Qish fasli haqida sara sherlar to‘plami

DO`STLARGA ULASHING:

Qish fasli haqida eng sara sherlar to‘plami kattalar va bolalar uchun. O‘lkamizga qish fasli kirib kelishi bilan, kunlar ancha qisqardi. Quyosh hamma yoqni yoritadi-yu, lekin qizdirmaydi. Biz esa qorni intizorlik bilan kutayapmiz.

Qish kelibdi yastanib

To‘rt fasllar aylanib,
Qish kelibdi yastanib.
Zamin oppoq o‘ramda,
Yumshoq, momiq gilamda.

Ko‘cha to‘la bolalar,
Uchar quvnab chanalar.
Yanoqlari zir qizil,
Lek yonmoqda qizib dil

Olam naqadar go‘zal,
Ertakdaman shu maxal.
Osmonlardan yog‘ar qor,
Atrofga sochib chiroy.

Tarnovda to‘p sumalak,
Qator-qator bir talak.
Mo‘ri, pechdan bo‘rillab,
Tutqun o‘ynar tarallab.

Mo‘jaz, sirlarga boysan,
Erka, to‘lingan oysan.
Kuch olar uxlab borliq,
Tanga bag‘ishlab xordiq.

Kumush qish

Barglarini to‘kkanda daraxt,
Xashoratlar bo‘lganda karaxt,

Pechkalarda yonganda o‘tin,
Mo‘rilardan chiqqanda tutun,

Dala, bog‘ni qoplaganda qor,
Muzlaganda arig‘u-anxor,

Sovuq xukm surganda xar dam,
Qalin kiyim kiyganda odam,

Dalalarda susayganda ish,
O‘lkamizda demak «kumush qish»!

Yetib keldi qish yana

O‘tib ketdi kuz chog‘i,
Yetib keldi qish yana.
Kengdir muzlik quchog‘i,
Bolalar tortar chana.

G‘izillashib o‘tishar
O‘g‘il-qizlar quvnashib.
Konki otib uchishar,
Bir-birlarin quvlashib.

Dam olib o‘tkazadi,
Bo‘sh vaqtlarin bolalar.
Oq to‘nga o‘raladi,
Butun atrof, dalalar.

Qish ham rohat bizlarga –
Ish qilib, olamiz dam.
To‘lar o‘g‘il-qizlarga,
Qorli tepalar har dam.

Qishning ishi

Qoyilman qish ishiga,
Zavq beradi kishiga.

Anhorni muzga qoplab,
Yaxmalak qildi boplab.

Faqat shuni bilmadim,
O‘ylab, o‘yga yetmadim.

Olamga oq libosni,
Qanday qilib yopdiykin?

Buncha oq rang, oq nurni,
Qanday qilib topdiykin?

Kuz fasli haqida sherlar

Qish zavqi (Bolalar uchun sher)

Tiniq suv shildir-shildir,
Muz tagidan oqqanda.
Chana uchgim keladir,
Qish fasli qor yoqqanda.

Qor ustidan chanalar,
Gʼiz-gʼiz uchar oʼq kabi.
Chunki oʼynab bolalar,
Qizib ketar choʼgʼ kabi.

Baʼzan qor boʼron oʼynab,
Quvlashib qor otamiz.
Qorqiz, qorbobo yasab,
Qish zavqini totamiz!

Qish (Bolalar uchun sher)

Dala-dashtda tindi ish,
Mehmon bo’lib keldi qish.
Qish emas, — qor bobo,
Sovg’alari bor bobo.

Uyda bezog’lik archa,
Tepasida oyparcha.
Xuddi yozday, bahorday,
Iliq kuzgi nahorday.

Qor yog’ar kecha-kunduz,
Suv sovqotib kiygan muz.
Dala-dasht — oppoq gilam,
Qoqib bo’lmas sira ham.

Orom berar qor yerga,
Dam-badam tushib terga.
Kela qolsa gul bahor,
Erib ketar yerdan qor.

Qish tasbehlari

Qor kiyingan archalar,
Oq qalpoqqa o’xshaydi.

Yaltiroq shox-shabbalar,
Jez taroqqa o’xshaydi.

Muz qotgan ariqchalar,
Zar belbog’ga o’xshaydi.

Sumalaklar — qandillar,
Muz chiroqqa o’xshaydi.

Qor ustida qarg’alar,
Qora dog’ga o’xshaydi.

Yo oq qog’ozga tomgan,
Rang — siyohga o’xshaydi.

Fe’li sovuq izg’irin,
Ko’p chatoqqa o’xshaydi.

Quvib solar hammani,
Urto’qmoqqa o’xshaydi.

Qish yaqin (Bolalar uchun sher)

Quyonga dedi Ayiq:
— Buncha shoshasan, qiziq?
— Qish kelar qilich qayrab,
Qandoq o‘tiray qarab?

Qish g‘amini yeyapman.
—To‘xta, nima deyapsan?
Qish degani bir kecha…
— Unday emasdir hecham.

— Bir uxlab tursang, bahor!
— Bahorgacha ko‘p gap bor…
Qishli qirovli kunda,
Ovqat so‘rayman kimdan?

— Qanaqa qish, ey ahmoq? —
Darg‘azab bo‘lar maymoq.
— Qishdan qo‘rqmaysiz, demak…
— Gap qaytarma tirmizak.

Qishda (Bolalar uchun sher)

Rosa maza qish,
Qorlari — kumush.
Oq kiygan atrof.
Qish havosi sof.
Konki uchamiz,
Hech charchamay biz.
Goho qorbo‘ron
O‘ynab kim chaqqon? —
Bilib olamiz,
Qoyil qolamiz.

Qish sabog‘i

Shimimda to’rtta cho’ntak,
Paltomda to’rtta cho’ntak.
Birma-bir kirib chiqar,
Bariga ikki qo’lim.

«Kuh-kuh»lab qo’llarimga,
Oyimlar koyir andak,
— Shunaqa chatoq bo’lar,
Qo’lqop yo’qotish, o’g’lim!

Oppoq qish-ey — (Bolalar uchun sher)

Oppoq qish-ey, oppoq qish,
Eh, qorlari yumshoq qish.
Chana, konki o‘ynatgan,
Quvnoq qish-ey, quvnoq qish.

Dam olmoqda dalalar,
Keng vodiylar, daralar,
Fasl gashti atrofga,
Qo‘shiq bo‘lib taralar.

Tarnovlarda sumalak,
Ko‘llar oyna—yaxmalak.
Ayting, ayting bo‘lmasin,
Hech kim yo‘lda charxpalak.

Sovuq hazllasharmi,
Yuzlar jizillasharmi,
Goho-goho uchragan,
Qo‘rqoqni izlasharmi?

Oppoq qor sut singari
Ona Yerga singadi.
Oftob kelib yaqinroq,
Qishning qahrin yengadi.

Oppoq qish-ey, oppoq qish,
Tarqoq qish-ey, qo‘rqoq qish.

Qish boshlandi

Dov-daraxtlar mizg’igan,
Izg’irin uel izg’igan.
Ko’chalar yaraqlaydi.
Yulduzlar charaqlaydi.
Jamlab barcha kuchini,
Kelmoqda qish qo’shini.

Оставьте комментарий