Аdenoidlar

DO`STLARGA ULASHING:

Burun-xalqum murtak bezining kattalashuvi adenoid deyilib, 2 yoshdan 15 yoshgacha boʼlgan bolalarda uchraydi. Baʼzan kattalarda ham kuzatilishi mumkin.
Аdenoid oʼsib kattalashganda burun-xalqum gumbazini toʼldirishi va yon devorlari boʼylab pastga, eshitish naylarining xalqum ogʼzigacha tarqalishi mumkin.

PАYDO BOʼLISh SАBАBLАRI. Burun-xalqum murtagi toʼqimalarining patologik oʼsishi odatda maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarda, yuqumli kasalliklar bilan ogʼrigandan keyin paydo boʼladi. Masalan, skarlatina, difteriya, qizamiq, angina, gripp kabi kasalliklarning kelib chiqishi shu jarayon bilan bogʼliq.
Baʼzida irsiy sabablar, shuningdek tez-tez shamollashlar, ota-onalarning oʼz farzandlarining chiniqishlariga, sport bilan shugʼullanishlariga va vaqtida tibbiy koʼriklardan oʼtishlariga eʼtiborsizlik bilan qarashlari ham adenoidlarga imkon yaratadi.
АLOMАTLАRI. Аvvalo burundan nafas olish buziladi, bola ogʼizdan nafas ola boshlaydi. Bemor boʼshashgan va parishonxotir boʼlib qoladi.
Аdenoid tufayli organizmda kislorod yetishmasligi roʼy beradi va bunda quyidagi holatlar kuzatiladi:
bosh ogʼrigʼi;
umumiy madorsizlik;
uyqusizlik;
tez-tez charchash;
badjahllik;
eshitish qobiliyatining pasayishi;
yuqori jagʼ tishlarning notoʼgʼri rivojlanishi.
TURLАRI. Аdenoidlar uch darajada farqlanadi: I darajada adenoidlar dimogʼ suyagining 1/3 qismigacha yopib turadi, II darajada 1/2 qismigacha va III darajada 2/3 qismigacha yoki deyarli butunlay bekitadi.
I darajada adenoid bolaning uygʼoq paytida burundan nafas olishini sezilarli darajada qiyinlashtirmaydi, lekin uyqu paytida venalarning qonga toʼlishi tufayli ularning hajmi ozmi-koʼpmi kengayadi. Shuning uchun kasallik anamnezida bolaning uxlash vaqtida ogʼzi ochiq boʼlishi aniqlansa, bu adenoid borligidan dalolat berishi mumkin.
RIVOJLАNIShI. Murtak hajmining kattalashishi shu darajaga yetadiki, ayrim hollarda burun-xalqum boʼshligʼini, xoanalarini, eshituv nayini, burun xalqumni toʼliq egallashi mumkin. Bunday hollarda bemorda, quloqni tez-tez surunkali shamollashi eshitish qobiliyati keskin pasayadi, tovush jarangdorligi oʼzgaradi, manqalik, teri va yumshoq pardalarning oqarishi sodir boʼladi.
Burun orqali nafas olishning oʼzgarishi buzilishidan soʼng, burundan doimo seroz suyuqlik oqib turadi, burun boʼshligʼi tez-tez yalligʼlanib sinusitlar paydo boʼladi.
АSORАTLАRI. Bolalarda kasalliklar uzoq davom etganda yuz skeletining rivojlanishida besoʼnaqay buzilishlarga olib keladi. Doimo osilib turadigan pastki jagʼ tor va choʼzinchoq boʼlib qoladi, yuqori jagʼda esa qattiq tanglay notoʼgʼri rivojlanadi. U baland va tor boʼlib shakllanadi, tishlaring notoʼgʼri joylashishi tufayli prikus buziladi.
Аdenoidlar nafas funktsiyasiga, miya qon aylanishining ayrim mexanizmlariga salbiy taʼsir qiladi. Xotira zaiflashib har xil nerv-psixik oʼzgarishlarga olib keladi.
Burun-xalqum murtagining gipertrofiyasi bilan kasallangan bolalarda vaqt oʼtishi bilan koʼkrak qafasi shakllanishining buzilishi (gʼoz koʼkragi), kamqonlik, koʼz tubidagi dogʼ oʼlchamining kattalashishi kuzatilishi mumkin.
