Moturidiy pandnomasi

DO`STLARGA ULASHING:

BIRINChI BOB
— Xudoga takya qilmoq kerak. Nimani xohlasang U beradi.
— Uni asra, U ham seni asraydi.
— U berganni hech kim tortib ololmaydi.
— Unga kim itoat etsa, hamma unga farmonbardor bo‘ladi.
— Kimdakim Undan qo‘rqsa, boshqalar sendan qo‘rqishadi.
Shayx Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Moturidiy taxminan 870 yili hozirgi Samarqand viloyatining Moturid qishlog‘ida tug‘ilib, 975 yili vafot etgan. U Samarqandning Chokardiza qabristoniga dafn etilgan. Moturidiy xususiy muallimlarda, so‘ngra esa Samar¬qand madrasalarida tahsil ko‘rgan. Olim umr bo‘yi Samarqand madrasalarida mudarrislik qilgan. Moturidiy “Kitob – at tavhid”, “Kitob al-usul”, “Ta’vilot al Qur’on” (Qur’on tafsiri) singari o‘nlab ilmiy-nazariy asarlar, “Pandnoma” asarining muallifidir. Buyuk olimning islom ta’limoti sofligini asrashda xizmati katta. Navoiy “Nasoyim-ul-muhabbat”da Moturidiyning ruhiy-ilohiy qudrati haqida alohida hikoyat keltirgan. Uning “Pandnoma”si X asr pandnomasining eng yaxshi namunalaridan bo‘lib, kitobxonni ilm o‘rganishga, kasb egallashga, yaxshi xulq egasi, insonparvar, shirinsuxan, saxovatpesha bo‘lishga undaydi.
Quyida ushbu asardan tarjimani e’tiboringizga havola etamiz.
— Tavhidni umring sarmoyasi deb bil.
— Dunyoparast bo‘lma, Xudoning dushmanini sevgan bo‘lasan.
— Chin e’tiqod bezavol ganjdir.
— Martabani sabrdan izla.
— Qurolingni ilmdan yasa.
— Saxovatpesha bo‘l.
— Faqirlikni faxr bil.
— Oxirat yo‘l ozuqasini taqvodon ko‘zla.
— Oxirat yo‘lini taqvodan qur.
— Ibodatdan shodlik ista.
— Rostgo‘ylikda kamol izla.
— O‘limni aslo unutma.
— Shodlikni ibodatdan ko‘zla.
— Haq hukmiga rozi bo‘l.
— Farishtalar, Rasuli akram va Alloh kitobini hurmat qil.
— Haq so‘zini imon bil.
— Yaxshilar bilan do‘stlash.
— O‘zingdan qochib Haqqa yetgin.
— Halolni-halol, haromni-harom bilishga o‘rgan.
— Dushmanga ozor berma, ammo qo‘lingdan kelsa mahv et.
— Xorlik istasang xiyonatchi bo‘l.
— Be’manilardan hazar qil.
— Nodonni tirik sanama.
— Sabrli bo‘l, murodingga yetasan.
— Har bir ishda hamkor izla.
— O‘zlikni anglashni buyuk xislat bil.
— Donishingni xor qilma.
— Kam gapir, oz yeginu kam uxla.
— Xilofkorlikdan qoch, Allohdan noumid bo‘lma.
IKKINChI BOB
— Taqvoni qo‘rqmas askar bil.
— Dono ko‘ringan nodondan hazar qil.
— Ilmda hammadan kamtar bo‘l.
— O‘rgan va o‘zgalarga o‘rgatgin.
— Eshitmagan narsang haqida gapirma.
— Birovga haddan tashqari tanbeh ham berma, behudaga maqtama ham.
— Qulog‘ing bilan eshitganingni mahkam tut.
— Rost gapiru o‘zgalarning aybini kovlama.
— So‘ramasalar javob berma, aytmagan joyga borma.
— Xarid qilinmaydigan narsani sotma.
— Olinmaydigan narsani sotma.
— Kaltak yemayin desang, begunohga qo‘l ko‘tarma.
— Yaxshilikni jondan izla.
— O‘zgalar qalbini ovlamoqchi bo‘lsang, yaxshilik qilishga odatlan.
— Baloni takobirlik natijasi bil.
— Qalbingni hasad o‘ti bilan kuydirma.
— Balodan ibrat ol.
— Hamisha sir asrovchi bo‘l.
— Jafopesha bo‘lma.
— Me’yori bilan yegin, nizomi bilan gapirgin.
— Xushxulq va beozor bo‘l.
— Tavfiqni Xudoning fazilati bil.
— Kishilarga qattiq gapiruvchi bo‘lma.
— Boylikni iqbol bil, uni xarj etmaslikni esa badbaxtlik bil.
UChINChI BOB
— Har kimning nonini yeya berma, ammo hammaga non yedir.
— Molu davlat orqasidan yuguruvchi bo‘lma.
— Haq xikmatini ilmingdan afzal bil.
— Ilmingni ehtiyot qil.
— Alloh hikmatini o‘z bilimingdan yuksak bil.
— O‘zingni ta’rif etishdan saqlan.
— Hamisha Alloh shukronasida bo‘l.
— Jonni omonat bil.
— Allohni hamisha berguvchi, deb bil.
— Umringni inoyat bil.
— Tadbirni taqdir bilan bog‘la.
— Sog‘likni g‘animat bil.
— Oxiri ziyon keltiradigan foydaning atrofida o‘ralashma.
— Ajalni hech qachon faromush qilma.
— Ilm o‘rganishdan aslo tinchima.
— Kalondahanlik qilma.
— Nasiyani mol deb bilma.
— Martabayu izzatni ilmdan izla.
— Shahvat asiri bo‘lma.
— Afv etmoqni hech kimdan darig‘ tutma.
— Rost yo‘lda yengiltaklik qilma.
— Sulhning iloji bo‘lmasa, jang¬dan qochma.
— Dushmanni haqir bilma.
— Do‘sting ming bo‘lsa ham kam.
— Har qanday dushmandan ehtiyot bo‘l.
— Sendan qo‘rqqandan sen ham qo‘rq.
— Dushmaningning dushmani bilan do‘st tutin.
— Do‘stlaringning do‘stlari orasida bo‘l.
— Do‘stingning dushmanidan g‘ofil bo‘lma.
— Rahmsizga shafqat qilma.
— Nokasdan qarz olma.
— Ajdodlaring qadrini e’zozla.
— Johil zohidga inonma.
— Omonatga xiyonat qilguvchi bo‘lma.
— Sinamagan odam bilan safarga chiqma.
— Hirsu xusumatni najosat bil.
— O‘z misqolingni o‘zgalar botmonidan afzal bil.
— Odamlarning oldida nima desang, orqasidan ham o‘shani gapir.
— Birovning moliga muhtoj ekansan, bilgilki, uning qulisan.

