Falsafaning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli

DO`STLARGA ULASHING:

Falsafaning predmeti, mazmuni va jamiyatdagi roli
«Falsafa» tushunchasining kelib chiqishi. Har qanday noma’lum so‘z mazmunini uning etimologiyasidan, ya’ni u qachon, qanday va nima uchun yuzaga kelganini aniqlashdan boshlash o‘rinli bo‘ladi. «Falsafa» tushunchasi yunoncha phileo – sevaman va sophia – donolik so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, mazkur atamaning dastlabki ma’nosini donolikka muhabbat deb talqin qilish mumkin. Falsafa so‘zini ilk bor qadimgi yunon mutafakkiri Pifagor miloddan avvalgi VI asrda tayyor holda (afsonalar, rivoyatlar, an’analar orqali) avloddan avlodga o‘tuvchi bilim va inson o‘z aqliga tayanib, mushohada yuritish va borliqni tanqidiy tushunish yo‘li bilan olishi mumkin bo‘lgan bilimni farqlash maqsadida ishlatgan.
Shuni ta’kidlash lozimki, Pifagor ham, qadimgi davrning boshqa faylasuflari ham dastlab «falsafa» tushunchasiga uning keyinchalik paydo bo‘lgan va mohiyat e’tibori bilan, falsafani «barcha fanlar podshosi» darajasiga ko‘targan ma’nosidan boshqacharoq ma’no yuklaganlar. Ammo ilk faylasuflar o‘zlarini donishmand deb hisoblamaganlar va donolikka da’vo qilmaganlar, zero, o‘sha davrda keng tarqalgan tasavvurga ko‘ra, haqiqiy donishmandlik ajdodlardan meros qolgan, asrdan asrga o‘tib kelayotgan afsonalar, din va rivoyatlarda mujassamlashgan. Donishmandlar deb, asrlar sinovidan, eng so‘nggi haqiqat manbai sifatidagi bilimlarga ega bo‘lgan bashoratgo‘ylar, kohinlar va oqsoqollar e’tirof etilgan. Ularning so‘zlari shak-shubhasiz va birdan-bir to‘g‘ri deb qabul qilingan. Faylasuf esa, qadimgilar fikriga ko‘ra, izlanuvchi, donishmandlik muxlisi bo‘lishi, e’tiqod sifatida qabul qilingan tayyor haqiqatlarga emas, balki o‘z aqliga tayanib, ijodiy yo‘l bilan, shu jumladan boshqa faylasuflar tomonidan olingan bilimlar va tajribadan foydalangan holda maqsadga intilishi lozim bo‘lgan.
Biroq, insonning dunyo va o‘ziga bunday munosabat darhol yuzaga kelgani yo‘q. Insonning tabiatga qarshilik ko‘rsatish, mavjudlik vositalarini yaratish va ko‘paytirish qobiliyatlari rivojlangunga va o‘sgunga, buning natijasida yetarli tajriba va bilimlar to‘plangunga, odamlar aqli ko‘p sonli savollarga javob izlash uchun yetarli darajada yuksalgunga qadar insoniyat uzoq va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan. Shu bois falsafaning mohiyatini, shuningdek uning paydo bo‘lish sabablari va sharoitlarini tushunish uchun gapni inson dunyoqarashidan boshlash lozim. Nima uchun? Shuning uchunki, falsafa dunyoqarashning asosiy tarixiy shakllaridan biri hisoblanadi. Falsafa haqida gapirish – inson dunyoqarashi, uning oqilona fikrlash qobiliyati haqida, binobarin, uning mohiyati va Yerda paydo bo‘lish tarixi haqida gapirish demakdir. Bu yerda biz hali kam o‘rganilgan murakkab muammolarga duch kelamiz, zero insonning kelib chiqishi odamlar doim javobini topishga harakat qilgan buyuk jumboqlardan biri hisoblanadi. Ammo bilimning bu sohasida yechilmagan muammolar bugungi kunda ham bisyor. Xususan, inson nima uchun, qayerdan, qaysi sabablarga ko‘ra paydo bo‘lgan, degan savolga aniq, umumiy e’tirof etilgan javob hanuzgacha mavjud emas. Xuddi shuningdek, aql faqat insonga xosmi yoki uning inson borlig‘ida mavjudligi obyektiv borliqning bir parchasi, ayrim hodisasimi?, degan savol ham hali o‘z javobini topganicha yo‘q.
Biroq, insoniyat tarixi haqidagi hozirgi ilmiy tasavvurlar nuqtai nazaridan ayrim masalalar mavjud bo‘lib, ular xususida olimlar va mutaxassislar ma’lum bir to‘xtamga kelganlar. Xususan, boy tarixiy material, arxeologiya fani olgan daliliy ma’lumotlari, shuningdek boshqa fanlarning metodlari bilan olingan natijalar (masalan, jinslar, foydali qazilmalar yoshini aniqlash va sh.k.)ni e’tiborga olgan holda, ishonch bilan inson sayyoramizda hayotning tadrijiy (evolyutsion) rivojlanishi mahsulidir, deb qayd etish mumkin. Hozirgacha mavjud bilimlar oddiy mehnat qurollarini yasagan insonsimon mavjudotlarning (lot. homo habilis – uquvli odam) qadimgi manzilgohlari taxminan 3-5 mln yil oldin paydo bo‘lgan, degan xulosaga kelish imkonini beradi.
Arxeologik va ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qaddini tik tutib yuradigan odam yoshi taxminan 1,5 mln yilni tashkil etadi. Homo sapiens, ya’ni aqlli odamlar tipi atigi 40-60 ming yil oldin vujudga keldi. Insonda ong paydo bo‘lib, u ijtimoiy mavjudot sifatida uzil-kesil shakllanganidan beri, mutaxassislar fikricha, uning asosiy xususiyatlarida jiddiy o‘zgarishlar yuz bergani yo‘q, ya’ni u hozirgi odamlardan deyarli farq qilmaydi.
Ong paydo bo‘lishi esa, ilmiy tasavvurlarga muvofiq, inson tarixiy rivojlanishining odam miyasi o‘sib borayotgan mehnat faolligi va verbal (nutq orqali) muloqot ta’sirida o‘ta rivojlanib, murakkab mavhumliklarni tushunadigan darajaga yetgan davri bilan bog‘lanadi. Shunday qilib, inson tushunchalarga ta’rif berish, mulohazalar bildirish va mushohadalar yuritish yo‘li bilan sodda, lekin so‘zning to‘la ma’nosida aqliy ish olib bora boshladi.
Dunyoqarashning mohiyati. Ayni shu davrdan boshlab insonning ancha rivojlangan dunyoqarashi shakllangani haqida va umuman to‘plangan bilimlar, amaliy ko‘nikmalar, vujudga kelgan qadriyatlar, o‘zi va o‘zini qurshagan dunyo haqidagi tasavvurlar majmui sifatidagi odamlar dunyoqarashi to‘g‘risida ishonch bilan so‘z yuritish mumkin.
Hayot tajribasi va empirik bilimlar asosida shakllanadigan dunyoqarash oddiy yoki empirik dunyoqarash deb ataladi va insonning dunyo haqidagi tasavvurlarining qismlarga ajralmagan, tizimsiz majmui sifatida amal qiladi. U har qanday dunyoqarashning negizi hisoblanadi va odamlarga kundalik hayoti va faoliyatida yo‘l ko‘rsatib, ularning xulq-atvori va aksariyat qilmishlarini belgilab, muhim regulyativ funksiyani bajaradi.
To‘liqroq, kengroq ta’rif beradigan bo‘lsak, dunyoqarash – insonning o‘zini qurshagan borliqqa va o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatga nisbatan yondashuvlar tizimi, shuningdek odamlarning mazkur yondashuvlar bilan belgilangan hayotiy ideallari, e’tiqodlari,, bilish va faoliyat tamoyillari, qadriyat va mo‘ljallaridir.
Shu tariqa ta’riflanadigan dunyoqarash faqat insonga xos bo‘lib, bu unda shakllangan ong va oqilona faoliyat mavjudligi bilan bog‘liqdir. Bunda inson nafaqat tushunchalar yaratish va mulohaza yuritish, xulosalar chiqarish va qoidalarni ta’riflash qobiliyatini kasb etadi, balki tayyor bilimdan yangi bilim olish uchun foydalana boshlaydi. Insonning bunday faoliyatini, uning ijodiy faolligini tavsiflovchi aql odamzot va jamiyat evolyutsiyasini jadallashtirishning qudratli omiliga aylanadi va pirovardida insonni hayvondan ajratish imkonini beruvchi asosiy belgi sifatida amal qiladi.
Dunyoqarashda shaxsning roli. Aql paydo bo‘lishi bilan inson o‘zini fikrlovchi mavjudot sifatida anglay boshlaydi, unda o‘z «meni» va o‘zgalar haqida tasavvuri shakllanadi va rivojlanadi. Shu tariqa u o‘zini va o‘zini qurshagan borliqni anglaydi, o‘zi va boshqa odamlarni, o‘zi va tashqi muhitni farqlaydi, ilgari o‘ziga ma’lum bo‘lmagan dunyoning yangi va yangi jihatlarini idrok etadi. Bunday qarashlar insonning o‘zi va o‘zini qurshagan borliq haqidagi tasavvurlari majmui sifatida shakllanadigan dunyoqarash negizini tashkil etadi. Bunda inson o‘ziga ma’qul va noma’qul narsalarni farqlaydi, baholar beradi, ustuvorliklar tizimini yaratadi va muayyan maqsadlarga erishishda tegishli tarzda ish ko‘radi.
Shunday qilib, dunyoqarashda bilish, qadriyatlarga munosabat va xulq-atvorni belgilash funksiyalari mujassamlashadi.
Bunda bilish funksiyasi ayniqsa muhimdir, chunki u insonda qiziqish uyg‘otuvchi barcha savollarni, shuningdek muayyan yo‘l bilan topuvchi javoblarni o‘z ichiga oladi. Bilish odamlar dunyoqarashini boyitadi va kengaytiradi, u jamiyatning rivojlanishiga qarab yanada teranroq va mazmunan boyroq bo‘lib boradi.
Ammo dunyo juda rang-barang bo‘lib, muttasil o‘zgarish jarayonini boshdan kechiradi, qoniqarli javoblarga ega bo‘lmagan savollar esa, uzil-kesil javob berish mumkin bo‘lgan savollarga qaraganda, hech shubhasiz, ko‘proqdir. Shu boisdan muammolarga nisbatan muayyan tarzda yondashadigan har bir odamning dunyoqarashi, savollari va javoblari doim shaxsiy o‘ziga xoslik bilan ajralib turadi va hech bo‘lmasa shu sababga ko‘ra boshqa odamlar dunyoqarashiga hech qachon o‘xshamaydi.
Dunyoqarashning o‘ziga xosligi va betakrorligi unda intellektual asos bilan bir qatorda emotsional va ruhiy asoslarning uzviy bog‘liqligi va ularning jamuljam holda har bir inson uchun mutlaqo muayyan, individual xususiyatlar sifatida amal qilishidir.
Intellektual, emotsional va ruhiy asoslar iroda bilan uyg‘unlikda e’tiqodlar – odamlar faol qabul qiladigan, ularning ong darajasi va hayotdagi mo‘ljallariga mos keladigan qarashlarni yuzaga keltiradi.
Har qanday dunyoqarashning yana bir elementi shubha bo‘lib, u dunyoqarashni dogmatizm, ya’ni biryoqlama, notanqidiy fikrlash, u yoki bu qoidani shak-shubhasiz haqiqat deb qabul qilishdan asraydi. Dogmatizmning qarama-karshisi skeptitsizm bo‘lib, bunda shubha mutlaqlashadi, fikrlashning asosiy omiliga aylanadi, bilish va borliqni idrok etishning bosh tamoyili sifatida amal qiladi.
Dunyoqarashning tuzilishi dunyoni sezish, dunyoni idrok etish va dunyoni tushunish kabi eng muhim elementlardan iborat.
Dunyoni sezish – bu o‘zini qurshagan dunyoni sezgilar yordamida hissiy idrok etishdir. Bunda tuyg‘ular, kayfiyat dunyoni go‘yoki ranglarga bo‘yaydi, uning obrazini subyektiv, sof individual sezgilar orqali aks ettiradi. Masalan, bemor odamga haddan tashqari yorug‘ bo‘lib tuyulishi mumkin bo‘lgan nur, sog‘lom odam uchun normal bo‘ladi; daltonik ranglar gammasini, ko‘rish qobiliyati normal bo‘lgan odamga qaraganda butunlay boshqacha idrok etadi. Bundan dunyoni sezishning har xil, xususan optimistik, pessimistik, fojeaviy tiplari kelib chiqadi.
Dunyoni idrok etish – bu atrof borliqni ideal obrazlarda tasavvur qilishdir. Dunyoni idrok etish to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishi, ya’ni borliqqa mos kelmasligi mumkin. Bu holda borliq noto‘g‘ri tasavvur qilinadi yoki illyuziyalar, suv parilari, alvastilar, kentavrlar haqidagi tasavvurlarga o‘xshash fantaziyalar paydo bo‘ladi.
Dunyoni tushunish – insonning va uni qurshagan dunyoning mohiyatini aniqlash, shuningdek tabiatda yuz beruvchi voqea va jarayonlarning o‘zaro aloqalarini tushunishga qaratilgan aqliy-bilish faoliyatidir.
Dunyoni sezish va qisman (elementar shakllarda) dunyoni idrok etish nafaqat insonga, balki hayvonlarga ham xos bo‘lsa, dunyoni tushunish esa faqat odamlarga xos xususiyatdir.
Dunyoqarashning tarixiy shakllari. Turli davrlar bilishni yanada teranlashtirdi va inson dunyoqarashini kengaytirdi. Shunga mos ravishda oddiy (empirik) dunyoqarash ham boyib bordi, uning negizida o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlariga muvofiq yanada murakkabroq tuzilmalar asta-sekin shakllandi va bu pirovard natijada dunyoqarashning alohida shakllari yoki, tarixiy tiplari farqlanishiga olib keldi. Ularning eng muhimlari mif, din, falsafa va fandir.
Tarixan dunyoqarashning dastlabki shakllari mif va din falsafa va fan bo‘lib, bu hol insoniyat tadrijiy rivojlanishining umumiy mantiqi bilan mushtarakdir. Ko‘nikmalar, tajriba va oddiy bilimlar to‘planishiga qarab, nafaqat ularni avloddan avlodga o‘tkazish muammosi yuzaga kelgan, balki ibtidoiy odamlarning dunyoqarashi ham murakkablashib borgan. Bu dunyoqarash rivojlanishining muayyan bosqichida, to‘plangan bilimlarning «yuqori bosqichiga» yetilgach, boshqa har qanday murakkab tizimda bo‘lganidek, dunyoqarashda ham o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlari amal qila boshlagan.
Bu hodisaning mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun shaxsiy kutubxonada kitoblar yig‘ilishi bilan bog‘liq misolga murojaat etish o‘rinli bo‘ladi. Mazkur kutubxonada kitoblar bir nechta bo‘lsa, ularni tizimga solish talab etilmaydi, ular qayerda yotgani va ularning o‘zaro munosabati qandayligi ham ahamiyat kasb etmaydi. Kutubxona hajmi o‘nlab kitoblar bilan o‘lchangan taqdirda esa, ulardan foydalanishga qulaylik yaratish uchun kitoblarni muayyan tarzda joylashtirish, tizimga solish talab etiladi. Kitoblar soni qancha ko‘p bo‘lsa, ular bilan ishlash shuncha oson va qulay bo‘lishi uchun ularni tasniflash, tartibga solish, ruknlarga ajratish tizimi shuncha murakkab bo‘ladi.
Ibtidoiy odamlarning ancha rivojlangan dunyoqarashida o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlariga muvofiq ayni shunday tartiblilik dastavval mif hamda dinning ilk shakllari ko‘rinishida vujudga keldi.
Mifologik dunyoqarash. «Mif» tushunchasi yunoncha mythos so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, afsona, rivoyat degan ma’noni anglatadi. Mif – bu turli xalqlarning dunyoning kelib chiqishi, tabiat hodisalari, fantastik mavjudotlar, xudolar va qahramonlarning ishlari haqidagi tasavvurini ifodalovchi muayyan tarzda tizimga solingan dunyoqarashdir.
Mifda bilimlar, diniy e’tiqodlar, ma’naviy madaniyatning turli elementlari, san’at, ijtimoiy hayot kurtaklari birlashgan bo‘lib, shu tariqa ibtidoiy odamlar dunyoqarashi ma’lum darajada tartibga kelgan, ularning dunyo haqidagi qarashlari esa muayyan tizimga solingan. Mazkur tizimga solishning muhim shakllari epos, ertaklar, afsonalar, rivoyatlar bo‘lib, miflar avvalo ular orqali ifodalanadi. Shu tariqa to‘plangan bilimlar va tajriba keyingi avlodlarga o‘tishi ham ta’minlanadi.
Mifologik tafakkurning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, bu oddiy rivoyat, biron-bir voqea haqidagi hikoya emas, balki og‘zaki «muqaddas» matnning arxaik ongdagi voqea-hodisalarga, insonga va u yashayotgan dunyoga ta’sir ko‘rsatuvchi muayyan borliq sifatidagi in’ikosidir. Mif, ayniqsa insoniyat tarixining ilk bosqichlarida, odamlar xulq-atvori va o‘zaro munosabatlarini tartibga solish funksiyasini bajargan, chunki unda axloqiy qarashlar, insonning borliqqa estetik munosabati o‘z ifodasini topgan. Mifologiyaga shu narsa xoski, unda hamma narsa bir, yaxlit, ajralmasdir; tabiat narsalari va hodisalari inson bilan ayni bir qonunlarga muvofiq yashaydi, inson bilan bir xil sezgilar, istaklar, mayllarga ega bo‘ladi.
Shunday qilib, mif kimningdir uydirmasi yoki «o‘tmish sarqiti» emas, balki shunday bir o‘ziga xos tilki, inson uning yordamida qadim zamonlardanoq dunyoni tavsiflagan, o‘zining o‘sib borayotgan tarqoq bilimlarini umumlashtirgan, talqin qilgan, tasniflagan va muayyan tizimga solgan.
Mifda ota, oqsoqol hukmi va qaror topgan an’analar ayniqsa muhim rol o‘ynaydi. Rivoyat va uning mazmuniga nisbatan bunday munosabat zamirida e’tiqod, borliqni bevosita, emotsional idrok etish yotadi. Mifologik dunyoqarash dunyoni yaxlit tushunish bo‘lib, unda shubhaga o‘rin yo‘qdir.
Mifologiya (miflar majmui sifatida) qadimgi odamlar dunyoqarashi bilangina uzviy bog‘liq emas. Oddiy ongda yashaydigan din, falsafa, siyosat, san’atda aniq-ravshan yoki pardalangan ko‘rinishda mavjud bo‘lgan miflar bugungi kunda ham (kim uchundir ko‘proq, kim uchundir kamroq darajada) odamlar hayoti va ijodida faol rol o‘ynab, har qanday inson dunyoqarashining tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. Jamiyatning axborotlashuvi jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan sharoitda mif televideniye, radio, vaqtli matbuot, hozirgi saylov texnologiyalari vositasida ba’zan ijtimoiy ong bilan manipulyatsiya qilish, oldindan belgilangan jamoatchilik fikrini shakllantirish vositasi sifatida qo‘llanilmoqda.
Diniy dunyoqarash. Dunyoqarashning tarihan ikkinchi shakli dindir. (Din so‘zi arabchadan tarjimada e’tiqod, ishonch, ishonmoq degan ma’nolarni anglatadi.) Mif kabi, din zamirida ham e’tiqod, tuyg‘ular va emotsiyalar yotadi. Garchi din kurtaklari «aqlli odam» dunyoqarashi shakllanishining dastlabki bosqichlarida, ya’ni taxminan 40-60 ming yil muqaddam paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, umuman olganda u dunyoqarashning mustaqil shakli sifatida keyinroq, jumladan mif ta’sirida insonning abstrakt fikrlash qobiliyati sezilarli darajada kuchaygan davrda vujudga kelgan.
Diniy dunyoqarash odamlarning g‘ayritabiiy narsalar (xudolar, «oliy aql», qandaydir absolyut va sh.k.)ga bo‘lgan e’tiqodiga asoslanuvchi tegishli xulq-atvori va o‘ziga xos harakatlaridir. Agar mifologiyada an’anaga, rivoyat qiluvchining, ya’ni oqsoqolning obro‘siga e’tiqod kuchli bo‘lsa, dinda g‘ayrioddiy narsalarga e’tiqod birinchi o‘rinda turadi, oliy kuchlar nomidan rivoyat qiluvchi ruhoniylar obro‘si esa ikkinchi darajali rol o‘ynaydi.
Xullas, din murakkab ma’naviy tuzilma va ijtimoiy-tarixiy hodisa bo‘lib, unda e’tiqod muqarrar tarzda birinchi o‘ringa qo‘yiladi va hamisha bilimdan ustun turadi.
Dinning asosiy funksiyalari. Mif bilan taqqoslaganda, din funksiyalari murakkabroqdir. Din funksiyalari orasida quyidagilarni farqlash mumkin:
• dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi butun borliq qachon va nima uchun paydo bo‘lgan va bunda g‘ayrioddiy kuchning olamshumul roli qanday namoyon bo‘lgan, degan savollarga javob beradi;
• kommunikativ funksiyasi muloqot va shaxslararo aloqalarning muayyan tipini ta’minlaydi, jamiyatning jipslashuvi va yaxlitligiga ko‘maklashadi;
• tartibga solish funksiyasi odamlar xulq-atvorini tartibga soluvchi tegishli me’yorlar va qoidalarni belgilaydi;
• kompensator funksiyasi yetishmayotgan axborot, diqqat-e’tibor, g‘amxo‘rlik o‘rnini to‘ldiradi, hayot ma’nosi, istiqbollar va shu kabilarning yo‘qligini sezdirmaydi, ya’ni insonning kundalik hayotda qondirilmagan ehtiyojlari o‘rnini to‘ldiradi.
Dinning asosiy ildizlari. Din qonuniy hodisa sifatida vujudga kelgan bo‘lib, u insonning g‘ayrioddiy narsalar va hodisalarga bo‘lgan e’tiqodini to‘yintiruvchi chuqur ildizlarga egadir. Dinning psixologik ildizi avvalo inson tabiatida mavjud bo‘lib, u inson intellektining rivojlanish darajasi va tanqidiy fikrlash qobiliyatidan qat’iy nazar, nafaqat tushunish, anglash, balki e’tiqod qilish istagi va hattoki ehtiyojining hamisha namoyon bo‘lishidir.
Dinning gnoseologik ildizlari oqilona bilim nuqtai nazaridan dunyo o‘z rang-barangligida insonga cheksiz murakkab bo‘lib tuyulishida namoyon bo‘ladi. Forobiy fikricha “Din nazariy va amaliy qonunlar tuzilgan paytdagina odamlar e’tiqodi, ta’limi tarbiyasi yo‘llari ishlab chiqilgandagina paydo bo‘ladi va mustahkamlanadi. Ana shunday din tufayli omma baxt saodat uchun yetarli bilim olishi mumkin”.1 Odamzot o‘zini qurshagan borliqni faqat qisman anglab yetadi. Ayni shu sababli olam inson uchun sirlar va mo‘jizalarga to‘ladir. Odamzot o‘zi e’tiqod qiladigan ko‘p narsalarni faqat aqlga tayanib isbotlashga ham, rad etishga ham qodir bo‘lmaganidek, yuqorida zikr etilgan sirlar va mo‘jizalarga javob topishga ham (balki hozircha) qodir emas. Psixologlar qayd etganidek, «o‘ta mushkul vazifa aqlni o‘tmaslashtiradi», inson yechimsiz muammolar qarshisida o‘zini ojiz his qiladi va aql dalillarini uydirma, g‘ayrioddiy narsalar bilan osongina to‘ldiradi.
Dinning ijtimoiy ildizlari jamiyatda doimo mavjud bo‘lgan tengsizlik, qashshoqlik va adolatsizlikni, odamlar qancha urinmasin o‘zgartira yoki yenga olmaganligi bilan bog‘liq. Adolatsizlik va foniy dunyoning nomukammalligi tuyg‘usi chorasizlik va umidsizlikni yuzaga keltiradi, so‘nggi zikr etilgan tuyg‘ular osongina u dunyoda hayotning mavjudligiga bo‘lgan ishonchga aylanadi. Vaholanki, har qanday din haqiqiy hayot u dunyodadir, deb o‘rgatadi. Muammolar, qiyinchiliklarga duch kelgan va real hayotda o‘ziga tayanch topa olmagan inson g‘ayrioddiy kuchlarga umid bog‘lab, narigi dunyoga murojaat etadi. Ularga e’tiqod qilib, odamzot taskin va tasalli topadi va oxir-oqibatda taqdirga tan beradi.
Dinnning siyosiy ildizlari. Din va siyosat o‘rtasida ham uzviy va doimiy aloqa mavjud. Odatda, turli siyosiy kuchlar dindan o‘z mayda-chuyda manfaatlarida foydalanish imkoniyatini qo‘ldan boy bermaydilar va shu tariqa uni bevosita yoki bilvosita qo‘llab-quvvatlaydilar, uning jamiyatdagi roli va ta’sirini kuchaytiradilar.
Dinning yashovchanligi ko‘rsatilgan asoslari shu darajada mustahkamki, hatto hozirgi zamon fanining ta’sirli yutuqlari ham uning negiziga putur yetkaza olgani yo‘q, ilmiy bilimning o‘sishi esa hatto olimlar orasida ham dindorlar va Xudoga ishonmaydiganlarning foiz nisbatini deyarli o‘zgartirmaydi. Masalan, jadal sur’atlarda rivojlanayotgan tabiatshunoslik insoniyatga dunyoni bilish borasida cheksiz imkoniyatlar yaratayotgani keng e’tirof etilgan 1916 yilda Jeyms Lyuba o‘z tadqiqotlarida AQSH olimlarining 40% Xudoga ishonishini asoslagan. 90-yillarning oxirida amerikalik tarixchilar E.Larson va I.Uitxem tomonidan o‘tkazilgan yangi tadqiqot natijalari bundan ham ko‘proq shov-shuvga sabab bo‘ldi. Ular XX asrda amalga oshirilgan buyuk kashfiyotlar va fan yutuqlari ta’sirida olimlar dunyoqarashi qay darajada o‘zgarganini aniqlashga qaror qildilar. Shu bois ularning AQSHda tasodifiy tanlangan ijtimoiy fanlar namoyandalari va tabiatshunoslik vakillari orasida o‘tkazgan so‘rovi olimlarning 40% avvalgidek Xudoga va narigi dunyoda hayot mavjudligiga ishonishini ko‘rsatdi. Bunda Xudoga ishonmaydiganlar va ateistlar (Xudoning borligini inkor etuvchilar) soni ham deyarli o‘zgargani yo‘q va bugungi kunda, avvalgidek, taxminan 45 va 15% ni tashkil etadi.
Vaqt, mamlakatlar va qit’alardan qat’iy nazar, diniy dunyoqarashning yashovchanligi haqidagi umumiy xulosa O‘zbekistonda ham mavjud. XX asrda qariyb 80 yil dinni «fosh qilish» uchun mavjud barcha dalillardan foydalangan kurashchan ateizm sharoitida yashagan o‘zbekistonliklar orasida mamlakat aholisining uchdan ikki qismi o‘zini dindor deb hisoblagan.
Diniy e’tiqodlarning tarixiy shakllari. Insoniyat tarixiga ko‘p sonli turli-tuman dinlar ma’lum. Xususan, madaniyat va bilimlar darajasi juda past bo‘lgan inson o‘ziga qudratli, yot va sirli bo‘lib tuyulgan tabiatning favqulodda kuchlariga qarshilik ko‘rsata olmagan ibtidoiy jamoa davrida dinning ancha sodda shakllari: fetishizm, animizm, totemizm, magiya va boshqalar yuzaga kelgan.
Fetishizm u yoki bu predmetni mo‘jizakor xislatlarga, odamlar hayotiga ta’sir ko‘rsatish qobiliyatiga ega deb hisoblaydi. Bunday predmet ilohiylashtiriladi, sig‘inish va topinish obyektiga aylanadi.
Animizm (lot. anima – jon) – nafaqat odamlar, balki hayvonlar, predmetlar va borliq hodisalarini ham go‘yo ruh, jon boshqarib turishiga ishonish. Animizm nuqtai nazaridan butun dunyo ruhli va jonlidir.
Totemizm negizini muayyan odamlar guruhining totem, ya’ni sig‘inish obyekti sanalgan ajdod deb e’lon qilinadigan u yoki bu hayvon, o‘simlik, predmet bilan umumiy kelib chiqishiga bo‘lgan ishonch tashkil etadi, zero totem mazkur jamoa yoki urug‘ning qudratli homiysi, himoyachisi hisoblanadi, uni oziq-ovqat va shu kabilar bilan ta’minlaydi. (Hindistonda Xonumon maymuni, sigir, turli qabilalarda u yoki bu ilohiy predmet )
Magiya (yunon. mageia – sehrgarlik) ham ibtidoiy din shakllaridan biri bo‘lib, uning zamirida tabiiy kuchlar yordamisiz sirli tarzda, rasm-rusumlar, o‘ziga xos amallar majmui bilan narsalar, odamlar, hayvonlar va hatto g‘ayritabiiy kuchlar – ruhlar, insu jinslar va shu kabilarga ta’sir ko‘rsatish mumkinligiga bo‘lgan ishonch.
Dinning ushbu qadimgi shakllari keyingi diniy e’tiqodlar negizini tashkil etdi va politezm (ko‘pxudolik)da ham, monoteizm (yakkaxudolik)da ham u yoki bu darajada o‘z aksini topdi. Ular hozirda ham qisman mustaqil holda mavjuddir.
Taxminan 10 ming yil muqaddam, inson chorvachilik va ziroatchilik bilan shug‘ullanib, o‘troq hayot kechirishga o‘tgach, neoletik inqilob yuz berdi. Jamiyat rivojlanishining ayni shu bosqichida politeizm yuzaga keldi, chunki mehnatning ijtimoiy taqsimoti, hukmronlik va bo‘ysunish dunyoviy munosabatlari ruhlar va sanamlarga bo‘lgan ishonchga emas, balki odamlar muayyan nom bergan xudolarga bo‘lgan e’tiqodga ko‘proq mos kela boshladi.
Keyingi davrlarda davlatchilikning vujudga kelishi va rivojlanishi, qadimgi buyuk madaniyatlarning paydo bo‘lishi, quldorlik munosabatlarining shakllanishi, monarxiyalar tashkil topishi va shundan kelib chiqadigan yakkaboshchilikning yuzaga kelishi natijasida diniy dunyoqarashda ham bir xudoga sig‘inish tendensiyasi paydo bo‘ldi. Odamlar ko‘p sonli xudolar orasida kuch-qudratda yagona bir xudoni farqlab, shu tariqa dunyoviy podsho hukm suruvchi real hayot haqidagi o‘z tasavvurlarini yagona va qudratli xudo yashaydigan narigi dunyo bilan go‘yoki muvofiq holatga keltirdilar. Shu tariqa monoteistik dinlar (yunon. mono – bir va theos – xudo): iudaizm (mil. av. VII asr), buddizm (mil. av. VI-V asrlar), xristianlik (I asr) va islom (VII asr) vujudga keldi. Xullas har bir din ma’lum falsafaga asoslanadi. Haq dinning asosi to‘g‘ri (analitik) falsafadir, haq bo‘lmagan dinning asosi esa yolg‘on falsafadir, yoki yolg‘on muhokamalar ustiga qurilgan qarashlardir1.
Falsafiy dunyoqarash. Miloddan avvalgi VII-VI asrlarga kelib asosan mif va din ta’sirida odamlar dunyoqarashi nafaqat kengaydi, balki ancha murakkablashdi. U abstrakt nazariy fikrlash qobiliyati va (to‘plangan bilimlar ko‘rinishida) real asoslarga ega bo‘lishi natijasida o‘z rivojlanishining butunlay yangi darajasiga ko‘tarildi. Bunga, hech shubhasiz, mehnat taqsimotiga olib kelgan rivojlangan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, ma’lum miqdorda ortiqcha mavjudlik vositalari, bo‘sh vaqtning paydo bo‘lishi ham imkoniyat yaratdi. Bularning barchasi muayyan shaxslar doirasiga intellektual faoliyat bilan professional darajada shug‘ullanish imkonini berdi.
Shunday qilib, taxminan 2500 yil muqaddam dunyoqarashning uchinchi shakli – falsafa paydo bo‘lishi uchun zarur shart-sharoit Yevropa va Osiyoda deyarli bir vaqtda yuzaga keldi. Dunyoqarashning avvalgi shakllari – mif va dindan farqli o‘laroq, falsafa dunyoni e’tiqod va tuyg‘ularga tayanib emas, balki aql va bilimlarga tayangan holda tushuntiradi.
