Konfutsiy. Oliy odam ro‘yomi, ro‘yob?

DO`STLARGA ULASHING:

Chin mamlakati deganda, barchaning ko‘z o‘ngida eng avvalo, pastakkina odamchalaru uzun cho‘pchalar, Buyuk Xitoy devoriyu Pekin operasi… va Konfutsiy gavdalansa ajab emas. Yunon falsafasida Suqrotning o‘rni qay darajada bo‘lsa, Xitoy falsafasi ham Konfutsiy bilan barhayot. Oradan qancha vaqt o‘tmasin, oltin yillar osha sayqal topgani singari uning purma’no hikmatlari ham asrlar osha yangi-yangi qirralari bilan jilolanmoqda. Konfutsiy (xitoycha 孔子 Kun Szi, mil. avv. 551 – 479 y.y.) – Xitoy falsafasiga tamal toshi qo‘ygan, konfutsiylik ta’limoti asoschisi va siyosiy arbob bo‘lib, u ilgari surgan g‘oyalar nafaqat Xitoy, ayni vaqtda Yaponiya, Koreya, Vetnam xalqlarining o‘y-fikri va hayotiga chuqur ta’sir ko‘rsatgan. Konfutsiy ta’limoti markazida “oliy odam” (tushunchasi, g‘oyasi, maqsadi?) turadi. U hukmron tabaqaning ideal vakili bo‘lib, Konfutsiy ta’limoti yordamida o‘zida oliyjanob fazilatlarni shakllantirgan. Faylasufning “Hikmatlar”i “oliy odam”ning shunday yuksak insoniy fazilatlarini aks ettiradi. Aniqroq aytganda, bu zot oliy hukmdorga nisbatan chuqur ehtiromli, xalqqa muruvvatli bo‘lib, butun kuch va qobiliyatini jamiyat oldidagi burchini oqlashga, milliy urf-odat va an’analarning to‘la-to‘kis bajarilishini ta’minlashga sarf etuvchi kishidir. Shuning uchun ham uning o‘gitlari, pand-nasihatlari Xitoyda hanuzgacha e’zozlanib, qadrlanib kelinadi. Konfutsiy davridan bizgacha “To‘rt asos” va “Besh asos” degan ulkan yozma yodgorliklar yetib qolgan. “Besh asos” Konfutsiyga qadar yaratilgan “Qo‘shiqlar kitobi”, “Taomillar kitobi” (“Marosimlar kitobi”), “Rivoyatlar kitobi” va “Folbinlik kitobi” (“O‘zgarishlar kitobi”) singari qismlardan iborat bo‘lgan. Lekin bu kitoblarning barchasi Konfutsiy ta’limoti asosida qayta ishlangan va ta’limotning mohiyatini ochishga xizmat qilib kelgan. “To‘rt asos” esa Konfutsiy “Hikmatlar”idan tashqari, “Menszi” (“Ustoz Men”), “Buyuk ta’limot” va “Oraliq haqidagi ta’limot” singari Konfutsiy shogirdlarining hikmatli so‘zlaridan iborat to‘plamlardan (jamlanmalaridan) tashkil topgan. Quyida faylasufning “Hikmatlar”idan parchalar e’tiboringizga havola etiladi.
HIKMATLAR
Ustoz aytadi:
— Men bilimdon bo‘lib yaralgan emasman, shu bois bilimni o‘tmishdan olishga jiddu jahd qildim.
— Haqiqiy bilim – kimningdir bilimsizligidan saqlanmakdir.
— Fikrlamay ilm olmoq – behudalik; bilim bilan sug‘orilmagan tafakkur esa xatardir.
— Haqiqatni ko‘rmoq va unga intilmoq – yoki jasorat, yoki tarbiya mahsuli.
— Kimki nokamtarlik bilan yolg‘on so‘zlar ekan, uning jimjimador so‘zlari faqat va faqat musibat keltiradi.
— Sadoqat va samimiyatni saqlab qolmoq – cho‘qqining qorni ushlab qolishidek chiroylidir.
— Ezgulik uchun yaralgan yoxud ezgulikdan mutlaqo mosuvo insonni ko‘rmadim. Kimki ezgulikka intilar ekan, hamisha hurmatda bo‘lur.
— Jarohat uchun adolatni, ezgulik uchun faqatgina ezgulikni qalqon biling.
— Ehtiyotkor inson ham ba’zan adashadi.
