Atoiy. G’azallar, tuyuqlar & Devoni Shayxzoda Atoiy

DO`STLARGA ULASHING:

Navoiy «Nasoim ul-mahabbat»  («Muhabbat shabadalari») asarida: Mavlono Аtoyi Balxda boʼlur erdi. Ismoil ota farzandlaridindur…oʼz zamonida sheʼri atrok (turkiy tilda soʼzlovchilar) orasida koʼp shuhrat tutti» , deb xabar beradi…
ATOIY
G’AZALLAR, TUYUQLAR
011
Аtoiy (Аtoyi) 15-asr  Samarqand, Buxoro va Balxda yashagan, turkcha va forchada ijod qilgan mumtoz shoir. Аlisher  Navoiy «Nasoim ul-mahabbat»  («Muhabbat shabadalari») asarida shoir xususida quyidagi maʼlumotlarni yozadi:
«Mavlono Atoyi Balxda bo’lur erdi. Ismoil ota (Ahmad Yassaviyning inisi Ibrohim otaning o’g’li) farzandlaridindur, darveshvash va xushxulq, munbasit (ochiq chehrali) kishi erdi. O’z zamonida she’ri atrok (turkiy tilda so’zlovchilar) orasida ko’p shuhrat tutti. Bu matla’ aningdurkim:
Ul sanamkim su(v) yaqosinda paritek o’lturur,
G’oyati nozuklugindin suv bila yutsa bo’lur.
Qofiyasida aybg’inasi bor. Ammo Mavlono ko’p turkona aytur erdi.Qofiya ehtiyojig’a muqayyad ermas erdi. Qabri Balx navohisidadur…»
Atoyi devonining muqovasida va qo’lyozmaning oxirida «Devoni Shayxzoda Atoyi» deb qayd etilishi ham Atoyini shayxlar oilasidan kelib chiqan deyishga asos beradi. Navoiyning xabar berishicha, Atoyi Ulug’bek saroyi shoirlari orasida ham bo’lgan.
Atoyi g’azalnavis — lirik shoirdir. Uning g’azallarida muhabbat mavzui bilan bir qatorda may ham kuylanadi. Mayda hayot zavqi, uning barcha go’zalliklari va lazzatlari vasf etiladi. May Atoyida Umar Xayyom ruboiylari va Hofiz g’azallaridagi kabi hayot timsolidir.
Atoyi lirikasida xalq iboralari, ta’birlar, maqol va matallar, ertak mavzulariga oid so’zlar ko’p. G’azallarini asosan aruzning ramal bahrida yozgan; vazni yengil, misralari qisqa, so’zlari oddiy, uslubi sodda va ravon. Shuning uchun ham uning she’rlari xalq qo’shiqlariga aylanib ketgan. Atoiy tajohuli orifona, laf va nashr kabi tasvir vosita va usullari ham yaratgan.
Atoyidan 260 g’azalni o’z ichiga olgan devon bizgacha yetib kelgan. Taxminan 16-asrda ko’chirilgan devonning qo’lyozma nusxasi Sankt-Peterburgda saqlanadi. Shoir g’azallaridan namunalar 1927 yilda A. N. Samoylovich tomonidan e’lon qilingan edi. (Chagatayskiy poet XV veka Atai. Zapiski kollegii vostokovedov. P. v`sh. 2. L., 1927)1948 yilda tuzilgan «Navoiy zamondoshlari» to’plamida Hodi Zarif uning 88 g’azalini nashr ettirdi. 1958 yilda esa Atoyi g’azallari devon holida chop etildi.
Shoir she’riyati haqida kengroq so’z yuritgan tadqiqotchilardan biri E. Rustamov (Uzbekskaya poeziya v pervoy polovine XV veka. M., 1963) bo’ldi.Atoyi haqida shuningdek oliy o’quv yurtlari uchun tuzilgan darslik (N. Mallaev. Uzbek adabiyoti tarixi, T., 1963, 1965, 1976) va O’zbekiston FA Til va adabiyot instituti tomonidan chiqarilgan besh tomliklarda (O’zbek adabiyoti tarixi, 1- tom, T., (1977) maqolalar, ma’lumotlar kiritilgan.Shoir g’azallari «Tanlangan asarlar» (T., Uzadabiy nashr, 1958) dan olindi).
