Gipertonik kriz

DO`STLARGA ULASHING:

Gipertonik kriz qon bosimining toʼsatdan koʼtarilishi bilan kechadigan holat hisoblanadi. Qon bosimining koʼtarilishi tufayli miya, yurak, aorta va boshqa aʼzolarda bir qator oʼzgarishlar yuzaga keladi.

Аslida gipertonik kriz gipertoniya kasalligining asoratidir.
Turli asabbuzarliklar, uzoq vaqt dam olmasdan mehnat qilish va jismoniy zoʼriqishlar, tuz va suvni koʼp miqdorda isteʼmol qilish, ob-havo oʼzgarishlari (issiq, sovuq, namlik, shamol, magnit quyunlari), spirtli ichimliklarni koʼp ichish, kashandalik, kuchli shovqin, baland tovushlarning taʼsiri, vrach buyurgan dorilarni ichishni toʼxtatib qoʼyish, turli allergik reaktsiyalar, prostata bezining xavfsiz oʼsmasi (adenoma), juda chuqur kuyishlar, bosh miya faoliyatining vaqtinchalik buzilishi ushbu kasallikka olib keluvchi omillardan hisoblanadi.
Gipertonik kriz holati erkaklarga nisbatan, ayollarda koʼproq uchraydi. Kriz kunning har qanday vaqtida yuz berishi mumkin, biroq koʼpincha kechga yaqin sodir boʼladi. Yana bir muhim belgi shuki, kasallik toʼsatdan boshlanadi. Koʼpincha krizning boshlanayotganini odam oʼzida sezadi: bosh aylanishi, koʼz tinishi, yurganida gandiraklashi, qaltirash, qoʼrquv, xavotir yuzaga keladi.
Koʼpchilik bemorlarda gipertonik kriz paytida qon bosimi 200/120 mm. simob ustunigacha va undan ham oshishi mumkin. Qon bosimi past yuradigan odamlarda gipertonik kriz belgilari (yuqorida aytilgan oʼlchov belgisigacha yetmasa ham) yaqqol bilinadi. Lekin baʼzida odamda qon bosimi haddan ortiq koʼtarilgan boʼlsa-da, uning belgilari bilinmasligi mumkin (keksalarda, jismonan va aqliy mehnat tufayli kishi toliqqanda, uyqusizlikda, qandli diabetga chalingan kishilarda).
Аyanchli asoratlar
gipertonik-kriz
Gipertonik kriz paytida miya va yurak toj tomirlaridagi bosim oshib ketadi. Koʼpincha miya va yurak shikastlanishiga xos belgilar paydo boʼlishi mumkin. Juda kuchli bosh ogʼrigʼi, boshda “shovqin” hissi, koʼngil aynishi, qayt qilish, koʼz oldi qorongʼilashishi, uyquchanlik, es-hush buzilishlari, koʼkrak sohasida kuchli ogʼriq, yurak ritmining izdan chiqishi va hansirash shunday belgilar qatoriga kiradi.
Oʼrta yoshli odamlarga nisbatan keksalarda gipertonik kriz tez-tez takrorlanib turishga moyil boʼladi, shuningdek, yuqorida aytib oʼtilgani kabi toʼsatdan emas, balki asta-sekinlik bilan boshlanadi. Qariyalarda bosh ogʼrigʼi kuchliroq bilinadi, asosan ensa sohasida ogʼriq kuzatiladi, xalq tilida bu “gardan tortishi”, deb ataladi. Аyrim holatlarda bunday belgilar kuzatilmasligi ham mumkin.
Gipertonik krizning asorati sifatida qariyalarda yurak yetishmovchiligi, miokard infarkti, yurakning notekis urishlari kelib chiqishi mumkin.
Gipertonik kriz paytida eng avvalo, bemorni qulay, salqinroq, tinch joyga oʼtkazing. Uning orqasiga yostiq qoʼyib, yarim oʼtirgan holatga keltiring. Kiyimlarini yechib, erkin nafas olishiga imkon bering. Eshik, derazalarni ochib, xonani shamollating. Iloji boʼlsa issiq vanna tayyorlab, bemor oyoqlarini soling. Limon choy yoki limon sharbati ichiring. Boshning orqa qismini yengil massaj qiling.
Gipertonik kriz paytida uy sharoitida dori bersa boʼladi. Аgar bemorning qon bosimi avvallari oshib turgan boʼlsa va oila shifokori unga dori yozgan boʼlsa, oʼsha dorilarni muddati oʼtgan yo oʼtmaganligiga qarab berish mumkin. Biroq shuni esda tutish lozimki, asoratli gipertonik krizda qon bosimi qanchalik tez tushirilsa, shuncha yaxshi. Аmmo asoratlari boʼlmasa sekin taʼsir etuvchi dorilarni ham bersa boʼladi.
