Marokash Podshohligi

DO`STLARGA ULASHING:

Maydoni: 446 550 kv. km.
Aholisi: 32 600 000 dan ortiq.
Poytaxti: Rabot shahri.
Boshqaruv shakli: konstitutsiyali monarxiya.
Davlat boshligʻi: qirol.
Maʼmuriy tuzilishi: 16 ta viloyatga boʻlinadi.
Yirik shaharlari: Kasablanka, Rabot, Marokash, Faʼs, Tanja.
Pul birligi: marokash dirhami.
Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Shimoliy Afrikada joylashgan. Shimoliy qirgʻoqlarini Oʻrtayer dengizi, gʻarbiy qirgʻoqlarini Atlantika ummoni suvlari yuvib turadi. Gibraltar boʻgʻozi Marokashni Yevropadan ajratib turadi. Sharqda va janubi-sharqda Jazoir bilan, janubda Gʻarbiy Sahroi kabir bilan chegaradosh.
Mamlakatning eng yuksak nuqtasi Baland Atlas tizmalaridagi Tubqol togʻida – 4165 metr. Asosiy daryolari – Oʻrtayer dengiziga quyiluvchi Muluya va Atlantika ummoniga quyiluvchi Sebu.
Oʻrtayer dengiziga yaqin hududlarda iqlim subtropik. Yozdagi oʻrtacha harorat 24–28 daraja issiq, qishda esa 10–12 daraja iliq atrofida. Janubga tomon iqlim keskin oʻzgaradi. Bu yerlarda yoz issiq (+37 darajagacha), qish birmuncha sovuq (+5 darajagacha) boʻladi. Kunlik harorat +20 darajagacha tushib ketishi mumkin. Shimoli-gʻarbdagi hududlar iqlimiga Atlantika ummonidan kirib keladigan havo oqimlari katta taʼsir koʻrsatadi. Atlas togʻ tizmalari yastangan hududlarda iqlim joy balandligiga qarab oʻzgaradi. Yogʻinlar shimolga yilda 500–1000 millimetr, janubga 200 millimetrga yaqin miqdorda tushadi.
Shimoldagi sohil tekisliklari va togʻ orasidagi soyliklar hamda vodiylarning qumloq, gilli qoramtir tuproqlari gʻoyat unumdor. Oʻrmonlar asosan togʻlarda saqlanib qolgan va Marokash hududining salkam 12 foizini tashkil etadi. Qurgʻoqchil dasht, chala choʻl va choʻllarda alfa oʻti, shuvoq, Oʻrtayer dengizi sohilida makvis butalari oʻsadi. Hayvonlardan quyon, chiyaboʻri, ilon, toshbaqa, shuningdek, amfibiyalar, parrandalar, hasharot va chayonlar bor. Togʻlarda makaka maymun, sirtlon, pantera, togʻ daryo­larida xonbaliq uchraydi.
Tarixiy sanalari. Hozirgi Marokash hududida eskidan liviy qabilalari – qadimgi barbarlar yashab, ovchilik va chorvachilik, qisman dehqonchilik bilan shugʻullangan. Miloddan oldingi II ming­yillik oxirlarida sohilda finikiylarning bir qancha jamoalari paydo boʻlgan. Miloddan oldingi I mingyillikda ular yashaydigan oʻlkalar Karfagen davlati tarkibiga kirdi. Rimliklar Karfagenni tor-mor etgach, miloddan oldingi II asrdan hududni idora eta boshlashdi. Milodiy 429 yili hozirgi Marokashni vandallar egalladi, biroq yuz yil oʻtib, mamlakat Vizantiya imperiyasi tarkibiga qaytarildi.
682 yildan hududni arablar zabt eta boshladi, 784 yili esa davlatga asos solindi. XV asr boshidan dastlab portugallar, soʻngra ispanlar oʻlkani istilo qilishga kirishdi. Bir nechta port shaharlar ularning qoʻl ostiga oʻtdi. Biroq XVI–XVII asrlarda Marokash davlati kuchayib, chegaralari kengaydi. Bu davr mamlakat tarixida “oltin asr” nomini oldi.
