Malayziya Federatsiyasi

DO`STLARGA ULASHING:

Maydoni: 329758 kv. km.
Aholisi: 28310000 dan ortiq.
Poytaxti: Kuala Lumpur shahri.
Tuzumi: konstitutsion monarxiya.
Davlat boshligʻi: qirol.
Maʼmuriy tuzilishi: 30 ta shtat (negeri) va uchta federal hududdan iborat.
Yirik shaharlari: Kuala Lumpur, Subang Jaya, Klang, Juhar Bahru, Kuching.
Pul birligi: lari.
Jugʻrofiy oʻrni.“Malayziya” nomi “melayu” soʻzidan olingan. Bu soʻz esa “togʻlar oʻlkasi” maʼnosini beruvchi sanskritcha “melayiur” yoki “malayadpiva” soʻzidan kelib chiqqan.
Janubi-sharqiy Osiyoda joylashgan ushbu mamlakat ikki qismga boʻlinadi. Gʻarbiy Malayziya Malakka yarimorolining janubini egallagan. Shimolda Tayland, janubda Singapur va Indoneziya bilan chegaradosh. Sharqiy Malayziya tarkibiga esa Kalimantan orolining shimoliy qismi va yondosh orolchalar kiradi. Shimolda Bruney, janubda Indoneziya bilan chegaradosh. Gʻarbiy va Sharqiy Malayziyani Janubi-Xitoy dengizi ajratib turadi. Ekvatorga yaqin joylashgani sababli iqlimi butun yil davomida issiq va nam. Yillik oʻrtacha harorat +27 °S. Yillik yogʻin miqdori 2500 mm.
Mamlakat hududining uchdan ikki qismini sernam subtropik oʻrmonlar tashkil etadi. Ularda sakkiz mingga yaqin oʻsimlik turi bor. Oʻrmonlarda dunyodagi eng yirik gul – raffleziya ham uchraydi, uning diametri bir metrgacha yetishi mumkin. Kinabalu choʻqqisi (4095 m) nafaqat Malayziyaning, balki Janubi-sharqiy Osiyoning eng yuqori nuqtasi hisoblanadi. Mayda daryochalari koʻp. Yomgʻirlar mavsumida bu daryochalar kattalashib, koʻplab noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Eng uzun daryosi Radjang 760 km masofaga choʻzilgan. Neft, qalay, volfram, alyuminiy, mis, temir rudalarining katta miqdorda zaxirasi bor.
Malayziya hududida yer yuzidagi jonivorlar turlarining yigirma foizga yaqin turi yashaydi.
Tarixi. Tarixchilar fikricha, malayyalarning ajdodlari orol hududiga miloddan oldingi 2500–1000 yillar oraligʻida Xitoydan oʻtgan. Xalqaro savdo rivojlanishi tufayli Malakka boʻgʻozi milodiy asr boshlarida hind va xitoy savdogarlari uchrashib, mol ayriboshlaydigan muhim nuqtaga aylanadi. Natijada orolda oldi-sotdi bilan shugʻullanuvchi aholi qatlami paydo boʻladi. VII–XIV asrlarda Malakka boʻgʻozi hududida Shrivijaya podsholigi hukm surgan. Qadimshunoslar podsholik hududidan topilgan qoyatosh bitiklari milodiy VII asrga tegishli ekani va ular eng qadimgi malayya tilida yozilganini taʼkidlashadi. XIV asr soʻngida Shrivijaya davlati Indoneziyadagi Majapahit imperiyasi taʼsiriga tushib qoladi. 1402–1403 yillarda Majapahit shahzodasi Malakka yarimorolida shu nomdagi poytaxtga ega Malakka sultonligini tuzadi. XV asr oʻrtalarida Islom sultonlikning davlat dini maqomini oladi. Shu sababli hind va arab musulmonlari ushbu davlatni faol qoʻllab-quvvatlaydi. XV asr sultonlik gullab-yashnagan, xalqaro savdo yuksak darajada rivojlangan davrdir. Ziravorlar savdosini oʻz nazoratiga olishni istagan portugallar 1498 yili Hindistonga suzib kelishadi. 