09
G’AZALLAR
* * *
Ey orazi shamsu qamarim, netti, ne bo’ldi?
Ve, tishlari durru guharim, netti, ne bo’ldi?
Ko’nglum kuyarindin sanga men pand berurmen,
Ey marhami jonu jigarim, netti, ne bo’ldi?
Sen bor ekan o’zga kishiga, gar nazar etsam,
Chiqsun bu mening diydalarim, netti, ne bo’ldi?
Gah javr ila o’ltur meni, gah noz ila, sendin,
Haqqoki mening yo’q guzarim, netti, ne bo’ldi?
Ey lo»bati shirin, seni Farhod mengizlik,
Olamg’a yoyildi sevarim, netti, ne bo’ldi?
Bir zarra suchuk so’zni Atoyidin ayarsen,
E lablari shahdu shakarim, netti, ne bo’ldi?
* * *
Yuzungdin gar yiroq solsam nazarni,
Netarmen ko’zda bu nuri basarni.
Labingni qanda ko’rmishkim, uyottin
Yeshurdi band ichinda nayshakarni.
Seni xurshed o’qug’ondin ajabtur
Ki, sulton birla teng der darbadarni.
G’arib erur gadoni so’rmoq, ey shoh,
So’rarlar jumla olam mu’tabarni.
Bo’yun sunsam g’amingga, ayb emaskim,
Zabun aylar muhabbat sheri narni.
Raqibu zohid ohimdin kuyarlar,
Bale, o’t kuydurur har xushku tarni.
Atoyi sevdi jondin qomatingni,
Sevar haq biym yo’lida rostlarni.
* * *
Necha jonimg’a sendin dardu g’amdur?!
Magar mehring jafo,lutfung sitamdur.
Muhiblarg’a jafo qilmoq yozuqsiz,
Muhabbat yo’lida bisyor kamdur.
Manga dushvor erur sensiz tirilmak,
Sanga men bo’lmasam,ey jon,na g’amdur?!
Necha jonimg’a tekding va’da birla,
Kechar dunyo,vafo qil,dam bu damdur.
Ko’zung,zulfung bila og’zing g’aminda
Vujudim hosili ayni adamdur.
Gunah qildimki,hajringda tirildim,
Vale mendin gunah,sendin karamdur.
Atoiy ushbu yo’lda xok bo’lsa,
Murodi xo’blardin bir qadamdur.
* * *
Ul sanamkim,su(v) yaqosinda paritek o’lturur,
G’oyati nozuklukindin suv bila yutsa bo’lur.
To magarkim,salsabil obina javlon qila,
Keldi jannat ravzasindin obi kavsar sori hur.
Ul ilikkim,suvdin oriqtur, yumas oni suda,
Balki suvni pok bo’lsun deb ilik birla yuyur.
Emdi bildim rost emish,balki ko’rdim ko’z bila,
Ulki derlar,suv qizi goh-goh ko’zga ko’rinur.
Qoshlaring yosin Atoiy ko’rgali husn ichra toq,
Subhidam mehroblarda surai yosin o’qur.
* * *
Xasta ko’nglumdin xayoling bir zamon ketmas,begim,
Nechakim,vasling etakiga qo’lum yetmas,begim.
Netayin,darmonda bo’ldum men bu ko’nglum ilkida,
Sensizin hech yerda bir lahza qaror etmas,begim.
Garchi sen dashnom etarsen,men duochiman senga,
Oshiqi sodiq jafodin elini chetmas,begim.
Sen meni ta’zim etib qullar soninda tutmag’il,
Itlaring xaylinda bo’lsam,ne manga yetmas,begim?!
Ta’nadin qovmas Atoiyni eshikindin raqib,
Hech gadoy it ursa eshikni qo’yub ketmas,begim.
* * *
Kel,ey dilbarki,bo’ston vaqti bo’ldi,
Gul ochildi,guliston vaqti bo’ldi.
Qilay nola,boqib guldek yuzungga,
Chu bulbullarg’a afg’on vaqti bo’ldi.
Gulu bulbul bikin gulbunlar ichra,
Nishotu ayshi pinhon vaqti bo’ldi.
O’qub gul baxtini majlisda har dam,
Bo’lub sarxush,gulafshon,vaqti bo’ldi.
Turub mahbub olida muhibg’a,
Chu gul choki giribon vaqti bo’ldi.
Mug’annilarg’a bulbullar bikin zor,
Hazoron nav’i alhon vaqti bo’ldi.
Bu damkim,gul qilur bulbulg’a altof,
Atoiyg’a ham ehson vaqti bo’ldi.
* * *
Oh,o’lturdi firoq ul gul uzorimdin yiroq,
Lola yuzluq,sarv bo’yluq to’g’ri yorimdin yiroq.
Nola qilsam har zamon ayb etmang,ey ushshoqkim,
Andalibi benavomen lolazorimdin yiroq.
Ixtiyor ettim ul oyni ikki dunyodin, vale
Netayin soldi falak o’z ixtiyorimdin yiroq.
Sa’y etar zohid meni jannatning eski bog’ina,
Men borurmenmu yuzungdek navbahorimdin yiroq.
Menda ham sabru qaroru aqlu hushe bor edi,
Ne baloliq ishq edikim,soldi yorimdin yiroq.
Gar falak o’ltursa yuz qatla meni,hech bok emas,
Bu o’lumdurkim,o’ladurmen nigorimdin yiroq.
Ketmagay o’lsam Atoiydek bo’yung sarvi uchun,
To qiyomat sayayi rahmat mozorimdin yiroq.
* * *
Ay gul chehralik sarvi ravonim,
Fido bo’lsun senga jonu ravonim.
Sulaymon mulkudur ham Nuh umri
Saning bila kechurgan bir zamonim.
Agar zulfung uchun chopsang boshimni,
Yuz evursam maning bo’ynumg’a qonim.
Belingda garchi bir qilcha gumon bor,
Vale og’zingda yo’qtur hech gumonim.
Jamoling oyatidur husn ichinda,
Ne hojat bu mening sharhu bayonim.
Bu dog’e kim,qo’yar jonimg’a hajring,
Ajab qolg’ay mening nomu nishonim.
Yuzung mehrinda jon berdi Atoiy,
Demading bir kun: «O’ldi mehribonim».
* * *
Bovujudi orazing bargi samandin kim desun?
Loladin kim so’zlasun,ham nastarindin kim desun?
Dunyoni tutti saning husnung bila dardim so’zi,
Yusufu Ya’qub ila Baytul-hazandin kim desun?
La’lingiz birla dam urmas zarra sarrofi aql,
Ore,yaxshi bor ekan,asli yamondin kim desun?
To visolingdin yiroqmen, yovumas hech kim manga,
Joe uldur,ayb emas,jonsiz badandin kim desun?
Zulfu xolingdin muattar bo’ldi olam,ba’dazin
Nofayi ohuyu Totoru Xo’tandin kim desun?
Makru fan aylab meni,sayd etti derlar el seni,
Men azaldin mubtalomen,makri fandin kim desun?
Eshikingdakim,shahanshahlarga anda bor yo’q,
Bu Atoiydek gadoyi bevatandin kim desun?
* * *
Kuyar jonim,netay,dilxoh unutti,
Ko’ngul ahvolidin ogoh unutti.
Falakka yetsa ohim ne ajabkim,
Meni ul Zuhra ko’zluk moh unutti.
Qani bir mushfiqekim,yod bersa,
Gadoyi muxlisin ul shoh unutti.
Bu qulg’a bor ekan bis’yor lutfi,
Ne kamlik bo’ldikim,nogoh unutti.
Ne yo’lsiz keldi mendinkim,munungdek,
Azaldan jon ila hamroh unutti.
Firoqingda manga tasbih bo’ldi
Bu so’zkim: «Oh unuttu,oh unutti!»
Atoiy xayma ur mulki adamda,
Chu sendin ul buti xirgoh unutti.
* * *
Shaho,bizga nazar qilsang ne bo’ldi?
Gadoni mu’tabar qisang ne bo’ldi?
Ko’ngul yuz poradur gul,g’uncha yanglig’,
Sabodek bir guzar qilsang ne bo’ldi?
Qaro baxtim bikin hijron kechasin
Visolingdin sahar qilsang ne bo’ldi?
Boqib usruk ko’zungdin,nosihimni
Meningtek bexabar qilsang ne bo’ldi?
O’tar ohim o’qi to’quz falaktin,
Vafo birla sipar qilsang ne bo’ldi?