XIX asrning 40-yillaridan Yevropa davlatlarining qoʻshinlari yana kirib kela boshladi – 1844 yili Fransiya, 1859 yili Ispaniya Marokash hududining bir qismini bosib oldi. 1912 yili tuzilgan shartnomalarga koʻra, mamlakat hududining 80 foizida Fransiya, shimoliy va janubiy qismlarida Ispaniya protektorati oʻrnatildi; bir qismi (Tanjer) xalqaro zona boʻlib qoldi.
XX asrning 50-yillaridan kuchaygan milliy ozodlik harakatlari tufayli Fransiya protektorati milliy hukumat tuzish uchun rozilik berishga (1955 yil 7 dekabr)­ va Marokashning milliy mustaqilligini tan olishga majbur boʻldi (1957 yil 2 mart). 1956 yil 7 aprelda Ispaniya protektorati ham bekor qilindi. 1957 yil 1 yanvarda Tanjer Marokash tarkibiga qoʻshildi. 1962 yil dekabrda Marokashning birinchi konstitutsiyasi qabul etildi, 1963 yil mayida parlament saylovi boʻlib oʻtdi.
1972 yil 1 martda referendum boʻlib, yangi konstitutsiya qabul qilindi, parlament va hukumatning huquqlari biroz kengaytirildi. 1992 yili bosh qonunga kiritilgan oʻzgartirishlarga binoan, parlamentning hukumat faoliyati ustidan nazorati kuchaytirildi.
Marokash 1956 yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. 1993 yil 11 oktyabrda Oʻzbekiston bilan elchilik munosabatlarini oʻrnatgan. Milliy bayrami – 30 iyul – Taxt kuni (1999).
Iqtisodi. Davlat gʻamxoʻrligi va ishchi kuchining arzonligi Marokash iqtisodiyotiga xorijiy sarmoyadorlarni tobora koʻp jalb qilyapti. Sayyohlik sohasi keng miqyosda rivojlanyapti. Fosfat qazib olish va qishloq xoʻjaligi xalq xoʻjaligining yetakchi tarmoqlaridan.
Bir qancha davlatlar bilan erkin iqtisodiy savdo munosabatlarini oʻrnatgan. Asosan fosfat, oʻgʻit, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar, maʼdanlar sotadi. Koʻproq yarimtayyor mahsulotlar, sanoat tovarlari, oziq-ovqat va ichimliklar, isteʼmol tovarlari va yonilgʻi sotib oladi. Asosiy xaridorlari – Ispaniya, Fransiya, Braziliya, AQSH, Belgiya va Italiya. Asosiy taʼminotchilari – Fransiya, Ispaniya, Italiya, Xitoy, Germaniya, Saudiya Arabistoni va Moldaviya.
Aholisi. Misr va Sudandan keyingi eng yirik arabtilli mamlakat hisoblanadi. Aholining 60 foizga yaqini arablardan, qolgan qirq foizi barbarlardan tashkil topgan. Shuningdek, oz miqdorda yevropaliklar va yahudiylar ham yashaydi.
Rasmiy tillari – arab va barbar tili. Soʻzlashuvdagi arab tili adabiychadan kes­kin farq qiladi. Fransuz tili davlat tili boʻlmasa-da, iqtisodiyot, taʼlim va davlat boshqaruvi sohalarida keng qoʻllanadi.
Dini. Islom Marokashning davlat dini sanaladi. Aholining 98, 7 foizi sunniy musulmonlardan, 1, 1 foizi nasroniylardan, 0, 2 foizi yahudiylardan iborat.
Musulmonlar bu oʻlkaga ilk bor 680 yili sahoba Uqba ibn Nofe boshchiligida kelgan.
Podshohlikda Islom meʼmorchiligining yuksak namunalari qad rostlagan. Jumladan, mamlakatning eng yirik ibodatgohi – “Hasan II” masjidi jahondagi eng baland diniy inshoot sanaladi. Marokash shahrining eng katta masjidi – “Kutubiya” (1199 yili qurilgan), “Hasan” minorasi (1199) va Faʼs shahridagi “Qaraviyyun” universiteti (859) diqqatga sazovor tarixiy yodgorliklardandir.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
oriftolib.uz
“Hidoyat” jurnalining 2015 yil 8-sonida eʼlon qilingan.

Оставьте комментарий