TO‘RTINChI BOB
— Behudalikni ofatlarning boshi bil.
— Birovning minnatini ko‘taru, minnat qilguvchi bo‘lma.
— Tilingni hamisha dashnomdan tiygil.
— Hojat chiqarishni buyuk ish deb bil.
— Yaxshilik qilganingni aytib yurguvchi bo‘lma.
— Yomonlikni ofatlarning boshi, deb bil.
— Yomonlarga yordamlashma.
— Do‘stlaringni yomonlaguvchi bo‘lma.
— Yomonlarni o‘zingga yo‘latma.
— Dushmaning bilan inoqlashgan do‘stdan qo‘rq.
— O‘zgalar g‘amidan xursand bo‘lma.
— Senga ishi tushgan odamni ranjitma.
— Tuhmat bor joydan qoch.
— Ota xatosi uchun tanbeh berma.
— Sultonga gustohlik qilma.
— Darvesh qardoshingni shod tut.
— G‘amgusor bo‘ladigangagina dardingni ayt.
— Sharobu taomni kam ye, ko‘pini o‘zgaga ber—esin.
— Xalq bilan shunday yashaki, ular hamisha sen bilan bo‘lishsin.
— Shuhratmandlikda o‘zingdan ketma.
— Birovlarning g‘amidan shodlanuvchi bo‘lma.