Falsafa Hindiston, Xitoy, Markaziy Osiyo va qadimgi Yunonistonda taxminan bir vaqtda avvalo dunyoni oqilona anglash usuli sifatida vujudga keldi. Bu vaqtga kelib mif va din o‘zlarining tayyor va uzil-kesil javoblari bilan insonning bilimga nisbatan tinimsiz kuchayib borayotgan qiziqishini qondira olmay qoldi. Ular shuningdek sezilarli darajada o‘sgan va murakkablashgan tajriba va bilimlarni umumlashtirish, tizimga solish va avlodlarga qoldirish vazifasining ham uddasidan chiqolmay qoldi.
Taniqli nemis faylasufi Karl Yaspers ta’biri bilan aytganda, bu davrda (uni faylasuf «dunyoviy vaqt» deb ataydi) insoniyat o‘z rivojlanishida katta burilish yasagan. Osoyishtalik va barqarorlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan mifologiya davri nihoyasiga yetdi, oqilonalik va oqilona tekshirilgan tajribaning mifga qarshi kurashi natijasida u asta-sekin chekina boshladi. «Jahon tarixi o‘qini taxminan miloddan avvalgi 500 yil, miloddan avvalgi 800 va 200 yillar oralig‘ida yuz bergan ma’naviy jarayon bilan bog‘lash o‘rinli bo‘lsa kerak, — deb yozadi K.Yaspers. – Shu davrda tarixda eng katta burilish yasaldi. Hozirgi kungacha saqlanib qolgan tipdagi inson paydo bo‘ldi. Ilk faylasuflar paydo bo‘ldi. Inson ayrim individuum sifatida o‘z-o‘zida tayanch izlashga jur’at etdi. Xitoy zohidlari, Sharq darbadar mutafakkirlari, Hindiston tarki dunyochilari, Yunoniston faylasuflari va Isroil avliyolari e’tiqodi o‘z ta’limotining mazmuni va ichki tuzilishiga ko‘ra bir-biridan qay darajada farq qilmasin, o‘z mohiyatiga ko‘ra yaqindir. Endi inson botiniy darajada o‘zini dunyoga qarshi qo‘yishi mumkin bo‘ldi. Inson o‘zida unga dunyodan va o‘z-o‘zidan yuksakroq ko‘tarilish imkonini beruvchi ichki salohiyatni kashf etdi» 1.
Yuz bergan o‘zgarishlarning yana bir sababi shundaki, mifologiya olish, rivojlantirish va tushuntirish uchun navbatdagi miflar emas, balki tabiiy qonuniyatlar va tabiiy-sababiy bog‘lanishlarga murojaat qilish talab etilgan ilmiy bilim kurtaklari bilan to‘qnashdi. Pirovardida odamlar dunyoqarashida nisbatan qisqa vaqt ichida tub o‘zgarishlar yuz berdi; unda bilim, tafakkur, tahliliy fikrlash tobora muhimroq rol o‘ynay boshladi, ular sirtdan olingan axborotni sezgilar va emotsiyalar darajasida idrok etishga asoslangan har xil e’tiqodlarni chetga chiqarib qo‘ydi. Faqat so‘zlariga ishonish kerak bo‘lgan ota, kohin, ruhoniy o‘rnini, savollar beruvchi va anglashga chorlovchi muallim faylasuf egalladi. U shubha urug‘ini sochib, qiziqish uyg‘otdi va: «Ishonma, balki o‘zing fikr qil!», deya da’vat etdi.
Faylasuf tafakkurni xurofot va bid’atlardan tozalab, uni erkinlashtirdi va mifologik yoki diniy dunyoqarashga mutlaqo xos bo‘lmagan tanqidiy fikrlash qobiliyatini rivojlantirdi. Ajdodlardan meros qolgan «donishmandlik» manbai sanaluvchilar, tayyor bilimlar va shak-shubhasiz haqiqatlarni e’tiqod sifatida qabul qilishga chorlovchilardan farqli o‘laroq, faylasuf savollarni ta’riflashni va avvalo sog‘lom fikr va o‘z aql-zakovatining kuchiga tayanib, ularga javob qidirishni o‘rgatatdi.
Dunyoni falsafiy idrok etishning o‘ziga xos xususiyati, unda dunyoni bilish, sezish, ko‘rish va tushunishning butunlay yangi sohasi – falsafa vujudga kelishida namoyon bo‘ladi. Darhaqiqat falsafa – bu nafaqat u yoki bu odam dunyoqarashining shakli, balki ijtimoiy ong shakli, odamlar borlig‘i va bilishining umumiy tamoyillari, ularning dunyoga munosabati aks etuvchi, tabiat, jamiyat va tafakkurning eng umumiy qonunlari kashf etiluvchi va ta’riflanuvchi ma’naviy faoliyatdir. Ya’ni bu dunyoga va insonning undagi o‘rniga nisbatan qarashlarning umumiy tizimidir.
Bunday qarashlar zamirini savollar va insonning ularga javob topish istagi yotuvchi oqilona yo‘l bilan olingan bilimlar majmuini tashkil etadi. Ammo bilish shunday bir tabiatga egaki, bir savolga javob ko‘pincha boshqa bir talay savollarni yuzaga keltiradi va ba’zan muammoga nafaqat oydinlik kiritmaydi, balki uni yanada chigallashtirib, insonning qiziquvchanligini oshiradi va yangi tadqiqotlarga da’vat etadi. Xullas, bu yerda ijod, tinimsiz izlanish, yangilikka intilish to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Agar mifologiya va dinda javobga urg‘u berilsa, bilishning butun mazmuni unda mujassamlashsa, falsafada savol, masala birinchi o‘rinda turadi. U to‘g‘ri va yaxshi ta’riflangan bo‘lsa, muammoning mohiyati aniq aks etadi. Savol, masala insonni ijodga rag‘batlantiradi, toki unga qoniqarli javob olinib, haqiqatning tagiga yetilganiga ishonch paydo bo‘lmagunicha insonni izlanishga da’vat etadi. Bunda savolning o‘zi, muammoning qo‘yilishi javobdan kam ahamiyat kasb etmaydi, ba’zan undan ham muhimroq deb qaraladi.
Shuni ham qayd etib o‘tish lozimki, falsafa, garchi muayyan natijalarga, mukammal ta’riflarga, uzil-kesil xulosalarga intilsa-da, lekin shuning o‘zi bilan kifoyalanmaydi. Falsafani avvalo inson madaniyati sohasida yuz berayotgan, turli qarama-qarshiliklar va o‘zaro ta’sirlar bilan uzviy bog‘liq va ayni vaqtda o‘zga sohalarga o‘tish va ularda gavdalanish qobiliyatiga ega bo‘lgan ma’naviy jarayon sifatida tushunish lozim.
Bundan xulosa shuki, falsafiy mushohada yuritish savol berish, shubha qilish, javoblar izlash va kuni kecha yechilgan deb hisoblangan, shak-shubhasiz bo‘lib tuyulgan masalalarga qaytish demakdir. Falsafa uchun «boqiy», uzil-kesil aniqlangan haqiqatlar, «noqulay», «ilmoqli» savollar yoki man etilgan mavzular mavjud emas. Falsafa savollar berish, narsalar va hodisalar mohiyatini anglashga urinish orqali bilish doirasini kengaytirishga harakat qiladi.
Xullas, falsafa haqiqat qanday bo‘lsa, uni shunday ifodalab ko‘rsatishdir, din esa –uning ramziy, timsoliy aks etishi. Falsafa asos va mohiyat bo‘lsa, din timsol va shakl. Dialektik munozara usuli jamiyatning kam sonli ayonlari uchun kerak. Vahiy yo‘lidagi ifoda – xalq ommasining idroki, tarbiya va ta’limi uchun kerak
Falsafaning predmeti. Endi «Falsafa nimani o‘rganadi?», degan savolni berishimiz mumkin. Insonda bilishga qiziqish uyg‘otadigan, mifologiya, din yoki fan javoblaridan qoniqmagan insonning o‘ziga ma’lum bilimlar va tajribaga, muayyan e’tiqod, ishonch va intuitsiyaga tayangan holda oqilona asoslangan javoblar berishga harakat qiladigan, savollar tug‘diradigan har qanday obyektiv va subyektiv borliq falsafaning predmeti hisoblanadi. . Boshqacha aytganda, inson o‘z qiziqishi obyekti haqida muayyan tasavvur hosil qilish maqsadida savol berishga asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamma narsa falsafaning predmetidir. Shu munosabat bilan u yoki bu odamning falsafiy qarashlari haqida va hatto uning falsafasi to‘g‘risida so‘z yuritish mutlaqo o‘rinli bo‘ladi va bunga biz kundalik hayotda tez-tez duch kelamiz.
Biroq ayni holda bizni fan sifatidagi, ayrim insonning emas, balki butun jamiyatning rivojlanish mahsuliga aylangan ijtimoiy hodisa sifatidagi falsafa qiziqtiradi va ayni shu sababli yuqorida keltirilgan ta’rifda «inson» tushunchasi yig‘ma ma’noda qo‘llanilgan. Bu yerda shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, garchi falsafaning predmetiga biz umumiy nuqtai nazardan ancha keng ta’rif bergan bo‘lsak-da, ayrim tarixiy davrlarda odatda u yoki bu sabablarga ko‘ra muayyan masalalar doirasi falsafiy tadqiqotlarda birinchi o‘ringa chiqadi.
Masalan, qadimgi Yunonistonda kosmotsentrizm ilk falsafiy ta’limotlarning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, bunda asosiy e’tibor «kosmos», «tabiat»ni anglab yetishga qaratilgan. Keyinchalik, qadimgi yunon shahar-polislari ravnaq topgan davrda faylasuflar diqqat markazidan ijtimoiy muammolar, axloq, davlat qurilishi masalalari o‘rin oldi. Yevropada xristianlikning, Sharqda islom dinining vujudga kelishi va mustahkamlanishi natijasida o‘rta asrlar falsafasi teotsentrik (yunon. theos – markazdan o‘rin olgan xudo) xususiyat kasb etdi, ya’ni Xudo va u yaratgan olam falsafiy qiziqishlarning asosiy predmetiga aylandi. Uyg‘onish davrida falsafa san’at (estetika)ga va ko‘p jihatdan insonga murojaat qilindi.. Yangi davr deb nomlanuvchi XVII-XVIII asrlarda falsafa tobora kuchayib borayotgan fan bilan uzviy bog‘landi, natijada falsafiy tadqiqotlarning diqqat markazidan bilish va ilmiy metodlar masalalari o‘rin oldi.
XIX asrning ikkinchi yarmida yuz bergan «klassik falsafa» va oqilonalik inqirozi irratsionallik, intuitivlik, ongsizlik muammolarini namoyon etdi, XX asrning birinchi yarmida ular «noklassik falsafa» tahlilining asosiy predmetiga aylandi, bu esa, o‘z navbatida, matnlar mantig‘i, tili, ularni talqin qilish va sharhlashga alohida qiziqish uyg‘onishiga olib keldi. XX asrning so‘nggi o‘n yilliklarida hozirgi madaniyatdagi inqiroz hodisalarini va yangi axborot texnologiyalarining, shuningdek ommaviy kommunikatsiya vositalarining jadal sur’atlarda rivojlanishi bilan belgilangan muammolarni kun tartibiga qo‘ygan postnoklassik falsafa shakllandi. Bu falsafa vakillari «tarixiy rivojlanishning tugallanganligi», barcha ma’nolar va g‘oyalar «aytib bo‘linganligi» haqida mushohada yuritib, inson o‘ziga yog‘ilayotgan axborotga ishlov berishga qodir emasligiga e’tiborni qaratar ekan, notizimlilik, Yevropa an’anaviy falsafiy bilimining negizlari, qadriyatlari va chegaralarini o‘zgartirish g‘oyasini ilgari surdilar.
Nihoyat, XX-XXI asr chegarasida eng yangi falsafada birinchi o‘ringa chiqqan va eng muhim mavzular qatoridan o‘rin olgan yana bir mavzu globallashuv jarayonlarining mohiyatini va ularning rivojlanish yo‘nalishini aniqlashga alohida e’tibor qaratildi. Bu jarayonlar hozirgi vaqtda jamiyat hayotining deyarli barcha jabhalarini qamrab oldi va davrimizning olamshumul muammolarini yuzaga keltirdiki, ularning nazariy va amaliy yechimini topish bu muammolarni shu jumladan falsafiy darajada anglab yetishni ham nazarda tutadi. Xalqaro miqyosda alohida e’tibor berish va kelishilgan harakatlarni taqozo etuvchi eng muhim muammolar qatoriga ekologiya, demografiya, xavfsizlik, xalqaro jinoyatchilik, energetika resurslari, qashshoqlikka chek qo‘yish muammolarini kiritish mumkin.
Ko‘rib turganimizdek, falsafaning predmetini qandaydir bitta, qat’iy cheklangan, muayyan masalalar doirasi bilan bog‘lash mumkin emas. U vaqt omiliga va obyektiv sabablar to‘plamiga qarab, doim u yoki bu muammo yoki ularning muayyan majmui tarzida birinchi o‘ringa chiqadi. Ammo bu boshqa mavzular, masalalar va muammolar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi va falsafa chegarasidan chetga chiqadi, uning tahlil predmeti bo‘lmay qoladi, degan ma’noni anglatmaydi. Bosh mavzularni ikkinchi, uchinchi yoki undan ham keyingi o‘ringa surib qo‘yadi, ular muayyan davrda va tegishli sharoitda falsafiy diqqat markazidan o‘rin olish yoki falsafiy muammolarning ustuvorliklar yunalishi bo‘ylab yuqoriga ko‘tarilish uchun o‘z vaqtini «kutib», go‘yoki panada turadi, desak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Ayni shu sababli biz falsafa tarixida qiziqishlardagi ustuvorliklarning muttasil o‘zgarishini, u yoki bu masala bosh masalaga aylanishi, falsafiy hamjamiyatning asosiy e’tibori ma’lum vaqt mobaynida unga qaratilishini ko‘ramiz.
Falsafiy bilimning tuzilishi. Falsafa o‘z shakllanishi va rivojlanishining qadimgi davridayoq, tabiat, inson, jamiyat va ma’naviyatni, shuningdek sababiy bog‘lanishlar, qonunlar va shu kabilarni bilish sohasida yuksak natijalarga erishdi va oqilonalik nuqtai nazaridan odamlarning dunyo haqidagi umumiy tasavvuriga aylandi. Ammo olamning cheksiz darajada rang-barangligi va serqirraligi tufayli o‘sha davrdayoq parchalanmagan falsafiy bilimlar va tasavvurlardan ayrim bo‘limlar ajralib chiqa boshladi, vaqt o‘tishi bilan rivojlanib, ancha aniq shakl-shamoyil kasb etdi va yangi bilimlar bilan to‘ldirildi. Pirovard natijada ular falsafiy bilimning tuzilishini (strukturasini) tashkil etdi.
Quyidagilar falsafiy bilimning muhim tarkibiy qismlari hisoblanadi:
• ontologiya – mavjudlik, borliq haqidagi bilim;
• gnoseologiya (boshqa bir terminologiyaga ko‘ra – epistemologiya) – bilish nazariyasi;
• ijtimoiy falsafa – jamiyat haqidagi ta’limot;
• etika – axloq haqidagi ta’limot;
• aksiologiya — qadriyatlar haqidagi ta’limot;
• falsafiy antropologiya – inson haqidagi ta’limot va boshqalar.
Falsafiy muammolar mohiyatini tushunib yetish, ularning eng muhimlarini aniqlash va nihoyat, falsafiy bilimlar bilan oshno bo‘lish – ko‘rsatilgan bo‘limlarni sinchiklab o‘rganish, bunda ularga yaxlit bir butunning tarkibiy qismlari sifatida yondashish demakdir. Pirovardida biz falsafaning o‘ziga xos tili, o‘z yondashuvlari va metodlari, nihoyat, tabiat, jamiyat va tafakkurga oid eng muhim aloqalar, xossalar va qonunlarni o‘zida aks ettiruvchi umumiy tushunchalar – kategoriyalar tizimi vujudga kelganining guvohi bo‘lamiz. Bunda falsafadagi har bir bo‘lim yoki yo‘nalish ham o‘z tushunchalar apparatiga, ya’ni bilimning faqat shu sohasiga xos bo‘lgan va uning asosiy mohiyatini yoritib beradigan kategoriyalar tizimiga egadir.