Shifokor yoki tez yordam guruhi xonadonga tashrif buyurgach, birinchi navbatda bemorning qon bosimini oʼlchaydi. Soʼngra kerakli dori-darmonlarni ichirishi yoki tomirga yuborishlari mumkin. Shifokor xulosasiga koʼra, bemorning kasalxonaga yotqizilishi yoki yotqizilmasligi hal qilinadi.
Hayotga xavf solishi mumkin
gipertonik-kriz
Bemorning ahvoli yomon boʼlsa, kasalxonada davolanish uchun yotqiziladi. Аgar uning ahvoli ogʼirlashib, asoratlar vujudga kelgan boʼlsa, bemorni reanimatsiya (jonlantirish) boʼlimiga yotqizish shart.
Gipertonik krizda bemorning taqdiri bir necha soat ichida hal boʼlishi mumkin. Bu holat asoratlari bilan ham hayot uchun katta xavf soladi. Shu sababli gipertonik krizni iloji boricha tezroq aniqlash va davolash muhim ahamiyatga ega. Kuchli ogʼriq, koʼrish oʼtkirligining pasayishi va hatto koʼrlik, havo yetishmay qolishi, yurakning notekis urishi, miokard infarkti va boshqa koʼpgina holatlar gipertonik krizning asosiy asoratlaridan sanaladi.
Gipertonik krizning oldini olish uchun, gipertoniya kasalligidan saqlanish lozim. Buning uchun:
gipertoniyaga chalingan bemor bor xonadonda albatta qon bosimini oʼlchagich asbob turishi lozim;
oʼz vazningizni nazorat qilib turing, semizlikka yoʼl qoʼymang;
qonda xoletsterin miqdorini kamaytiring;
kaliy va kalьtsiyga boy mahsulotlardan isteʼmol qiling;
uyquni yaxshilash, asabbuzarlik holatlarining oldini oling;
autotrening, psixoterapiya bilan shugʼullanib turing;
fizioterapevtik muolajalar, uqalash, kontrast dush qabul qiling;
kunlik isteʼmol qilinadigan osh tuzi miqdorini kamaytiring;
jismoniy mashqlarni kanda qilmang;
spirtli ichimliklar, achchiq damlangan qora choy, qahva isteʼmolini kamaytiring, chekishni tashlang;
jismoniy mashqlar bilan shugʼullanib turing;
bahavo joylarga sayohatga chiqing.
Qoʼshimcha muolajalar naf beradi
shalfey
Kasallikning ilk bosqichlarida dorivor oʼsimliklar yordamidan ham foydalanishingiz mumkin. Bu qoʼshimcha muolaja oʼrniga oʼtadi va bemor ahvolini biroz yengillashtiradi. 1 stakan lavlagi va sabzi sharbati, 1 stakan qirgʼichdan oʼtkazilgan yerqalampir (xren) va 1 stakan asalni yaxshilab aralashtiriladi. Har kuni 3 mahal ovqatlanishdan 1 soat oldin yoki ovqatdan 2-3 soat keyin bir oshqoshiqdan isteʼmol qilinadi.
Mavrak (shalfey) barglaridan 1 oshqoshiq olib, 2 stakan qaynagan suvga solinadi. 2 soat davomida tindiriladi. Dokadan oʼtkazib, chorak stakandan kuniga 4 mahal, ovqatlanishdan 15 daqiqa oldin ichiladi. 2 dona limon, 50 dona yongʼoq magʼzi va yarim kilogramm mayiz olinadi. Limonning urugʼa olib tashlanadi. Hammasi goʼshtqiymalagichdan oʼtkaziladi va yaxshilab aralashtiriladi. Har kuni 3 mahal ovqatdan soʼng 1 oshqoshiqdan isteʼmol qilinadi.
Behining bargi va poʼstlogʼidan 250 grammdan olib, biron idishga solinib, ustiga 1 litr qaynoq suv quyib, damlab qoʼyiladi. Ushbu damlamani 3 mahal 100 grammdan ichib turish tavsiya etiladi. Har xil meva-sabzavotlarni qirgʼichdan oʼtkazib suvini doimiy ravishda ichib turilsa maqsadga muvofiq. Sut-qatiq mahsulotlarini muntazam isteʼmol qilish organizmni kalьtsiy tuzlari va oqsil bilan boyitadi. Taomlarni oʼsimlik yogʼida tayyorlab, oz-ozdan yeb turish maslahat beriladi.
Аbduqahhor FOZILOV,
tibbiyot fanlari doktori, professor.

Оставьте комментарий