TORCH infektsiyalarni aniqlash shart

DO`STLARGA ULASHING:

TORCH–infektsiya, qisqartma soʼz boʼlib, quyidagi kasalliklarning bosh harflaridan olingan:
T – Toxoplasma (toksoplazmoz);
O – Others (boshqalar: enterovirus, parvovirus V19, gepatit V, S, OIV, zaxm);
R – Rubella (qizilcha);
C – Cytomegalovirus (tsitomegaliya);
H – Herpes simplex virus (gerpes I/II).
Аsosan toksoplazmoz, xlamidioz, mikoplazmoz, qizilcha, sitomegalovirus va boshqalar TORCH infektsiyalari guruhiga kirib, homiladorlikning 12 haftalikkacha boʼlgan muddatida yuqsa, koʼpincha ayolning homilasi nobud boʼlishi mumkin. Qorindagi homila rivojlanishida nuqsonlar ham kuzatiladi.
Toksoplazmoz deyarli belgilarsiz kechadi. Onadan homilaga yuqqanda uning asab tizimi, yurak mushaklari va boshqa aʼzolarni zararlaydi. Toksoplazma qoʼzgʼatuvchisi bilan zararlangan goʼsht mahsulotlarini isteʼmol qilish oqibatida infektsiya odamlarga yuqadi. Garchi kasallangandan keyin organizmda mustahkam immunitet hosil boʼlsada, homilador ayol toksoplazmoz bilan zararlansa turli asoratlar kuzatiladi.
Yengil isitma va mayda qizil toshma bilan namoyon boʼladigan, katta yoshlilarda va homiladorlikda ogʼir kechuvchi virusli kasallik hisoblangan qizilchaning manbai kasallik bilan ogʼrigan bemorlardir. Sogʼlom odamga havo-tomchi yoʼli orqali, bolaga esa onasidan oʼtadi. Tabiatan har bir odam kasallik viruslariga beriluvchan boʼladi.
Izlanishlarning koʼrsatishicha, ayol homiladorlikning birinchi choragida qizilcha bilan ogʼrisa, homila organizmining zararlanish ehtimoli 60-85 foizni, ikkinchi choragida 15-20 foizni, uchinchi choragida esa 5 foizni tashkil etadi. Tugʼma qizilcha bilan dunyoga kelgan goʼdaklarda tugʼma nuqsonlar (masalan, katarakta, yurak nuqsonlari va neyrosensor karlik singarilar) kuzatilishi mumkin. Qizilcha bilan kasallanganlarda odatda turgʼun immunitet hosil boʼladi.
Sitomegalovirusli infektsiya (TsMVI) klinik belgilarsiz oʼtuvchi, baʼzan markaziy nerv tizimi va ichki aʼzolarni ogʼir zararlaydigan, homiladorlikning kechishiga salbiy taʼsir koʼrsatadigan virusli kasallikdir. Dunyo mamlakatlarida aholining SMVI bilan zararlanish koʼrsatkichi turlicha boʼlib, 50-90 foizgacha yetadi.
Dastlabki oylarda SMVI bilan zararlangan homila nobud boʼlishi yoki tugʼma nuqson bilan dunyoga kelishi mumkin. Homiladorlikning soʼnggi davrlarida zararlanish aʼzolar tuzilishida jiddiy oʼzgarishlarga sabab boʼlmasada biroq, bola tugʼilgach unda sariqlik, qon ketishi, oʼpka yalligʼlanishi va markaziy nerv sistemasining zararlanishi kabi asoratlar kuzatiladi. SMVI bilan kasallangandan soʼng turgʼun immunitet hosil boʼlmaydi, bu takroran kasallanish ehtimoli borligidan dalolatdir.
Oddiy gerpes virusi (OGV) eng koʼp tarqalgan virusli infektsiyalardan boʼlib, 2 turi mavjud. Yaʼni OGV-1 bilan zararlanish dunyoda 90-95 foizni tashkil qiladi. Oddiy gerpes homiladorlikning ogʼir kechishi, gohida bolaning vaqtidan oldin yoki chala tugʼilishiga olib keladi. Аniqlanishicha, homiladorlikning birinchi choragida OGV yuqishi bolaning gidrotsefaliya, yurak nuqsonlari, katarakta, karlik, siydik-tanosil aʼzolari, oshqozon-ichak tizimi nuqsonlari bilan dunyoga kelishiga sabab boʼladi. Ikkinchi va uchinchi chorakda yuqishi jigar va qora-jigarning kattalashishi (gepatos-plenomegaliya), anemiya, sariqlik, gipotrofiya, pnevmoniya kabi asoratlarni yuzaga keltiradi. Ushbu kasallikdan soʼng ham turgʼun immunitet hosil boʼlmaydi va takroran kasallanish holatlari kuzatiladi.
Xlamidiy guruhiga mansub mikroorganizmlar qoʼzgʼatadigan yuqumli kasalliklar siydik yoʼllari aʼzolarining xlamidiyali infektsiyalari tufayli yuzaga kelib, umumiy nom bilan “urogenital xlamidioz” deb nomlanadi. Erkaklarda xlamidiyalar orxit, prostatit, uretrit, ayollarda esa servitsit, uretrit, kichik tos aʼzolarining yalligʼlanishi kabi patologik jarayonlarni keltirib chiqarishi mumkin. Mikoplazmalar inson uchun shartli-patogen mik roorganizmlar hisoblanib, sogʼlom organizmda ham uchrashi mumkin.
Jinsiy yoʼl bilan yuqadigan infektsiyalar guruhiga kiritilgan ureaplazmaning 14 serotipi mavjud. Keyingi yillarda infektsiya rivojlanishida turli serotiplarning roli oʼrganilmoqda. Inson organizmida bir vaqtda turli serotipdagi ureaplazmalarni aniqlash mumkin. Ureaplazma asosan maishiy muloqot va jinsiy yoʼl orqali yuqadi. Yashirin davr oʼrtacha 2-3 hafta davom etadi. Kasallik erkaklarda uchraydigan naslsizlikning sabablaridan biri boʼlishi mumkin. TORCh infektsiyalarga oʼz vaqtida tashxis qoʼyish, uni davolash va profilaktika tadbirlarini oʼtkazish kasalliklarda uchraydigan turli asoratlarning oldini olishga imkon beradi.
Mavluda TOShBOEVА,
Toshkent tibbiyot akademiyasining
3-klinikasi oliy toifali akusher-ginekologi.

1 комментарий к “TORCH infektsiyalarni aniqlash shart”

Оставьте комментарий