Falsafada ko‘rib chiqilgan mavzular bilan bir qatorda shunday bilim sohalari ham mavjudki, ular qolgan barcha bilim sohalariga kirib boradi, ular bilan uyg‘unlashadi va ularni to‘ldiradi. Masalan, tabiat, jamiyat, inson va uning tafakkurida yuz beruvchi harakat, rivojlanish va o‘zgarishlar haqidagi falsafiy ta’limot – dialektika ana shunday bilim sohalaridan biri hisoblanadi.
Obyektiv sabablarga ko‘ra falsafiy bilimning ayrim sohalari sezilarli darajada rivojlandi va vaqt o‘tishi bilan mustaqil falsafiy fanlarga aylandi. Bunday bilim sohalari qatoriga, masalan, insonning bilishni amalga oshirish shakllari, qonunlari va usullarini o‘rganadigan fan — mantiqni; ma’naviyat va axloq haqidagi ta’limot – etikani; go‘zallik qonunlariga muvofiq ijodning mohiyati va shakllari haqidagi fan – estetikani kiritish mumkin.
Shu ma’noda falsafa tarixi fani alohida diqqatga sazovordir, zero u, mohiyat e’tibori bilan, nafaqat falsafiy, balki tarixiy fan hisoblanadi. Ayni vaqtda u falsafiy bilim tarkibiga ham kiradi, chunki falsafiy tafakkurning vujudga kelishi, shakllanishi va rivojlanishini, falsafiy g‘oyalar evolyutsiyasi va xususiyatini turli faylasuflar, yo‘nalishlar, oqimlarning ta’limotlarida qanday tavsiflangani nuqtai nazaridan o‘rganadi. Falsafa tarixi fanida falsafiy ta’limotlarni tizimga solish va tasniflashga, matnlar, tarixiy sanalarni tahlil qilishga, daliliy material, biografik ma’lumotlar yig‘ishga alohida e’tibor beriladi. Shu munosabat bilan dunyoqarashni kengaytirish va teranlashtirishga, o‘z falsafiy yondashuvlarini yaratishga qaratilgan falsafani o‘rganish, uning tarixi, asosiy namoyandalari va eng muhim falsafiy asarlari bilan albatta tanishishni nazarda tutadi.
Falsafaning yangi sohalari. Falsafiy bilimning tuzilishi o‘zgarmas, uzil-kesil shakllangan emas. Falsafaning rivojlanishi va u hal qilayotgan muammolar doirasi kengayishiga qarab falsafiy bilim tuzilishida ham o‘zgarishlar yuz beradi. Ilmiy nazariyalar yoki falsafiy g‘oyalar inqirozga uchragan yoki o‘zining asossizligini namoyish etgan taqdirda, ularning bilim tizimidagi o‘rni va rolini qayta baholash amalga oshiriladi, bu esa ba’zan ularning nazariy va amaliy ahamiyati yo‘qolishiga olib keladi. Masalan, flogiston nazariyasi, «falsafa toshi»ni izlash, empiriokrititsizm falsafasi va o‘z ahamiyatini yo‘qotib, tarix mulkiga aylangan boshqa ko‘pgina g‘oyalar bilan shunday bo‘lgan. Bugungi kunda falsafa bilan ham shunga o‘xshash hodisa yuz beryapti, degan fikr mavjud. Hatto falsafa o‘lyapti deb hisoblaydiganlar ham yo‘q emas.
Darhaqiqat, o‘zini oqlamagan g‘oyalar, yo‘nalishlar va konsepsiyalar bisyor, ularning aksariyati hozir juda og‘ir ahvolda, ayrimlari esa kuchli inqiroz holatini boshdan kechirmoqda. Ammo falsafa o‘zining birinchi ma’nosida – «donolikni sevish» sifatida, haqiqatning tagiga yetish usuli sifatida, jon holati sifatida va nihoyat, dunyoqarashning alohida shakli sifatida insoniyat turguncha mavjud bo‘ladi.
Buni falsafiy bilimning ayrim nisbatan yangi sohalari ham tasdiqlaydi (ba’zan ular mustaqil falsafiy fanlar maqomiga da’vogarlik qiladi). Ular falsafa yondashuvlari va metodlari jamiyat hayotining ayrim jabhalari, murakkab obyektlar, muayyan fanlar va shu kabilarni o‘rganishga nisbatan qo‘llanilishi natijasida yuzaga keldi. Ularning aksariyati falsafaning eng yangi tarixi bilan bog‘liq bo‘lib, asosan XX asrga tegishlidir. Bu yerda avvalo tabiat falsafasi, huquq, fan, tarix, siyosat, san’at, din, texnika falsafasi, tanatologiya, gerontologiya va boshqalar nazarda tutilmoqda. O‘tgan asrning so‘nggi o‘n yilliklarida tadqiqotning yana bir yangi va o‘ta muhim sohasi – globallashuv va u yuzaga keltirayotgan global muammolar falsafasi paydo bo‘ldiki, uni o‘rganish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.
Falsafaning asosiy masalalari. Falsafani o‘rganayotgan har bir odamda falsafada qolgan barcha muammolarga nisbatan ustunroq ahamiyat kasb etadigan, ya’ni muhimroq, asosiyroq hisoblanadigan masalalar, muammolar mavjud yoki mavjud emasligiga qiziqish ertami, kechmi albatta yuzaga keladi. Bu mavzu nafaqat boshlovchi, balki professional faylasuflar uchun ham diqqatga sazovordir. Ularning orasida kimdir bu mavzuga jiddiy e’tibor beradi, kimdir esa, aksincha, uni muhim deb hisoblamaydi. Falsafaning uzoq tarixiga umumiy nazar tashlasak, olam va insonning kelib chiqishi, rivojlanishi va mohiyatiga, shuningdek, hayotning ma’nosi, inson bilishining tabiatiga tegishli «boqiy» falsafiy muammolar deyarli barcha falsafiy ta’limotlarda u yoki bu tarzda mavjudligini, turli falsafiy asarlarda, ular aynan kimga qarashliligi va qaysi davrga mansubligidan qat’iy nazar, qisman yoki, aksincha, atroflicha muhokama qilinishining guvohi bo‘lishimiz mumkin.
Darhaqiqat, ong, tafakkur, ruh, ideallik va ularning materiya, tabiat, borliq bilan o‘zaro nisbati masalalariga o‘z munosabatini bildirmagan yoki, aytaylik, o‘z mulohazalari va xulosalarida shubha qilmagan faylasufni topish mushkul. Bu hol o‘z vaqtida olimlar tomonidan «falsafaning asosiy masalasi»ni ta’riflashiga turtki bergan bo‘lib, unda ikki jihat alohida ajralib turadi.
Birinchi jihat moddiylik va ideallikning o‘zaro nisbatiga tegishli. Savol shunday qo‘yiladi: «Materiya birlamchimi yoki ruh (ong)mi?» yoki, «Tafakkur va borliqning nisbati masalasi butun, ayniqsa, eng yangi falsafaning buyuk asosiy masalasidir».
Ikkinchi jihat birinchi jihat bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, quyidagicha ta’riflanadi: «Dunyoni bilish mumkinmi?» Boshqacha aytganda: «Biz haqiqiy dunyo haqidagi o‘z tasavvurlarimiz va tushunchalarimizda borliqni to‘g‘ri aks ettirishga qodirmizmi?»
Materialistlar va idealistlar. U yoki bu faylasuflar savolning birinchi qismiga qanday javob berishiga qarab, ular materialistlar -dunyo azaldan moddiy, ong esa bu materiyaning mahsulidir, deb hisoblovchilar va idealistlar -dunyo zamirida materiyadan oldin paydo bo‘lgan va uni yaratuvchi ideal narsalar va hodisalar yotadi, degan fikrni himoya qiluvchilarga ajratiladi.
Bunda idealizmning ikki turi – obyektiv va subyektiv idealizm farqlanadi. Qandaydir nomoddiy va inson ongiga bog‘liq bo‘lmagan (ya’ni obyektiv mavjud bo‘lgan) narsalar va hodisalarni ( Xudo,dunyoviy aql, g‘oya, ruh va shu kabilar) butun borliqning asosi deb e’tirof etuvchilar obyektiv idealistlar hisoblanadi. Falsafa tarixida Platon, Avliyo Avgustin, Foma Akvinskiy, G.Gegel, , N.Berdyayev kabi mutafakkirlar obyektiv idealizm namoyandalari sifatida shak-shubhasiz e’tirof etiladi. Dunyo faqat individual (subyektiv) ong nuqtai nazaridan qaralgan holda subyektiv idealizm to‘g‘risida so‘z yuritiladi. J.Berkli, D.Yum, I.G.Fixte subyektiv idealizmning yorqin namoyandalari hisoblanadi.
Falsafa tarixida materialistik yo‘nalishlar va oqimlar ham anchaginadir. Xususan, materiyani yaratish va yo‘q qilish mumkin emasligi haqidagi fikr-mulohazalarga ilk faylasuflarning asarlaridayoq duch kelish mumkin. Mazkur sodda materializm vakillari :qadimgi xitoy faylasuflari – Lao szi, Yan Chju;
• Qadimgi hind faylasuflari – lokayata yo‘nalishi namoyandalari;
• Qadimgi davrning mashhur faylasuflari – Geraklit, Empedokl, Demokrit, Epikur va boshqalar.
• Qadimgi Markaziy Osiyo faylasuflari- Zardo‘sht Sepitoma kabilardir.
Klassik mexanika vujudga kelgan va faol rivojlangan Yangi davrda mexanistik materializm (P.Golbax, P.Gassendi, J.Lametri) ayniqsa keng tarqaldi.
XVIII-XIX asrlarda falsafiy materializmning yo‘nalishlari:
— antropologik materializm (L.Feyerbax);
— vulgar materializm (Fogt, Byuxner, Moleshott);
— dialektik materializm (K.Marks, F.Engels) shakllandi.
Biroq, yana shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, mazkur tasnifga muvofiq materialistlar yoki idealistlar deb nomlanuvchi u yoki bu faylasuflar bunday farqlashga asossiz sxemalashtirish va soddalashtirish deb qarab, o‘zini bu yo‘nalishlarning birortasiga ham mansub deb hisoblamasligi mumkin. Bunday qarashlar shu bilan izohlanadiki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va uzil-kesil tarzda, bu muammoni tushunishga nisbatan boshqacha yondashuvlarni e’tiborga olmasdan ta’riflangan «falsafaning asosiy masalasi» muqarrar tarzda barcha faylasuflarni ikki katta qarama-qarshi lagerga – materialistlar va idealistlarga ajratadi va bu hodisaning ayrim ko‘rinishi sifatida faqat moddiy va ma’naviy substansiyalarni teng huquqli asoslar deb hisoblovchi dualistlarnigina (masalan, R.Dekart) farqlaydi.
Ammo falsafiy tafakkur tarixida u yoki bu faylasuflar fikriga ko‘ra eng muhim deb qaraladigan boshqa muammolar ham mavjud. Ayni shu sababli aksariyat faylasuflar substansiya (dunyoning birinchi asosi) haqida mulohaza yuritar ekan, mazkur masalaning qo‘yilishini «falsafaning asosiy masalasi» bilan bog‘lashga moyil emas. Masalan, ilk antik faylasuflar uchun falsafaning asosiy muammosi: «Dunyo nimadan yaratilgan?», degan savol bilan bog‘langan. O‘sha davrda bu savol eng muhim, asosiy, birinchi darajali hisoblangan.
O‘rta asrlar sxolastikasi nuqtai nazaridan «falsafaning asosiy masalasi» quyidagicha ta’riflanishi mumkin: «Xudoning borligini qanday qilib oqilona asoslash mumkin?» Hozirgi diniy falsafiy konsepsiyalar, xususan neotomizm uchun u hozir ham bosh masala bo‘lib qolmoqda. Ibn Sino fikricha, falsafaning asosiy masalasi – mavjudotni barcha mavjud narsalarni kelib chiqishi, targ‘iboti o‘zaro munosabati, biridan-ikkinchisiga o‘tishni har tomonlama tekshirish uchun zaruriy imkoniyat, voqelik sabab tamoyillarini asos qilib olishdan iborat.
Yangi davrda I.Kant yondashuvi diqqatga sazovor bo‘lib, u «Inson nima?» degan savolni mohiyat e’tibori bilan falsafaning asosiy masalasi deb hisoblaydi. Uning fikricha, inson ikki har xil dunyo – tabiiy zarurat va ma’naviy erkinlikka mansub bo‘lib, ularga muvofiq odamzot, bir tomondan, tabiat mahsuli hisoblanadi, boshqa tomondan esa, u «erkin harakat qiluvchi mavjudotning o‘z-o‘zidan yaratish» natijasidir1.
Ekzistensializm falsafasida esa har bir individ o‘zi uchun o‘zi hal qilishi lozim bo‘lgan «Hayot yashashga arziydimi?», degan muammo asosiy masala sifatida e’tirof etiladi, zero, mazkur yo‘nalish namoyandalarining fikriga ko‘ra, bu savolga javobsiz qolgan hamma narsa o‘z ma’nosini yo‘qotadi. Fransuz ekzistensialist faylasufi A.Kamyu ta’biri bilan aytganda: «Hayot yashashga arzishi yoki arzimasligi masalasini hal qilish, falsafaning asosiy masalasiga javob topish demakdir».
Masalan, pragmatizm asosiy e’tiborni haqiqat tushunchasiga va uni aniqlash muammosiga qaratadi. Bu yo‘nalish vakillarining fikriga ko‘ra, falsafa avvalo ayni shu muammo bilan shug‘ullanishi va insonga amalda foyda keltirishi lozim.
Falsafani siyosiylashtirish va sxemalashtirishning oqibatlari. Falsafani o‘ta siyosiylashtirish ma’lum ma’noda zararlidir. Chunki sobiq sovet tuzumi davrida ayni falsafiy bilimni mutlaqlashtirish, uni siyosiy bilim doirasi bilan chegaralash oqibatida falsafa siyqalashdi, uning asl mazmuniga putur yetkazildi. Shuningdek, falsafaning barcha zamonlarda va har qanday sharoitda o‘z ahamiyatini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan, qolgan barcha masalalarni istisno etadigan biron-bir bitta, birdan-bir to‘g‘ri asosiy masalasi bormi? Bizningcha, mazkur uzil-kesil ta’rif kontekstida bunday masala mavjud emas. Birinchidan, ayni holda tarixiy davrni ham, falsafiy bilimning plyuralistik tabiatini ham hisobga olish talab etiladi. Ikkinchidan, qandaydir bitta muammoni faqat u yoki bu muayyan vazifani yechish maqsadida murakkab masalalarni sxemalashtirish, ataylab soddalashtirish to‘g‘risida so‘z yuritilayotganini tushungan holda, ma’lum darajada shartlilik bilan mutlaqlashtirish mumkin.
Masalan, falsafaning «borliq» va «substansiya» kabi ayniqsa keng tarqalgan asosiy kategoriyalari haqida so‘z yuritar va muayyan faylasuflarning ularga bo‘lgan munosabatini aniqlashga harakat qilar ekanmiz, «falsafaning asosiy masalasi»ni uzil-kesil yechish tarafdorlari ilgari surgan mantiqqa muvofiq, barcha faylasuflarni ma’lum darajada shartlilik bilan materialistlar, idealistlar va dualistlarga ajratishimiz mumkin. Umuman olganda, agar, falsafada ayniqsa ko‘p muhokama qilinadigan muammolar doirasini aniqlashga harakat qilinayotgan yoki falsafa tarixini, u yoki bu falsafiy g‘oyalar, yo‘nalishlar, oqimlarning vorisiyligini yaxshiroq tushunish vazifasi qo‘yilayotgan bo‘lsa, bunday ajratish mutlaqo o‘rinlidir.
Ayni vaqtda, muammoga nisbatan yangicha yondashuvni yoki masalaning yangicha talqinini taklif qilishi mumkin bo‘lgan boshqacha yondashuvlar paydo bo‘lishi va mavjudligiga yo‘lni berkitmaslik uchun har qanday sxemalashtirish cheklangan xususiyatga ega bo‘lishini unutmaslik kerak.
Ayni bir masalaga boshqacha nuqtai nazardan, g‘ayrioddiy yoki mutlaqo kutilmagan tomondan yondashish taklif qilingan, pirovardida esa avvalgi qarashlar nuqtai nazaridan erishish mumkin bo‘lmagan kashfiyotlar olingan hollarga tarixda misollar bisyor. Masalan, geotsentrik qarashlar o‘rnini geliotsentrik qarashlar egallashi, nisbiylik nazariyasining paydo bo‘lishi, Rim klubiga taqdim etilgan «O‘sish chegaralari» ma’ruzasi va hokazolar ko‘pchilik uchun tabiiy, o‘z-o‘zidan ravshan bo‘lib tuyulgan narsalarga nisbatan noan’anaviy, g‘ayrioddiy yondashuv mahsulidir. Mazkur misollar falsafada «qat’iy», uzil-kesil ta’riflarga nisbatan ancha ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim, zero bu ba’zan yanglishishlarning mustahkamlanishiga, oxir-oqibatda esa – turg‘unlik va dogmatizmga olib keladi, degan fikrni faqat tasdiqlaydi.
Dunyoni bilish mumkinmi, degan savolga faylasuflar tomonidan berilgan javoblar orasida ham ikki qarama-qarshi yondashuv ajralib turadi. Bu yondashuvlardan biri gnoseologik optimizm deb ataladi. Unga muvofiq insonning bilish imkoniyatlari umuman olganda cheklanmagan va u o‘zini qiziqtirayotgan tabiat va jamiyat qonunlarini kashf etish, narsalar mohiyatini aniqlash va dunyoning haqiqiy manzarasini yaratishga ertami, kechmi albatta muvaffaq bo‘ladi, deb hisoblanadi. Bunda G.Gegelni, va u yaratgan ta’limotning ko‘p sonli tarafdorlarini tilga olib o‘tish o‘rinli bo‘ladi.
Ikkinchi yondashuv agnostitsizm (yunon. a – inkor va gnosis – bilim) deb ataladi. Bu yondashuv namoyondalari dunyoni, narsalar va hodisalar mohiyatini to‘la (yoki hatto qisman) bilish amalda mumkin emas, deb hisoblaydi. Bunday qarashlar ayniqsa D.Yumga xosdir. Odatda, agnostitsizm namoyandalari qatoriga I.Kant ham kiritiladi, ammo bu yondashuv ancha bahsli bo‘lib, faylasuflar orasida munozaralarga sabab bo‘lib keladi.
Falsafada shubhaning roli. Yuqorida keltirilgan ikkala gnoseologik yondashuvni taqqoslash va ularga baho berishda shubha muhim rol o‘ynaydi. U nafaqat o‘rinli, balki ijodiy yo‘naltirilgan har qanday bilishning zaruriy elementi hisoblanadi. Shuningdek, falsafiy mulohazalar har qanday shak-shubhadan xoli bo‘lsa, notanqidiy idrok etiladigan o‘tmish va qadimda o‘zlashtirilgan qonun-qoidalarga so‘zsiz bo‘ysunish me’yorga aylanib qolsa, bu, dogmatizm, turg‘unlik va tanazzulga eltadi.
Bunga qadimdayoq antik faylasuflar: elladalik Pirron, Arkesilay, Sekst Empirik va shubhani fikrlashning asosiy tamoyili, inson bilimini esa – nisbiy deb e’lon qilgan falsafiy yo‘nalish – skeptitsizmning boshqa asoschilari e’tiborni qaratgan. Skeptitsizm haqiqatga shak-shubhasiz egalik va narsalarni to‘g‘ri tushunishga da’vogar bo‘lgan falsafiy ta’limotlar hukmronligiga munosabat sifatida vujudga keldi va shu ma’noda, ijobiy rol o‘ynadi.
Falsafaning asosiy funksiyalari. Falsafa u yoki bu muammolarni hal qilar, qonunlar, muayyan tamoyillarni ta’riflar yoki gipotezalar, g‘oyalar va nazariyalarni ilgari surar ekan, ayni vaqtda (ba’zan shu tariqa) har xil funksiyalarni bajaradi. Falsafaning muhim funksiyalaridan dunyoqarashni shakllantirish, bilish, metodologik, integrativ, madaniy, aksiologik, axloqiy va tarbiyaviy funksiyalarni qayd etish mumkin. Ularning barchasi bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Bu funksiyalarning roli va ahamiyati falsafaning amal qilish sohasi, u hal qilayotgan vazifalar darajasi va xususiyati bilan belgilanadi.
Dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi. Falsafaning, dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi, insonning dunyoga munosabati, uning o‘z-o‘zini va o‘zini qurshagan borliqni tushunishi, shuningdek turli voqealar, hodisalarni va o‘z burchini qanday talqin qilishi avvalo va bevosita uning dunyoqarashiga bog‘liq bo‘ladi. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilganidek, inson dunyoqarashida e’tiqodlar va bilimlar, tuyg‘ular va emotsiyalar, oqilonalik va irratsionallik, tajriba, intuitsiya va hokazolar chambarchas bog‘lanadi. Ayni shu sababli falsafasiz dunyoning yaxlit manzarasini yaratish mumkin emas, chunki «donolikni sevish» sanaladigan, «hamma narsaga aralashadigan» falsafagina dunyoqarashning o‘zaro bog‘lanmagan turli «parchalari»ni birlashtirib, shu tariqa odamlarning butun borliqqa nisbatan umumiy, izchil va mantiqan to‘g‘ri munosabatini yaratish imkonini beradi. Bunda falsafa ayrim ikir-chikirlar, ahamiyatsiz tafsilotlarni mavhumlashtiradi va umumiy aloqalarga, turli narsalar va hodisalar xossalarining birligiga e’tiborni qaratadi va shu tariqa o‘zining bosh funksiyasi – dunyoqarashni shakllantirish funksiyasini bajaradi.
Falsafaning gnoseologik funksiyasi tajribada sinash, tavsiflash yoki shak-shubhasiz inkor etish mumkin bo‘lmagan, ya’ni fan ochib berish, tadqiq etish va tahlil qilishga qodir bo‘lmagan narsalar va hodisalarni oqilona yo‘l bilan tushuntirishga harakat qilishdir. Falsafa u yoki bu mohiyati aniqlanmagan yoki kam o‘rganilgan hodisalarni tushuntirishga nisbatan o‘z yondashuvlari, nazariyalari va gipotezalarini taklif qilar ekan, ularni bilishga bo‘lgan qondirilmagan qiziqish o‘rnini ma’lum darajada to‘ldiradi, shu tariqa mifologik va diniy fantaziyalarga kamroq o‘rin qoldiradi. Falsafa gnoseologiyada hal qiladigan boshqa bir muhim vazifa «Haqiqat nima?», «Uning mezonlari qanday?», degan masalalar bilan bog‘liq, zero har qanday bilish jarayoni oxir-oqibatda, u yoki bu tarzda haqiqatning tagiga yetishga qarab mo‘ljal oladi, bu esa eng muhim masaladir.
Metodologik funksiyasi to‘g‘risida so‘z yuritganda metod tushunchasiga murojaat etish o‘rinli bo‘ladi. Bu tushuncha yunoncha methodos – yo‘l, tadqiqot, tekshirish so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, u yoki bu maqsadga erishishning muayyan usulini, shuningdek borliqni nazariy va amaliy o‘zlashtirishga qaratilgan usullar yoki amallar majmuini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, bu faylasuf yoki olim o‘zi o‘rganayotgan predmetning tadqiqot yo‘lidir. Odatda metodologiya muammolari falsafa doirasida o‘rganilgan, biroq ayrim fanlar vujudga kelishi bilan falsafiy (umumiy) metodlar bilan bir qatorda muayyan, ayrim ilmiy metodlar ham rivojlana boshladi. Falsafaning boshqa bir muhim metodologik funksiyasi falsafada ham, ayrim fanlarda ham muhim rol o‘ynaydigan har xil kategoriyalarni ishlab chiqishidan iborat. Kezi kelganda yana shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, falsafa o‘ta keng tushunchalar, ya’ni kategoriyalar bilan ish ko‘rar, ularni ta’riflar ekan, metodologik funksiya bilan bir vaqtda dunyoqarashni shakllantirish funksiyasini ham bajaradi.
Falsafaning integrativ funksiyasi fan bilan chambarchas bog‘liq. Real borliqning yangi va yangi obyektlari va hodisalari inson nazariy tadqiqotlari sohasidan o‘rin olishi, shuningdek ilgari ma’lum darajada anglab yetilgan narsalar va hodisalarni yanada chuqurroq o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj ilmiy bilim o‘z rivojlanishining dastlabki bosqichlaridayoq tabaqalanishiga turtki beradi. Buning natijasida ayrim fanlar paydo bo‘lib, ular nafaqat o‘z tadqiqot obyekti va predmetini ajratdi, balki o‘zining faqat mazkur fanga xos bo‘lgan tili, kagegoriyalar apparati va hokazolarni yaratdi. Ammo bu yo‘lda jiddiy xavf ham mavjud bo‘lib, u shundan iboratki, fanlarning ajralishi natijasida ular o‘rtasidagi aloqalar susayadi, ular murakkab kompleks vazifalarni yechishda faol o‘zaro aloqa qilish qobiliyatini yo‘qotadi. Qarama-qarshi jarayon – ilmiy bilimlarning integratsiyalashuvi va u yoki bu muammolarni yechish uchun kuch-g‘ayratni birlashtirish jarayoni bu xavfning oldini olish imkonini beradi.
Murakkab kompleks muammolarni tadqiq etuvchi hozirgi zamon fanida ba’zan ayrim ilmiy fanlarning vakillari boshqa fanlarning vakillarini faqat ular turli tillarda, ya’ni har biri o‘z fanining tilida gapirgani bois tushunmaydi. Bu jihatdan falsafa ular uchun amalda bog‘lovchi bo‘g‘inga, birlashtiruvchi asosga aylanadi, chunki u o‘z tahlilida fanlararo muloqotga va mazmuni ayni bir kontekstda turli fanlar tomonidan qabul qilinadigan va qo‘llaniladigan fundamental tushunchalarni yaratishga qarab mo‘ljal oladi.
Murakkab obyektlarni kompleks tadqiq qilishda har bir muayyan fan o‘z predmetidan kelib chiqadi. Bu predmet doirasi unga o‘rganilayotgan obyektni yaxlit ko‘rish, uning aloqalarini aniqlash imkonini bermaydi. Bu vazifani hal qilishga ham faqat falsafa qodir bo‘lib, u butun vaziyatni yaxlit ko‘rish imkonini beradi va bu jihatdan nafaqat fanlar o‘rtasida, balki inson faoliyatining ayrim jabhalari, masalan, o‘tkazilayotgan tadqiqotlar bevosita yoki bilvosita bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqiy, siyosiy, axloqiy faoliyat o‘rtasida ham bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi.
Madaniy funksiyasi. Falsafa odamlar dunyoqarashini kengaytirish, ularda bilishga qiziqish uyg‘otish, nazariy fikrlash madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish orqali madaniy funksiyani ham bajaradi. U dunyoni o‘zlashtirish va bilishning universal shakli sifatida, insoniyatning eng yaxshi yutuqlarini o‘zida mujassamlashtiradi va ularni butun insoniyat mulkiga aylantiradi. Turli mamlakatlar va xalqlarning falsafa tarixini o‘rganish ularning o‘tmishdagi va hozirgi madaniyatini yaxshiroq tushunish imkonini beradi, g‘oyalar almashinuvi va madaniy an’analarning o‘zaro ta’siriga ko‘maklashadiki, bu madaniy meros bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ko‘pgina muammolarni yechishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Aksiologik funksiyasi. Falsafa hayotning ma’nosi, o‘lim va umrboqiylik masalalarini kun tartibiga qo‘yish, u yoki bu harakat, voqea, hodisaga «yaxshi», «yomon», «muhim», «foydali», «foydasiz» kategoriyalari bilan baho berish orqali yana bir muhim funksiya – aksiologik (yunon. axia — qadriyat) funksiyani ham bajaradi. U uzoq muddatli tendensiyalarni qisqa muddatli tendensiyalardan farqlash, yuzaki jarayonlarni fundamental jarayonlardan, muhim narsalar va hodisalarni ikkinchi darajali narsalar va hodisalardan ajratish orqali insonning qadriyatlarga munosabati bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan tegishli ehtiyojlarini shakllantiradi. Shu tariqa insonning muayyan qadriyatlari, mo‘ljallari va ustuvorliklari belgilanadi, ya’ni tegishli qadriyatlar tizimi tarkib topadi. Bu tizim odamlarning muhim xususiyati hisoblanadi, ularning hayotga munosabatini aks ettiradi va jamiyatdagi xulq-atvorini ko‘p jihatdan belgilaydi.
Falsafaning axloqiy funksiyasi odamlar xulq-atvori va u yoki bu jamiyatda yuzaga keluvchi munosabatlar bilan bog‘liq. Bunda, masalan, axloqiy qadriyatlar, ularning tabiati, asoslari va jamiyatdagi amaliy roli falsafaning tadqiqot predmeti hisoblanadiki, bu jamiyatda yuzaga keladigan va tabiiy yo‘l bilan, ya’ni real hayot amaliyotida o‘rnatiladigan me’yorlar va qoidalarga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatadi. Bunday me’yorlar ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi muhim dastak hisoblanadi va odamlarning o‘zaro aloqalari, ularning munosabatlari xususiyati va o‘zaro til topish darajasida namoyon bo‘ladi. Xulosa qilib aytish mumkinki, falsafa doimo axloqda, jamiyatning barcha a’zolari xulq-atvorida muxtasar ko‘rinishda namoyon bo‘ladi va shu tariqa yana bir muhim funksiya – axloqiy funksiyani bajaradi.
Falsafaning tarbiyaviy funksiyasi haqida fikr yuritilganda bu masalaning xalqaro darajadagi keng va har tomonlama muhokamasi natijalarini hisobga olgan holda so‘z yuritish o‘rinli bo‘ladi. Bugungi kunda nafaqat ayrim xalqlar, balki butun jahon hamjamiyati o‘z-o‘zini anglab yetishga yo‘naltirilgan falsafaga muhtojdir. Buni 2002 yildan Yunesko qaroriga binoan, butun dunyoda har yili noyabr oyining uchinchi payshanbasida o‘tkaziladigan “Jahon falsafa kunlari” ham, hozirgi kunda dunyo uchun eng muhim masalalarga e’tiborini qaratadigan Jahon falsafa kongresslari ham tasdiqlaydi. Darhaqiqat bunday kongress birinchi marta 1900 yilda Fransiyada o‘tkazilgan, 1948 yildan boshlab uni har besh yilda bir marta o‘tkazish an’anaga aylangan. Xususan, 1998 yilda Boston shahrida (AQSH) bo‘lib o‘tgan XX jahon falsafa kongressi “Paydeyya: insoniyatni tarbiyalashda falsafa” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lsa, Turkiyaning Anqara shahrida o‘tkazilgan XXI Jahon falsafa kongressida “Falsafa jahon muammolari bilan yuzma-yuz” mavzusi atroflicha muhokama qilindi. XXII jahon falsafa kongressi birinchi marta Osiyo mamlakati bo‘lmish Koreya respublikasining Seul shahrida “Hozirgi davrda falsafani qayta anglash” degan umumiy mavzu ostida bo‘lib o‘tdi. Kongresslarning mavzularidan ko‘rinib turganidek, falsafa real hayot bilan uzviy bog‘liq va eng muhim muammolarni anglab yetishga xizmat qilib keldi. Shunday muammolardan biri – insonni shaxs sifatida tarbiyalash va kamol toptirishda falsafaning roli va ahamiyati masalasidir. Buning uchun esa, albatta, qadimgi davr mutafakkirlarining asarlariga yana bir bor murojaat etish taqozo etiladi.
Qadimgi mutafakkirlar har tomonlama ta’lim va tarbiyani, ya’ni o‘z qobiliyatlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga qodir bo‘lgan jismoniy va ma’naviy jihatdan komil insonni voyaga yetkazishni «paydeyya» (yunon. pais – bola) atamasi bilan ifodalaganlar. O‘sha zamonlarda paydeyya aristokratiyaning o‘ziga xos belgisi hisoblangan; endilikda faylasuflar ta’lim va tarbiya muammolarini yana birinchi o‘ringa qo‘yib, ularni hal qilishda falsafaning rolini aniqlashga harakat qilar ekanlar, bu tushunchani yana esga oldilar. Xususan, Boston kongressidagi asosiy ma’ruzalarning mualliflaridan biri fransuz faylasufi Per Obenk: «Insonning vahshiyona tabiatidan ma’rifatli tabiatga o‘tish imkoniyati qay darajada mavjud?», degan savolni o‘rtaga tashlaydi. Uning fikricha, insonning yagona tabiati ikki ma’noli bo‘lib, faqat ma’rifat (paydeyya) odamzotni so‘zning to‘liq ma’nosidagi insonga aylantiradi yoki, Platon ta’biri bilan aytganda, paydeyya uning ko‘zini ochadi.