Baloqqedur raqib,oxir balodin,
Xudoy uchun hazar qilsang ne bo’ldi?
Keturdi mohazar jonin Atoiy
Qabuli mohazar qilsang ne bo’ldi?
* * *
Yuzung xurshedtek tobanda bo’lsun,
Jamoling to abad poyanda bo’lsun.
Takallum qil,sochilsun durri gavhar,
Tabassum qil,jahon purxanda bo’lsun.
Yuzungdin burqa’ olg’il bir zamone,
Uyolsun oyu kun,sharmanda bo’lsun.
Meni o’lturgali g’amzang qilichi,
Ko’zungdek kofiri burranda bo’lsun.
Pari ruxsorlarning xusravisen,
Seningtek joni shirin qanda bo’lsun?
Agar o’lsam tilarmen tengridinkim,
G’aming jonimg’a,darding tanda bo’lsun.
«Faloni qullarimdindur» demushsen,
Atoiy ushbu so’zga banda bo’lsun.
* * *
Ey,ko’zda yuzung hayrati osori tomosha,
Nazzorayi husning guli behori tomosha.
Ko’nglum tepishi ayladi savdo elini xush,
Devona rur ravnaqi bozori tomosha.
Muft o’ldi havas ahlina savdoyi visoling,
Bemoya topar sud xaridori tomosha.
Ko’nglum qushini zog’laring qildi muzayyan,
Shavq etti bu tovusni gulzori tomosha.
Mohiyati xurshedni xuffosh na bilsun,
Har dila emas mahrami asrori tomosha.
Ko’nglumni qilib qasri vafo ishq,Amiriy,
Ko’z manzarasin ayladi anvori tomosha.
* * *
Xayoling xayli,ey jonim charog’i,
Turur ko’zumdavu ko’nglumda dog’i.
Yuzung ko’rar ko’zumdur,gar raqibing,
Ko’ra olmas oni chiqsin qarog’i.
Qachon zulfung ko’ngul birlan tuzolgay –
Kim,egridur aning boshtin-ayog’i.
Fig’onimni rubob olig’a, ey do’st,
Ne aytoyin chu eshitmas qulog’i.
Ko’zung ko’ngulda ekmas mehr tuxmin,
Ajab yo’q,tushmadi ekin yirog’i.
Yuzung ko’rar ko’zumdur,gar raqibing
Ochilg’il gah-gahe,ey husn bog’i.
Amiriy olidin to o’tti ul zulf,
Nasimidin mushavvashdur dimog’i.
TUYUQLAR
* * *
Telbaman shahlo ko’zung olusidin,
Uzmadim bog’ingda vasl olusidin.
Hajr dashtida yugurmog’lig’ bila,
Yetmadim vaslingga yo’l olusidin.
* * *
Gar desam,bog’i visoling nori bor,
Olma deb achchig’lab aytur:  Nori bor!
Ishq naxli ko’z yoshimdin suv ichib,
Bargu borini shararlig’ nori bor.
* * *
Ey ko’ngul,bu kecha ul oy sori bor,
Oh o’tin yorutmakim,ag’yori bor.
Tuxmi mehr etkim muhabbat bog’ida,
Dard barg ochti-yu g’am kelturdi bor.
* * *
Sham’ yanglig’ yonadur boshimda o’t,
Ko’z yoshimdin yer yuzinda undi o’t.
Qon yoshim qildi yo’lungni lolazor,
Muncha taqsir ayladim, qonimdan o’t.
* * *
Bodasiz betobmen bu kecha men,
La’ling istab emdi jondin kechamen.
Sohili maqsadg’a yetgaymanmu deb,
Ko’z yoshim daryosida suv kechamen.
* * *
Jilva aylab sakraturda sarkash ot,
Noz o’qin javlon etib jonimg’a ot.
Itlaring xaylig’a xizmat ayladim,
Qo’ydilar ahli vafo deb manga ot.
* * *
Dilrabo,hajring o’tida yonamen,
O’rtanib vasling tilarman yona men.
Ka’ba azmidin manga san muddao,
Bo’lmasang, albatta, andin yonamen.
* * *
Hamnishin ag’yor to ul yoradur,
Ko’kragim hasrat o’qidin yoradur.
May bila soqiy himoyat bo’lmasa,
Shahnayi hijron yurakni yoradur.
kh-davron.uz

Оставьте комментарий