Xadija binti Xuvaylid

DO`STLARGA ULASHING:

Hazrati Hadicha (roziyallohu anho) Rasululohning (sollallohu alayhi va sallam) ilk zavjalari, imon keltirib, «mo‘minlar onasi» sharafini olgan birinchi musulmon ayoldir. Hazrati Hadicha islomiy da’vatning boshlanishida Payg‘ambarimizga dalda va ko‘makchi bo‘ldi va bu da’vatning sobitlik bilan yoyilishiga yordam berdi. Bu ayol Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) Qosim, Abdulloh (Toyyib yoki Tohir), Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum va Fotima ismli farzandlarining volidai mukarramasidir. Otalari Huvaylid ibn Asad ibn Qusayy ibn Abduluzza, onalari Zaida ibn Asommning qizi Fotima edi.
Asommning to‘liq ismi sharifi Jundub ibn Harm ibn Ravoha ibn Hojar ibn Abd ibi Mois ibn Amir ibn Liay ibn G’olib ibn Fihrdir.
Hazrati Hadicha hijratdan taxminan 68 yil, «Fil voqea»sidan o‘n besh yil oldin sharafli va xayrli oilada dunyoga keldilar. Yoshliklaridan yuksak va go‘zal axloq egasi qilib tarbiyalandilar. Odobli va oqila bo‘lganlari uchun uni «Tohira» (ozoda, pokiza) deb chaqirar edilar.
Otalari Huvaylid Fijor jangidan oldin vafot etdi. Shu sababli marhumning oilasidaga barcha ishlarni Hadichaning amakisi Amr ibn Asad o‘z zimmasiga oldi.
Ilk turmush qurishlari
Yillar o‘tdi. Hadicha o‘sib ulg‘aydi. Sharafli nasab va yuksak odob-axloqqa ega bo‘lgani uchun ko‘p joylardan sovchilar kelar edi. Hadicha Qusay ibn Abduddor o‘g‘illarining ittifoqchisi Tamim qabilasidan Abu Xola ibn Zurora bilan turmush qurdi. Xola va Hind ismli ikki farzand ko‘rdilar. Johiliyat davrida «Ummu Hind» (Hindning onasi) deb kunya olgan edilar. Hind uzoq umr ko‘rdi. Hazrati Payg‘ambarning (sollallohu alayhi va sallam) saodatli zamonlariga yetishdi va musulmon bo‘ldi. Hazrati Alining (karramallohu vajhahu) xalifalik davrlarigacha yashadi. Jamal jangida shahid bo‘ldi.
Abu Xola vafot etgach, Hadicha Mahzum qabilasidan Otiq ibn Oiz Abdulloh ibn Umar ibn Mahzum bilan oila qurdilar. Lekin ular o‘rtasidagi bu turmush uzoq davom etmadi.
Shundan so‘ng Hadicha boshqa turmushga chiqmay, farzand tarbiyasi va tijorat ishlari bilan mannul bo‘ldilar.
Savdo safari
Hadichaning sarmoyalari juda katta bo‘lib, tijoriy ishlari to Shomga qadar yoyilgan edi. Shu sababli karvonga boshchilik qiladigan ishonchli va halol bir kishini axtarardi. Bu davrga kelib, Abdulloh o‘g‘li Muhammad al-Aminning to‘g‘riso‘z va ishonchli odam ekani butun Makkada ovoza bo‘lib ketgan edi.
Hadicha Maysara ismli qulini o‘zining savdo karvoniga boshchilik qilish taklifi bilan Muhammad al-Aminning uyiga yubordi. Aminus sodiq bu taklifga rozilik bildirdilar.
Karvon Shom safariga jo‘nab ketdi. Hadicha esa ularni intizorlik bilan kutib, Makkada qoldi.
Bir kuni Maysara xojasi huzuriga yugurib kirdi. Hadicha karvonning eson-omon qaytganini ko‘rib, behad quvondilar. Maysara bu galgi savdo har doimgidan ko‘ra barakotliroq bo‘lganini va safar davomida sodir bo‘lgan bir qancha hayratli voqealarni gapirib berdi. Muhammad al-Aminning go‘zal axloqlari ta’rifini eshitib, Hadichaning bu insonga mehr-muhabbati yanada kuchaydi.
Xayrli turmush
Muhammad al-Amin Hadichaning o‘y-xayollarini butunlay band qilgan edi. «Ajabo, mening yoshim qirq yoshda. Muhammad al-Aminning yoshi yigirma beshda. Men bilan oila qurishga rozi bo‘larmikan?» degan savol Hadichaga sira tinchlik bermasdi.
Ana shunday kunlarning birida Hadichaning huzuriga dugonasi Nafisa binti Munya kirib keldi. Nafisa dugonasini qiynayotgan savoldan boxabar bo‘lgach, unga tasalli berdi. Ikkalasi ancha vaqt gaplashib o‘tirdilar. Nafisa dugonasining huzuridan chiqib, to‘g‘ri Muhammad al-Aminning oldiga bordi. Salom berganidan so‘sh, unga:
— Yo Muhammad, sening uylanishingga nima to‘sqinlik qilyapti? — deya savol berdi.
Muhammad ul-Amin:
— Buning uchun qo‘limda yetarli bisotim yo‘q, — dedilar. Nafisa kulimsiradi va sekingina shunday dedi:
— Agar ehtiyojing qondirilsa, davlatga, go‘zallik va sharaf egasi bo‘lgan aqlli ayol tomonidan taklif bo‘lsa, ijobat etasanmi?
Muhammad al-Amin:
— Kim u? — deya so‘radilar.
— Huvaylidning qizi Hadicha…
— Agar u rozilik bersa, men ham qabul qilaman.
Nafisa darhol yo‘lga tushdi. Muhammad al-Amininng xayrli taklifga rozi ekanini aytish uchun Hadichaning huzuriga qushdek uchib ketdi. Bu xushxabarni eshitganida Hadichaning ham quvonchi cheksiz edi. Alloh taoloning unga ehson etgan baxt, qalbidaga pok orzulari ijobatning shuqronasi uchun faqirlarga xayr-ehsonlar qildi.
Muhammad al-Aminning amakilari Abu Tolib, Hamza va Abbos Hadicha binti Huvaylidning uyiga sovchi bo‘lib bordilar. Hadichaning amakisi Amr ibn Asad bilan maslahatlashib, Muhammad va Hadichaning nikoh marosimi uchun bir kunni tayin qildilar. Bu xabar butun Makka ahlining qulog‘iga yetib bordi. Nikoh kuni eng avval Abu Tolib so‘zga chiqib, marosimni ochdi:
— Bizlarni Ibrohimning zurriyotidan, Ismoilning naslidan etgan, bizlarni Baytning qo‘riqchilari, Haramning idorachilari, insonlarning hakami qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin. Bu mening birodarimning o‘g‘li Muhammad ibn Abdullohdir. U odob-axloq, fazilat va aqlda barcha kishilardan ustundir. To‘g‘ri, uning» davlati oz, lekin bu kamchilik hisoblanmaydi. Mol-dunyo har nafasda yo‘qolishga mahkum bir soyaga, qaytarib olish sharti bilan berilgan bir omonatga o‘xshaydi. Jiyanimning Hadicha binti Huvaylidga nisbatan rag‘bati bor. Hadicha ham u haqda ayni shu fikrdadir…»
Abu Tolibdan so‘ng Hadichaning amakisi Amr ibn Asad so‘zga chikdi. Muhammad al-Amin va uning oila a’zolariga tashakkur va salomlarini aytdi. Birodarining suyukli qizi Hadicha bilan Muhammad al-Amnining oila qurishlarini quvonch bilan qabul etganini e’lon kildi. Yigirmata tuya kiymatida mahr belgilandi. Kelinning uyida dasturxonlar yozildi, qurbonliklar so‘yilib, Makka faqirlariga tarqatildi. Shunday qilib, Hadicha binti Huvaylid Muhammad al-Aminga zavja bo‘ldi.
Hadicha Kuraysh yigitlarining eng go‘zali va eng fazilatlisi bilan turmush qurganidan juda baxtiyor edi.
Bizga ma’lumki, bu xayrli nikohdan olti farzaid: Kosim, Zaynab, Ruqayya, UmmuGulsum, Fotima va Abdulloh tug‘ildilar.
Imon keltirgan ilk inson
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) nubuvvat tushishidan oldin, har yili bir oy davomida Makkadagi hayotdan uzoqlashib, Hiro g‘orida toat-ibodat bilan mashg‘ul bo‘lar edilar. Tog‘dan tushgach, Ka’bani tavof kilib, uyga qaytardilar.
Bir kuni Rasuli Akram butun vujudlari titrab uyga kirib keldilar va Hadicha onamizga:
— Meni o‘rab qo‘ying, meni o‘rab qo‘ying, — dedilar. Hadicha nima voqea yuz berganini so‘raganlarida:
— Yo Hadicha, o‘zimdan qo‘rqdim, — dedilar. Suyukli zavjalari esa e’timod va ishonch bilan:
— Yo‘q, Alloh sizni hech qachon sharmanda qilmaydi. Sabr qiling, balki bu hodisa bir xushxabardir. Chunki sizning to‘g‘riso‘z va halol inson ekaningiz hammaga ma’lum. Umid qilamanki, siz bu ummatga payg‘ambar bo‘lasiz, — dedilar. So‘ngra maslahat so‘rab, amakivachchalari Varaqa ibn Navfal huzuriga bordilar. Varaqa Rasulullohdan (sollallolohu alayhi va sallam) voqea tafsilotini eshitgach:
— Muborak bo‘lsin, ey Muhammad. Bu Musoga (alayhissalom) tushgan faringga Nomusdir. Muhaqqaq sen bu ummatning payg‘ambari bo‘libsan, — deya nido qildi.
Bu xushxabarni eshitgan Hadicha darhol imon keltirdi. Allohga va uning Rasuliga imon keltirgan, Alloh oyatlarini tasdiqlagan ilk inson va ilk musulmon ayol Hazrati Hadicha binti Huvaylid bo‘ldilar. Rasuli Akramni (alayhissalom) eng qiyin vaziyatlarda qo‘llab-quvvatlagan, mashaqqatlarga to‘la hayotida doimo Alloh Rasulining yonidan ayrilmagan ayol ham Hazrati Hadicha edilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):
— Yo Hadicha, olamlarning Robbisi Alloh taolodan Jabroil (alayhissalom) senga salom keltiryapti, — dedilar. Hadicha(roziyallohu anho):
— Salom Allohga bo‘lsin. Salom Undan keladi va Unga kaytadi, Jabroilga ham salom bo‘lsin, — dedilar. Shu kundan e’tiboran Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) barakotlar va mashaqqatlarga to‘la bo‘lgan yangi bir hayotni boshladilar.
So‘nggi oylar
Hazrati Hadicha (roziyallohu anho) og‘ir kasallikka chalinib, yotib qoldilar. O’limlari yaqin ekanini his etib turardilar. Bosh taraflarida qizlari — Zaynab, Fotima va Ummu Gulsum o‘tirishdi. To‘rtinchi qizlari Ruqayya esa Habashistonda edi.
Hazrati Hadicha Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) so‘nggi marta qaradilar. Mo‘minlar onasining nigohlarida sog‘inch va qayg‘u, ayriliq armoni mujassam edi. Biroq Rasullulloh (sollallohu alayhi va sallam) Hadicha onamizga jannatda birga bo‘lish mujdasini yetkazdilar (Hadid, 21).
Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) rahmat ko‘z yoshlari oqdi. Qalblari chuqur alam bilan to‘lib toshdi. Sabrli, mukofotlarni Allohdan kutguvchi mo‘mina ayollar bilan dardlashib Zaynab, Ummu Gulsum va Fotima ham unsiz yig‘ladilar.
Makka zamonasining sayyida ayoli Hadicha binti Huvaylid bilan vidolashdi (Fajr, 27-30).
Hazrati Hadicha (roziyallohu anho) va Abu Tolibning vafotlari bir yilda sodir bo‘ldi. Shu sababli Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu yilni «Qayg‘u yili» deb nomladilar.
Hazrati Hadicha (roziyallohu anho) hijratdan taxminan uch yil oldin, oltmish besh yoshlarida vafot etdilar. Hojun qabristoniga dafn etildilar. Butun quraysh qavmi Hazrati Hadichaga (roziyallohu anho) va Abu Tolibga aza ochdi. Alloh Hadicha onamizdan rozi bo‘lsin va uni ham oxirat ne’matlari bilan rozi etsin.
Nabiyning (alayhissalom) vafodorliklari
Hazrati Hadicha huzuri ilohiyga ketdi. Biroq uning xotirasi ulug‘ xonadon axdlari qalbida, barcha mo‘minlar yuragida boqiy qoldi.
