G’oyaviy bo’shliq tushunchasi

DO`STLARGA ULASHING:

G‘oyaviy bo‘shlik tushunchasi.
Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, muayyan jamiyat taraqqiyoti jarayonida, bir bosqichdan ikkinchi bosqichga o‘tishida turmushning barcha sohalarida, xususan, iqtisodiyot, ijtimoiyot va siyosatida bo‘lgani kabi, g‘oyaviy-mafkuraviy sohada ham muayyan muammolarni hal qilishi zarurati paydo bo‘ladi. Chunki o‘ziga xos yangi davr, sharoit, vaziyat an’anaga aylanib qolgan g‘oyalar, qarashlar, munosabatlarni o‘zgartirmasdan, ma’lum mafkuraga asoslanmasdan yangi maqsadlar sari qadam tashlay olmaydi. Bu esa yangi g‘oya, qarash, munosabat, mafkurani ishlab chiqishni talab etadi.
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov ta’kidlagani kabi: «o‘zining hayotini, oldiga qo‘ygan maqsadlarini aniq tasavvur qila oladigan, o‘z kelajagi haqida qayg‘uradigan millat hech bir davrda milliy g‘oya va milliy mafkurasiz yashamagan va yashay olmaydi. Mafkura bo‘lmasa har qaysi davlat va jamiyat, qolaversa, har qaysi inson o‘z yo‘lini yo‘qotishi muqarrar»
G‘oyaviy, mafkuraviy bo‘shliq bir kunda va birdaniga paydo bo‘lmaydi. Bunda muayyan jarayonlar ro‘y berishi lozim. Ya’ni eski g‘oya va mafkura tanazzulga yuz tutishi, umrini o‘tab bo‘lishi, o‘tmishga aylanishi mumkin. Masalan, sobiq ittifoq mafkurasi ana shunday holga tushgan edi. Uning asosiy g‘oyalari sobiq sho‘rolar hokimiyati rahbarligida zo‘rlik bilan amalga oshirildi. Natijada bu mafkura yakka hukmron bo‘lib qolgan edi. U XX asrning 80-yillarida tanazzulga yuz tutdi. 1991 yilda sobiq Ittifoq tarqalib ketishi bilan uzil-kesil inqirozga uchradi. Buning sabablari nimalardan iborat edi?
Birinchidan, u o‘zini insoniyat tafakkuri erishgan eng yuksak cho‘qqi, mutlaq haqiqat ifodasi deb hisoblab, boshqa mafkuralarni tan olmas, ular bizning dushmanimiz, degan aqida asosida murosasizlarcha ish tutar edi.
Ikkinchidan, bu mafkura zo‘ravonlikka asoslangan bo‘lib, «majbur qilamiz» qabilida ish tutar, uning g‘oyalari hamma joyda, hamma vaqt hech istisno va to‘xtovsiz targ‘ib qilinar, xalqning erkin yashashi va fikr yuritishiga yo‘l qo‘yilmas edi. Kimki bu tartibga (aslida tartibsizlik va vahshiylikka) qarshi chiqsa, shafqatsiz jazolanar, butun davlat mexanizmi ana shu jazoni turli shakllarda amalga oshirishga qaratilgan edi.
Uchinchidan, bu mafkura nomigagina ijtimoiy guruhlar mafkurasi edi. Aslida sobiq Ittifoq davrida ziyolilar, dexqonlar, xizmatchilar, qolaversa, «yo‘lboshchi sinf» bo‘lgan ishchilarning orasida ham bu mafkuradan norozi bo‘lganlar bor edi. Lekin metin mafkuraviy devor ortidan ularning ovozi chiqmas edi.
To‘rtinchidan, bu mafkura hech kimga vijdon erkinligi, o‘z fikrini ochiq bayon etish, jumladan, xorij fuqarolari bilan xolisona muloqotda bo‘lishga ham yo‘l qo‘ymas edi. Bordi-yu kimdir shunga jur’at etsa, «xalq dushmani», «burjuaziya malayi»ga aylanar edi.
Beshinchidan, u milliylikdan butunlay xoli edi. Unda mavhum baynalmilallik zo‘r berib kuylanardi. Kimki milliy qadriyatlar to‘g‘risida gap ochsa, darhol «millatchi»ga chiqarib qo‘yilardi. Milliy tafakkurga ega bo‘lgan shaxs, mutaxassis, ziyoli, olim va boshqalar «qoloq, «shubhali kishi» hisoblanardi.
Oltinchidan, unda milliy tarix, xususan, O‘zbekiston tarixi, uning o‘tmish merosi mutlaqotan olinmas edi. Nari borsa, ular ko‘pincha umumiy tarzda qayd etilardi, xolos.
Yettinchidan, xalqlarning diniga, diniy merosiga, diniy qadriyatlariga nisbatan mutlaqo noto‘g‘ri munosabat o‘rnatilgan edi. Jumladan, xalqimizning ulug‘ siymolari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband,Mahmud Zamaxshariy, Imom Moturidiy, So‘fi Olloyor kabi allomalarning boy ilmiy merosini o‘rganish, ulardan foydalanish taqiqlangan edi.
Bularning barchasi bolshevistik-kommunistik mafkuraning taraqqiyot talablariga mutlaqo zid ekanini yakqol namoyon etdi. Shu bois u yangi zamonaviy talablarga dosh berolmay, o‘z davlati bilan birga tarixga aylandi.
Sobiq mustabid tuzum o‘rnida yangi mustaqil davlatlar shakllandi. Hukmron mafkura barham topgach, uning hududida ma’lum muddat g‘oyaviy-mafkuraviy bo‘shliq (vakuum) holati vujudga keldi.

Оставьте комментарий