— Shirin so‘zlar va sha’ma ko‘ngildan chiqqan samimiyat belgisi emas.
— Hech bir do‘st o‘zing kabi bo‘lolmaydi.
— Oliy odam uch holatda o‘zini saqlay oladi: yoshlikda hirsdan, kuchga to‘lganda janjaldan, keksalikda ochko‘zlikdan.
— Qayerga bormagin, e’tiqoding sen bilan bo‘lsin.
— Kelajak uchun kurashmoqchi bo‘lsang, o‘tmishni o‘rgan.
— Jahl chiqqanda, aql taslim bo‘lur.
— Oliyjanob odamning izlagani – o‘zi, pastkashning qidirgani esa o‘zgalar.
— Agar o‘z qalbingga nazar tashlasang-u, biror qora dog‘ ko‘rmasang, unda bezovtalik nega, hadik nimaga?
— Oliyjanob odam xavfsizlikda ham xatarni, to‘qlikda ham yo‘qlikni unutmaydi. Tartib hukm surgan paytda tartibsizliklar bo‘lishini nazardan qochirmaydi. Bunday odam zinhor xavf ostida qolmaydi, demakki, uning vatani ham, xalqi ham bexatar.
— Moddiyotning ortida ezgulik nish urmog‘i uchun besh narsa kifoya: ko‘ngil kengligi, samimiyat, shiddat, yaxshilik va jiddiylik.
— O‘z xatolaringni tan olishdan uyalma, aks holda ular jinoyatga aylang‘usi.
— Intiqomga taraddudlanishdan avval ikki qabrni hozirlab qo‘y.
— Har bir hilqatning o‘z go‘zalligi bor, biroq har kim ham uni ko‘ra olmaydi.
— Jarohatlarni unut, lek zinhor yaxshilikni yodingdan chiqarma.
— Kimki isrofni bilmasa, azobni bilur.
— Eshitdim – unutdim. Ko‘rdim – eslab qoldim. Bajardim – tushundim.
— Bilimsizlik – insoniyat uchun eng qorong‘u tundir.
— Harakatdaman-ku deya emaklamoq – bu harakat emas.
— Erkaklar tabiati o‘xshash, ularni faqatgina odatlari ajratib turur.
— Biz uchun eng katta huzur – uyquda emas, har tong uyg‘onishdadur.
— Oliy odamning nutqi sokin, harakati jo‘shqin bo‘lur.
— Agar inson yo‘lga maqsadsiz chiqsa, qadam bosar-bosmasdanoq falokatga yo‘liqur.
— Haqiqatparvar insonning birinchi qadami – no‘noq, ammo manzili – porloq bo‘lg‘usi.
— Oliy odam mayda ishlar bilan ko‘zga ko‘rinmas, aksincha buyuk ishlarga bel bog‘laydi. Mayda odam esa buyuk ishlarga ishonmas, uni safsata deb bilur, shu bois uning taqdiri ham o‘zi kabi mayda.
— Oliy odam o‘zidan va o‘zgalardan hamisha mamnun, har qachon, har qayerda sokin; pastkash odam esa hamisha tushkun, yon-atrofi musibat bilan to‘la.
— Agar yo‘qotishlarga duch kelsangiz, ularni yo‘qotib qo‘yishdan vahimaga tushmang. Yo‘qotish ortidan, albatta, topilmalar ham kelg‘usidur.
— Biz tabiatimizga zid insonlarga ro‘para kelganimizda, ularni o‘zimizga moslashtirmoqqa emas, o‘z-o‘zimizga xolis baho bermoqqa o‘rganmog‘imiz lozim.
— Ortda qolgan ishlar to‘g‘risida bahslashib, uni qoralashdan naf yo‘q. Chunki endi ular – o‘tmishga aylanib bo‘lgan.
— Ezgulik hech vaqt yolg‘iz qolmagan. Uni sinab ko‘rgan inson o‘zini yaxshilikka qo‘shni, deb hisoblayversin.
— Oliy odam Haqiqatga do‘st, manfaatga emas.
— Ish quroli soz, o‘tkir bo‘lgan odamning ishida unum, daromadida baraka bo‘lur.
— Ezgulik uzoq-uzoqlarda, olisdami? Men oqko‘ngil, yaxshilik ulashguvchi inson bo‘lmoqchiman. Bas, yaxshilik o‘z qo‘lingda!
Xitoy tilidan Sevara Alijonova  tarjimasi
Jahon adabiyoti, 2013 yil, 9-son
ziyouz.uz

Оставьте комментарий