Tovondagi yoriqlardan qanday xalos bo‘lish mumkin?

DO`STLARGA ULASHING:

Tovondagi yoriqlardan qanday xalos bo‘lish mumkin?
Qishda havo o‘tkazmaydigan etik va sintetik paypog‘u kolgotkalar oyoq terisidagi namlikni o‘g‘irlashi hisobiga tovonimizda kichik yoriqlar paydo bo‘ladi. Axir teri quruqlashadi-da. Yoriqlar qattiqlashib, qadoqqa aylanadi. Bu yog‘i oyoq og‘riqlariyu bezovtaliklar deyavering. Xo‘sh, muammoning chorasi nima?
Teri zararlanishining sabablari:
— noto‘g‘ri parvarishlash asoratida kelib chiqqan teri quruqlashishi;
— noqulay poyabzal;
— uzok vaqt tik oyoqda turib ishlash;
— zamburug‘li infeksiyalar;
— dermatit;
— yassioyoklik;
— metabolizmning buzilishi, qand kasalligi, ortiqcha vazn;
— gastrit, kamqonlik, qalqonsimon bez xastaliklari;
— A va Ye vitaminlari yetishmovchiligi.
Homiladorlikning uchinchi uch oyligida qonda qand miqdori ortadi. Bu tovon yorilishini paydo qilishi mumkin. Bundan tashqari, farzand kutayotgan ayollar salkam 7-8 kg.ga yaqin vazn orttirishadi. Tovonga og‘irlik tushishi ham terida qadoq hosil qilishi mumkin.
Davosi bormi?
Quruqlashib yorilgan tovon harakatlanishda OG‘RIQ va noqulaylik tug‘diradi. Yoriqlar yallig‘lanib, yiring paydo bo‘lmasidan avval uni davolash zarur. Agar yoriqlarning kelib chiqishi biror-bir kasallik asorati bo‘lsa, shifokor-dermatolog ko‘rigi shart. Bordi-yu, organizmning suvsizlanishi hisobiga teri quruqlashishi yuz berib, yoriq kelib chiqqan bo‘lsa, uyda muolaja qilsa bo‘ladi.
Kunlik ratsioningizda A va Ye vitaminlariga boy bo‘lgan sabzi, ko‘kat va jigar doimiy ravishda ishtirok etsin.
Uy sharoitida parvarishlaymiz
1. Piyozni mayda tishli qirg‘ichdan o‘tkazib, bo‘tqa holiga keltiring. Uxlashdan oldin piyozli bo‘tqani tovonga surtib, ustini sellofan halta bilan o‘rang. So‘ng bint bilan bog‘lab, paypoq kiying. Bu kompressni uch marta qilishingiz bilan tovon terisi silliqlashadi.
2. Yumshatilgan tovonga tabiiy asaldan surtib, sellofan halta bilan o‘rab, so‘ng bint bilan bog‘lab, paypoq kiying. Tongda, tovonlarni iliq suvda yuvib, yumshatuvchi krem surting-da, yoriqlar ustiga yumshatuvchi malham yopishtirib qo‘ying. O‘ta quruqlashib ketgan teri ham uch-turt martalik muolajadan so‘ng tiklana boshlaydi.
3. Kartoshkaning archilgan po‘stini tashlab yuborishga shoshilmang, tovoningizga aynan shu qismi malham bo‘ladi. Kartoshka po‘stini yaxshilab yuvib, qaynating-da, 20-25 daqiqa davomida damlamaga oyog‘ingizni solib o‘tiring. Muolajadan so‘ng oyoqni chaying va kanakunjut moyidan surting. So‘ng paypoklarni kiying-u ishingizni qilavering.
4. Yaqindagina paydo bo‘lgan yoriqlardan halos bo‘lish uchun, 2 osh qoshiq kartoshka kraxmalini 1 litr qaynatilgan suv bilan aralashtirib, tovonni 2 daqiqa ivitib oling-da yumshatuvchi krem surting. Ushbu muolajani bir necha marta takrorlasangiz
yoriqlardan asar ham qolmaydi.
Uzimiz malham tayyorlaymiz!
Sirli idishga 1 choy qoshiq sirka, 1 dona tuxum sarig‘i va 1 osh qoshiq zaytun yog‘ini solib aralashtiring. Tayyor malhamni uxlashdan avval ivitilgan oyoqlarga surtib, ustidan sellofan halta kiying. Paypoq kiyib olishni ham unutmang. Ertalab surtma
qoldiqlarini yuvib, tovonni ko‘piktosh (pemza) bilan ishqalang.
Oldini olamiz!
Dangasalik qilmay har kuni 5—10 daqiqani aynan oyoqlar parvarishiga ajrating. Buning uchun sizdan ko‘p narsa talab qilinmaydi, oyoqlarga mo‘ljallangan krem bilan oyoq va tovonni uqalang, toki krem singib ketsin. Bunday uqalash ham terini yumshatadi, ham qon aylanishini yaxshilaydi.
Agar tovoningiz bilan bir paytda tirsagingiz ham qurib qolishni boshlasa, darrov shifokor ko‘rigiga shoshiling, chunki bu ikki a’zongiz buyragingizda muammo borligidan ogohlantirayati. Zamona zayliga moslashib, pedikyur paypoqlaridan foydalanishni odat qiling. Bunday paypoqlar ishingizni osonlashtiradi. Paypoqni ma’lum vaqt kiyib yursangiz kifoya, qarabsizki natijasi ko‘zni quvnatadi. Yoki avtomatlashtirilgan kupiktoshdan bittagina sotib oling, batareyalarini almashtirib tursangiz, uzoq yillar beminnat xizmat qiladi.

Оставьте комментарий