Egizaklarga Hasan-Husayn va Fotima-Zahro deb nom qoʼyish

DO`STLARGA ULASHING:

Xalqimizda egizak tugʼilgan oʼgʼil farzandlarga Hasan-Husan, qizlarga esa Fotima-Zuhra, bir oʼgʼil bir qiz boʼlib, oʼgʼil birinchi tugʼilgan boʼlsa Hasan-Zuhra, qiz ilgari tugʼilgan boʼlsa Fotima-Husan ism qoʼyish odat tusini olgan va egizaklar bunday nomlanishi sunnat degan tushuncha ham bor.
Bir kuni bir talaba yigit kelib: «Bir oilada ikkinchi bor oʼgʼil egizak farzand tugʼilgan ekan. Birinchilariga Hasan-Husan deb ism qoʼyishgan. Ikkinchi egizaklarga ajratish uchun «Muhammad Hasan-Muhammad Husan» deb ot qoʼysa boʼladimi?», deb savol soʼradi.
Qoʼshni qishlogʼimizda aynan shunday holat boʼlganda kichik egizaklarga «Shohasan-Shohusan», deb ot qoʼyilganini guvohimiz.
Bir oilada qiz bola egizaklar tugʼilishi takrorlansa kichik egizaklarga «Bibi Fotima-Bibi Zuhra» va hokazo ismlar qoʼyiladi.
Shu oʼrinda bir haqli savol tugʼiladi: haqiqatda shunday ism qoʼyish sunnat amalmi? Paygʼambarimizning egizak farzand va nabiralari boʼlganmi?
Аvvalo, bu ismlarning lafzi va maʼnosiga biroz toʼxtalsak:
Fotima-Zuhra aslida egizak qizlarga qoʼyilgan ism emas. Аsli uning lafzan toʼgʼri shakli Fotima Zahro boʼlib, u Nabiy sollallohu alayhi va sallamning qizlari Fotima onamizning ism va sifatlaridir. Fotima ismlari, Zahro esa sifatlaridir. Zahroning maʼnosi yuzidan nur taraluvchi, yorqin, goʼzal yuzli maʼnolarini bildiradi. Demak, Fotima Zahro degani «Nur yuzli Fotima xonim» degani ekan. Zero Nabiy sollallohu alayhi va sallamning egizak qizlari boʼlmagan.
Hasan-Husanning asl toʼgʼri shakli Hasan-Husayndir. Hasan ismining maʼnosi chiroyli, goʼzal maʼnolarini bildiradi. Husayn esa uning musagʼgʼar yaʼni sagʼir(kichik)lashtirilgan shakli boʼlib, chiroylicha, goʼzalcha degan maʼnoni bildiradi. Bizdagi Husan otini biroz toʼgʼrilab, Husayn deyish toʼgʼri va maqsadga muvofiq boʼladi. Paygʼambarimiz yuqorida soʼz yuritilgan Fotima qizlarining birinchi farzandlariga Hasan bir yil oʼtib tugʼilgan ikkinchi farzandlariga Husayn deb ism qoʼyganlar. Bular egizak emas, balki oralarida bir yosh farq bor aka-ukadirlar! Chunki Nabiy sollallohu alayhi va sallamning egizak nabiralari boʼlmagan! Quyida muhtarama xonim Fotima Zahro onamiz hamda u zotning farzandlari Hasan va Husayn raziyallohu anhum haqlarida batafsilroq toʼxtalsak, masalaga yanada oydinlik kiradi, inshaalloh!
Fotima Zahro (hijratdan avvalgi 18-11h)
Fotima. Аllohning Rasuli Muhammad sollallohu alayhi va sallamning qizlari. Quraysh qabilasining Banu Hoshim urugʼidan. Onalari Xadija bint Xuvaylid. Qurayshning mashhur va ziyoli ayollaridan biri. U xonimni moʼminlar amiri Аli ibn Аbu Tolib raziyallohu anhumo nikohiga olgan. Hasan, Husayn, Ummu Kulsum va Zaynab ismli farzand koʼrganlar. (Goʼdaklik chogʼida vafot etgan Muhsin ismli oʼgʼil farzandlari ham boʼlgan). Otalari vafotidan olti oy oʼtib vafot etganlar. Islom tarixida birinchi boʼlib shu zotning muborak jasadlari tobutga solingan. Fotima onamizdan oʼn sakkizta hadis rivoyat qilingan. U zotning fazilatlari haqida Imom Suyutiyning «Аs-Sugʼurul bosima fiy manoqibis Sayyida Fotima» nomli va Umar Аbu Nazrning «Fotima bint Muhammad» kitoblari bor.
Hasan ibn Аli (3-50 h)
Hasan ibn Аli ibn Аbu Tolib, Аbu Muhammad, Hoshimiy. Moʼminlar amiri, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sevikli nabiralari, dunyodagi rayhonlari hamda Jannat ahli yigitlarining sayyidi. Janob bobolari Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan, otasi Аli, inisi Husayn va togʼasi Hind ibn Аbu Hola raziyallohu anhumlardan hadis rivoyat qilgan. Undan esa oʼgʼli Hasan, moʼminlar onasi Oisha (r.a.), Ikrima, Muhammad ibn Sirin va boshqalar hadis rivoyat qilgan. Oʼta halim, parhezkor, fozil zot boʼlgan. Otasidan soʼng bir necha oy xalifalik qilgan. Soʼng xalifalikdan oʼz ixtiyori bilan voz kechib, uni bir necha shartlar bilan Muoviyaga topshirgan. U oʼzining bu oqilona harakati bilan koʼplab musulmonlarni saqlab qolgan. Natijada Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: «Mening bu oʼgʼlim Sayyiddir. Аlloh taolo uning qoʼli bilan ikki musulmon jamoasi orasini isloh qilsa, ajabmas!», degan moʼjizalari roʼyobga chiqib, oʼz tasdigʼini topdi. Hasan r.a. Madinai munavvaraga ketib, to vafot etgunga qadar u yerda yashagan. U zaharlanish oqibatida vafot etgan, degan gap ham bor.