Hazrati Hadichaning (roziyallohu anho) siymolari Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) ko‘z o‘ngidan hech ketmas edi. Bu haqda Hazrati Oyisha (roziyallohu anho) shunday deydilar: «Rasulullohni hech qaysi bir zavjalaridan Hadichadan rashk qilganimchalik qizg‘onmadim. Holbuki, uning davriga yetishmagan edim. Biroq Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uni ko‘p eslar edilar».
Hazrati Hadicha (roziyallohu anho) hayotlik paytlarida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) boshqa hech ayolga uylanmadilar.
Hovla binti Hakim:
— Hadicha binti Huvaylidning yo‘qligi bois yolg‘izlikni his qilayotganga o‘xshaysiz, yo Rasululloh! — deb so‘raganida:
— Vallohi, shunday. U uyimning sayyidasi, farzandlarimning onasi edi, — deya javob berdilar.
Hovla binti Hakim boshqa bir kishi bilan turmush qurishni taklif qilganida Rasuli Akram shunday dedilar:
— Hadichadan boshqa kimga uylana olaman?
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Hazrati Hadichani (roziyallohu anho) doimo eslar va shunday der edilar: «Insonlar meni inkor etganlarida, u menga imon keltirdi. Meni yolg‘onchilikda ayblaganlarida, u ishonch bildirdi. Insonlar meni mahrum etganlarida, mol-davlati bilan menga yordam berdi. Alloh menga boshka ayollarimdan bermagan farzandlarimni ehson etdi». Qachon bir qo‘y so‘yilsa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarga avvalo: «Hadichaning do‘stlarini to‘ydiring», der edilar.
Abdulloh ibn Abbos rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) yerga to‘rt chiziq chizdilar va bizdan so‘radilar:
— Bu nima, bilasizlarmi?
— Alloh va Rasuli yaxshiroq bilguchidir, — dedik.
— Olamlarning eng xayrli ayollari to‘rt kishidir: Maryam binti Imron, Fir’avnning xotini Osiyo binti Mazohim, Hazrati Hadicha binti Huvaylid va Fotima binti Muhammaddir, — dedilar.
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Hazrati Hadicha hayotlik davrida huzurlarita kelgan ayollardan birini ko‘rsalar, chehralari ochilib, sevinar edilar. Sahobalarga: «Uni ikrom kiling, Hadicha uni sevardi», deb aytar edilar.
Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) vafodor zavja bo‘lgan, muttaqiy va karima ayol Hazrati Hadicha onamizni Alloh rahmat aylagan bo‘lsin. Omin.
 «Qahramon mo’mina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.
Tavallud topishlari va Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqishlari
Xadicha binti Xuvaylid ibn Abduluzzo ibn Qusoy Qarashiyya, Asadiyya «Fil voqeasi»dan o‘n besh yil ilgari Makkada e’tiborli oilada tavallud topgan. U kishi (bizning diyorlarda Hadicha deb atalsa-da, asli ismlari Xadiyjadir) Qurayshning oldi qizlaridan bo‘lgan. O‘sha vaqtdagi urf bo‘yicha fozila qiz tarbiyalab yetishtirish uchun nima zarur bo‘lsa, Xadicha binti Xuvaylid uchun ham barchasi muhayyo qilindi. Uni o‘n besh yoshida turmushga chiqarishdi.
Kelinchak eri Abu Hola ibn Zirora at-Tamimiyni o‘sha vaqtdagi erkaklar ichida eng yuqori maqomlardan birini olishi uchun jon-jahdi bilan tirishib, tinim bilmay harakat qildi. Xadicha binti Xuvaylid o‘z oilasi yurtda eng obro‘li oila bo‘lishini, o‘zi ayollarning sarasi, eri erkaklarning peshvosi bo‘lishini juda-juda xohlar edi. Ammo bu urinishlarning barchasi puchga chiqdi. Xadicha binti Xuvaylid har qancha urinmasin, niyatiga yetisha olmadi. Eri Abu Hola qazo qilgach, shon-sharafli oila qilish niyatida kuyib-yonayotgan yosh kelinchak beva qoldi. Xadicha binti Xuvaylidga o‘xshagan oqila, fozila ayollar ko‘pchilikning e’tiboridan chetda qolishi mumkin emas edi. Qurayshning ashrafidan bo‘lmish Atiq ibn Obid ibn Abdulloh al-Maxzumiy Xadicha binti Xuvaylidga sovchi qo‘ydi. Ikkinchi taraf rozi bo‘ldi. Xadicha binti Xuvaylid ikkinchi eridan farzand ham ko‘rdi. Ammo oilaviy ishlari ko‘ngildagidek bo‘lmay, oila buzildi. Shunga qaramay, Xadicha binti Xuvaylid ersiz, o‘zi yolg‘iz holida Quraysh ayollari ichida eng obro‘li ayol bo‘lishga erishdi. Yigirma besh yoshlarida Quraysh ayollarining sayyidasi bo‘ldi. Alloh taolo Xadicha binti Xuvaylidga ko‘pgina yaxshi sifatlarni in’om qilgan edi. U kishi oliyhimmat, hassos tabiatli, keng ufqli, dindor va pokiza ayol edilar. Xadicha binti Xuvaylid quraysh ayollari ichida «Tohira» laqabini olgan edi. Xadicha binti Xuvaylidning Varaqa ibn Navfal ismli amakivachchasi bor edi. U eski diniy kitoblardan xabardor bo‘lib, juda ko‘p narsalarni bilar va odamlarga aytib berar edi. Xadicha binti Xuvaylid o‘sha amakivachchasi bilan suhbatlashishni yoqtirar va Varaqadan din haqida eshitganida qalbini ajoyib bir hislar qamrab olar edi. U bir kecha tush ko‘rdi. Tushida hovlisiga katta bir quyosh tushib, o‘rnashganmish. U hovlining hamma tomonini ziyo va chiroyga to‘ldirganmish-da, o‘sha quyosh bu hovlidan turib, hamma yoqqa ziyo sochayotgan emish. Cho‘chib uyg‘onsa, tushi ekan. Hamma yoq qop-qorong‘u tun bo‘lsa-da, uning qalbi haligi quyosh ziyosi ila ravshan holda qolgan edi. Erta bilan Xadicha binti Xuvaylid amakivachchasi Varaqa ibn Navfalnikiga yo‘l oldi. U amakivachchasiga ko‘rgan tushini boshdan-oyoq so‘zladi. Varaqa ibn Navfal amakisining qizini diqqat bilan tingladi. U bu tushning ta’birini yaxshi bilar va ahamiyatini undan ham yaxshi anglar edi. Xadicha binti Xuvaylid tushini aytib bo‘lishi bilan Varaqaning vujudini quvonch qopladi. U viqor va sevinch bilan: «Ey amakimning qizi! Suyunchi ber! Agar Alloh tushingni o‘ngidan keltiradigan bo‘lsa, hovlingga nubuvvat ziyosi kiradigan bo‘libdi! U yerdan nabiylar xotamining fayzi jo‘sh uradigan bo‘libdi!» dedi. Samoviy kitoblarni yaxshi biladigan mo‘‘tabar bir odamdan bu gaplarni eshitib, Xadicha binti Xuvaylidning butun vujudini ajoyib bir his qamrab oldi. U Varaqadan nabiylarning Xotami va uning sifatlari haqida so‘radi. U o‘z savollariga berilgan javoblarning har bir so‘zini butun vujudiga singdirib borar edi. O‘sha kundan u o‘zi ko‘rgan tush ta’sirida yashadi. Nabiylarning xotami va uning sifatlari bir lahzaga ham uning xayolidan ko‘tarilmas edi. U Alloh taolodan u tushini o‘ngidan kelishini so‘rar edi. O‘z hovlisidan nubuvvat ziyosi taralishi ishqida kuyardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, o‘sha tushni ko‘rgan kunidan boshlab, o‘ziga sovchi qo‘ygan erkaklarning sifatlarini so‘rab-surishtirish odatini chiqardi. U o‘ziga sovchi qo‘ygan har bir erkakning sifatlarini Varaqa ibn Navfaldan o‘zi eshitgan Nabiylar xotami sifatlariga taqqoslab ko‘rar edi. Mazkur sifatlarga to‘g‘ri kelmas, u sovchilarga uzr aytar edi. Shundoq qilib, kunlar, haftalar, oylar, yillar o‘taverdi. Quraysh ayollarining Ka’ba oldida to‘planib o‘tkazadigan marosimlari bor edi. O‘sha marosim kunlarining birida Xadicha binti Xuvaylid haramga bordi. Baytni tavof qildi. O‘z tilaklariga yetkazishini Alloh taolodan so‘rab ixlos ila uzoq duo qildi. So‘ngra Ka’baning yaqinida gaplashib o‘tirgan ayollar oldiga borib o‘tirdi. Shu payt bir ovoz gaplashayotgan ayollarning gapini bo‘ldi. Bir kishi baland ovoz bilan: «Ey Quraysh ayollari!» deb baqirardi. Ayollar gapdan to‘xtab, unga qarashdi. U gapida davom etib: «Ey Quraysh ayollari! Yaqinda ichingizdan nabiy chiqajak! Sizlardan kim unga umr yo‘ldoshi bo‘lay desa, fursatni qo‘ldan qochirmasin!» derdi. Ayollar haligi odamni jinni deb o‘ylashdi. Ba’zilar uni tosh otib quvdi. Yana birlari qarg‘adi. Ammo Xadicha binti Xuvaylidning yuragi xapriqib ketdi. Nabiylar xotami haqida bilganlariga bu odamning gapi ham qo‘shilgan edi. U o‘zi kutayotgan saodatli onlar yaqinlashib qolganini his etgandek edi. Ibn Sayyidinnas rahmatullohi alayhi «Uyuunul asar fii fununil mag‘oziy vash shamoil vassiyar» nomli kitobida bunday hikoya qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yigirma besh yoshga yetganlarida, Makkada u Zotni amin nomidan boshqa nom ila atamaydigan vaqtlarida Abu Tolib u kishiga: «Ey jiyanim, men mol-dunyosi yo‘q odamman. Zamon biz uchun qiyinlashdi. Boshimizga og‘ir yillar keldi. Bizning esa biror narsamiz ham, tijoratimiz ham yo‘q. Qavmingning karvoni Shomga boradigan vaqt bo‘lib qoldi. Xadicha binti Xuvaylid qavmning erkaklarini o‘z karvoni ila yuboradi. Ular uning tijoratini qilib keladilar va o‘zlariga manfaat oladilar. Sen borib unga o‘z xizmatingni taqdim qilsang, yaxshi bo‘lar edi. U ham jon deb rozi bo‘lardi. Sening pokliging haqida unga ham xabar yetgan bo‘lsa kerak. Aslida-ku, men sening Shomga borishingga qarshiman. Yahudiylar senga biror narsa qilishlaridan qo‘rqaman. Ammo boshqa ilojimiz yo‘q», dedi.
Xadicha binti Xuvaylid sharafli, boy-badavlat va tohira ayol edi. U o‘z karvonini Shomga yuborar edi. Uning tijorati bir karvon bo‘lsa, qolgan qurayshliklarning tijorati ham bir karvon bo‘lar edi. Xadicha binti Xuvaylid o‘z tijorati uchun erkaklarni yollar edi va ularga muzoraba ila mol berar edi. Qurayshliklar tojir odamlar edilar. Kimning tijorati bo‘lmasa, hech narsasi bo‘lmas edi.
Shunda u Zot:
«Ehtimol, uning o‘zi menga odam yuborib qolar», dedilar. Bu gapni eshitgan Abu Tolib:
«Men sendan boshqasi ilib ketarmikan, deb qo‘rqaman», dedi.
Ikkovlarining orasida bo‘lib o‘tgan bu gap Xadicha binti Xuvaylidga yetib bordi. Bundan oldin u Zotning rostgo‘yliklari, omonatdorliklari va xushxulqlari haqidagi xabarlar ham yetib borgan edi.
Mazkur gapni eshitgan Xadicha binti Xuvaylid:
«Men uning xohishidan bexabar ekanman», dedi-da, u Zotning oldilariga odam yuborib:
«Men oldingga odam yuborishimga rostgo‘yliging, omonatdorliging va xushxulqliging sabab bo‘ldi. Men senga qavmingning odamlariga beradigan ish haqining ikki barobarini beraman», dedi.
U Zot rozi bo‘ldilar va Abu Tolibning oldiga borib xabar berdilar. Shunda u:
«Bu Alloh senga yuborgan rizqdir», dedi.
Bas, u Zot Xadicha binti Xuvaylidning g‘ulomi Maysara ila yo‘lga chiqib, Shomga bordilar. U kishining amakilari karvondagilarga u Zotga ehtiyot bo‘lishlarini tayinlab qo‘yishgan edi. Shomga yetib borilganda ikkovlari Nesturo ism­li rohibning ibodatxonasi yaqinidagi daraxt tagidan joy oldilar. Rohib Maysara bilan tanish edi. U g‘ulomga:
«Ey Maysara! Anavi daraxt tagidagi odam kim?» dedi.
«Qurayshlik, haram ahlidan bir odam», dedi Maysara.
«Ushbu daraxt tagidagi nabiydir. Uning ko‘zida qizillik bormi?» dedi rohib.
«Ha, hech ketmaydi», dedi Maysara.
«Xuddi o‘zi. U – anbiyolarning oxirgisi. Qani endi uni chiqishga amr qilinganda u bilan bo‘lsam…» dedi rohib.
Maysara bu gapni eshitib, g‘oyat ajablandi.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Busro bozoriga bordilar. O‘zlari olib kelgan narsalarni sotdilar. Kerakligini sotib oldilar. U Zot bilan bir odam orasida bir savdo moli haqida gap chiqdi. Haligi odam:
«Lot va Uzzo ila qasam!» dedi.
Shunda u Zot:
«Men hech qachon bu ikkisi ila qasam ichmaganman. Men ketdim», dedilar-da, yuz o‘girib ketdilar.
«Sening gaping – gap», dedi haligi odam va Maysaraga qarab:
«Ey Maysara! Bu – Payg‘ambar! Bizning rohiblarimiz uning sifatlarini o‘z kitoblaridan topishgan!» dedi.
Maysara bu gapdan ham g‘oyat ta’sirlandi.
So‘ngra karvondagilarning barchasi ortga qayt­dilar.
Maysara quyosh qizdirgan paytda tuya ustida ketayotgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ikki farishta soya solib turganini ko‘rdi. Alloh taolo Maysaraning ko‘ngliga u Zotning muhabbatlarini solib qo‘ygan edi. U o‘zini xuddi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qullaridek tutar edi. Ular o‘z tijoratlarini qilib, odatdagidan ko‘ra ikki marta ko‘p foyda ko‘rdilar. Qaytayotib Marriz-zahronga yetganlarida Maysara:
«Men oldinroq borib, Alloh Xadichaga sen tufayli bergan narsalarning xabarini yetkazay», dedi».
O‘sha tijoriy safardan kelgan Xadichaning xizmatkori Maysara bor ko‘rgan-bilganlarini xojasiga xabar qildi. Shundan keyin o‘tkir aql egasi Xadicha binti Xuvaylid Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam oddiy odam emasligini sezib qoldilar. U Zotdagi to‘g‘rilik, sadoqat, halollik, xayr-baraka va boshqa xislatlar Xadichani o‘ziga rom etgan edi.
Buning ustiga xizmatkorlari Maysara safar davomida Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdan ko‘rgan aql bovar qilmaydigan holatlarini aytib berdi.
Xadicha binti Xuvaylid o‘z g‘ulomi Maysaradan eshitganlarini Varaqa ibn Navfalga aytib berdi.
Varaqa: «Agar shu gaplar haq bo‘lsa, albatta, Muhammad ushbu ummatning Payg‘ambaridir. Men shundoq bo‘lishini bilar edim», dedi.
Makkaning ko‘plab a’yonlarining sovchilarini qaytargan Xadicha shundan so‘ng Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga turmushga chiqishni niyat qildi.
Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi «Tabaqot» nomli kitobida Nafisa binti Munayyadan rivoyat qiladilar:
«Xadicha binti Xuvaylid azmu qarorli, kuch-quvvatli, sharafli ayol edi. Alloh taolo unga karam va xayr-barakani ham ato qilgan edi. U o‘sha paytda Qurayshning eng nasabi yaxshi va sharafi ulug‘ ayoli edi. Uning qavmining barchasi, uddasidan chiqsa, uni o‘z nikohiga olish payida edilar. Ular unga sovchilar qo‘yib, molu mulklar sarflagan edilar.
Xadicha binti Xuvaylid bir kuni meni Muhammadning oldiga uning karvoni ila Shomdan qaytib kelganidan so‘ng kishi bilmas yubordi. Men borib:
«Ey Muhammad, sening uylanishingga nima monelik qiladi?» dedim.
«Uylanish uchun qo‘limda hech narsa yo‘q», dedi.
«O‘sha narsadan kifoyalansang va jamol, mol, sharaf va o‘z tengingga da’vat qilinsang, xo‘p deysanmi?» dedim.
«Kim o‘zi u?» dedi.
«Xadicha», dedim.
«Bu ishni qandoq qila olaman?» dedi.
«Bu yog‘ini menga qo‘yib ber», dedim.
Bas, borib xabarni yetkazdim. Xadicha binti Xuvaylid u kishiga odam yuborib, falon soatda kel, dedi. Shuningdek, amakisi Amr ibn Asadga ham odam yubordi. U o‘z jiyanining nikohiga hozir bo‘ldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham o‘z amakilari bilan kirdilar. Ulardan biri u kishini nikohlab qo‘ydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga uylanganlarida yigirma besh yoshda edilar. O‘sha kunlari Xadicha qirq yoshda edi. U «Fil voqeasi»dan o‘n besh yil oldin tavallud topgan edi».
O‘sha kuni Xadicha binti Xuvaylidning uyida Bani Hoshimning kattalaridan anchagina odam hozir bo‘lgandi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga u kishining amakilari Abu Tolib, Hamza, Abbos, u kishining og‘aynilaridan Abu Bakr, Ammor ibn Yasir va boshqalar kelgan edilar.
Xadicha binti Xuvaylid tomonidan amakisining o‘g‘li Varaqa ibn Navfal, akasining o‘g‘li Hakim ibn Hizom va boshqalar bor edi.
Erkaklar bilan birga bir necha ayollar, jumladan, Sofiya binti Abdulmuttolib, Otika binti Abdulmuttolib ham bor edi.
Abul Abbos al-Mubarrad rahmatullohi alayhi va boshqa tarixchilarimiz rivoyat qilishlaricha, o‘sha paytning odati bo‘yicha, munosib vaqti bo‘lganda Abu Tolib xutba qilib, quyidagilarni aytdi:
«Bizni Ibrohimning zurriyotidan, Ismoilning ziroatidan, Ma’dning aslidan, Muzarning unsuridan qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin.
U Zot bizni O‘z baytining xazinadori, haramining siyosatdoni qildi.
U Zot bizga hijobli baytni, omonli haramni berdi va bizlarni odamlar ustidan hokim qildi.
Ammo ba’d, ukamning o‘g‘li Muhammad ibn Abdullohni qaysi odam bilan o‘lchovga qo‘yilsa, albatta, u o‘zgalardan yaxshilikda ham, fazlda ham, sharafda ham, aqlda ham va ulug‘likda ham ustun keladi.
Agar moli oz bo‘lsa, albatta, mol soya kabi o‘tkinchi narsadir, to‘skuvchi narsadir, qaytarib olinadigan qarzdir.
Muhammadning qarobatini o‘zingiz yaxshi bilasiz. U Xadicha binti Xuvaylidga sovchilik qildi. Unga mahriga mening molimdan ertasiyu kechi bo‘lib, o‘n ikki yarim uvqiya tillo berdi. Allohga qasamki, bundan so‘ng uning ishi ulug‘ bo‘lur va sha’ni buyuk bo‘lur», dedi».
Abu Tolib xutbasini tamom qilganidan so‘ng Varaqa ibn Navfal so‘zladi:
«Bizni sen aytib o‘tgandek qilib qo‘ygan, sen sanab o‘tganlardan afzalroq Allohga hamd bo‘lsin. Biz arablarning ulug‘lari va rahbarlarimiz. Sizlar u narsalarga ahlsizlar. Sizlarning fazlingizni biror urug‘ inkor qilmaydi. Odamlardan birortasi sizlarning faxringiz va sharafingizni rad etmaydi. Biz sizlarning arqoningiz va sharafingizga bog‘lanishga rag‘bat qildik.
Ey Quraysh jamoasi, menga guvoh bo‘linglar, men Xadicha binti Xuvaylidni Muhammad ibn Abdullohga to‘rt yuz dinor mahr ila nikohladim», dedi va sukut saqladi.
Shunda Abu Tolib:
«Men kelinning amakisi ham senga sherik bo‘lishini istardim», dedi.
So‘ng Xadicha binti Xuvaylidning amakisi turib:
«Menga guvoh bo‘linglar, ey Quraysh jamoasi, men Muhammad ibn Abdullohga Xadicha binti Xuvaylidni nikohlab berdim», dedi.
Quraysh ulug‘lari bunga guvoh bo‘ldilar».
Muhammad solallohu alayhi vasallam to‘y kuni tuya so‘yib, odamlarga taom tarqatdilar.
«As-Siyra al-Halabiyya» kitobining sohibi yozishlaricha:
«O‘sha kuni Xadicha binti Xuvaylidning joriya­lari ham duff (doira) chalib, o‘yin qilishgan. U kishi o‘z umr yo‘ldoshlariga, amakingga ayt, tuya so‘ysin, odamlarga taom beringlar. Keyin ahlingning oldiga kel, degan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytilgan ishlarni qilib, ahllari oldiga kirganlar.
Abu Tolib bu nikohdan behad shod bo‘ldi va:
«Bizdan g‘amni ketkazgan, qayg‘uni daf qilgan Allohga hamd bo‘lsin», dedi.
Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning birinchi to‘y qilishlari edi».
Islomga kirishlari
To‘ydan keyin saodat to‘la oilaviy turmush boshlandi. Hamma narsa bir-biriga munosib edi. Yashash joyida eru xotindan boshqa kishilar ham bor edi. Xadicha binti Xuvaylidning avvalgi eridan bo‘lgan Hind ismli o‘g‘li bor edi. U Zot Hindni doimo yaxshi muomalalari bilan o‘zlariga rom etdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari ham yangi yashash joylariga o‘z cho‘rilari Ummu Aymanni birga olib kelgan edilar. Bu cho‘rining asl ismi Baraka Habashiya edi.
U yangi joyda avvalgidan ham yaxshi istiqomat qila boshladi. Bundan tashqari, onasi bilan Toy qabilasidagi tog‘alarinikiga ziyoratga borganida, ustilariga arab qabilalaridan biri bostirib kelib asir olgan va Makkaga keltirilganida Hakim ibn Hizom sotib olib, ammasi Xadicha binti Xuvaylid xonimga sovg‘a qilgan Zayd ibn Horisa ismli g‘ulom ham bor edi. Zaydni ham juda yaxshi qabul qildilar. Xadicha binti Xuvaylid turmush yo‘ldoshlarini nihoyatda sevar va hurmat qilar edilar. Bu sevgi va hurmat kun sayin ortib, mustahkamlanib borar edi. U kishi erlarining xotirjamligi, rohat-istirohati uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni muhayyo qilishga tinimsiz harakat qilar edilar. Bu farosatli va zakovatli ayol kelajakda ulug‘ ishlar qilishi kutilayotgan umr yo‘ldoshi uchun har narsaga tayyor edi. U erining xursandchiligi yo‘lida o‘zining rohat-farog‘atidan, imtiyozlaridan, molu mulki va bor bisotidan kechishga, ularni eri uchun sarflashga har lahzada shay edi. Kunlarning birida er-xotin ko‘ngil suhbati qurib o‘tirar edilar. Birdan Xadicha binti Xuvaylidning cho‘risi kelib: «Xonim, Halima binti Abdulloh ibn Horis as-Sa’diya keldi. U huzurlaringizga kirmoqchi», dedi. Halimai Sa’diyaning ismlarini eshitishlari bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblari quvonchga to‘ldi. O‘zlarini emizib katta qilgan sut onalarini ko‘rish baxtiga erishayotganlaridan mamnun bo‘ldilar. Xadicha binti Xuvaylid eri bu mehmon ayol haqida doimo ehtirom va e’zoz bilan gapirib yurishlarini yaxshi bilar edi. Erining emizgan onalarini peshvoz chiqib kutib oldi. Ikki ayol ichkariga kirayotganlarida u Zot: «Onajon! Onajon!» deb peshvoz chiqdilar. Ridolarini to‘shab, ustiga Halimai Sa’diyani o‘tkazdilar. U Zot juda ham masrur edilar. Yuzlari, ko‘zlari, butun vujudlarida quvonch balqib turardi. Ko‘rishib bo‘lgach, u Zot Halimai Sa’diyadan ko‘ngil so‘ray boshlagan edilar, ayolning yuzi jiddiylashdi. O‘z qabilasi Bani Sa’dning yerlarida qurg‘oqchilik hukm surayotgani, hayot kechirish qi­yin bo‘lib qolgani haqida shikoyat qildi. Kambag‘allik va nochorlikdan nolidi. Bu gaplar Xadicha binti Xuvaylidga ma’lum bo‘lgach, u kishi uzoq o‘ylab o‘tirmay mehmonni xursand qilishga kirishdi. Unga qirqta qo‘y, suvchi tuya va o‘z yerlariga yetib olguncha yetadigan narsalarni tortiq qildi. Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining saxiy va xotamtoy ayollarining bu sovg‘alarini sut onalariga mamnuniyat ila topshirdilar. Vaqt o‘tishi bilan oilaning o‘zaro inoqligi, undagi baxt-saodat ham mustahkamlanib borar edi. Xadicha binti Xuvaylid homilador bo‘lganida hammalari cheksiz quvondilar. U Zotning birinchi o‘g‘li Qosim ko‘p o‘tmay nobud bo‘ldi. Keyin yana homila bo‘ldi. Yana o‘g‘il tug‘ildi. Yana quvondilar. Unga «Abdulloh» deb ism qo‘ydilar. Ammo bu farzand ham uzoq yashamadi. Xadicha binti Xuvaylid qiz farzand ko‘rdilar. Er-xotin ko‘zlari quvonchi bo‘lgan bu jajji mehmonga «Zaynab» deb ism qo‘ydilar.