Biroq ma’rifatning vazifasi ko‘zga ko‘rish qobiliyatini berishdan emas, balki unga to‘g‘ri qarashni o‘rgatishdan iboratdir. Demak, Platon, Demokrit, Zardo‘sht va boshqa mashhur faylasuflar fikriga tayanib, ma’rifat yordamida, ta’lim va tarbiya jarayonini zo‘rlikka qarshi yo‘naltirish va odamzot aql-idrokini kamol toptirish orqali insonning boshqacha tabiatini yaratish mumkin. «Paydeyya» tushunchasi bolani tarbiyalab komil insonga aylantiruvchi ta’lim jarayoniga e’tiborni qaratadi. Qadimgi yunonlar «texne» va «paydeyya» kabi tushunchalarni farqlaganlar; birinchi atama bilimni, ya’ni o‘rganish mumkin bo‘lgan narsani anglatsa, ikkinchi atama bilim berish manbaini emas, balki to‘g‘ri fikr manbaini anglatadi. Bunda paydeyya, Aristotel ta’biri bilan aytganda, insonni o‘zini o‘zi kamol toptirishga rag‘batlantirishi lozim. Shu bois Protagor, Suqrot va Platon aytganidek, falsafadan saboq berishda ishontirish mahoratini emas, balki to‘g‘ri fikr yuritish mahoratini o‘rgatishga e’tibor qaratish muhim.
Falsafaning jamiyatdagi ahamiyati va roli yoki amaliy falsafa. Odatda falsafa kundalik hayot va amaliyotdan ancha uzoq bo‘lgan haddan tashqari umumiy masalalarni o‘rganadi, degan fikr mavjud. Ammo bu fikrga qo‘shilish mushkul, zero umumiy nazariyalar, agar ularga kengroq ma’noda va uzoqroq istiqbol nuqtai nazaridan yondashilsa, ba’zan bilimning tor sohalariga taalluqli bo‘lgan ko‘pgina muayyan g‘oyalardan yaxshiroq samara beradi.
Albatta, falsafa doim kundalik hayotdan ma’lum darajada uzoq bo‘lgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Uning o‘ziga xos xususiyati, betakrorligi ayni shu omilda namoyon bo‘ladi. Biroq, boshqa tomondan, falsafa oddiy ijtimoiy borliq, kundalik ijtimoiy, siyosiy yoki iqtisodiy hayot amaliyoti deb nomlash mumkin bo‘lgan narsalardan ham o‘zini olib qochmaydi. Falsafiy refleksiya va u bilan mushtarak bo‘lgan harakatlarning mazkur yo‘nalishi XX asrda hatto butun bir yo‘nalish – amaliy falsafa vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Bunda falsafa siyosiy, ijtimoiy va boshqa qarorlar qabul qilishga muqarrar tarzda va bevosita ta’sir ko‘rsatadi, deb aytish mumkin emas, ammo bu holni butunlay istisno etish ham o‘rinli bo‘lmaydi. Biroq shu narsa aniqki, falsafa odamlar dunyoqarashini shakllantirish orqali ularning xulq-atvorini, yuqorida zikr etilgan qarorlarni ishlab chiqish jarayonida ularning yondashuvlarini ham ko‘p jihatdan belgilaydi, faylasuflarning o‘zlari esa ba’zan odamlar hayotini butunlay o‘zgartiruvchi muhim, olamshumul g‘oyalar tashabbusi bilan chiqadilar.
Faylasuflar jamiyatdagi ma’naviyat va axloqning holati uchun ham sezilarli darajada javobgardirlar, zero ular nafaqat ijtimoiy me’yorlar va tamoyillarni rivojlantiradilar, ulardan dars beradilar yoki kitoblar, maqolalar orqali ijtimoiy ongni ular bilan oshno etadilar, balki aksariyat hollarda keng jamoatchilik fikrini uyg‘otadigan, ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy muammolar, madaniyat va ma’naviyat masalalariga doir muhokama va munozaralar tashkil etadilar.
Falsafaning ijodiy xarakteri. Falsafa jamiyat hayotining deyarli barcha jabhalariga kuchli ta’sir ko‘rsatgan holda, ayni vaqtda fan bilan doim yaqin aloqada ish ko‘radi. U yoki bu fan qanday muayyan muammolarni hal qilishidan qat’iy nazar, ular bilan bog‘liq jarayonlar va hodisalarga, ya’ni butun vaziyatga, shu jumladan oxir-oqibatda olingan natijalarga nisbatan falsafiy yondashuv doimo zaruriy shart hisoblanadi. Muayyan fan predmetiga va uning oldida turgan muammolarga nisbatan bunday keng, mazkur fan chegarasidan chetga chiqadigan, bilimning boshqa sohalarida erishilgan eng so‘nggi yutuqlarni ham aks ettiradigan yaxlit yondashuvsiz fundamental kashfiyotlar qilish ham, umuman fanning rivojlanishiga erishish ham mumkin emas.
O‘z vaqtida dunyoga nisbatan (odatdagi, «klassik» fizika doirasida uzoq yillar hukm surgan yondashuvlarga qaraganda) kengroq yondashuv, masalan, A.Eynshteyn (1879-1955)ga dunyoning manzarasini tushunishga nisbatan butunlay yangicha yondashuvni taklif qilish va avvalgi fizikaning aksariyat qoidalari muayyan darajadagina haqiqiy bo‘lib qolgan sharoitda klassik (Nyuton) mexanikasini ham o‘z ichiga olgan «Nisbiylik umumiy nazariyasi»ni ta’riflash imkonini berdi. Ammo tabiiy bir savol tug‘iladi: bu yerda falsafa chindan ham ijodiy rol o‘ynadimi? Agar ijodiy rol o‘ynagan bo‘lsa, bu nimada va qay tarzda namoyon bo‘ldi?
Umumiy dalillarga to‘xtalmay, shuni qayd etishni o‘rinli deb hisoblaymizki, Eynshteyn ongida o‘zidan oldingi va o‘zi yashayotgan davrdagi falsafa g‘oyalari to‘qnashdi. Ular mutafakkirning butun ijodiy faoliyatiga, hech shubhasiz, kuchli ta’sir ko‘rsatdi, zero u ratsionalistik falsafaning ko‘pgina klassiklari, ularning o‘tmishdoshlari va izdoshlari bilan talabalik yillaridayoq tanishgan edi. «Biz Eynshteyn ijodiga XX asr o‘rtalarining fizik konsepsiyalari va kelajakka prognozlar nuqtai nazaridan, retrospektiv nazar tashlar ekanmiz, uni insoniyat ma’naviy hayoti katta bir bosqichining yakuni deb hisoblash mumkin. – Bu bosqich faqat Nyuton mexanikasi bilan boshlangani yo‘q. Butun ratsionalistik fan va XVII asr falsafasi uning negizi hisoblanadi. Eynshteyn asarlari bilan tanishar ekansiz, Galiley, Dekart, Spinoza, Gobbs, Nyuton satrlarini beixtiyor eslaysiz – ba’zan g‘oyalarning ajabtovur o‘xshashligiga duch kelasiz… XVII asr ratsionalistik tafakkurining nomuayyan farazlari va izlanishlari qanday qilib ijodiy, izchil shakl-shamoyil kasb etayotganining guvohi bo‘lasiz. Bu yerda tadrijiy aloqa mavjudligi shak-shubhasizdir»1.
Falsafiy tasavvurlar va tabiiy-ilmiy qarashlarni farqlash oson ish emas. Biroq falsafiy tasavvurlar tabiiy-ilmiy qarashlarga ta’sir ko‘rsatgani, xuddi shuningdek al-Xorazmiy, al-Farg‘oniy, Ibn-Sino, Mirzo Ulug‘bek, I. Nyuton, A.Eynshteyn kabi buyuk olimlarning ilmiy g‘oyalari zamirida ularning keng va teran falsafiy bilimlari yotishi shak-shubhasizdir. Ayni shu sababli ko‘rsatilgan mutafakkirlarning yaxlit falsafiy ta’limoti haqida bo‘lmasa ham ularning jiddiy falsafiy qarashlari haqida to‘la asos bilan so‘z yuritish mumkin.
Falsafa va fan. Falsafa nafaqat fan, balki ijtimoiy hayotning boshqa, chunonchi: iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, huquqiy, ilmiy jabhalari, san’at va shu kabilar bilan ham uzviy bog‘liq. Biz falsafa va fan munosabatlarining genezisi haqida ularning birligi va farqlarini aniqlash maqsadida so‘z yuritamiz. Mazkur masalani mufassalroq o‘rganishga kirishar ekanmiz, avvalo ko‘rsatilgan tushunchalarning asosiy ma’nolari va mazmunlarini aniqlab olamiz.
Fanning mohiyati. Fanni tushunishga nisbatan ikki asosiy yondashuv, uning keng va tor talqinlari shakllangan.
Keng (yig‘ma) ma’nodagi fan – bu butun inson faoliyati jabhasi bo‘lib, uning vazifasi borliq haqidagi obyektiv bilimlarni o‘rganish va ilmiy nazariy tizimga solishdan iboratdir. Bu yerda «fan», «olim» tushunchalari muayyanlashtirilmaydi va umumiy, yig‘ma tushunchalar sifatida talqin qilinadi. «Fan» tushunchasi falsafaga tatbiqan ko‘pincha ayni shu kontekstda qo‘llaniladi, faylasuflar esa olimlar deb ataladiki, bu qisman o‘rinlidir.
Muayyan ilmiy fanlar, masalan, fizika, kimyo, biologiya, tarix, matematikani ifodalash uchun «fan» tushunchasiga torroq, binobarin, izchilroq ma’no yuklanadi. Bu yerda fanga aniq ta’rif berilgan, olim esa tor mutaxassis, muayyan bilim ifodachisi hisoblanadi. U shunchaki olim emas, balki doim va albatta yo fizik, yo ximik, yo tarixchi, yo boshqa fan vakilidir. Ayni holda fan muqarrar tarzda tabiat, jamiyat, tafakkurning u yoki bu obyekti (hodisasi) haqidagi ilmiy bilimlarning qat’iy tartibga solingan, izchil tizimidan tashkil topadi.
Bunday fanlarning har biri faqat ularning o‘zigagina xos bo‘lgan maxsus qonunlar va metodlarga, mazkur fan uchun yagona sanalgan til, kategoriyalar apparati va hokazolarga ega bo‘ladiki, bu yuz bergan jarayonlarni to‘g‘ri tavsiflash va tushuntirish, hozirgi davrni to‘g‘ri tushunish va bilimlarning tegishli sohasida albatta yuz beradigan yoki muayyan sharoitda yuz berishi mumkin bo‘lgan voqealar yoki jarayonlarni ma’lum darajada aniq bashorat qilish imkonini beradi. U yoki bu fanning mazmuni ham, u erishgan natijalar ham barcha madaniyatlar va xalqlar uchun yagona bo‘lib, ayrim olimning yondashuvi, nuqtai nazari yoki dunyoqarashiga mutlaqo bog‘liq emas. Ular mazkur sohada olg‘a siljish uchun o‘zlashtirish lozim bo‘lgan, vaqt va amaliyot sinovidan o‘tgan bilimlar yig‘indisi sifatida avloddan-avlodga o‘tadi.
Falsafada esa qadimda donishmandlik muxlislarining son-sanoqsiz savollariga tajriba yo‘li bilan olingan ba’zi bir oqilona javoblar mavjud bo‘lgan. Bu javoblarni haqqoniy, ya’ni amaliyot sinovidan o‘tgan, kundalik hayotda o‘z tasdig‘ini topgan, aniq bilim deb nomlash mumkin. Bunday javoblar masala «yopilishi», kun tartibidan chiqarilishiga sabab bo‘lgan, boshqacha aytganda, aniq ta’riflangan va boshqa javoblarni istisno etgan.
Bunga juda ko‘p misollar keltirish mumkin. Masalan, har qanday uchburchak burchaklarining yig‘indisi 180 gradusga tengligi yoki suyuqlikka solingan jismga siqib chiqarilgan suyuqlik og‘irligiga teng kuch ta’sir ko‘rsatishi aniqlangani zahoti bu masalalar o‘zining «ochiq» xususiyatini yo‘qotgan, ya’ni ular o‘zining boshqa variantlarni istisno etadigan aniq yechimini topgan. Bu mazkur masalalar atrofida har qanday qo‘shimcha mushohada yuritish foydasizligi tufayli o‘zining har qanday ahamiyatini yo‘qotganligini anglatgan. Yechilgan masalalar va muammolar esa aniq, ishonchli bilim darajasiga o‘tgan va shu davrdan e’tiboran o‘zining falsafiy tusini yo‘qotgan. XX asrda taniqli nemis faylasufi K.Yaspers bu muhim qoidani ta’riflar ekan, shak-shubhasiz asoslardan birini har kim e’tirof etgudek bo‘lsa, u shu tariqa ilmiy bilishga aylanadi va bundan buyon falsafa hisoblanmaydi, balki bilimning muayyan sohalariga tegishli bo‘ladi, deb qayd etdi.
Shunday qilib, azaldan yaxlit va bo‘linmas dastlabki bilim sifatida amal qilgan falsafa zaminida o‘sha zamonlardayoq amaliy xususiyat va tegishli yo‘nalishga ega bo‘lgan bilim sohalari faol shakllana boshladi. Shu tariqa asta-sekin tabiatshunoslik vujudga keldi, muayyan fanlar (matematika, geometriya, fizika, tibbiyot, astronomiya, tarix va boshqalar) shakllanib, o‘z shakl-shamoyilini kasb etdi va mustaqil tus oldi. Ayni shu ma’noda falsafa barcha fanlarning asosi hisoblanadi. Bu fanlar falsafadan ajralib chiqqach, keyinchalik ilmiy bilimning tabaqalanishi jarayonida ba’zan parchalanib, o‘z tadqiqot predmetini yanada toraytira va mufassallashtira boshladi. Ular tahlilining teranligi va narsalar mohiyatini anglash darajasi ortsa, ayni vaqtda o‘rganilayotgan masalalar doirasi torayadi.
Fan dunyoqarash shakli. Bilimlarning o‘sishiga qarab har xil muammolar va masalalar soni ham tinimsiz ko‘payib bordi. Bu jarayon fanning rivojlanish sur’ati yanada jadallashuviga va u falsafadan yanada ko‘proq ajralishiga sabab bo‘ldi. Biroq fan bilimning mustaqil sohasi, dunyoqarashning alohida shakli sifatida faqat XVII-XVIII asrlarda to‘la shakllandi. Muayyan darajada shartlilik bilan shuni aytish mumkinki, bu I.Nyuton klassik mexanikaning asosiy qonunlarini ta’riflab, shu tariqa tabiatshunoslikning asosiy bo‘limi – asoslari asrlar mobaynida shakllangan, bosh tamoyillari esa bundan yuz yilcha muqaddam, avvalo Galileo Galiley tomonidan ta’riflangan klassik mexanikaning shakllanishiga yakun yasaganidan keyin yuz berdi.
Fan rivojlanishining asosiy bosqichlari. 1. Miloddan avvalgi I ming yillikdan XVI asrgacha bo‘lgan davrni ilk fan davri. Bu davrda asrlar mobaynida avloddan-avlodga o‘tib kelgan, hayot tajribasi va mehnat faoliyati jarayonida olingan amaliy bilimlar bilan bir qatorda juda umumiy va mavhum mushohadalarga asoslangan nazariyalar xususiyatiga ega bo‘lgan tabiat haqidagi dastlabki falsafiy tasavvurlar (naturfalsafa) vujudga kela boshlagan. Ilmiy bilim kurtaklari naturfalsafa doirasida uning elementlari sifatida shakllangan. Matematik, astronomik, tibbiy va boshqa masalalarni yechishda foydalaniladigan ma’lumotlar, usullar va metodlar jamlanishi bilan falsafada tegishli bo‘limlar vujudga kelgan va keyinchalik asta-sekin shakllanayotgan ayrim fanlar: matematika, astronomiya, tibbiyot va hokazolarga ajralib chiqgan.
