Sheʼrni qanday tez yodlash mumkin?

DO`STLARGA ULASHING:

Adabiyot fanidan tez-tez sheʼr yodlash vazifasi beriladi. Xoʻsh, sheʼrlarni oson yodlaysizmi? Sheʼrni eslab qolish va ifodali qilib aytib berish hamma uchun ham oson emas. Xotira quvvati har xil. Ammo, bu muammoning yechimi bor. Quyidagi usullar bir qarashda qiyin, koʻp bilim talab qiladigandek koʻrinishi mumkin. Lekin ularga amal qilib, bosqichma-bosqich mahoratingizni oshirib borsangiz, vaqt oʻtishi bilan har qanday sheʼrni tez va yaxshiroq yodlab ola boshlaysiz.

  • Uy vazifasini sheʼr yodlashdan boshlang. Avval sheʼrni ichingizda oʻqib, tanishib chiqing. Mumtoz yoki drammatik sheʼrlarni yodlayotganda, eskirgan soʻzlar, nomlar, oʻzgarishlarga duch kelishingiz mumkin. Ularning maʼnosini topib, puxta oʻrganib chiqing. Voqea-hodisalar tasvirlangan sheʼrni (doston, ballada yoki voqeaband sheʼrlarni) yodlayotgan boʻlsangiz, undagi jarayon ketma-ketligini eslab qoling.
  •  Sheʼrni bir necha marta ovoz chiqarib oʻqing. Bu oʻzlashtirishni yengillashtiradi.
  •  Endi sheʼrni aytib berishga harakat qiling. Eslay olmagan joylaringizni kitobga qarab bilib oling.
  •  Sheʼrni qogʻozga koʻchirib yozing va qismlarga boʻlib chiqing. Har bir baytni qalam bilan ajratib oling.
  •  Soʻzlarni ifodali oʻqishga harakat qiling. Sekin aytish talab qilingan joylarini past, joʻshqin joylarini esa baland ovozda ayting.
  •  Birinchi misrani baland ovozda oʻqing, soʻngra sahifaga qaramasdan uni 5-7 marta takrorlang. Keyingi qatorlarni ham xuddi shu tartibda yodlang.
  •  Baland ovozda ifodali qilib oʻqing. Shunda sheʼr qatorlari oʻz-oʻzidan yodingizda qolayotganini sezasiz.
  •  Har bir satrning bosh soʻzini qogʻozga yozib oling. Shunga qarab sheʼrni toʻliq aytib berishga urinib koʻring.
  •  Sheʼr qatorlari xotirangizga oʻrnashib borgani sari, matnga qaramasdan aytishga harakat qiling.
  •  Yod olgan sheʼrni uxlashdan oldin va uygʻonganingizdan soʻng ham takrorlang. Shunda u xotirangizga chuqurroq oʻrnashadi.
Yuqoridagi usullar orqali oʻzlashtirish koʻproq sabr-toqat talab qilishini ham eslatib oʻtish kerak. Agar sheʼrni oʻzlashtirish davomida yaxshi esda qolmayotgani yoki tushunarsiz tuyulayotgani tufayli asabiylashsangiz, yaxshi natijaga erisholmaysiz. Bunday paytda mashqni besh daqiqaga toʻxtatib, miyaga dam berish tavsiya etiladi. Oʻqiyotgan sheʼringiz oʻzingizga yoqishi ham kerak. Buning uchun esa uning goʻzalligini, soʻz oʻyinlari va tashbehlarini his qilish zarur. Demak, adabiyotdan bilimingizni ham koʻpaytirish talab etiladi. Kerakli koʻnikma shakllansa, oʻz-oʻzidan koʻp sheʼr yodlaysiz. Koʻp sheʼr bilish esa nutq ravon va taʼsirli boʻlishiga, soʻz boyligi ortishiga xizmat qiladi.
 
Mirjalol MADVALIYEV tayyorladi.
“Gulxan” jurnalining 2018 yil 5-sonida chop etilgan.

Оставьте комментарий