Zaynab bir yoshga to‘lganda singillik bo‘ldi. Baxtiyor ota-ona ikkinchi qizlariga Ruqayya ismini berdilar. Bolalar oilaga cheksiz baxt, quvonch va qut-baraka olib keldilar.
Keyinroq uchinchi qiz tug‘ildi – Ummu Kulsum.
Bu ajoyib oilaga Alloh taolo nihoyat to‘rtinchi kenja qizni ato etdi. Istarali bu qizchaga ota-onasi «Fotima» deb ism qo‘ydilar.
Alloh taoloning faqat O‘zigagina ma’lum hikmatlarga ko‘ra, ularning o‘g‘il farzandlari turmadi. Ammo o‘sha paytdagi jamiyatda o‘g‘il farzand alohida e’tiborga sazovor edi. Shu bois bu zakovatli xonim o‘z erining ko‘nglini olish uchun barcha choralarni ko‘rib, o‘z jufti haloli Muhammad ibn Abdullohning bu boradagi o‘ksinishlarini ham bartaraf qilmoqchi bo‘ldi. O‘ylab-o‘ylab, o‘zining eng afzal quli Zayddan yaxshiroq sovg‘a bo‘lishi mumkin emasligiga qanoat hosil qildi va uni o‘z turmush o‘rtog‘iga hadya etdi. Shu tariqa Zayd Muhammad ibn Abdulloh qaramog‘lariga o‘tdi.
Zaydning yangi xojasi juda yaxshi odam edi. Bosh­qa xo‘jayinlarga mutlaqo o‘xshamas edi. Hatto Zaydning otasi va amakisi kelib, uni olib ketmoqchi bo‘lganlarida ham u Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan qolishni ixtiyor etdi.
Shunda Muhammad ibn Abdulloh Zaydni qo‘lidan yetaklab Baytullohga olib chiqdilar va to‘g‘ri Ka’baning oldiga borib, Ismoil hijrida turdilar-da:
«Guvoh bo‘linglar! Zayd mening o‘g‘limdir. Men unga merosxo‘rman, u ham menga merosxo‘rdir», dedilar.
Zaydning u Zot huzurida qanchalik e’zoz-ikromga ega ekanini ko‘rgan ota va amakilari ko‘ngillari taskin topib, qaytib ketdilar.
Shundan boshlab, Zayd ibn Horisani «Zayd ibn Muhammad» deb chaqiriladigan bo‘ldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Tolib Qurayshga molu mulki bilan emas, aqli-zakovati bilan rahbar bo‘lgan edi. U Quraysh­dek katta va obro‘li qabilaning yo‘lboshchisi bo‘lsa ham, o‘zi kambag‘al yashar edi.
Abu Tolibning kambag‘alligi, ayniqsa, Makkada qahatchilik boshlanganida bilinib qoldi. U mashaqqatga uchrab bolalarini boqolmay va oila tebratolmay qoldi. Shunda uning qarindoshlari yordamga keldilar.
U Zot boshqa amakilariga Abu Tolibning bolalaridan ba’zilarini bo‘lib olishni taklif qildilar. Aqilni Abu Tolibning o‘ziga qoldirib, Ja’farni Abbos, Alini u Zot o‘zlari oldilar. Shunday qilib, Ali amakivachchasi Muhammad sollallohu alayhi vasallam va u Zotning zavjalari Xadicha binti Xuvaylidning qaramog‘larida hayot kechira boshladi. O‘sha vaqtda Ali endigina olti yoshga yetgan edilar.
Shu tariqa o‘g‘ilga mushtoq bu oila Zayd va Ali tufayli o‘g‘illi bo‘lib qoldilar.
Oila qurganlariga o‘n besh yil to‘lib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 40 yoshga yetganlarida esa yolg‘izlikni xohlab qoldilar. Makka atrofidagi tog‘lardan biridagi Hiro g‘origa kirib, bir necha kunlab «tahannus» ibodat qilardilar. Ya’ni yolg‘iz holda qolib, dunyo ishlari haqida, undagi razolatlarni yo‘qotish, haqiqatni, adolatni yuzaga chiqarish va boshqa fazilatlar to‘g‘risida fikr yuritdilar. Ba’zida uyga oziq-ovqat uchungina tushardilar yoki uni uydan keltirib berishardi.
Bu ham bo‘lsa, Alloh taolo tarafidan u Zotni Payg‘ambarlikka tayyorlash edi.
Bu haqda Imom Buxoriy Oisha roziyallohu anhodan quyidagilarni rivoyat qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga birinchi belgi bergan narsa uyqudagi haq tush bo‘ldi. U Zot qandoq tush ko‘rsalar, albatta, xuddi tong yorug‘idek aniq o‘ngidan kelar edi. So‘ngra u Zotga xoli qolish mahbub bo‘lib qoldi. Hiro g‘orida holi qolib ahllari oldiga tushishdan oldin bir necha kecha «tahannus» ibodati qilar edilar. Ya’ni o‘z ahliga qaytishdan oldin bir necha kechani ibodat ila o‘tkazar edilar. Buning uchun zodi rohila olvolar edilar. So‘ngra Xadichaning oldiga qaytib, yana o‘shanchaga yetarli zodi rohila olar edilar. U Zotga haq kelgunicha shundoq bo‘ldi. U Zot Hiro g‘orida ekanliklarida farishta kelib:
«O‘qi!» dedi.
«Men o‘quvchi emasman», dedilar.
U u Zotni tutib, o‘ziga tortdi. Hatto qiyinlik yetkazdi. So‘ngra qo‘yib yubordi va:
«O‘qi!» dedi.
«Men o‘quvchi emasman», dedilar.
U u Zotni ikkinchi marta tutib, o‘ziga tortdi. So‘ngra qo‘yib yubordi va:
«O‘qi! Yaratgan Robbing nomi bilan. U insonni alaqdan yaratdi. O‘qi! Va Robbing eng karamlidir!» dedi.
Bas, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘sha (oyat)lar ila qalblari titrab-qaqshab qaytdi va Xadicha binti Xuvaylidning oldiga kirdi va:
«Meni o‘rab qo‘yinglar! Meni o‘rab qo‘yinglar!» dedilar.
Bas, u Zotdan qo‘rqinch ketguncha o‘rab qo‘ydilar. Keyin u Zot Xadichaga xabarni ayta turib:
«O‘zimga bir narsa bo‘lmasa edi, deb qo‘rqdim», dedilar.
Shunda Xadicha:«Undoq emas! Allohga qasamki, Alloh sizni hech qachon sharmanda qilmaydi. Albatta, siz silai rahm qilursiz. Zaifga yordam berursiz. Odamlar qilmagan yaxshiliklarni qilasiz. Mehmonga ziyofat berasiz. Falokatga uchraganlarga yordam berasiz», dedi.
So‘ngra u Zotni olib, Varaqa ibn Navfal ibn Asad ibn Abduluzzoning (Xadichaning amakisining o‘g‘li) oldiga bordi. U johiliyat davrida nas­roniylikka kirgan odam edi. Ibroniy kitob yozar edi. Injildan ibroniychasiga Alloh yozishini xohlaganini yozar edi. U ko‘zi ojiz bo‘lib qolgan qari chol edi. Xadicha:
«Ey amakimning o‘g‘li! Birodaringizning o‘g‘lini bir tinglang!» dedi. Varaqa u Zotga:
«Ey birodarimning o‘g‘li, nima ko‘rmoqdasan?» dedi.
Shunda u Zot o‘zlari ko‘rgan narsaning xabarini aytib berdilar.
Varaqa u Zotga: «Bu Alloh Musoga nozil qilgan «Nomus»dir. Qani endi, seni qavming haydab chiqarganda baquvvat bo‘lsam edi! Qani endi, tirik bo‘lsam edi!..» dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Meni ular haydab chiqarurlarmi!?» dedilar.
«Ha! Qaysi bir kishi sen keltirgan narsani keltirsa, dushmanlikka uchraydi. Sening o‘sha kuningga yetsam, albatta, senga qo‘limdan kelgan yordamni berurman», dedi.
Ayni o‘sha vaqtda insoniyatni O‘z qo‘li bilan yaratib, uni go‘dakligidan turli sarkashliklariga, injiqliklariga va xatoyu adashishlariga qaramay, payg‘ambarlar yuborib, kitoblar nozil qilib, tarbiyalab olib kelayotgan Alloh taolo insoniyatning navbatdagi va eng katta adashuvidan keyin unga eng oxirgi Payg‘ambarni yuborishni, eng so‘nggi Kitobini nozil qilishni va eng so‘nggi, mukammal va doimiy shariatini joriy qilishni iroda etgan payt kelgan edi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hiro g‘orida «Iqro’!!! (O‘qi!!!) degan gulduros ovozni eshitdilar.
Ana o‘sha ovoz johiliyat zulmatini parchalash uchun Alloh taolo tomonidan tushirilgan so‘nmas yog‘duning birinchi shu’lasi – Qur’oni Karimning birinchi oyati edi.
Insoniyat tarixidagi eng nozik payt bo‘lgan o‘sha kezda u Zotning jonlariga oro kirgan birdan-bir inson u Zotning umr yo‘ldoshlari Xadicha binti Xuvaylid bo‘ldilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘rquvlarini bosgan kishi ham Xadicha binti Xuvaylid edi.
U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga u Zotning oliy sifatlarini eslatib, Alloh sizni hech qachon sharmanda qilmaydi, albatta, siz silai rahm qilursiz, zaifga yordam berursiz, odamlar qilmagan yaxshiliklarni qilasiz, mehmonga ziyofat berasiz, falokatga uchraganlarga yordam berasiz, deya tasalli berdilar.
U Zotni Varaqa ibn Navfalning oldiga yetaklab borib, oxiri zamon Payg‘ambari bo‘lganlari haqidagi xabarni eshittirgan kishi ham Xadicha binti Xuvaylid bo‘ldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga samodan kelgan risolatni qabul qilib olishlari uchun yetarli sharoit yaratgan kishi ham Xadicha binti Xuvaylid bo‘ldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Hiro g‘orida kelgan tarixiy xabarni komil ishonch, mus­tahkam iymon, ochiq qalbda xotirjamlik bilan kutib olgan kishi ham Xadicha binti Xuvaylid bo‘ldi.
Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anho birinchi bo‘lib Islomga kirdilar. U kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari bo‘lish bilan birga, Alloh taologa va Uning Rasuliga birinchi iymon keltirish sharafiga muyassar bo‘lgan inson ham edilar.
Barcha ulamolarimiz u kishi birinchi bo‘lib musulmon bo‘lganlariga ittifoq qilishgan.
Izziddin ibn Asiyr:«Xadicha Allohning xalqi ichida birinchi musulmon ekani musulmonlar ijmo’idir. Undan oldinga tushadigan erkak ham, ayol ham yo‘q», deydilar.
Imom Bayhaqiy rahmatullohi alayhi:
«Ushbu ummatdan eng avval musulmon bo‘lgani Xadicha binti Xuvayliddir», deganlar.
Ibn Ishoq rahmatullohi alayhi:
«Xadicha eng avval Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirgan, u Zotning Alloh azza va jallaning huzuridan keltirgan narsasini tasdiq qilgan va Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ishlarida vazir bo‘lgan edi. Shu ila Alloh O‘z Rasulining ishini yengillashtirdi. U Zot qachon o‘zlariga yoqmagan raddiyani yoki yolg‘onga chiqarishni eshitsalar, xafa bo‘lsalar, Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anho o‘sha g‘amni ketkazar edi. Unga qaytganlarida sabotga chaqirardi. Og‘irlarini yengil qilar edi. Dinlarini tasdiqlar edi. Odamlarning qilmishlarini ahamiyatsiz etar edi», deb yozganlar.
Shu bilan birga, Xadicha binti Xuvaylid Islom yo‘lida ulkan xizmatlar ham qildilar. U kishi, avvalo, o‘z uylarini kufr va shirk olamidan iymon vohasiga aylanishi uchun qo‘llaridan kelgan barcha narsalarni qildilar.
Aynan o‘sha urinishlar Zayd ibn Horisa va Ali ibn Abu Tolibni birinchilardan bo‘lib iymon keltirishlarining omillaridan bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas.
Aynan o‘sha urinishlar oilaning to‘rt qizi: Zaynab, Ruqayya, Ummu Kulsum va Fotimani onalariga ergashib, otalariga iymon keltirishlariga sabab bo‘lgan.
Ibn Ishoq rahmatullohi alayhi Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Alloh O‘z Nabiyini nubuvvat ila ikrom qilganda Xadicha va uning qizlari Islomga keldilar».
Boshqa bir rivoyatda esa :«Ruqayya onasi Xadicha Islomga kirganda Islomga kirdi va ayollar bay’at qilganda u ham bay’at qildi. Opa-singillari Islomga kirganda Ummu Kulsum ham Islomga kirdi va ular bay’at qilganda, u ham bay’at qildi», deyilgan.
Ushbu ishlarning barchasida Xadicha binti Xuvaylidning o‘zlariga yarasha munosib hissalari bor edi. U kishi misli ko‘rilmagan ixlos ila Alloh taoloning diniga xizmat qilar edilar.
O‘sha paytda Alloh taolo namoz o‘qishni ham farz qildi.
Ibn Ishoq rahmatullohi alayhi rivoyat qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga namoz farz qilinganda u Zot Makkaning yuqori tarafida turganlarida oldilariga Jabroil keldi. U vodiyning bir tarafidagi yerni tovoni bilan tepgan edi, suv otilib chiqdi. Bas, Jabroil tahorat qildi. Namozga tahorat qandoq qilinishini ko‘rsatdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nazar solib turdilar. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroildan ko‘rganlariga o‘xshatib tahorat qildilar. So‘ng Jabroil turib, u Zotga namoz o‘qib berdi. U Zot Jabroilning namoziga ergashib namoz o‘qidilar. Keyin Jabroil qaytib ketdi.
Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anhoning oldiga kelib, o‘zlariga Jabroil ko‘rsatganidek tahorat qilib, namozga poklanish qandoq bo‘lishini ko‘rsatdilar. U kishi ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rsatganidek tahorat qildi. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan xuddi u Zot Jabroil bilan o‘qiganlaridek namoz o‘qidilar».
Shundoq qilib, Islom ummatidan birinchi bo‘lib iymon keltirish baxtiga muyassar bo‘lgan Xadicha binti Xuvaylid Islom ummatidan birinchi bo‘lib namoz o‘qish sharafiga ham muyassar bo‘ldilar.
«Uyuunul asar» kitobida keltirilgan rivoyatda Afif al-Kindiy quyidagilarni aytadi:
«Abbos ibn Abdulmuttolib bilan do‘stligimiz bor edi. U Yamanga kelib atir sotib olib ketar edi. So‘ngra uni mavsum kunlari sotar edi.
Men Abbos bilan Minoda turgan edim. Bir bekamu ko‘st odam kelib tahorat qildi. Yaxshilab tahorat qildi. So‘ng turib namoz o‘qidi. Keyin bir ayol chiqib tahorat qildi. U ham turib namoz o‘qidi. So‘ng bo‘yi yetay deb qolgan bola chiqib tahorat qildi va uning yonida turib namoz o‘qiy boshladi. Men:
«Sho‘ring qursin, ey Abbos! Bu – qandoq din?!» dedim.
«Bu – ukamning o‘g‘li Muhammad ibn Abdullohning dini. U o‘zini Alloh Rasul qilib yuborganini da’vo qilmoqda. Manavi akamning o‘g‘li Ali ibn Abu Tolib. Anavi bo‘lsa, Xadicha, uning xotini, u erining diniga ergashgan», dedi».
O‘sha vaqtda namoz kishilar ko‘ziga Afifning ko‘ziga ko‘ringaniga o‘xshab g‘alati ko‘rinar edi. Odamlar bunga o‘xshash ibodatni mutlaqo ko‘rmagan edilar. Ular namozni ko‘rganlarida hayratga tushib ajablanar edilar. Ana shundoq vaqtda Xadicha binti Xuvaylid namoz o‘qishni boshlaganining o‘zi u Zot uchun sharafdir.
Vaqti-soati yetib, Alloh taolo Muhammad mus­tafo sollallohu alayhi vasallamga:
«Va yaqin qarindoshlaringni ogohlantir. Va  senga ergashgan mo‘minlarga qanotingni pastlat», oyatlarini nozil qildi.
Ana shundan so‘ng Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam yaqin qarindoshlarini da’vat qilishni boshlab, keyinroq boshqalarni ham tinim bilmay da’vat qilishga o‘tdilar.
Chunki Alloh taolo oxirgi Payg‘ambariga:
«Ey burkanib yotgan! Tur va ogohlantir!» degan nidoni qilgan edi.
Bu ilohiy nido, juda ham ta’sirchan nido edi. Yotish, dam olish vaqti o‘tganligi, turish, harakat qilish, kishilarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, bu ishda duch keladigan ko‘plab qiyinchiliklarni yengish payti kelganidan xabar edi.
Bu amr Allohning yo‘lida kishilarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun qilingan edi. Shuning uchun ham Xadicha onamiz Payg‘ambar alayhissalomga, bir oz uxlab olsangiz-chi, desalar, u Zot:
«Ey Xadicha , uyquning vaqti o‘tdi», der edilar.
Albatta, bu ishlarda Xadicha onamiz doimiy ravishda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni qo‘llab-quvvatlab turdilar.
Islom da’vati oshkor bo‘lishi bilan birga kofirlarning dushmanligi ham oshkor bo‘lgan edi. Mushriklar asosiy zarbani da’vat sohibi va u Zotning oilalariga qaratgan edilar.
Ular bu borada har qanday pastkashliklardan ham qaytmas edilar. Albatta, bundoq dushmanliklar asoratini ko‘tarishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida Xadicha onamiz sherik edilar.
O‘sha paytlarda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ikki qizlari – Ruqayya va Ummu Kulsumni o‘zining ikki o‘g‘li – Utba va Utaybaga olib bergan Abu Lahab Islomga zarar yetkazish maqsadida kelinlarini taloq qildirtirgan edi. Ular, Muhammadni qizlari bilan ovora qilib qo‘ysak, diniga futur yetadi, deb o‘ylashgan edi.
Utba ibn Abu Lahab Ruqayya roziyallohu anhoni birga yashamay turib taloq qilgan edi. Utayba ham Ummu Kulsum roziyallohu anhoni taloq qildi.
Albatta, har qanday ona uchun uning ikki qizi birdan taloq qilinishi katta musibatdir. Ayniqsa, aybsiz qizlarni dushmanlik yo‘lida taloq qilinishidan og‘ir dard yo‘q.
Ammo bu musibatlar dinu diyonat yo‘lida bo‘layotganini to‘la anglagan Xadicha onamiz chiroyli sabr qila oldilar. U kishining sabrlari serviqor tog‘lardek mahkam edi.
Oilasi buzilgan qizlari tashvishida yurishganda Usmon ibn Affon roziyallohu anhu Pay­g‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan Ruqayya roziyallohu anhoni jufti halollikka so‘radilar. U Zot rozi bo‘ldilar.
Kofirlarning zulmi chidab bo‘lmas darajaga yetdi. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu va u kishining jufti halollari Ruqayya roziyallohu anho qiyinchilikdan arz qilishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ma’lum vaqt taammul qilganlaridan so‘ng ularga Habashistonga hijrat qilishni maslahat berdilar.
Usmon ibn Affon va Ruqayyaning yaqindagina qurilgan oilasi dinu diyonat uchun, Alloh uchun, Islom uchun ona yurtni tark etib hijrat qilishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. Nihoyat, yangi kelin-kuyov muhojirlarning birinchisi bo‘lishdi.
Qaysi ona o‘z qizini uzoq yurtlarga, notanish joylarga hijrat qilib ketishini istaydi? Albatta, Xadicha onamiz ham o‘z qizlari ko‘z oldilarida turishini juda xohlar edilar. Ammo dinu diyonat yo‘lida jigargo‘shalarining firoqiga ham sabr qildilar.
Keyin undan ham qiyin kunlar boshlandi.Quraysh kofirlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qatl qilishga kelishdilar. Bu yovuz niyatlarini amalga oshirish uchun u Zotning urug‘lari – Bani Hoshim va Bani Muttolibdan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni rozi bo‘lib, o‘zlariga topshirishni talab qildilar.
Bani Hoshim va Bani Muttolib bu talabga rad javob berdilar.
Ana shundan keyin mushriklar Muhammad mus­tafo sollallohu alayhi vasallamga va musulmonlarga hamda Bani Hoshim va Bani Muttalibga tazyiqni yana ham kuchaytirishga ittifoq qilishdi. Ular bilan oldi-sotdi qilmaslik, sulh tuzmaslik, qiz olib-bermaslik, ular bilan biror aloqa qilmaslikka ahdlashishdi. Bu ahdnomani kuchini oshirish va qattiq ta’kidlash uchun uni yozma ravishda yozib, uni Ka’bai Muazzamaning ichiga osib qo‘yishdi.
Bu ishning boshlanishi payg‘ambarlikning yettinchi yili muharram oyida bo‘ldi. Quraysh qamal va aloqa uzishni shu tariqa e’lon qilganidan keyin, Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam, musulmonlar hamda Bani Hoshim va Bani Muttalib urug‘lari a’zolari Bani Muttalib darasida qamalda qoldilar.
Qamalda qolganlar misli ko‘rilmagan qiyinchiliklarga duchor bo‘lishdi. Makkaga savdo karvoni kelganda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan biror kishi bolalari uchun biror narsa olmoqchi bo‘lib borsa, hech kim unga narsa sotmas edi.
Abu Jahl va unga o‘xshashlar savdogarlarga, bahoni oshiringlar, musulmonlar biror narsa sotib olmasinlar, der  edilar.
Qamaldagilar daraxtlarning ildizi va bargini yeyishga majbur bo‘la boshlagan edilar.
Shu tariqa kunlar, haftalar va oylar o‘tib boraverdi. Qamaldagilarning ahvoli borgan sari og‘irlashardi. Qurayshliklarning esa tazyiqi ortib borardi. Hech bir yengillikning daragi yo‘q edi. Ana shu holat uch yil davom etdi.