DАVOLАSh. Konservativ davo oʼtkir shamollash vaqtida qoʼllaniladi, qolgan holatlarda adenoid faqat jarohlik usuli bilan olib tashlanadi.
Konservativ usul murtaklar oz-moz kattalashganda yoki operatsiya qilib boʼlmaydigan hollarda qoʼllaniladi. Bemorga antigistamin preparatlar va kalьtsiy glyukonat buyuriladi.
Kattalashgan murtaklar burundan nafas olishni qiyinlashtirib qoʼyganda operatsiya zarur boʼlib, u koʼpincha 5-7 yoshlarda qilinadi. Biroq burundan nafas olish ancha qiyinlashganda, eshitish qobiliyati pasayib ketganda va adenoidlar tufayli boshqa patologik hodisalar roʼy berganda adenotomiya koʼkrak yoshidagi bolalarda ham amalga oshiriladi.
JАRROHLIKDАN SOʼNG. Operatsiyadan keyin bolani bolishli karavotga yonbosh bilan 25-30 daqiqa yotqiziladi, shu bilan bir vaqtda unga muz boʼlakchasini yutish yoki muzqaymoq yalashga ruxsat beriladi (bu tana haroratining pasayishi va qon ketishining tezroq toʼxtatishiga yordam beradi).
Operatsiyadan 2 soat keyin bemorga suyuq, sovuq ovqatlar beriladi. Oʼtkir, issiq qovurib pishirilgan ovqatlar, murch, sirka qoʼshilgan, shoʼr taomlar berish mumkin emas, chunki bunday vaqtda burundan qon ketib qolishi mumkin. Shunday ovqatlanish tartibiga bemor 4-5 kun davomida rioya qilishi kerak.
SOGʼАYISh MАShQLАRI. Аdenoid olib tashlangandan keyin bola burundan toʼliq nafas ololmaydi. Chunki u uzoq vaqt davomida ogʼzidan nafas olishga oʼrganib qolgan boʼladi. Shifokor va ota-onalar koʼmagi bilan maxsus “burundan nafas olish gimnastikasi” bir oy davomida bajarib turilsa, bola burundan toʼliq nafas olishga oʼrganadi.
Burun gimnastikasining quyidagi usuli tavsiya etiladi:
1-mashq: bemor koʼkragini biroz chiqarib (tirishmay) va qornini biroz kirgazib, toʼgʼri turadi; (tovonlar 90 darajali burchak ostida birlashgan). Bemor qoʼllarini koʼkrak qafasining quyi qismiga tirab, ohista burnidan nafas ola boshlaydi, shu bilan birga, qorin oldinga qappayib chiqib turmasligi kerak.
Nafas olish vaqtida qoʼllar ostida qovurgʼalar ayrilayotgani yaqqol seziladi. Nafasni burundan asta chiqarish lozim.
2-mashq: bemor xuddi oʼsha holatda turibdi. Faqat qoʼllarini orqasiga qilib olgan va ikkala kaftini bilashtirgan; qornini imkon qadar ichkariroq tortish kerak. Burun orqali sekin nafas olinadi; bunda koʼkrak qafasi kengayadi va oʼpkalar bir maromda havoga toʼladi. Shundan soʼng albatta burundan ohista nafas chiqariladi.
3- mashq: bemor xuddi oʼsha holatda, ammo kaftlarini ensasiga qoʼygan. Bunda barmoqlarning uchlari oʼrta chiziqqacha borib taqalgan; burun orqali chuqur nafas olish bilan bir vaqtda avval oldinga uzatilgan tirsaklar ikki tarafga asta yoyiladi. Sekin nafas chiqarilganida, tirsaklar asta boshlangʼich holatiga qaytariladi.
4-mashq: xuddi oʼsha holat, ammo qoʼllar ikki yonboshga erkin tushirilgan. Nafas olinganda, badan bilan 12-15 darajali burchak hosil qilgunga qadar, qoʼllar ohista orqaga harakatlantiriladi; shu vaqtning oʼzida, shoshilmay, bemor oyoqlari uchida biroz koʼtarilib, iloji boricha qornini ichiga tortib, oʼsha vaqtdayoq koʼkragini shishiradi. Nafas chiqarilganda esa, ohista boshlangʼich holatga qaytariladi.
Rajabboy MАShАRIPOV,
tibbiyot fanlari doktori, professor.

Оставьте комментарий