1509 yili esa Diogu Lopisha de Sikeyra boshchiligidagi maxsus sayyohlar Malakka shahrigacha yetib boradi. 1511 yili Afonsu d’Albukerki boshchiligidagi askarlar shaharni zabt etadi, sulton va uning tarafdorlari qochib ketadi. Bir necha yil oʻtgach, vayron boʻlgan Malakka sultonligi vakillari yarimorol janubiy sohilida, Juhar nomli hududda qoʻnim topadi. Bu paytda yarimorol bir qancha sultonliklarga boʻlingan, Juhar sultonligi ularning eng kuchlisi edi. Biroq u doimiy xavf ostida qolgan edi. Portugallardan tashqari Sumatra orolidagi Ache sultonligi ham mamlakat hududiga doimiy hujumlar uyushtirib turardi. Biroq juharliklar bu hujumlarni muvaffaqiyatli qaytarardi. 1461 yili Gollandiya bilan ittifoq tuzilib, Malakka portugallardan ozod qilinadi. Sultonlik Malayyaning janubiy, markaziy va sharqiy hududlarida hamda Sumatraning sharqiy qirgʻogʻida hukmronlik oʻrnatadi. 1699 yili Juhar sultoniga oʻz yaqinlari suiqasd qiladi va taxtga qirollik oilasidan boʻlmagan boshqa bir kishi oʻtiradi. 1718 yili oʻzini oʻldirilgan sultonning oʻgʻli deb eʼlon qilgan Raja Kechil xalqning qoʻllab-quvvatlashi bilan Juhar poytaxtini qoʻlga kiritadi. Biroq agʻdarilgan hukmdor yana kuch toʻplab, taxtni qaytarib oladi. 1756–1758, 1783–1787 yillari gollandlar bilan olib borilgan urushlar oqibatida Juhar vassal davlatga aylanadi.
XVIII asr oxiridan Malayya davlatiga ingliz mustamlakachilari taʼsir koʻrsata boshlaydi. 1786–1888 yillar davomida inglizlar hozirgi Malayziya hududining katta qismini bosib oladi. Turli yillarda mustamlakachilarga qarshi qoʻzgʻolonlar boʻladi.
Ikkinchi jahon urushi davrida Malayziyani yapon armiyasi bosib oldi. 1943 yil Malayziyada bosqinchilarga qarshi xalq armiyasi tuzildi. 1945 yil 2 sentyabrda xalq armiyasi bosqinchilarini tor-mor etdi va boshqaruv xalq qoʻmitalari qoʻliga oʻtdi. Biroz vaqtdan soʻng ingliz mustamlakachilari Malayziyaga qaytib, ilgarigi bosqinchilik tartibini oʻrnatishga harakat qildi. Ayni vaqtda mustamlakachilar milliy ozodlik harakatiga siyosiy nayrang yoʻli bilan putur yetkazishga intildilar. 1946 va 1948 yillardagi islohotlarga koʻra, Singapur Malayyadan ajratildi. Malayya 1946 yildan Malayya Ittifoqi va 1948 yildan Malayya Federatsiyasi deb ataldi. 1946 yil Saravak va Sabah Buyuk Britaniya mustamlakasiga aylandi. 1948 yil iyunda ingliz hokimiyati mamlakatdagi milliy ozodlik harakatiga qarshi hujumga oʻtdi. 1949 yil fevralda malayya xalqining Ozodlik armiyasi tuzildi. 1955 yil Malayya Federatsiyasining qonun chiqaruvchi kengashiga saylovda Federatsiyaning Britaniya Hamdoʻstligi doirasida mustaqilligini yoqlab chiqqan Uch partiya ittifoqi (1957 yildan Ittifoq partiyasi) gʻalaba qozondi. 1957 yil 31 avgustda Malayya Federatsiyasi mustaqilligi eʼlon qilindi. 1963 yil 9 iyunda Londonda Buyuk Britaniya, Malayya Federatsiyasi, Singapur, Sabah va Saravak oʻrtasida Malayziya Federatsiyasi tashkil topgani toʻgʻrisida oʻzaro bitim imzolandi; 1965 yil Malayziya bilan Singapur hukumati oʻrtasida kelishmovchilik boʻlib, Singapur Federatsiya tarkibidan chiqib ketdi.
