Islandiya Respublikasi

DO`STLARGA ULASHING:

Maydoni: 103 125 kv.km.
Aholisi: 320 000 dan ortiq.
Poytaxti: Reykyavik shahri.
Tuzumi: parlamentar respublika.
Davlat boshligʻi: prezident.
Maʼmuriy tuzilishi: 8 ta viloyatga boʻlinadi.
Yirik shaharlari: Reykyavik, Koupavogyur, Xabnarfordyur, Akyureyri.
Pul birligi: islandiya kronasi.
Jugʻrofiy oʻrni. Islandiya “muz oʻlkasi”, “muz yer” degan maʼnoni anglatadi. Atlantika okeani shimoliy qismidagi Islandiya oroli va uning atrofidagi mayda orolchalardan iborat.
Garchi “muz oʻlkasi” deb nomlangan boʻlsa-da, Islandiya Arktika iqlimi hududlariga kirmaydi. Iqlimiga ikkita dengiz oqimi va suzib yuruvchi Arktika muzlari taʼsir qiladi. Iyul va avgust eng issiq oylardir. Bu paytda poytaxt Reykyavikda havo harorati oʻrtacha +20 (yanvarda 0) daraja boʻladi.
Tarixi. Islandiya hududiga taxminan 870 yildan odamlar koʻchib kelib, kimsasiz orolni oʻzlashtira boshlagan. Ularning koʻpchiligi norveglar boʻlgan. Skandinaviyaning boshqa mamlakatlari, jumladan, Shvetsiyadan kelganlar ham bor edi. XI asr oxiriga kelib bu yerdagi xonadonlarih toʻrt yarim mingga yetdi. Dengiz sayyohligi rivojlanib, X asrning 80-yillarida islandlar Grenlandiyani kashf etdi va taxminan 1000 yilda Shimoliy Amerikaga yetib bordilar. Islandiyaga koʻchib kelgan kishilar 930 yili Xalq majlisi – altingni tashkil etdilar. Orol tashqi dunyodan ajralgani, turmush kechirishning oʻziga xos xususiyatlari tufayli bu yerdagi urugʻchilik munosabatlari uzoq vaqtgacha saklanib qoldi. XIII asrgacha siyosiy hokimiyat xalqdan ajralmagan edi, oddiy erkin kishilar – bondlar asosiy ijtimoiy qatlam boʻlgan. Shu davr adabiyotda «Xalq hokimiyati davri» deb yuri-tiladi.
1262–64 yillari Islandiya asilzodalari oʻrtasidagi ichki nizolardan foydalangan Norvegiya davlati uni oʻziga boʻysundirib oldi, 1380 yildan esa Daniya bilan ittifoqda boʻldi. 1397 yili Kalmar ittifoqiga kirib, 1537 yildan yana Daniya qaramogʻiga oʻtdi.
XIX asrning ikkinchi yarmidan mustaqillik uchun kurash kuchaydi. 1874–1903 yillari Islandiya baʼzi muxtor huquklarga ega boʻldi. Birinchi jahon urushi davrida Islandiyaning Daniyaga qaramligi zaiflashdi. Mamlakat AQSH va Buyuk Britaniya bilan iqtisodiy-siyosiy munosabatlarni kuchaytirdi. Ozodlik kurashi avj olgach, 1918 yili Daniya Islandiyani ittifoqdagi cheklangan mustaqil davlat deb tan oldi. Shundan soʻng Islandiyaning doimiy betarafligi eʼlon qilindi. 1944 yil maydagi referendum natijasida Islandiya xalqi Daniya bilan ittifoqni rad etdi va shu yil 17 iyunda Islandiya Respublika deb eʼlon qilindi.
1946 yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi.
Oʻzbekiston bilan diplomatik aloqalarni 1997 yil 25 sentyabrda oʻrnatgan.
Iqtisodi. Bu mamlakat bir xil shakldagi xoʻjalik tartibida ishlaydi. Yaʼni, asosiy kirimni baliq ovlash va uni qayta ishlashdan topadi. Mehnatga layoqatli aholining oʻn ikki foizi shu tarmoqda band boʻlib, yalpi ichki mahsulotning yigirma foizi va xorijiy valyuta tushumining salkam sakson foizini taʼminlaydi. Sanoat korxonalarining oʻttiz foizi baliqchilik sohasiga ixtisoslashgan. Yiliga 1,5 mln. tonnaga yaqin baliq ovlanadi. Biroq soʻnggi yillarda sanoatda tarmoqlashish kuchayib, yengil tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish korxonalari koʻpaymoqda.
Sanoat ahamiyatiga ega boʻlgan foydali qazilma va xom ashyo zaxiralari yoʻq. Keyingi yillarda boy tabiiy resurslarga ega boʻlgan Arktikaga katta eʼtibor berilmoqda. Islandiya mazkur mintaqada atrof-muhitni muhofaza qilish, uni iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan barqaror rivojlantirishga koʻmaklashuvchi Arktika kengashiga aʼzo boʻldi.
Aholisi. Milliy tarkibi deyarli bir xil – aholining toʻqson besh foizini islandlar tashkil etadi. Ular qadimgi skandinav tillaridan kelib chiqqan island tilida soʻzlashadi. Shuningdek, bu yerda dan, norveg, olmon va boshqa xalqlar vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi bir kvadrat kilometrga uch kishidan toʻgʻri keladi. Oltmish foizga yaqin odam mamlakatning janubi-gʻarbida, poytaxt Reykyavik va uning atroflarida qoʻnim topgan. Toʻqson bir foiz aholi shaharlarda yashaydi.
Dini. Dindor aholining 92,2 foizi protestanlikning lyuteran yoʻnalishiga mansub. Musulmonlar kam. 2008 yilgi hisob-kitoblarga koʻra, Islandiyada 402 kishi Islomga eʼtiqod qiladi. Ularning oʻttiz nafari yangi musulmonlar. Islomni asosan musulmon oilalari vakillari va chetdan kelganlar qabul qilgan. Biroq keyingi yillarda musulmonlar soni ortib bormoqda.
1997 yili Islandiya musulmonlari assosiatsiyasiga asos solingan. 2002 yili ana shu tashkilot qoshida masjid ochilgan. Reykyavikdagi ushbu masjidda har kuni oʻrtacha oʻttiz kishi kunduzgi-kechki ibodatlarni ado etadi.
Orifjon Madvaliyev
2011

Оставьте комментарий