib turish bola dimiqib qolishining oldini oladi. Boʼyin va boshini erkin tuta oladigan goʼdaklarda esa bu tadbir 10-15 daqiqagacha uzaytirilishi mumkin, bunda koʼkrak qafasini koʼtarib turishga ehtiyoj boʼlmasada, albatta onaning nazorati ostida amalga oshirilishi zarur. Ushbu muolaja nafaqat qorin mushaklarining faollashuvini taʼminlab, shuningdek peristaltikaning oshishi hisobiga ichaklarda toʼplangan gazlar ajralishi va bolani oʼzini yengil his etishiga koʼmaklashadi.
Qorin devorlarini uqalash bolaning tetiklashuvi va churrani bartaraf etilishida ahamiyati yuqori hisoblanadi. Uqalashni bolani ovqatlantirishdan oldin va uqalovchi tibbiyot xodimlarining maslahatlariga amal qilgan holda oʼtkazilishi maqsadga muvofiqdir.
Аyrim kichik oʼlchamli churralarda uning maxsus davolarsiz ham oʼz-oʼzidan tuzalishi, shuningdek katta hajmli churralarda ham shifokorlarning toʼgʼri tashkil etilgan konservativ davo tadbirlari yordamida ham 70-80 foiz holatlargacha operatsiya usulisiz ijobiy natijaga erishish mumkin. Qayta oʼtkazilgan konservativ davo muolajalarining samarasizligi rejali ravishda operatsiya usulini qoʼllashni taqozo etadi va uning optimal davri bolaning 3-5 yoshiga toʼgʼri keladi.
Kindik churrasining siqilishi bolalarda kam uchrasada, xavfli asorat hisoblanadi. Qorin dam boʼlishining ortib borishi, qusish va paypaslaganda churrani qorin boʼshligʼiga toʼgʼirlanmasligi va bunda bola bezovtaligini yanada kuchayishi churraning siqilganligidan dalolat beradi va bola yoshidan qatʼiy nazar, zudlik bilan shifokorga murojaat etish zarurligini koʼrsatadi.
Nasriddin ERGАShEV,
Toshkent pediatriya tibbiyot instituti
“Gospital bolalar xirurgiyasi” kafedrasi professori,
tibbiyot fanlari doktori.

Оставьте комментарий