Malayziya 1963 yildan BMT aʼzosi. 1992 yil 1 yanvarda Oʻzbekiston bilan diplomatik aloqa oʻrnatgan. Malayziyaning milliy bayrami – Milliy kuni 31 avgust – (1957).
Iqtisodi. Malayziya iqtisodi yuqori tezlikda rivojlanib borayotgan mamlakatlardan biridir. 1957–2005 yillar oraligʻida yalpi ichki mahsulot yiliga 6,5 foizdan oʻsib bordi. 2010 yilgi maʼlumotga koʻra, mamlakatning yillik yalpi ichki mahsuloti hajmi 414400 doʻllarni tashkil etgan. Iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichi boʻyicha Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari uyushmasi (ASEAN)da uchinchi va butun dunyoda yigirma toʻqqizinchi oʻrinda turadi. 1970-yillarda mamlakat iqtisodi yerosti boyliklarini qazib olish va qishloq xoʻjaligiga asoslangan edi. 1980-yillardan koʻp tarmoqli iqtisodiyotga oʻtildi, sanoat tarmogʻi keng rivojlandi. 1997 yilgi Osiyo iqtisodiy inqirozidan soʻng Malayziya qoʻshnilariga nisbatan juda tez tiklandi.
Mamlakat iqtisodiyotining eng muhim tarmogʻi xalqaro savdodir, keyingi oʻrinda ishlab chiqarish turadi. Katta miqdordagi qishloq xoʻjalik mahsulotlari va tabiiy boyliklarni, jumladan, neftni eksport qiladi. Elektronika va axborot texnologiyalarini eksport qilish boʻyicha ham yetakchi oʻrinlarni egallaydi. Elektron chiplar va maishiy konditsionerlar eksporti boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda. 2002 yili mamlakat oʻz koinot dasturini ishga tushirdi. Avtomobil sanoati ham rivojlangan, “Proton” belgisi ostida yengil mashinalar ishlab chiqariladi. Sayyohlik xizmati yuqori darajada taraqqiy topgan. Bu tarmoq chet el valyutasini olib kirish boʻyicha uchinchi oʻrinda turadi va mamlakat iqtisodiyotining yetti foiziga egalik qiladi.
Malayziya Islom bank tizimi markazlaridan biri sanaladi.
Aholisi. Malay va boshqa mahalliy elatlar aholining 65 foizini, xitoylar – 26, hindlar 7,1 va boshqa etnik guruhlar esa 1 foizini tashkil etadi. Aholi zichligi kilometr kvadratga oʻrtacha 86 kishi. Aholining joylashuvi notekis: malayziyaliklarning 79,6 foizi yarimorol hududida, qolgan 20,4 qismi sharqiy hududda yashaydi. Shahar aholisi – 70 foiz. Yillik oʻsish – 2,4 foiz. Mamlakat aholisining 34 foizini oʻn besh yoshdan kichiklar tashkil etadi.
Davlat tili – malay tili.
Dini. Malayziya konstitutsiyasiga koʻra, eʼtiqod erkinligi kafolatlangan. Islom davlat dini maqomiga ega. 2010 yilgi roʻyxatga olish maʼlumotlariga koʻra, aholining 61,3 foizi musulmonlar, 19,8 foizi buddistlar, 9,2 foizi nasroniylar, 6,3 foizi hinduiylar, shuningdek, boshqa dinlarga eʼtiqod qiluvchilardan tashkil topgan. Ramazon va Qurbon hayitlari, Mavlid an-Nabi keng miqyosda bayram qilinadi.
Islom Malayziyaga XIII asrda hind savdogarlari tufayli yoyilgan. Oʻtgan asrda Islom mamlakatning yetakchi diniga aylandi. Aholi turmush tarzida, madaniyatning barcha tarmoqlarida Islom dinining taʼsiri yaqqol seziladi. Bir qancha islomiy oʻquv dargohlari bor. Eng mashhuri – Xalqaro Islom universiteti.
Orifjon Madvaliyev

“Hidoyat” jurnalining 2012 yil 8-sonida chop etilgan.

Оставьте комментарий