Chorva hayvonlarini kasalliklardan asrash

DO`STLARGA ULASHING:

Boqilayotgan chorva hayvonlarini kasalliklardan asrash bo‘yicha tavsiyalar
Chorva mollarni parvarishlayotgan xonadon oila azolari har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari, yuqumli kasalliklarga qarshi emlash muolajalarini (kasallik hayvonlardan insonlarga yuqmasligi uchun) olishlari zarur.
Oila a’zosi agar teri kasalliklari bilan kasallangan bo‘lsa, tana azolarida shilingan, kesilgan, mayda yaralar toshgan hollarda shifokorning ruxsatisiz chorva mollariga xizmat ko‘rsatishi va sigir sog‘ishi mumkin emas.
Uy hayvonlarini parvarishlashning asosiy sharti o‘z vaqtida va uzluksiz oziqlantirishdir (og‘ilxonada parvarishlash davrida mollar yozda tayyorlangan ozuqa bilan boqiladi).
Ikkinchi muhim shartlaridan biri – zarur gigiyenik parvarishlashdir. Bu hayvonning o‘z tirik vaznini saqlab qolishida o‘z ifodasini topadi – ular o‘rtacha semizlikni saqlab qoladi.
Qoramolni xonadonda boqishda avvalo, bu mol qaysi yo‘nalishda boqilayotganligiga etibor qaratilishi lozim. Agarda sut yo‘nalishida boqilayotgan bo‘lsa ratsionida maydalangan ko‘k o‘t, pichan, lavlagi, sifatli konsentrat yem bo‘lishi kerak.
Agar mol bo‘rdoqiga boqilayotgan bo‘lsa ratsionida ko‘proq miqdorda konsentrat (em, kepak, sheluxa, shrot) bo‘lishi shart. Boqilayotgan mol kam harakat qiladigan holatda bo‘lishi kerak.
Qoramollarni saqlash xonalari, yani og‘ilxonalar keng, yorug‘ va havo almashishi uchun romlar bo‘lishi kerak. Molxona yaxshi tamirlangan, devorlari, oxuri ohak bilan dezinfeksiyalangan, barcha teshik-tirqishlar yopilgan bo‘lishi kerak. Og‘il yaxshi shamollatiladigan, siydik oqib ketadigan nov bo‘lishi lozim.
Mollarning o‘zini iloji bo‘lsa har kuni, bo‘lmasa, ifloslanganda tozalab, qashlab turish darkor. Buning uchun qashlagichdan foydalaniladi. Agar qoramol juda ifloslanib ketgan bo‘lsa iliq suvda yuviladi. Bu tadbirni yozda doimo bajarib turish lozim, chunki toza teri hasharotlarni o‘ziga kamroq jalb etadi. Sigirni cho‘miltirib turish yoki suv sepish ham samaralidir.
Molxona qurishda meyorlarga rioya qilish lozim. Sigirlar uchun og‘ilxona uzunligi 160-200 sm, kengligi 130-150 sm. dan kam bo‘lmasligi kerak. Oxur pastroq bo‘ladi – mollar bo‘ynini egib, ammo cho‘zilmasdan oziqlanishi kerak.
Oxurni, yaxshisi to‘g‘ri burchakli emas, ovalsimon qilib, yani tepa tomoni 80 sm, pastini 50 sm. dan kam bo‘lmagan kenglikda qurish maqsadga muvofiqdir. Uning hajmi bir marotabalik ozuqa sig‘adigan bo‘lib qolmasin, bo‘rdoqiga boqilayotgan mollarning suvi oldida bo‘lgani maqul.
Yuqumli kasalliklar va hasharotlarga qarshi kurash tadbiri sifatida hamisha molxona atrofini toza saqlab, go‘ngini kuniga ikki marta yig‘ishtirib olish, hasharotlarni quvadigan eritmalar bilan mollarga ishlov berib turish tavsiya etiladi.
Yangi eritilgan ohak juda kuchli dezinfeksiyalash xususiyatiga ega. Shuning uchun molxona devorlari tez-tez ohak bilan bo‘yalsa, bu molxonaning sanitariya holatini va havo tozaligini yaxshi darajada saqlab turadi.
Chorva mollari orasida uchraydigan bir qator yuqumli kasalliklar borki, ularni oldini va xavfsizlik choralarini ko‘rish lozim.