Jumladan, Aristotelning falsafiy asarlarida fizika, zoologiya, embriologiya, mineralogiya, geografiya kabi fanlarning kurtaklariga duch kelish mumkin. Miloddan avvalgi III-II asrlarda falsafiy bilim tarkibida statistik mexanika, gidrostatika, geometrik optika (xususan, ko‘zgular haqidagi alohida fan – «ka- toptrika») farqlanadi va nisbatan mustaqil ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo mutafakkirlari al-Xorazmiy matematika, al-Farg‘oniy astranomiya, al-Beruniy meneralogiya va geografiya, Ibn Sino tibbiyot, Mirzo Ulug‘bek astranomiya, Alisher Navoiy adabiyot ilmi rivojiga munosib hissa qo‘shdi va ular ijodi mahsullari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Biroq bu fanlarda ayrim tasodifiy kuzatishlar va amaliyot ma’lumotlari umumlashtiriladi-yu, lekin eksperimental metodlar hali qo‘llanilmaydi, aksariyat nazariy qoidalar esa asossiz va tekshirib bo‘lmaydigan spekulyatsiyalar mahsuli hisoblanadi. Ammo ko‘rib chiqilayotgan davrda vujudga kelgan ilmiy fanlar bu davr mobaynida falsafiy bilim qismlari sifatida talqin qilinishda davom etgan.
Shu narsa diqqatga sazovorki, hatto XVII asr oxirida Nyuton o‘zining fizika asoslarini yaratgan «Natural falsafaning matematik asoslari» deb nomlangan asarini e’lon qilgan.
Shunday qilib, falsafadan alohida faoliyat sohasi sifatidagi fan hali mavjud bo‘lmagan: u asosan falsafa doirasida, ilmiy bilimlarning boshqa manbai – hayot amaliyoti va hunarmandchilik san’ati bilan bir vaqtda va u bilan juda zaif aloqada rivojlangan.Xullas, bu davrda Qadimgi Yunonistonda “Platon akademiyasi”, Markaziy Osiyoda “Ma’mun akademiyasi” tashkil etilgan, ilmiy bilim rivojida muayyan yutuqlarga erishilgan bo‘lsada, madaniyatning alohida shakli sifatida fan paydo bo‘lishidan oldingi «embrional» davri hisoblanadi.
2. XVI-XVII asrlar – ilmiy inqilob davri bo‘lib, u klassik fan davri deb nomlanadi. U Kopernik va Galiley tadqiqotlaridan boshlanib, Nyuton va Leybnitsning fizika va matematika sohasidagi fundamental asarlari bilan o‘z cho‘qqisiga ko‘tarilgan. Galiley vafoti (1642 yil 8 yanvar)dan so‘ng oradan bir yil o‘tgach Nyuton tug‘ilgani (1643 yil 4 yanvar) ramziydir. Fanning bu buyuk ijodkorlari yashagan davr – novatorlik kashfiyotlari hamda yangi ilmiy g‘oyalarning mualliflari sxolastika va diniy dunyoqarash dogmatizmiga qarshi qattiq kurash olib borgan romantik davrdir.
Bu davrda hozirgi zamon tabiatshunosligining asoslari yaratilgan. Hunarmandlar, tabiblar, alximiklar tomonidan qo‘lga kiritilgan ayrim dalillar tizimli tahlil qilinib, umumlashtirila boshlagan. Ilmiy bilim tuzishning tabiat qonunlarini matematik ta’riflash, nazariyalarni tajribada sinash, tajribada asoslanmagan diniy va naturfalsafiy dogmalarga tanqidiy qarash bilan bog‘liq bo‘lgan yangi me’yorlari va ideallari vujudga kelgan. Fan o‘z metodologiyasini yaratgan va amaliy faoliyat ehtiyojlari bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni yechishga tobora faolroq yo‘naltirilgan.
Biroq fan o‘zining yangi metodologiyasini yaratib, amaliyot ruhi bilan sug‘orilgani sari u o‘z tarixiy vatani – falsafa qirg‘oqlaridan uzoqlasha boshlaydi. Ko‘rib chiqilayotgan davr oxiriga kelib u falsafiy, diniy, teologik aqidalardan qat’iy nazar rivojlanishi mumkin bo‘lgan bilimlar tizimi sifatida tushunila boshlaydi. Natijada fan faoliyatning alohida, mustaqil sohasiga aylanadi. Professional olimlar paydo bo‘ladi, ularni tayyorlash amalga oshiriluvchi universitet ta’limi tizimi rivojlanadi. O‘z faoliyati, muloqot va axborot ayirboshlashning alohida shakllari va qoidalariga ega bo‘lgan ilmiy hamjamiyat vujud keladi.
XVII asrda dastlabki ilmiy akademiyalar: London qirollik jamiyati (1660), Parij Fanlar akademiyasi (1666) tashkil topadi. Keyinroq Berlinda (1700), Sankt-Peterburgda (1724), Stokgolmda (1739) va Yevropaning boshqa poytaxt shaharlarida ilmiy akademiyalar ta’sis etiladi. Bu akademiyalarning eng yirigi — London qirollik jamiyati bo‘lib, u tashkil etilgan paytda 55 a’zodan iborat bo‘lgan. Parij Fanlar akademiyasi 21 kishidan iborat tarkibda ish boshlagan. Sankt-Peterburg akademiyasining a’zolar shtatida dastlab 11 kishi belgilangan. Ammo Yevropa mamlakatlarida XVIII asr boshiga kelib olimlar soni bir necha ming kishiga yetgan bo‘lsa kerak, chunki ilmiy jurnallarning (bu davrda bir necha o‘n ilmiy jurnallar nashr etilgan) tirajlari ming nusxagacha borgan.
3. XVIII-XIX asrlar fani noklassik fan davri deb ataladi. Bu davrda ko‘plab ayrim ilmiy fanlar vujudga keladi, ularda ulkan faktik material to‘planadi va tizimga solinadi. Matematika, fizika, kimyo, geologiya, biologiya, psixologiya va boshqa fanlarda fundamental nazariyalar yaratiladi. Texnika fanlari vujudga keladi va moddiy ishlab chiqarishda yanada sezilarliroq rol o‘ynay boshlaydi. Fanning ijtimoiy roli ortadi, uning rivojlanishi o‘sha davr mutafakkirlari tomonidan ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili sifatida e’tirof etiladi.
XVIII asrning o‘rtalarida jahonda fan bilan shug‘ullanuvchi kishilar 10 ming kishidan oshmagan bo‘lsa, XIX asr oxiriga kelib olimlar soni 100 ming kishiga yetadi. XVI asrda «olim odamlar»ning yarmidan ko‘prog‘i diniy ma’lumot olgan kliriklar edi. XIX asrda fan ijtimoiy mehnatning mustaqil tarmog‘iga aylanadi va u bilan universitetlar va institutlarning maxsus fakultetlarini tamomlagan «dunyoviy» professional olimlar shug‘ullanadi. 1850 yilda jahonda mingga yaqin ilmiy jurnallar nashr etiladi, 1950 yilga kelib esa ularning soni 10 mingdan oshadi. 1825 yilda nemis kimyogari Yu.Libix ilmiy laboratoriya tashkil qiladi va u olimga ko‘p miqdorda daromad keltira boshlaydi. XIX asr oxiriga kelib bunday laboratoriyalar soni ko‘payadi. Fan tijoratchilar, tadbirkorlar e’tiborini o‘ziga tobora ko‘proq torta boshlaydi. Ular olimlarning ishlab chiqarish, sanoat ahamiyatiga molik bo‘lgan ishlarini mablag‘ bilan ta’minlay boshlaydilar.
4. XX asrdan fan rivojlanishida yangi bosqich boshlanadi. Bu davr fani postnoklassik deb ataladi, chunki mazkur asr bo‘sag‘asida fanda inqilob yuz beradi va buning natijasida u oldingi davrning klassik fanidan sezilarli darajada farq qila boshlaydi. XIX-XX asrlar chegarasida amalga oshirilgan inqilobiy kashfiyotlar bir qancha fanlarning asoslarini larzaga soladi. Matematikada to‘plamlar nazariyasi va matematik tafakkurning mantiqiy asoslari tanqidiy tahlil qilinadi, bir qancha yangi fanlar vujudga keladi. Fizikada klassik fizikaning falsafiy asoslarini qayta ko‘rishga majbur qilgan fundamental nazariyalar – nisbiylik nazariyasi va kvant mexanikasi yaratiladi. Biologiyada genetika rivojlanadi. Tibbiyot, psixologiya hamda inson haqidagi boshqa fanlarda yangi fundamental nazariyalar paydo bo‘ladi. Ilmiy bilimning shakl-shamoyilida, fan metodologiyasida, ilmiy faoliyatning shakl va mazmunida, uning me’yorlari va ideallarida olamshumul o‘zgarishlar yuz beradi.
XX asrning ikkinchi yarmi fanni yangi inqilobiy o‘zgarishlarga olib keladi. Bu o‘zgarishlar adabiyotlarda ko‘pincha fan-texnika inqilobi sifatida tavsiflanadi. Bu o‘zgarishlar shu bilan bog‘liqki, Ikkinchi jahon urushidan keyin iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda fan yutuqlari ilgari misli ko‘rilmagan miqyosda amaliyotga – sanoat, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, kundalik hayotga joriy etiladi. Fan energetikada (atom elektrostansiyalari), transportda (avtomobilsozlik, aviatsiya), elektronikada (televideniye, telefoniya, kompyuterlar) ayniqsa ulkan o‘zgarishlar yasaydi. Fanning rivojlanishi eng yangi harbiy texnikani yaratishning asosiy omiliga aylanadi va «ikki lager»ning urushdan keyingi qarama-qarshiligi sharoitida avj olgan qurollanish poygasi yirik davlatlarni ilmiy-texnikaviy tadqiqotlarga ulkan mablag‘larni sarflashga majbur qiladi.
XX asrning so‘nggi o‘n yilliklarida FTT axborot (kompyuter) inqilobi bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu bosqichning o‘ziga xos xususiyati shundaki, axborot jamiyat rivojlanishining muhim resurslaridan biriga aylandi. Shu tariqa fan bilan bog‘liq yuksak texnologiyalar, ular bilan mushtarak ta’lim endilikda har qanday jamiyatning sivilizatsion rivojlanish darajasini belgilamoqda. Ilmiy kashfiyotlar va ularning amalga tatbiq etilishi o‘rtasidagi masofa mumkin qadar qisqaradi. Ilgari fan yutuqlaridan amalda foydalanish usullarini topish uchun 50-100 yil vaqt sarflangan bo‘lsa, endilikda bunga 2-3 yilda yoki hatto bundan ham qisqaroq vaqt ichida muvaffaq bo‘linmoqda.
Davlat ham, xususiy firmalar ham fan rivojlanishining istiqbolli yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlashga katta xarajatlar qilishi tabiiy bir hol bo‘lib qoldi. Natijada XX asrning ikkinchi yarmi fani jadal sur’atlarda o‘sib, ijtimoiy mehnatning muhim tarmoqlaridan biriga aylandi. «Katta fan» davri boshlandi. Ko‘p sonli ilmiy muassasalar ishiga son-sanoqsiz odamlar ommasi jalb qilindi. Olim kasbi kam uchraydigan kasb bo‘lmay qoldi. Hozirgi vaqtda ilmiy faoliyat o‘zlarini qiziqtirgan muammolarni yechishga buning butun xavf-xatarini o‘z bo‘yniga olib qo‘l urgan ayrim mutafakkirlarning mashg‘uloti emas, balki buyurtmaga, rejali topshiriqqa binoan ishlaydigan, uni belgilangan muddatda bajarish va o‘z ishi haqida hisobot berishga majbur bo‘lgan yirik jamoalarning ishi. Hozirda ilmiy mehnat – industrial mehnatning bir turi. Fan bilan shug‘ullanuvchi kishilar hozir «ilmiy xodimlar» deb atalishi bejiz emas.
Fan rivojlanishning yuksak darajasiga erishgan bo‘lsa-da, lekin amalda falsafa bilan uzviy bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Ular faol o‘zaro ta’sirga kirishib, bir-birining rivojlanishiga samarali ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu hol shu bilan izohlanadiki, falsafa daliliy materialga, sinovdan o‘tgan ilmiy ma’lumotlarga tayanib, o‘z mavhum g‘oyalarini borliq bilan taqqoslash imkoniyatiga ega, fan esa, dalillarni qayd etish va tavsiflash bilan cheklanmay, yanada asosliroq xulosalar chiqarish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. XXI asr boshiga kelib jahonda olimlar soni qariyb olti millionga yetdi, taxminan shuncha odam fanga xizmatlar ko‘rsatuvchi mehnat bilan band (laborantlar, texniklar, nashriyotlarning xodimlari va h.k.). Yerda qadim zamonlardan boshlab to XXI asrning boshiga qadar yashagan olimlarning umumiy sonini olsak, ularning o‘ndan to‘qqiz qismi bizning zamondoshlarimiz ekanligi ayon bo‘ladi. Rivojlangan mamlakatlarda ilmiy xodimlar soni mehnatga qobiliyatli aholining qariyb 10% ni tashkil qiladi, fanni ta’minlashga milliy daromadning 5% dan ko‘prog‘i sarflanadi.
Hozirgi zamon fani jamiyat, texnika, iqtisodiyot, madaniyat, turmush va kundalik hayotni yo‘lga soluvchi qudratli kuchga aylandi. Ayni vaqtda odamlar bugun fanning qudratinigina emas, balki u bilan bog‘liq bo‘lgan xavflarni ham yaxshi anglaydilar. Hozirgi dunyo o‘z yutuqlari va o‘zining jo‘shqinligi uchun fan oldida mas’uliyatli. Ammo ilmiy haqiqat o‘z holicha odamlarning ehtiyojlariga befarq. U beparvo va rahm-shafqatsiz. Ammo, I. A. Karimov ta’biri bilan aytganda, “kuch – bilim va taffakur” da bo‘lsa, bu kuch ortib borgani sari insoniyatga ziyon yetkazmaslik uchun undan yanada ehtiyotkorlik bilan foydalanish zarur.
Shuni tan olish lozimki, hozirgi vaqtda jamiyat ko‘p jihatdan fanning ulkan yutuqlari tufayli o‘zini o‘zi yo‘q qilish yoqasiga kelib qoldi. Bu ilmiy taraqqiyotni to‘xtatish kerak, degani emas. Ammo ilmiy izlanishni insoniy, axloqiy munosabatga bo‘ysundirish va balki uning qaysidir yo‘nalishlarini cheklash zarurligi to‘g‘risidagi masala kun tartibiga qo‘yilmoqda. Ilmiy izlanishning insonparvarlashuvi, uning yo‘llari va oqibatlariga axloqiy munosabat – bu davrimizning muhim muammolaridir.
Fan va falsafaning mutanosibligi. Ayni shu hol falsafa bilan ham, undan muayyan fanlar ilgari falsafiy tusga ega bo‘lgan tadqiqot predmetlari bilan ajralib chiqqanida yuz berishini taxmin qilish o‘rinli bo‘ladi. Biroq, bunday hol yuz berayotgani yo‘q. Tarix fan falsafadan qancha ko‘proq ajralsa, unda shuncha ko‘proq masala va muammolar paydo bo‘lishini, ya’ni falsafa nafaqat kamaymasligi, balki, aksincha, ko‘payishini ko‘rsatadi. Buning sababi nimada? Bu savolga javobni fan va falsafaning o‘ziga xos xususiyatlaridan, ularni alohida-alohida tavsiflovchi masalalar va ularning yechimlari o‘rtasidagi tafovutdan qidirish, o‘rinli bo‘ladi.
Fan faqat o‘zi olgan haqqoniy bilimlarga va masalalarni yopuvchi muayyan natijalarga tayanishi unda o‘z muammolari va «ochiq» masalalari mavjud emasligini anglatmaydi. Biroq aniq, shak-shubhasiz javoblarga ega bo‘lmagan falsafiy masalalardan farqli o‘laroq, ilmiy masalalar bilimdonlik qilishni emas, balki puxta o‘ylashni talab qiladi, zero ular pirovardida dastlabki taxminlarni rad etuvchi yoki ishonchli bilimlar doirasini kengaytirib tasdiqlovchi muayyan yechimlar olish real yoki potensial imkoniyatiga egadir. Shu tariqa vujudga keladigan ilmiy fanlar qaynayotgan suvdagi ko‘piklar kabi kattalashib, falsafiy mushohada yuritish jabhasini, anglab yetilgan narsalar anglanmagan narsalar bilan yuzma-yuz keluvchi sohani ham kengaytiradi, chunki tabiatshunoslik doirasida javob berishning iloji bo‘lmagan yangi masalalarni yuzaga keltiradi.
Bugungi kunda eski falsafiy muammolardan yangi falsafiy jumboqlar sari o‘tilmoqda. «Xudo bormi?», «Haqiqat nima?», «Ruhning tabiati qanday?» qabilidagi falsafiy masalalarni aniq va uzil-kesil yechish mumkin emas, balki ularni yechishning umuman iloji yo‘qdir, Shu bois bu savollar ham javobsiz qolmoqda.