BEShINChI BOB
— Orzu-umid farzandi bo‘l.
— Oila a’zolari haqqini unutma.
— Qalbingni din bilan dono qil.
— Odamlar sendan umidvor bo‘lib yashasin.
— Martaba, boylikka erishgach, o‘zliging unutma.
— Davlat paytida balandhimmat bo‘l.
— Og‘ir kunlarda sabr-bardoshli bo‘l.
— Oz dardni ko‘p bil.
— Boylikka erishgach, himmatbaland bo‘l.
— Saxovatda va’daxilof bo‘lma.
— Diyonatda bardam va mustahkam bo‘l.
— O‘zingni orzular daryosiga g‘arq etma.
— Nodondan yiroq yurishga intilgin.
— Baxillik bilan martaba qozonolmaysan.
— To‘g‘ri yo‘lni ochguvchi ilmdir.
— G‘amg‘usoringga g‘amingni ayt.
— Hech kimga haqorat ko‘zi bilan boqma.
— Xalq bilan bir tan, bir jon bo‘l.
— Nokas va bedinga non berma.
— Mehmonga sertakalluf bo‘lma.
— Ahdu paymonda sobit bo‘l.
— Yomon tanishingni uyga yo‘latma.
— Molingni noo‘rin va bekorga sarflama.
— Hayot tajribasidan rizq izla.

OLTINChI BOB
— Dono suhbati har ikki jahon uchun foydalidir.
— Haq rizoligi bilan kun kechir.
— Payg‘ambarlarni hamisha tirik bil.
— Va’daga vafoni saxovat bil.
— Umring lazzatini yaxshilar suhbatidan ko‘zla.
— Umid rishtasini hargiz uzma.
— Baxildan yaxshilik kutma.
— To‘g‘ri yo‘lning kalitini ilm deb bil.
— Umringni sahroda o‘tkazma.
— Qalblar do‘stligini xomushlikdan izla.
— Hamma bilan oshno bo‘lishga intil.
— Janjallashgan qarindoshlarni yarashtirishga intil.
— O‘g‘irlik moldan ulush olma.
— Hech kimga haqorat ko‘zi bilan boqma.
— Ayollardan ustun bo‘lishga intilma.
— Go‘daklarga nasihat qilma.
— Nodon bemorni davolama.
— Mast yigitga nasihat qilma.
— Do‘stlar aybini o‘z vaqtida ayt.
— Siringni do‘stdan ham, dushmandan ham pinhon tut.
— Dono suhbatini har ikki jahon uchun foyda deb bil.
— Har ishni maslahat bilan qil.

ETTINChI BOB
— O‘tganga, to‘kilganga va ketganga afsuslanma.
— O‘zingga hamjins va hammaslak do‘st tanla.
— Hamma bilan yarashib yashashga intil.
— Berahm odamlarni do‘st qatoriga kiritma.
— Sog‘liqni hayot garovi bil.
— Toshbag‘irlar bilan hamsuhbat bo‘lma.
— Ikkiyuzlamachidan vafo kutma.
— O‘z yukingni o‘zgalarga oshiradigan bo‘lma,
ammo o‘zgalar yukini ko‘targuvchi bo‘l.
— Manfaatsiz tiriklik o‘lim bilan barobar.
— Ko‘p gapirmoqni gunoh bil.
— Hojatingni Allohdan tila va ista.
— Do‘stlaring xatosini aytib turgin.
— O‘zgalar moliga mehr qo‘yma.
— Do‘stingni hamisha esda tut.
— Xizmatkorni urushga yuborma.
— Aytilmagan joyga borma.
— Nodon do‘stga ishonma, chunki suvga suyansang g‘arq bo‘lasan.
— Yaxshilarning tirigini ham, o‘ligini ham ziyorat qil.
— Qo‘rqoqlikni o‘limdan og‘ir bil.
— O‘zingdan keksalarni ulug‘ bil.
— Tiriklik haqiqatini sog‘likda, deb bil.
— Hech kimning sirtiga qarab baho berma, aldanasan.
— Maqsadsiz hayot bilan o‘limni birday bil.
— Tilingga ehtiyot bo‘l.
— Hammadan yaxshi so‘z o‘rganishga intil.
— Hasadgo‘y do‘stdan parhez qil.
— Dushman bilan sulh tuzishga intil.
— Sabrni maqsadga yetish vositasi bil.
— Nizomsiz lashkar lashkar emas.
— Qurolsiz jasurni nodon bil.
— Yurt obodligini tilasang, ochiqqo‘l bo‘l.
— Qalbing pokiza bo‘lsa, murodga yetasan.
— Nifoq ilmsizlik belgisidir.
— Ranjni osoyishtalik vositasi bil.
— Shariatni tan deb o‘yla,
— Tariqatni qalb, deb angla,
Haqiqatni esa, jon deb tanigin.