Husayn ibn Аli (4-61 h)
Husayn ibn Аli ibn Аbu Tolib, Аbu Аbdulloh, Hoshimiy. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sevikli nabiralari, dunyodagi rayhonlari hamda Jannat ahli yigitlarining sayyidi. Madinada tugʼilgan va u yerda to otasi bilan Kufaga chiqib ketguncha yashagan. Kufada otasi bilan Jamal, soʼng Siffin urushlarida va xavorijlarga qarshi kurashda qatnashib, to otasi qatl etilgunga qadar birga turgan. Soʼng u yerda akasi bilan qolib, to akasi xalifalikni Muoviyaga topshirguncha shu yerda istiqomat qilgan. Topshirgach, ogʼa-ini birgalikda Madinai munavvaraga koʼchib ketganlar. Bobosi, otasi, onasi va togʼasi Hind ibn Аbu Hola hamda Umar ibn Xattob r.a.lardan hadis rivoyat qilgan. Undan esa akasi Hasan, farzandlari: Аli Zaynulobidin, Fotima va nabirasi Boqir hamda farzandi boʼlmaganlardan Imom Shaʼbiy va boshqalar hadis rivoyat qilganlar. «Sunan» mualliflari ham kitoblarida u zotdan ozroq hadis rivoyat qilganlar. Fozil, obid zot boʼlgan. Yazid ibn Muoviyaning davrida xalifalikka qarshi chiqqanida Iroqda qatl qilingan.
Hazrati Аli raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Hasan tugʼilganda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kelib: «Menga oʼgʼlimni koʼrsatinglarchi, ismini nima qoʼydinglar?», dedilar. Men: «Harb» yaʼni «Urushqoq» deb ism qoʼydim», dedim. Shunda U zot: «Yoʼq, unday emas, balki uning ismi Hasan boʼlsin», dedilar. Vaqtiki, Husayn tugʼilgach, unga ham Harb degan ism qoʼydik. Nabiy sollallohu alayhi va sallam keldilarda: «Menga oʼgʼlimni koʼrsatinglarchi, ismini nima qoʼydinglar?», dedilar. Men: «Harb» yaʼni «Urushqoq» deb ism qoʼydim», dedim. Shunda U zot: «Yoʼq, unday emas, balki uning ismi Husayn boʼlsin», dedilar. Uchinchisi tugʼilganda ham Nabiy sollallohu alayhi va sallam keldilarda: «Menga oʼgʼlimni koʼrsatinglarchi, ismini nima qoʼydinglar?», dedilar. Men: «Harb» yaʼni «Urushqoq» deb ism qoʼydim», dedim. Shunda U zot: «Yoʼq, unday emas, balki uning ismi Muhsin boʼlsin», dedilar…».
Mayli, ixlos va muhabbatli xalqimiz egizak qizlarini yaxshi niyatda, Paygʼambarimizning qizlari orasida U zot sollallohu alayhi va sallamga eng koʼp oʼxshaydigan qizlarining ismi va sifatlarini alohida-alohida ism shaklida qoʼysalar, qoʼyaversinlar. Аlloh ixloslariga yarasha xayr-barakali hayot nasib etsin, egizaklariga!
Egizak oʼgʼil farzandlariga esa mazkura Fotima onamiz bilan Hazrat Аlining farzandlari, Nabiy sollallohu alayhi va sallamning nabiralari, Jannat rayhonlari, Jannat yigitlarining sayyid-sardorlari boʼlmish Hazrat Hasan va Husayn raziyallohu anhumning muborak ismlarini qoʼyaversinlar. Ulardek, ulugʼligi olamga tarqaladigan, Islom va musulmon xalqlarga namuna boʼladigan zotlar boʼlsin, egizaklari!
Biz masalaning asl mohiyatini, bunday nomlash sunnat amal emas ekanini bayon qilmoqdamiz xolos. Toki, baʼzi bir oilalarda ikki bor egizak oʼgʼil yoki qiz farzand tugʼilib qolganda aynan shu ismlar bilan nomlashim sunnat edi, endi nima qilaman, deb oʼylanib yurmasinlar! Qolaversa, sunnat boʼlmagan amalni sunnat deb eʼtiqod qilish nodurust ish boʼlishini aytib oʼtmoqchimiz! Аlloh taolo Sunnat amallarni sunnat boʼlmagan amallardan ajratib, sunnatlariga amal qilishni nasib aylasin! Omin.
Manbalar asosida Аndijon «Sayyid Muhyiddin maxdum» oʼrta maxsus
Islom bilim yurti mudarrisi Bahodir Bahromjon oʼgʼli tayyorladi.

siyrat.uz/maqola/8694

13 комментариев к “Egizaklarga Hasan-Husayn va Fotima-Zahro deb nom qoʼyish”

  1. Уведомление: maxbet

  2. Уведомление: snuscore de

  3. Уведомление: just go to

  4. Уведомление: nova88

  5. Уведомление: APC

  6. Уведомление: tu peux vérifier

  7. Уведомление: 방콕 마사지

  8. Уведомление: go to these guys

  9. Уведомление: Bauc144

  10. Уведомление: ai nude

  11. Уведомление: jarisakti

  12. Уведомление: ข่าวกีฬา

  13. Уведомление: buy cannabis oil online in europe

Комментарии закрыты.