Nima uchun «balki»? kabi savollar shuning uchunki, qadimda donishmandlarni bugungi kun nuqtai nazaridan mutlaqo falsafiy bo‘lmagan va tom ma’noda falsafiy sanalgan masalalar qiziqtirgan. Misol uchun: «Yulduzlar kunduzi, quyosh esa – tunda qayerga yo‘qoladi?», «Nima uchun ayrim jismlar suvda cho‘kadi, ba’zi jismlar esa suvda suzadi?», «Chopqir Axilles sudralib borayotgan toshbaqaga qanday yetishi mumkin, basharti har safar ularning o‘rtasidagi masofani bosib o‘tish uchun u mazkur masofaning teng yarmidan o‘tishi lozim bo‘lsa?» va h.k. va sh.k.
Biroq bu va shunga o‘xshash masalalar falsafadan tabiatshunoslik sohasiga o‘tgach, ko‘pincha yangi va yangi falsafiy muammolarni yuzaga keltiradi. Masalan:
• Yer va boshqa sayyoralarni, ayni bir yo‘nalishda aylantirgan kuch qayerda?
• Agar bizning quyoshimiz o‘rtacha kattalikdagi yulduz bo‘lsa, unga o‘xshagan milliardlab yulduzlarning hech bo‘lmasa ayrimlari bizning Yerimizdagiga o‘xshash hayot mavjud bo‘lgan yo‘ldoshlarga ega bo‘lishi mumkinmi? Biroq inson hatto eng yaqin yulduzlarga yetishi uchun nafaqat inson hayoti, balki uning sivilizatsiyasi tarixidan ham ko‘proq vaqt talab etilar ekan, buni qanday qilib isbotlash yoki rad etish mumkin?
• Nihoyat, biz kuzata oladigan olam kengayib borayotgan bo‘lsa, bu harakat zamirida qanday sabablar va kuchlar yotadi?
Bu va boshqa ko‘pgina shunga o‘xshash muammolar odamlarni falsafaga qayta va qayta murojaat etishga majbur qiladi, chunki fan hozircha bunday savollarga aniq javob berishga qodir emas. Aksildunyolar va aksilgravitatsiya, qora materiya va qora energiya, boshqa makon va vaqt o‘lchovlaridagi dunyolar haqidagi har xil falsafiy g‘oyalarning mavjudligi ayni shu hol bilan izohlanadi.
Shunga qaramay, fan va falsafaning roliga baho berishda ayrim qarama-qarshiliklar mavjud. Xususan, ba’zi bir ilmiy va falsafiy davralarda fanning roli va ahamiyatini mutlaqlashtiruvchi yondashuv mavjud bo‘lib, u «ijobiy», «foydali» bilim sifatida fanni «mavhum» va «tajribaga asoslanmagan» falsafaga qarshi qo‘yadi. Bunday qarashlar ssiyentistik deb, nazariy tafakkur yo‘nalishi esa – ssiyentizm (lot. scientia va ingl. science – fan, bilim) deb ataladi. Ctsiyentizm fan texnika taraqqiyotining ijobiy jihatlarini mutlaqlashtiradi. Antissiyentizm falsafiy bilishni ilmiy bilishdan ajratadi, uni ilmiy bilish bilan muvofiq emas, deb e’lon qiladi, u oqilonalikni kamsitadi va mistika, intuitsiya, iroda va shu kabilarni mutlaqlashtiradi.
Falsafa va fanning umumiy jihatlari shundaki, ular:
• avvalo aqlga tayanadi va oqilona bilimni yaratishga harakat qiladi;
• o‘rganilayotgan obyektlar va hodisalarning qonunlari va qonuniyatlarini aniqlashga qarab mo‘ljal oladi;
• kategoriyalar apparatini (o‘z tilini) yaratadi, o‘zlari ilgari surgan qoidalarni asoslaydi, ularga dalil-isbot keltiradi va yaxlit tizimlarni yaratishga harakat qiladi.
Falsafa va fan o‘rtasidagi farq shunda namoyon bo‘ladiki:
falsafa doim u yoki bu faylasuf nomi bilan bog‘lanadi, bunda uning g‘oyalari, asarlari o‘ziga to‘q bo‘lishi va ularga boshqa faylasuflar qo‘shilishi yoki qo‘shilmasligiga bog‘liq bo‘lmasligi mumkin. Fan esa, mohiyat e’tibori bilan, jamoa mehnati mahsulidir;
• falsafada (muayyan fanlardan farqli o‘laroq) yagona til va yagona tizim mavjud emas. Bu yerda fikrlar rang-barangligi me’yor sanaladi. Fanda esa monizm hukm suradi, chunki hech bo‘lmasa fanning u yoki bu muayyan sohasidagi asosiy tamoyillar, qonunlar va kategoriyalar tizimi (til)ga nisbatan yondashuvlar birligi albatta mavjud bo‘ladi;
• falsafa ilmiy bilimlar va dalillardan keng foydalanadi, biroq uning uzil-kesil xulosalari ishonchli deb hisoblanishi mumkin emas, zero ular asosan faylasuflarning subyektiv fikrlari va mulohazalariga asoslanadi. Fan esa mohiyat e’tibori bilan isbotlangan va sinashta bilimlar olishga harakat qiladi, bunda olingan bilimlarni tekshirish yoki rad etish imkoniyatining mavjudligi bu bilimlar haqiqiyligi va ilmiy jihatdan asosliligining muqarrar sharti hisoblanadi;
• falsafiy bilimlarni tajribada sinash mumkin emas (aks holda ular ilmiy bilimlarga aylanadi);
• falsafa aniq prognoz bera olmaydi, ya’ni u ishonchli bilimlarni kelajakka tatbiq etishga qodir emas, zero unda bunday bilimlar yo‘q. Ayrim faylasuf falsafiy qarashlarning muayyan tizimi yordamida faqat bashorat qilishi mumkin, lekin u olim kabi prognoz qilish yoki modellashtirishga qodir emas.
Hozirgi dunyoda falsafaning ahamiyati. Bugungi kunda, tezliklar va yuksak texnologiyalar asrida falsafa kerakmi, u eskirgani yo‘qmi? Uzluksiz axborot oqimi va surunkali vaqt tanqisligi sharoitida muayyan bilim falsafani siqib chiqarmaydimi? Bunday savollar mutlaqo o‘rinlidir, lekin ularga javobni hayotning o‘zi beradi, u hozirgi zamon odami oldiga ko‘p sonli, shu jumladan ilgari hech qachon mavjud bo‘lmagan, butunlay yangi falsafiy muammolarni qo‘yadi.
Jahon hamjamiyati III ming yillikning boshlanishini o‘z birligini, biosfera holati va Yerda hayotning davom etishi uchun o‘z javobgarligini tobora teranroq anglagan holda qarshi oldi. Ayni shu sababli insonning barkamol rivojlanishi, odamlar, xalqlar o‘rtasida, shuningdek jamiyat va tabiat o‘rtasida insoniy, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini o‘rnatish masalalari azaliy falsafiy mavzular bilan bir qatorda falsafiy tadqiqotlarda birinchi o‘ringa chiqmoqda. Shu munosabat bilan faylasuflar avvalo Yer yuzida ta’limning holati va rivojlanish darajasidan qattiq tashvishda ekanliklarini bildirmoqdalar. Ko‘pgina faylasuflar fikriga ko‘ra, hozirgi muammolarning aksariyati zamirida aynan qoniqarsiz ta’lim va lozim darajadagi tarbiyaning yo‘qligi yotadi. Bu muammolarni yechishda falsafa ham o‘z rolini o‘ynashi lozim.
Falsafa dunyoni anglash usuli sifatida. Bugungi kunda nafaqat ayrim xalqlar, balki butun jahon hamjamiyati falsafaga va o‘zini, o‘zining hayotdagi o‘rni va vazifasini falsafiy anglab yetishga ayniqsa muhtojdir.
Falsafa real hayot bilan uzviy bog‘liq va doim inson borlig‘ining eng muhim muammolarini anglab yetishga qarab mo‘ljal oladi. Ayni shu sababli hozirgi davrning muhim muammosi – globallashuv va uni falsafadagi butunlay yangi mavzu sifatida falsafiy anglab yetish muhim ahamiyatga ega. Falsafa predmeti va muammolarini muhokama qilishda alohida diqqatga loyiq bo‘lgan boshqa bir mavzu insonni shaxs sifatida tarbiyalash va kamol toptirishda falsafaning roli va ahamiyatidir.
Hozirgi zamon faylasuflari bunday muammolarni yechish ustida ishni davom ettirar ekanlar, «Falsafa nima? U kimga va nima uchun kerak?», «Falsafaning vazifasi nimadan iborat?», «Falsafadan qanday, qaysi yoshdan va nima maqsadda tahsil berish lozim?» qabilidagi bir qarashda allaqachon o‘z yechimini topgan masalalarni yana kun tartibiga qo‘ymoqdalar. Bu haqda ko‘p va atroflicha so‘z yuritilgan jahon kongresslari dunyoda falsafa predmetiga, shuningdek u ijtimoiy rivojlanishga izchil ta’sir ko‘rsatishga qodir yoki qodir emasligiga, agar qodir bo‘lsa, buni u qay tarzda amalga oshirishi mumkinligiga nisbatan yagona yondashuv avvalgidek mavjud emasligini tasdiqlaydi. Fikrlarning bunday rang-barangligi, yuqorida qayd etib o‘tilganidek, falsafaning o‘ziga xos xususiyati, ya’ni u fikrlar plyuralizmi, har xil fikrlash imkoniyati bor joydagina mavjud bo‘lishi mumkinligi bilan belgilanadi.
Falsafaning unga yaxlit ta’limotga aylanish va tilning birligiga, umumiy qonunlar va metodologiyaga tayanish imkonini bermaydigan bu kamchiligi ayni vaqtda, u fanlararo kompleks muammolarni yechish talab etiladigan murakkab tizimlar bilan ish ko‘rgan holda uning afzalligiga aylanadi.
Quyidagilar hozirgi vaqtda insoniyat uchun eng muhim fanlararo kompleks muammolar hisoblanadi: barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash; ekologiya muammolari; jamiyat hayoti barcha jabhalarining globallashuvi. Bu muammolarni falsafiy nuqtai nazardan anglab yetish alohida ahamiyat kasb etadi. Ilmiy yondashuvlardan farqli o‘laroq, muammoga nisbatan falsafiy yondashish dalillarni talqin qilishda ko‘proq erkinlik berilishi, ilgari surilayotgan qoidalarni isbotlashga nisbatan yengilroq talablar qo‘yilishi, mushohadaga asoslangan ta’riflar berish, subyektiv baholash huquqi va shu kabilar bilan tavsiflanadi. Bunday tadqiqotlar bir qarashda uncha katta ahamiyatga ega emasdek bo‘lib tuyulishi ham mumkin. Lekin amalda bunday emas.
Birinchidan, falsafiy tadqiqot oqilona bilishning fanda olingan natijalarni tekshirish (verifikatsiya qilish) yoki rad etish (falsifikatsiya qilish) imkoniyati yo‘qligi tufayli lozim darajada samara bermagan yoki umuman ojiz bo‘lib chiqqan sohasida amalga oshiriladi. Insoniyat oqilona bilishning bundan boshqa usullariga ega emas.
Ikkinchidan, falsafiy refleksiya muammoni ko‘rish ufqini kengaytiradi, uni tadqiq etishga nisbatan yangicha, o‘ziga xos yondashuvlarni taklif qiladi, shu jumladan fanga bunday yondashuvlarni ilgari surishga ko‘maklashadi. Zero, aniq ta’riflar va ishonchli dalillarga tayanadigan fan o‘z fikrlari va xulosalarida bunday erkinliklarga yo‘l qo‘ya olmaydi. Vaholanki, falsafiy tafakkur mulohaza yuritish va baholashlarga nisbatan erkin yondashuvsiz o‘zining betakrorligini yo‘qotadi.
Hamonki plyuralizm falsafada me’yor hisoblanar, har bir alohida miyada esa monizmga, ya’ni qarashlarning tartibga solingan, yaxlit va nisbatan ziddiyatlardan xoli tizimiga kelish lozim ekan, falsafani qanday o‘zlashtirish, undan qanday saboq berish mumkin?
Butun dunyoda aksariyat faylasuflarni birinchi navbatda ayni shu masala qiziqtiradi. Xususan Suqrot, Seneka va o‘tmishning boshqa mutafakkirlari tajribasiga tayangan holda, hozirgi vaqtda o‘quv jarayonida kamdan-kam holda hisobga olinadigan bir qarashda shak-shubhasiz va aniq-ravshan bo‘lib tuyuluvchi fikrning mohiyati shunday: Falsafa faktlarni eslab qolishni o‘rgatmasligi, balki mulohaza yuritish va savollarga javob berish qobiliyatini rivojlantirishi lozim. Falsafadan saboqlar inson har bir masala yuzasidan mutafakkirlar fikriga murojaat etmasdan, o‘zi mustaqil o‘ylashni va o‘z aqliga quloq solishni o‘rganishini nazarda tutmog‘i darkor. Ayni shu sababli falsafaning vazifasi insonga muloqot qilishni o‘rgatish, u o‘z shaxsiyatining ahamiyatini ko‘rsatishga emas, balki haqiqatning tagiga yetishga harakat qilishiga erishishdan iborat. Bu, o‘z navbatida, barcha odamlar o‘ziga atrofdagilar quloq solishiga loyiq ekanligini nazarda tutadi.
Bu juda topib aytilgan so‘zlar falsafani fan sifatida o‘rganish, uni bilimlar, tayyor qoidalar va ta’riflarning muayyan yig‘indisi sifatida o‘zlashtirish mumkin emas, degan fikrni yana bir karra tasdiqlaydi. Insonga ta’lim berishda paydeyya yo‘lini tanlash – unga «nimani ko‘rish lozimligi»ni emas, balki «qayerga va qanday qarash kerakligi»ni o‘rgatish demakdir. O‘z-o‘zidan ravshanki, mazkur vazifani ijodiy yondashuvsiz, o‘quvchi va o‘qituvchining qiziquvchanligi va intiluvchanligisiz hal qilib bo‘lmaydi, falsafa esa o‘zining sof ko‘rinishida yo‘qoladi, «havoga sovuriladi», pirovardida kimdir bayon etadigan, kimdir «o‘tishi», o‘rganishi va qolaversa, imtihon topshirishi lozim bo‘lgan «fan»gina qoladi. Boshqacha aytganda, falsafadan ta’lim berish va uni o‘zlashtirish zamirida ham, albatta ijod yotishi lozim.
Xulosalar. Dunyoqarash bu insonning dunyoga, undagi voqealarga munosabatlari va undagi o‘rni va hayot mazmuni haqidagi eng umumiy qarashlari tizimi.
Insoniyat tarixida dastlab mifologik dunyoqarash shakllangan bo‘lib, unda inson atrof muhit bilan birlashadi hamda na tabiat va na o‘z urug‘idan ajralmagan holda namoyon bo‘ladi. Diniy dunyoqarashga olamni bu dunyo, u dunyo va g‘ayri tabiiy dunyoga bo‘lish xos. Dinning asosi g‘ayritabiiy kuchlarga ishonch bilan yo‘g‘rilgan.
Falsafa mifologik va diniy dunyoqarashdan o‘zining atrof muhitga tanqidiy munosabati asosidagi dunyoqarashli funksiyasini bajaradi, gnoseologik va ontologik kategoriyalarga murojaat qilib mantiqiy xulosalar chiqaradi.
Falsafa nazariy asoslangan dunyoqarash, umumiy kategoriyalar, insonning olamga fanning tabiat va jamiyat haqidagi yutuqlariga tayanilgan nazariy munosabati .
Falsafaning ahamiyati, uning insonni o‘z- o‘zini, olamni anglashga, ijodiy barkamollikka yo‘naltira olishidadir.
Tajribaviy amaliy matnlar
Falsafa, dunyoqarash, shaxs, idrok, dunyoqarashning tarixiy shakllari, fetishizm, animizm, totemizm, magiya, ontologiya, gnoseologiya, fan metodologiyasi, ijtimoiy falsafa, etika, aksiologiya, falsafiy antropologiya, metafizika, ong, tafakkur, ruh, materiya, tabiat, borliq, fan, paydeyya.
Qo‘shimcha va tushuntiruvchi matnlar

Оставьте комментарий