SAKKIZINChI BOB
— Yaxshiligingni el bilsin desang, yomonlarga ta’na qilma.
— Yomon so‘zga quloq tutma.
— O‘zingdan yoshi kattalarni ulug‘ sana.
— Til saqlashni umr salomatligi bil.
— Yaxshi so‘zni hammadan tinglashga odatlan.
— Bu jahon manfaati uchun jahonni sotma.
— O‘zingga nimani xohlasang, Haq bandalariga ham o‘shani ista.
— Dorini sog‘ paytingda ich.
— Uzoqdan bo‘lsa ham ilm o‘rganish payida bo‘l.
— Hasadchi do‘stdan parhez qil.
— O‘tmish hayotingni o‘z imoming bil.
— Johil amirdan hazar qil. Undan keladigan oz siylovni ko‘p bil.

TO‘QQIZINChI BOB
— Maqsadga yetish yo‘lini sabrda bil.
— Nasihatga quloq tutmaydigan lashkar — lashkar emas.
— Itoatsiz raiyat — raiyat emas.
— Qurolsiz shijoat nodonlikdir.
— Yurting obodligini istasang, xalqingni himoya qil.
— Mulkning nizomli rivojlangan bo‘lishini istasang, xoliq va xalqning xursandligini ko‘zla.
— Buyuklarning kichiklarga xizmatini kichik bil,
Kichiklarning buyuklarga xizmatini buyuk bil.
— Yengiltaklikni xorlik va devonalik bil.
— Hashamdorlik, baxillik va hasadni tanang, moling, martabang uchun zahar bil.
— G‘ofil amirni amir sanama.
— Hiradmand(donishmand)lar suhbatini ko‘zla.
— Jahon ko‘rgan kishilarni nadim qil.
— Olam obodligini karamu adolatda bil.
— Qalbingni pok tutsang, murodga yetasan.
— Maqtanchoqlik qilma, birov seni maqtasa, undan faxr¬lanma.
— Nifoqni ilmsizlik oqibati, deb bil.
— O‘z aybingni ko‘rguvchi bo‘l.
— O‘zingni ta’madan yiroq tut.
— Ranjni osoyishtalik natijasi bil.
— Zahmat oqibatini shodlik, deb bil.
O‘NINChI BOB
— Hamisha aziz bo‘lay desang, xorlik bilan hunar o‘rgan.
— Baloni sadaqa bilan daf et.
— Hurmatni boylikdan afzal bil.
— Takabburlarni dev sana.
— Dono do‘st nasihatini qabul et.
— Nojins suhbatidan parhez qil.
— Hoyu havas otashini o‘ldir.
— Jangda balandovoz bo‘l.
— Yaxshi so‘zni aziz tut.
— Hammaning o‘zingga dushman bo‘lishini istasang, takabbur bo‘l.
— Yomon ko‘zdan qo‘rq.
— Dinni ilm bilan asra.
— Agar xalqning do‘st bo‘lishini istasang, boylikni dushman bil.
— Tinchlik istasang, hech kimga yomonlik qilma.
— Ulug‘lik istasang, iftixordan qoch.
— Duoni quroldan afzal bil.
— Umidni ganjdan ortiq bil.
— Shunga intilginki, o‘limdan so‘ng ham tirik yurgin.
— Alloh xohlamagan hamma narsani botil sana.
— Ozorning yo‘lini ehson bilan to‘s.
Forsiydan Hamidjon Homidiy tarjimasi.
ziyouz.uz

Оставьте комментарий