😊 Pulli Gap O’zbekistonda 1-sentabrdan kuchga kiradigan shu va boshqa qonunchilik o‘zgarishlarni bir yerga jamladi.
↗️ Maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlari lavozim maoshlari oshiriladi
Tegishli prezident farmoniga muvofiq, maktab direktorlarining bazaviy tarif stavkasi 20 foizga, o‘rinbosarlarining bazaviy tarif stavkasi esa 15 foizga oshiriladi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlarining bazaviy tarif stavkasi ularni III va IV toifali maktab direktorlari o‘rinbosarlari tarif stavkalariga tenglashtirish orqali oshiriladi.
❌ Ish beruvchilar uchun ayrim javobgarlik choralari bekor qilinadi
4-avgustda imzolangan “Mehnat munosabatlari va kasbga tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ish beruvchilarni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoniga muvofiq, ish beruvchilarga to‘siq bo‘layotgan ayrim talablar soddalashtiriladi. Shuningdek, norasmiy bandlikka yo‘l qo‘ygan ish beruvchilar 30 BHM (12,36 mln so‘m), huquqbuzarlik takroran sodir etilgan taqdirda esa 100 BHM (41,2 mln so‘m) miqdorida ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
✅ Nogironlikni belgilashning yangi tizimi joriy etiladi
2024-yil 16-iyulda qabul qilingan “Nogironlikni belgilash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, tumanlararo va tuman (shahar) TIEKlar tomonidan faqat tibbiy hujjatlarga asosan nogironlikni belgilash tartibi bekor qilinib, nogironlikni shaxs sog‘lig‘ining holati va funksionallikni baholash natijalaridan kelib chiqib elektron tarzda belgilash tartibi yo‘lga qo‘yiladi.
💸Yolg‘iz ota-onalarga moddiy yordam “Inson” va YAIDXP orqali beriladi
Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va rasmiy band bo‘lgan yolg‘iz ona (ota)larning maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanayotgan 3 yoshgacha bo‘lgan farzand (lar)iga BHMning 1,5 baravarigacha (618 ming so‘m) miqdorda moddiy yordam to‘lanadi. Moddiy yordam olish uchun “Inson” markazlari, Davlat xizmatlari markazlariga bevosita kelgan holda yoki ijtimoiy xodim yoxud “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi (“YAMIH” AT), shuningdek, YAIDXP (my.gov.uz) orqali ariza bilan murojaat qilishingiz mumkin.
Kerakli hujjatlar:
➖qonuniy vakilning fuqarolik biometrik pasporti ma’lumotlari;
➖3 yoshgacha bo‘lgan farzand (lar)ining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi (lari) ma’lumotlari;
➖mobil telefoni raqami;
➖AT “Xalq banki” bankida ochilgan bank kartasi ma’lumotlari.
🚨PPX bo‘linmalari pulli xizmatlar ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi
Yuridik shaxslar PPX bo‘linmalariga shartnoma-huquqiy asosda xizmatlardan foydalanish uchun YAIDXP va Davlat xizmatlari markazlari orqali murojaat qilishlari mumkin bo‘ladi. PPX bo‘linmalari IIVning “Elektron patrul” tizimi orqali jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.
Tasdiqlangan ma’muriy reglamentga ko‘ra quyidagilar tartibga solinadi:
➖aholi gavjum joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ichki ishlar organlari patrul-post xizmati bo‘linmalariga yuridik shaxslar tomonidan murojaat qilish tartibi;
➖arizalarni ko‘rib chiqish va ularni rad etish asoslari;
➖jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash ishlarini tashkil etish tartibi.
➖ma’muriy reglament ommaviy tadbirlarni, yig‘ilishlar, mitinglar va ko‘cha namoyishlarini tashkil etish va o‘tkazishga taalluqli emas.
📸 “Radar” yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy bo‘ladi
15-mayda e’lon qilingan “Transport vositalaridan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qaroriga muvofiq, harakat tezligini nazorat qilishga mo‘ljallangan har qanday turdagi statsionar va mobil radarlar joylashgan hududda va ungacha kamida 250 metrdan kam hamda 500 metrdan ko‘p bo‘lmagan hududda “Radar” yo‘l belgisining o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi.