Hazm soz boʼlsin

DO`STLARGA ULASHING:

Hazm qila olmaslik, odatda, haddan tashqari kech ovqatlanganda paydo boʼladi. Oʼringa yotgach, gorizontal holatda boʼlasiz va meʼda shirasi hazm boʼlmagan taom qoldiqlari bilan qiziloʼngachga qaytib tushadi.
Hammasini oʼz oʼrniga keltirish uchun chap tomoningiz bilan yoting. Chunki oshqozon chap tomonda joylashgan.
Koʼp ovqat yeb qoʼygandan soʼng meʼda sustligining oldini olish uchun yarim choy qoshiq olma sirkasi aralashtirilgan bir stakan suv iching. U oshqozon shirasi kislotaliligi past boʼlganda taomni hazm qilishga yordam beradi. Sirkali suv nordon boʼlmasligi uchun unga ozroq asal qoʼshishingiz mumkin.
Аchchiq taom ortiqcha yeyilsa, bir chimdim zira urugʼini chaynab, yutib yuborish foydali. Zira tarkibida ichaklar ishini yengillashtiruvchi, koʼngil aynishini kamaytiruvchi hamda meteorizm (qorin dam boʼlishi) ning oldini oluvchi yogʼ bor.
Yalpizli damlama oshqozonni tinchlantirib, ichaklar spazmi (siqilishi)ni yoʼqotadi. Bir choy qoshiq quritilgan yalpizni bir stakan qaynoq suvda damlang. Sal sovigach, suzib, choy oʼrnida ichasiz.
Oddiy oshkoʼklarning ham qimmatbaho xususiyatlari bor. Ular ogʼir taomlar hazmini yengillashtiradi. Masalan, shivit, kashnich, petrushka, selьderey, koʼk piyoz, shovul kuchli qovurilgan ovqatlarga qoʼshib yeyilsa, oshqozonda muammo kelib chiqmaydi.
Oshkoʼklar isteʼmol qilingan oziq-ovqatlar uchun zarur fermentlar ajralishiga yordam beradi va foydali mahsulotlarning ichaklarga soʼrilishini tezlashtiradi. Аyniqsa kartoshka, goʼsht, makaron qoʼshib tayyorlangan taomlar, shuningdek non, tuxum va juda yogʼli ovqatlar koʼkatlar bilan birga yeyilganda yaxshi hazm boʼladi.
Demak, qovurilgan va xamirli ovqatlarni isteʼmol qilishdan oldin dasturxonga oshkoʼklarni mayda toʼgʼrab qoʼyishni unutmang.
Yodda tutingki, hazm aʼzolari ishi qiyinlashsa, keyingi bir kecha-kunduz davomida “ogʼir” taomlar isteʼmol qilmay turing. Bu vaqt mobaynida oʼzingizcha har xil dorilarni ichmang, aks holda ahvolingiz battar yomonlashadi.
Giyohli damlamalar (masalan, moychechak damlamasi hazm qilish tizimidagi zoʼriqishni yoʼqotishga yordam beradi) yoki meva sharbatlarini iching.
Obdon chaynab, shoshilmasdan ovqatlaning. Аks holda hazm qiluvchi shira kerakli miqdorda ajralishga ulgurmay, taom yaxshi hazm boʼlmaydi.
Doimo ovqatni koʼp yeb, meʼdaga jabr qilaversangiz ham u boʼshashib ketadi, buning oqibatida esa ovqatning hazm boʼlishi buziladi. Har safar ovqatlanib boʼlganingizdan keyin meʼdangiz albatta bir necha soat dam olsin, vaqt-bevaqt duch kelgan narsani isteʼmol qilavermang.
Meʼdaning ishini tartibga keltirish uchun ovqatga tuzni kamroq soling, ukrop, kashnich, zira, arpabodiyonni koʼproq isteʼmol qiling. Bular ovqat hazmini yaxshilaydi. Qaynatilgan sabzavotlarni, sut, tvorog, suli boʼtqasi va kartoshkani pishirib, ezib yeb turing (ulardagi oʼrab oluvchi moddalar meʼda devorini himoya qiladi). Faqat yangi pishirilgan taomlarni isteʼmol qiling, qolgan ovqatni isitib yemang.
Meʼdangiz ishi buzilgan boʼlsa, shirin, nordon, iliq va juda sovuq narsalarni yeb-ichmang. Dukkakli ovqatlarni yemang. Shuningdek dudlangan, goʼsht, issiq non, pirojniy, shokolad, qattiq pishirilgan tuxum, pishloqning qattiq turlarini ham isteʼmol qilmang. Аlbatta, chekishni tashlang. Chunki nikotin tilda va ogʼiz boʼshligʼi shilliq qavatida yigʼilib, soʼlakda erib, meʼdaga tushadi.
Аgar sizda ovqatni hazm qilolmaslik holati takrorlanaversa, shifokoringizga murojaat qiling.

Оставьте комментарий