Xadicha binti Xuvaylid, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va boshqa musulmonlar bilan bir qatorda qamal jafosini boshqalardan ko‘ra ko‘proq chekdilar. Chunki u kishi qamal jafosiga ham qaramay, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha ishlarida yaqindan yordam berar edilar.
Qamal tamom bo‘lishi bilanoq Xadicha onamiz bemor bo‘lib yotib qoldilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining yonlaridan jilmay qarardilar. Ammo kun sayin og‘irlashib borardilar.
O‘sha paytda Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik kelganiga o‘n yil to‘lgan, Islom uchun o‘ta nozik bir payt edi. Har qanday shaxs bir oz moyillik ko‘rsatsa ham, musulmonlarga katta xursandlik bo‘ladigan bir kezlar edi. O‘shandoq bir paytda Islomning birinchi kunidanoq musulmonlarga, xususan, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga madadkor bo‘lib kelayotgan kishi, u Zotning jufti halollari, mo‘minlarning onalari Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anho oltmish besh yoshida bu dunyo­ni tark etdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘ngillarini doimiy ravishda ko‘tarib turguvchi, bosh maslahatchilaridan, birinchi bo‘lib iymon keltirgan va fazilatlarini sanab adog‘iga yetib bo‘lmas bir ulkan matonatli kishisidan ayrilgan, uylarida yetim bolalari bilan yolg‘iz qolgan edilar. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshliq Islom jamiyati uchun og‘ir judolik edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anhoni o‘z qo‘llari bilan Makkai Mukarramaning yuqori tarafidagi Hajun qabristoniga qo‘ydilar.
O‘sha yili Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abu Tolib ham vafot etdi. O‘zi musulmon bo‘lmasa ham, Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamni kofirlarning doi­miy hurujlaridan himoya qilib kelayotgan odam bu dunyo­dan ko‘z yumgan edi. Bu yo‘qotish g‘oyatda katta musibat edi.
Mana shu ikki ulkan musibat tufayli o‘sha yilni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam «mahzunlik yili» deb atadilar.
U Zot Xadicha onamizni juda yaxshi ko‘rar va qadrlar edilar. U Zotning Xadicha onamizga bo‘lgan ulkan ehtirom va e’zozlarini so‘z bilan ifoda qilish qiyin. Yaxshisi, u Zotdan bu haqida vorid bo‘lgan hadisi shariflarga murojaat qilaylik.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamni ayollaridan rashk qilmadim. Faqatgina Xadichadan rashk qildim. Men uni ko‘rmadim ham. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon qo‘y so‘ysalar, Xadichaning dugonalariga yuboringlar, der edilar. Bir kuni u Zotning g‘azablarini chiqarib:
«Xadicha !» dedim.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, menga uning muhabbati berilgan», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Gohida u Zotga:
«Go‘yo dunyoda Xadichadan boshqa yo‘qdek», derdim.
U Zot: «U undoq edi, bundoq edi, mening bolalarim undan bo‘lgan», der edilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga u Zotning ayollaridan birortasi haqida Xadichaga rashk qilganimdek rashk qilmadim. Bu rashk u Zot uni ko‘p zikr qilganlari uchundir. Men uni hech ham ko‘rmadim. U menga uylanishlaridan uch yil avval vafot etgan».
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilishgan.
Bu hadisi sharifdan Xadicha onamizning fazllari ravshan namoyon bo‘lmoqda. Oisha onamizning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshqa ayollaridan rashk qilmaganlari ularning bu kishidan ustun bo‘lmaganlaridandir.
Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anhoga kelsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon qo‘y so‘ysalar, Xadichaning dugonalariga yuboringlar, der edilar. Bu bilan u Zot Xadicha onamizning hurmatlaridan u kishining yaqin odamlarini ehtirom qilib yurganlar. Bu hol, albatta, rashkni keltiradigan narsadir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anhoning hurmatlaridan u kishining dugonalarini boshqa payt­larda ham yo‘qlab turganlar.
Anas roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon o‘zlariga biror narsa keltirilsa, buni fulonaning uyiga olib borib beringlar. U Xadichaning dugonasi edi», derdilar», deyilgan.
Imom Hokim Oisha onamizdan rivoyat qiladilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga u Zot mening oldimda ekanida bir kampir keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga:«Sen kimsan?» dedilar.
«Men Jassoma Muzaniyaman», dedi.
«Yo‘q. Sen Hassoni Muzaniyasan! Sizlar qandoqsizlar? Holingiz qanday? Bizdan keyin nima qildingiz?» deya ketdilar.
«Yaxshimiz! Ota-onam sizga fido bo‘lsin, ey Allohning Rasuli!» dedi u.
U chiqib ketganidan keyin:«Ey Allohning Rasuli, bir kampirga bunchalik ehtirom qildingiz?» dedim.
«U Xadichaning vaqtida huzurimizga kelib turar edi. Albatta, eski ayadni go‘zal tutish iymondandir», dedilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Xadicha onamiz haqlarida:
«Albatta, menga uning muhabbati berilgan», deganlari katta gapdir. Bundan Alloh taoloning O‘zi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblariga Xadicha onamizning muhabbatlarini solib qo‘ygani ma’lum bo‘ladi. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning Xadicha onamizga bo‘lgan sof muhabbatlari ilohiy inoyat ila bo‘lgan muhabbatdir.
Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Xadicha onamizga bo‘lgan muhabbatlari va ehtiromlarining yana bir sababi u Zotning:«Mening bolalarim undan bo‘lgan», degan gaplarida yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Darhaqiqat, Alloh taoloning O‘zigagina ma’lum hikmatga binoan, u Zotning barcha farzandlari Xadicha onamizdan bo‘lgan. U kishidan boshqa ayollaridan bola bo‘lmagan. Bu hol ham, albatta, Xadicha onamiz fazllariga fazl qo‘shadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Jabroil Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib:
«Ey Allohning Rasuli! Mana Xadicha huzuringizga keldi. U bilan idish bor. Unda xo‘rak yoki taom yoki sharob bor. Qachon u huzuringizga yetib kelganda unga Robbisi azza va jalladan va mendan salom ayting va unga jannatdagi duru yoqutlar ila tizilgan, lu’lu’ ila bezatilgan, shovqin-suroni ham, charchog‘i ham yo‘q uyning ba­shoratini bering», dedi».
Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilishgan.
Bu hadisi sharifda, avvalo, Xadicha onamizning Nabiy sollallohu alayhi vasallamga qilgan katta xizmatlaridan bir namuna ko‘rmoqdamiz. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sid­qidildan xizmat qilib, orqalaridan oziq-ovqat ko‘tarib, ma’lum masofa yo‘lni bosib kelmoqdalar. Xadicha onamizdek obro‘lari, jamiyatda tutgan o‘rinlari va hadsiz-hisobsiz boyliklarga ega bo‘lgan qay bir ayol erining orqasidan oziq-ovqat ko‘tarib, tog‘u toshlar orasida yuradi? Albatta, u kishining bu holatlari jufti halollariga xizmat qilishni o‘z burchlari deb bilganlaridan va bu xizmat ila Alloh taoloning roziligini topish niyatlari kuchli ekanidandir.
Alloh taolo Xadicha onamizni niyatlariga yarasha mukofotlaganlarini shu hadisi sharifning o‘zidan ko‘rib turibmiz. Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anhoning kelayotganlari xabarini berishlarining o‘zi katta gap. Bu u kishining ilohiy inoyat va ehtimom ostida yurishlaridan darak beradi.
Jabroil alayhissalomning Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anho haqlarida:«Qachon u huzuringizga yetib kelganida unga Robbisi azza va jalladan va mendan salom ayting. Unga jannatdagi duru yoqutlar ila tizilgan, lu’lu’ ila bezatilgan, shovqin-suroni ham, charchog‘i ham yo‘q uyning bashoratini bering», de­yishlari boshqa biror odam bolasiga berilmagan fazl bo‘lsa ajab emas.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:«Dunyo ayollarining eng yaxshisi Maryam binti Imrondir. Dunyo ayollarining eng yaxshisi Xadicha binti Xuvayliddir», deganlarini eshitdim».
Uchalasini Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilishgan.
Bu hadisi sharifdan Maryam binti Imron o‘z zamonlarida ayollarning eng afzali bo‘lganlari va shunga o‘xshab Xadicha binti Xuvaylid ham o‘zlari yashagan zamonning eng afzal ayoli bo‘lganlarini bilib olamiz.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Xadichaning singlisi Hola binti Xuvaylid Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirish uchun izn so‘radi. U Zot bundan Xadichaning izn so‘rashini eslab huzurlandilar va:
«Allohim, Hola binti Xuvaylid bo‘lsaydi», dedilar.
Men rashk qilib:«Qurayshning ikki yanog‘i qizil kampirlaridan bir kampirni eslamoqdamisiz?! Uning o‘lganiga ancha bo‘ldi. Alloh sizga uning o‘rniga undan yaxshisini bergan!» dedim».
Ikki shayx rivoyat qilgan.
Bu hadisi sharifdan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Xadicha onamizni bir lahza ham yodlaridan chiqarmay e’zoz ila eslab yurganlarini bilib olamiz. U kishining singillari Hola binti Xuvaylid u Zotning huzurlariga kirish uchun izn so‘raganida uning ovozini eshitishlari bilan u Zot Xadicha onamizning ovozlariga o‘xshash ovozni tanib:
«Allohim, Hola binti Xuvaylid bo‘lsaydi», dedilar.
Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anhoning ovozlariga o‘xshash ovoz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shunchalar hayajonga solishidan ham Xadicha onamizni qanchalar ehtirom qilishlarini bilib olish qiyin emas.
Badr urushida asir tushgan mushriklar ichida Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning kuyovlari, qizlari Zaynab roziyallohu anhoning eri Abul Oss ham bor edi. U musulmon bo‘lmagani uchun Zaynab roziyallohu anho u bilan yashamasalar ham, butunlay ajrab ketmagan edilar.
Asirlarni qarindoshlari tovon to‘lab, ozod qi­lib olishlari mumkin, degan amr chiqqanidan ke­yin odamlar o‘z yaqinlarini ozod qilib ola boshladilar.
Abul Ossning ukasi ham bir xaltacha olib kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tutqazdi va akasining to‘lovi ekanini aytdi. U Zot xaltani ochib, qizlari Zaynabning taqinchoqlarini ko‘rdilar. Zaynab roziyallohu anho eri Abul Oss­ni ozod qilish uchun o‘z taqinchoqlarini yuborgan edilar. Taqinchoqlar ichida bir munchoq ham bor edi. Uni Zaynab roziyallohu anhoga to‘yi kuni onasi Xadicha binti Xuvaylid sovg‘a qilgan edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘sha munchoqni ko‘rib ko‘ngillari g‘alati bo‘lib turib qoldilar. Bu holni sezgan sahobai kiromlar ham jim bo‘lib, bir-birlariga qarab qoldilar. Agar uning asirini bo‘shatib, munchog‘ini qaytarib berishni ravo ko‘rsangiz, o‘shandoq qilinglar, dedilar. Sahobalar rozi bo‘ldilar.
Makkai Mukarramani fath qilish kuni ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xadicha onamizning qabrlari yoniga kelib turib, ish qanday borishini kuzatib turganlar.
Boshqa rivoyatda Oisha onamiz quyidagilarni aytadilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Xadicha zikr qilinsa, unga maqtov va haqqiga istig‘for aytishdan zerikmaydigan odatlari bor edi. Bir kuni u Zot uni yana eslab qoldilar. Mening rashkim kelib:
«Alloh sizga o‘sha qari xotin o‘rniga undan yaxshisini bergan», dedim. Bas, u Zotning qattiq g‘azablanganlarini ko‘rdim. Hushim boshimdan uchib ketdi. Ichimda: «Allohim, agar Rasulingning g‘azabini mendan ketkazsang, hech qachon uni yomon zikr qilmayman», dedim.
Mening holimni ko‘rganlarida u Zot:«Nima deding?! Allohga qasamki, Alloh menga uning o‘rniga undan yaxshirog‘ini bermadi. Odamlar menga kufr keltirganida, u menga iymon keltirdi. Odamlar meni yolg‘onchi qilganlarida, u meni tasdiqladi. Odamlar mendan narsalarini berkitganida, u molini men uchun sarfladi. Alloh taolo menga boshqa ayollardan emas, undan farzandlar berdi», dedilar.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Olamning ayollaridan senga Maryam binti Imron, Xadicha binti Xuvaylid, Fotima binti Muhammad va Fir’avnning ayoli Osiyo yetarlidir», dedilar».
Termiziy, Nasaiy va Hokim rivoyat qilishgan.
Ya’ni fazlli bo‘lishda ushbu ismlari zikr qilingan ayollar yetarlidir, dedilar.
Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anhoning ayollar ichida kamolga yetgan va o‘z zamonida eng afzal ayol bo‘lganlari haqida hujjat va dalillar ko‘p.
Alloh taolo Xadicha binti Xuvaylid roziyallohu anhodan rozi bo‘lsin! Omin!
muslimaat.uz
Makka tuproqlarida yashovchi Xadicha binti Xuvaylid bir kuni tush ko‘radi. Hovlisiga katta quyosh tushib, o‘rnashgan emish va hamma tomonini nur va chiroyga burkabdi.
Uyg‘onib ketib qarasa, tushi ekan. Qop-qorong‘u zulmat bir kechada Xadichaning ko‘ngli ravshanligicha qoldi. Qanchalar ajoyib edi bu tush. Hadsiz-hisobsiz mujdalarning boshi edi uning uchun. Ertasi kun ertalabdan eski dinlardan xabardor, juda ko‘p narsalarni biluvchi amakivachchasi Varaqa ibn Navfalnikiga tushining ta’birini so‘rab bordi. “Ey amakimning qizi, suyunchi ber! Agar Yaratgan tushingni o‘ngidan keltiradigan bo‘lsa, hovlingga nubuvvat ziyosi kiradigan bo‘libdi!” deb Xadichaning ko‘ngliga oydinlik soladi. Bu tush bir kun kelib haqiqatga aylanadi va johiliyatda “Tohira” (“Pokiza”) laqabli bu siymoni islomiyat “Xadichai Kubro” deya sharaflaydi.
Hazrat Xadicha eng birinchilardan edi!
Sarvari koinotning (sollallohu alayhi va sallam) ilk nikohlab olgan ayoli, eng birinchi imon bilan sharaflangan ummat, Rasulullohning   (sollallohu alayhi va sallam) orqalarida turib birinchi namoz o‘qigan baxtli inson. Hiro g‘oridan dastlabki vahiy bilan qaytgan Allohning Rasulidan (sollallohu alayhi va sallam) ilk bor Qur’on kalomini eshitgan ham Xadicha bo‘ldi. Alloh taolo Jabroil farishta orqali unga alohida salom yo‘lladi. Olamlar sarvari (sollallohu alayhi va sallam) insonlarning qarshiliklariga yuz tutganida, tahqirlanganlarida, muborak qalblari mahzun bo‘lganida taskin va tasalli bera olgan, moli va jonini islomiyatga baxshida eta olgan sharifa ayol, birinchilarning birinchisi, mo‘minlarning onasi hazrat Xadicha edi.
Onamiz Xadicha binti Xuvaylid ibn Abduluzzo ibn Qusay Qurashiyya Asadiyya “Fil voqeasi”dan o‘n besh yil oldin Makkada arab­larni­ng asl qavmi Qurayshning e’tiborli oilasida tavallud topgan. Otasining ismi Xuvaylid, onasi Fotimadir. Uning ota tarafidan nasabi Qusayda Payg‘ambarimiz nasabi bilan birlashadi. Ona tarafidan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan katta bobolari Luayda birlashadi.
Ibn Ishoqdan rivoyat qilinishicha, hazrat Xadicha tijorat bilan shug‘ullanuvchi boy, obro‘-e’tiborli ayol bo‘lgan. U qavmining erkaklarini yollab tijorat karvonini Shomga yo‘llar edi. Muhammadning (sollallohu alayhi va sallam) to‘g‘ri so‘zli, go‘zal axloqli va omonatdor ekanidan xabardor bo‘lgach, xizmati haqini ikki barobar berish sharti bilan unga karvonni topshiradi. Tijorat safarida Xadichaning quli Maysara yo‘l bo‘yi ajabtovur hodisalarga shohid bo‘ladi. Karvon ham boshqa safarlarga qaraganda ancha yaxshi foyda bilan qaytadi. Maysaradan bo‘lgan voqealarni eshitgach, Muhammadning fazilatlarini anglagan Xadichaning unga qiziqishi va muhabbati ortadi, turmush qurishni taklif etadi. Bo‘lajak payg‘ambar bu taklifni qabul qiladi.
Xadichaning mulkdorligi, shuningdek, ma’naviyati, shaxsiyati hamda badavlat ekanining hikmati oldindan ma’lum edi. Go‘zal axloq egasi Xadicha “buyuk xulqlar ustida”gi (Qalam,4) Rasuli akram uchun yaratilgan edi. Alloh taolo Islomning dastagi uchun Xadichaga moddiy va ma’naviy boyliklarini in’om etib, Rasulining mashaqqatli yo‘lida yo‘ldosh, hamkor, yaxshi-yomon kunida yelkadosh bo‘lishini taqdir qilgan edi. Muborak ko‘ngilni kular yuz va mehrli so‘zlar bilan ko‘tarib turdi. Qosim, Zaynab, Ummu Kulsum, Ruqiya, Fotima va Abdullohlarni (roziyallohum anhum) olamlar Sarvariga armug‘on etgan muborak ona edi. Suyukli Payg‘ambar umr­larining oxirigacha Xadichani suydilar, undan minnatdor bo‘lib, xotiriga hurmat tuyib, eslaridan hech chiqarmadilar.
Xadicha binti Xuvaylid (roziyallohu anhu) musulmonlarning birinchisi ekaniga barcha ulamolar ittifoq qilishgan. Izzuddin ibn Asir: “Xadicha Allohning bandalari orasidan birinchi imon keltirganiga barcha musulmonlar ijmo qilishgan. Undan oldinga tushadigan erkak ham, ayol ham yo‘q”, deb yozgan.
Hazrat Xadicha Islom yo‘lida ulkan xizmatlar qildi. Eng oldin o‘z uylarini imon go‘shasiga aylantira oldi. Aynan shu urinishlari ­Zayd ibn Horisa va Ali ibn Abu Toliblarning ham birinchilar qatori bo‘lib imon keltirishlariga hissa qo‘shgan bo‘lsa, ajab emas. Aynan ana shu urinishlari to‘rt qizlari Zaynab, Ruqiya, Ummu Kulsum va Fotimalarning onasiga ergashib, imon keltirishlariga sabab bo‘ldi. Ibn Ishoq (rahmatullohu alayh) Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi: “Alloh O‘z nabiysini nubuvvat bilan ikrom qilganida Xadicha va uning qizlari Islomga keldilar”.
“Uyunul asar”da keltirilgan rivoyatda Afif Kindiy quyidagilarni keltiradi: «Abbos ibn Abdulmuttalib bilan do‘stligimiz bor edi. U Yamanga kelib, atir sotib olib ketar va uni mavsum kunlari sotar edi. Men Abbos bilan Minoda turgan edim. Bir bekamu ko‘st odam kelib, tahorat qildi. So‘ng turib, namoz o‘qidi. Keyin bir ayol chiqib, tahorat qildi. U ham turib namoz o‘qidi. So‘ng bo‘yi yetay deb qolgan bola chiqib, tahorat qildi va uning yonida turib, namoz o‘qiy boshladi. Men: “Sho‘ring qurisin, ey Abbos! Bu qanday din?” dedim. “Bu ukamning o‘g‘li Muhammad ibn Abdullohning dini. U o‘zini Alloh Rasul qilib yuborganini da’vo qilmoqda”, dedi Abbos».
Namoz Afifning ko‘ziga g‘alati ko‘ringan bir davr­da Xadicha namoz o‘qishni boshlagan sharifa ayol edi.
Islomni ochiq-oydin yoyishga o‘tilgan juda qiyin kunlarda musulmonlar sabr bilan Allohning ra­hmati­dan umid qi­lishar edi. Xadicha onamiz bardosh qilishda oldingilar qa­tori­­da edi. Abu Lahab Islomga zarar yetkazish uchun kelin qilib olgan Payg‘am­bari­miz­ning (alay­his­salom) ikki qizlari Ruqayya va Ummu Kulsumni o‘g‘il­lari Utba va Utaybaga taloq qildirtiradi. Bu musibatlar paytida hazrat Xadicha kuchli bo‘lishga harakat qildi va mehribon otaning alamlariga malham bo‘la oldi.
Nubuvvatning yettinchi yili musulmonlar Bani Muttalib darasida qamalda qolishadi. Uch yil davom etgan bu azobli kunlarda daraxtlarning ildizi va barglari bilan oziqlangan mo‘min-musulmonlar qattiq holdan toyishadi. Qamal tugaydi, ammo… Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) yigirma olti yilga yaqin huzur-halovatli oila saodatini armug‘on etgan suyukli zavjalari xastalanadi. Amakilari Abu Tolibdan ayrilganlariga hali ko‘p bo‘lmagan, mushriklarning tazyiqi kuchaygan ana shunday og‘ir kunlarda Xadichaning bemor bo‘lib, yotib qolishi Payg‘ambarimizni (sollallohu alayhi va sallam) yanada g‘amgin qiladi. Oltmish besh yoshdan yuqorilagan Xadicha payg‘ambarlikning o‘ninchi yili Ramazon oyida bu olamni tark qildi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) o‘z qo‘llari bilan suyukli onamizni Makkai mukarramaning yuqori tarafidagi Hajun qabristoniga qo‘ydilar.
Bu yo‘qotishlar Payg‘ambarimizga og‘ir keldi. Yuzlari qayg‘uga botdi. G‘am-anduh yuraklari­ni o‘rtadi. O‘sha yil “Mahzunlik yili” sifatida Islom tarixiga ham umrbod muhrlandi.
Nabiylarning komili (sollallohu alayhi ­va sallam) o‘ttiz sakkiz yillik oilaviy hayotlarini yigirma olti yilini yolg‘iz hazrat Hadicha bilan kechirdilar, u sevgiga boshqa bir sevgini aralashtirgilari kelmadi. Holbuki, Xadicha Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) o‘n besh yosh katta edi.
Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qilinadi: «Nabiyni (sollallohu alayhi va sallam) Xadichadan boshqa ayollaridan rashk qilmadim. Albatta, men uni ko‘rmaganman. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qachon qo‘y so‘ysalar, “Xadichaning dugonalariga yuboringlar”, der edilar. Bir kuni u zotning g‘azablarini chiqarib: “Xadicha!” dedim. Shunda Rasululloh: “Menga uning muhabbati berilgan”, dedilar» (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy rivoyati).
Yana Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qilingan boshqa hadisda bunday deyiladi: «Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Xadicha eslansa, uni yaxshi so‘zlar bilan xotirlab, maqtardilar. Bir kuni rashkim kelib, “Og‘zida bir tishi yo‘q o‘sha xotinni buncha ko‘p eslaysiz, Alloh sizga undan yaxshisini bergan-ku”, dedim. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Alloh azza va jalla menga undan yaxshisini bermadi, odamlar menga kufr keltirishganida u menga imon keltirdi, odamlar meni yolg‘onchiga chiqarganida meni tasdiqladi, odamlar yordam bermaganida moli bilan yordam qildi, Alloh taolo­ menga boshqa ayollardan emas, undan farzand ato qildi”, dedilar» (Imom Ahmad rivoyati).
Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi: «Jabroil (alayhis­salom) Payg‘ambar (alayhis­salom) huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli! Mana, Xadicha huzuringizga keldi. Uning qo‘lida idish bor. Unda xo‘rak yoki taom yoki ichimlik bor. Qachon u huzuringizga yetib kelganida unga Rabbi azza va jalladan va mendan salom ayting va unga jannatda lu’lu’ (duru yoqutlar ila bezatilgan) ato etilgan: shovqin suroni ham, charchog‘i ham yo‘q. Shuning bashoratini bering”, dedi» (Imom Buxoriy, Imom Muslim).
Xadicha onamiz Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) buyuk xizmat qildi. Hadisdagi bu manzara ana shu sidqidildan qilingan xizmatlaridan bo‘lib, Nabiyning orqalaridan oziq-ovqat ko‘tarib, ma’lum masofa yo‘lni bosib kelmoqda. Jamiyatdagi obro‘siga, hadsiz-hisobsiz boyliklarga ega bo‘lganiga qaramay, tog‘u toshlar oralab, erlarining ortidan ovqat ko‘tarib yurishi, burchini, bu xizmatning qiymatini bilganidan.  Jabroilning (alayhissalom) Xadicha haqida xabar berib, Allohning va o‘zining nomidan salom yo‘llashi ilohiy inoyat ostida bo‘lganidan darak hamdir. Bunday inoyat boshqa biror odam bolasiga berilmagan fazl bo‘lsa, ne ajab!
Zebuniso Husayn tayyorladi Hidoyat.uz
Jannatni Alloh suygan bandalariga qarorgoh qilgan, uni O‘z rahmati va rizoligi bilan to‘ldirgan, undagi ne’matlarni ulug‘, mulkini esa buyuk deb ta’rif etgan. Agar jannatning yeri haqida so‘rasangiz, bilingki, u misk va za’farondir. Shifti esa – Rahmonning arshi. Undagi binolarning g‘ishti oltinu kumushlardan, yeridagi toshlari marjonu yoqutlardandir. Jannatdagi daraxtning tanasi bu dunyodagi kabi yog‘ochdan emas, balki sof tillodan, mevalari esa asaldan-da totli.
Jannat bashorati berilgan ayollarni bilasizmi? Men bugun sizga ulardan birini tanitmoqchiman.
Mo‘minlar onasi – Xadicha binti Xuvaylid. Uni, albatta, barchamiz yaxshi taniymiz. Xadicha onamizning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotida yuksak o‘rinlari bor. U o‘z zamonasidagi ayollarning eng yaxshisi bo‘lgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam bu onamizga qayta-qayta jannat bashoratini berganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Jabroil alayhissalom Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Ey Allohning Rasuli, Xadicha sizga bir idishda nonxurush [yoki taom, yoki sharbat] olib kelyapti. Oldingizga kelganida, unga Robbining va mening nomimdan salom ayting hamda jannatda ichida g‘avg‘o ham, charchoq ham bo‘lmagan, g‘ovak durdan bo‘lgan bir uyning bashoratini bering», – dedi».
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam menga uylanmaslaridan oldin vafot etgan Xadichadan rashk qilganchalik u zotni birorta ayollaridan rashk qilmaganman, chunki men u zotning uni (ko‘p) eslaganlarini eshitar edim. Alloh u zotga (Xadichaga) jannatda g‘ovak durdan bo‘lgan bir uyning bashoratini berishni amr qilgan. U zot qo‘y so‘yar, o‘shandan yetganicha uning dugonalariga hadya qilar edilar».
Dunyo ummondir, unda g‘arq bo‘lganlar ko‘p, jannat esa najot sohilidir. Omonlik sohiliga yetishish lazzati dunyo ummonida sayohat qilish lazzatidan anchagina kattadir. Dunyo ko‘prikdir, undan o‘tgin-u, uni obod qilish bilan ovora bo‘lma! Dunyoni obod qilma, deganim seni dangasalik va tarki dunyoga chorlash emas, balki dunyo sening asosiy maqsadingga aylanib, oxiratga hozirlik ko‘rishingdan to‘smasin, deganimdir.
Ja’far AbdullohMuslim.uz
Vafotiga qadar payg‘ambarimiz (s.a.v)ning yagona va birinchi ayollaridir. Payg‘ambarimiz qolgan ayollariga Xadiyja onamizdan keyinuylanganlar. Badavlat beva ayol (boylik ularga vafot qilgan ikkinchierlariidan qolgan), baland bo‘yli, aqlli, juda go‘zal va qat’iyyatli. Topayg‘ambarimiz bilan uchrashgunlariga qadar, hech kimga o‘zlariningboylik va taqdirini bog‘lamoqlikka yo‘l qo‘ymaganlar. Xadiyja onamizning vafotlaridan so‘ng payg‘ambarimizning hech bir ayollari uzotning qalblarida Xadiyjadek joy egallamaganlar.
Dunyo ayollarining eng yaxshisi o‘z davrida Imron qizi Maryam edi, bu davrning eng yaxshi ayoli esa Xadiyjadir (Sahih al-Buxoriy). Payg‘ambarmizga turmushga chiqqunlariga qadar Xadiyja (r.a.) Banu Usayd qabilasidan bo‘lgan Abu Xala ibn Malikning nikohida edi. Undan Hind ismli o‘g‘il va Zaynab ismli qiz farzand ko‘rganlar. Abu Xalaga qadar esa Usayyik ibn Abid bilan turmush qurgan edilar va undan ham Abdulloh ismli o‘g‘ilari va Jariya ismli qizlari bor edi. Xadiyja onamiz har doim o‘z qarindoshlariga, kambag‘allarga, shuningdek, oila qurishga qiynalganlarga yordam qo‘lini cho‘zar edilar. Xadiyja onamizga Arab yarim orolining boy zodagonlari, obro‘li kishilari sovchi qo‘yganlarida, rad javobini berganlar. Hayotlik davrlarida Xadiyja onamiz Qurayshliklar malikasi, At-Tohira, Al-Kubro degan nomga ega bo‘lganlar. Xadiyja onamiz savdogarlarga mablag‘ berib, savdolari uchun mol olib keltirar edilar. Payg‘ambarimizning to‘g‘ri so‘z va ishonchli ekanliklari haqida habar topgach, ularga tijorat uchun katta mablag‘ni ishonib topshirib, Shomga jo‘natdilar. Payg‘ambarimiz Shomga Xadiyjaning quli Maysara bilan jo‘nab ketdilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qaytgach, Xadiyja (r.a) katta daromadga ega bo‘ldilar.
Bundan ham afzallari Maysara ko‘rgan mo‘jizalar bo‘ldi (Ayrim ulamolarning aytishlaricha bu mo‘jiza ikki farishtaning quyosh nurlaridan payg‘ambarimizni to‘sganliklaridir). Xadiyja (r.a.) dugonasi Nafisa bint Maniyani payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning oldilariga ular bilan turmush qurish istaklari borligini bildirish uchun yubordilar va ular turmush qurdilar. Bu vaqtda Xadiyja (r.a.)ning yoshlari o‘ttiz to‘qqiz payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning yoshlari esa yigirma beshda edi.
Xadiyja (r.a.) vafotlariga qadar payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni qo‘llab-quvvatladilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) odamlarni islomga da’vat qilganlarida dushmanlar- dan himoya qildilar, eng qiyin vaziyatlarda yonlarida bo‘ldilar. Islomni birinchi qabul qilgan inson bo‘ldilar, mablag‘larini islom manfaati uchun sarfladilar. Oisha (r.a.)dan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ayollaridan rashk qilmadim. Faqatgina Xadiyjadan rashk qildim. Men uni ko‘rmadim ham. Rasululloh(s.a.v.) qachon qo‘y so‘ysalar, Xadiyjaning dugonalariga yuboringlar, deredilar. Bir kuni u zotning g‘azablarini chiqarib: «Xadiyja!»dedim.Shunda Rasululloh (s.a.v): «Albatta, menga uning muhabbati berilgan», dedilar». (Ikki shayx va Termiziy rivoyati). Xadiyja (r.a.) payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning Ibrohim ismli o‘g‘illaridan tashqari barchafarzandlarining onasidir va payg‘ambarimizga Qosim, Zaynab, Ruqayya,Ummu Kulsum, Fotima, Abdulloh ismli farzandlar hadya qilganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning o‘g‘il farzandla– ri yoshlik chog‘larida vafotetgan. Qiz farzandlari esa, payg‘ambarlik davrlarida islomni qabulqilib, Makkadan Madinaga xijrat qilganlar. Fotima onamizdanboshqalari payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning hayotlik davrilarida vafotetganlar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning amakilari Abu Tolibningvafotlaridan so‘ng, Xadiyja (r.a.) ham vafot qilganlar. Alloh taoloXadiyja binti Xuvaylid (r.a.)dan rozi bo‘lsin.
Robiya Saidhanbalova | Muslim.uz
XADICHA bint Xuvaylid (taxminan 555/556-620/ 621) — Muhammad (sav)ning birinchi xotinlari. Xadicha beva qolgan boy xotin bo‘lgan. Muhammad (sav) avval Xadicha ning savdo ishlarini boshqarganlar, keyinchalik unga uylanib, uning mablag‘lari bilan savdogarlik qilganlar.
Xadicha Muhammad (sav)ga ko‘p g‘amxo‘rlik va mehribonliklar ko‘rsatgan, u zotga vahiy kela boshlaganda payg‘ambarliklariga darhol ishongan, birinchilardan bo‘lib islomni qabul qilgan. U Muhammad (sav)dan 4 qiz va uch o‘gal ko‘rgan, faqat kenja qizi Fotimadan avlod qolgan.
Islom ensiklopediyasidan

13 комментариев к “Xadija binti Xuvaylid”

  1. Уведомление: nova88

  2. Уведомление: ssn cvv

  3. Уведомление: ecstasy pill identification wizard

  4. Уведомление: how to join illuminati for wealth

  5. Уведомление: bergara 6.5 creedmoor

  6. Уведомление: dumps + pin shop valid

  7. Уведомление: เพื่อนแท้ เงินด่วนด่านขุนทด

  8. Уведомление: sbobet

  9. Уведомление: buy magnum research guns

  10. Уведомление: Buy Guns Online

  11. Уведомление: my company

  12. Уведомление: Buy Albino Penis Envy Mushrooms For sale idaho

  13. Уведомление: health tests

Комментарии закрыты.