Kuydirgi kasalligi. Bu kasallik o‘tkir yuqumli kasallik hisoblanadi va hayvonlarning hamma turlariga, shuningdek, odamga ham yuqadi.
Bu kasallikda hayvon juda ham bo‘shashib, ishtahasi yo‘qoladi, tana harorati 41-42,5ºS ga ko‘tariladi, shilliq pardalari ko‘karadi, hayvon halloslaydi.
Yana o‘qing:  Yumshoq o‘yinchoqlarning jo‘yali va nojo‘ya xususiyatlari
Ko‘p hayvonlarning terisida shishlar paydo bo‘ladi, qoramol vaqti-vaqti bilan bezovtalanadi, ich ketishi va siydik qizarishi kabi klinik belgilar namoyon bo‘ladi.
Brutsellyoz kasalligi (qoraoqsoq kasalligi). Mazkur kasallikda hayvonlarda homila tushishi, yo‘ldoshning ushlanib qolishi kasallik belgilari bo‘lib hisoblanadi. Homilaning tushishi ko‘pgina hollarda bug‘ozlikning ikkinchi yarmida kuzatiladi, kasallik insonga yuqadi.
Bunday belgi bilan kasallangan hayvonlarga aniq diagnoz qo‘yilguncha sutini istemol qilmasdan turish kerak.
Tuberkulyoz (sil) kasalligi. Tuberkulyoz kasalligi surunkali o‘tuvchi xarakterli bo‘lib, organizmning o‘pka, ichak, limfa tugunlarida o‘ziga xos turdagi tuberkula tugunaklarini hosil qiladi, bu kasallik bilan insonlar ham kasallanadi.
Quturish kasalligi. Bu kasallik bilan barcha turdagi issiq qonli hayvonlar va shuningdek odamlar ham kasallanadi.
Kasallik belgilari ko‘pchilik hayvonlarda o‘xshash bo‘lib, qo‘zg‘aluvchanlikning ortishi, atrofga javob reflekslarini buzilishi, ishtahasizlik, yeb bo‘lmaydigan narsalarni tishlashi, ko‘plab so‘lak ajratishi bilan xarakterlanadi. Bu holat 2 kun davom etib, hayvonning shol bo‘lib o‘lishi bilan yakunlanadi.
Oqsil kasalligi. Mazkur kasallik qoramollarda og‘ir kechuvchi xususiyatga ega, kasallik og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatlarida, yelin terisida va oyoqlarda yaralarning hosil bo‘lishi bilan xarakterlanadi.
Qorason kasalligi. Bu kasallik 3 oylikdan 4 yoshgacha bo‘lgan qoramollarda ko‘p uchraydi.
Kasal molning tana harorati ko‘tariladi, muskulli qismlaridagi shishgan joylarda og‘riq va g‘ijirlash paydo bo‘ladi, hayvon 1-3 kun davomida nobud bo‘ladi.
Salmonellyoz kasalligi. Kasallik bilan buzoqlar 10 kunligidan 2 oylik yoshgacha zararlanadi. Kasallik sut, obrat orqali va nafas olish jarayonida yuqishi mumkin.
Kasal buzoqlarda lohaslanish, tana haroratining ko‘tarilishi, bel qismining bukchayishi, ko‘zlarining yarim yumilishi va yosh oqishi, ich ketishi, junining xurpayishi kabi belgilar kuzatiladi.
Metrit kasalligi. Bu kasallik bachadonning yallig‘lanish kasalligi bo‘lib, sigirlarda keng tarqalgan va turli ko‘rinishlarda kechadi. Kasallik bachadonning shikastlanishi, yo‘ldoshning ushlanib qolishi va bachadonga mikrob tushishi natijasida kelib chiqadi.
Kasallangan mollarda holsizlanish, tana haroratining ko‘tarilishi, nafas olish hamda yurak urishi tezligining ortishi, ishtaha yo‘qolishi, ingrash va bukchayish kabi alomatlar namoyon bo‘ladi.
Mastit kasalligi. Sut bezlarining bir qancha turdagi bakteriyalar tomonidan zararlanishidir. Sut bezidagi yallig‘lanish darajasiga qarab kasallik belgilari har xil bo‘ladi.
Kasallikning og‘ir ko‘rinishlarida yelin shishib ketadi, uning kasallangan mahalliy qismlarida harorat ko‘tariladi, kuchli og‘riq paydo bo‘ladi, natijada sigirning ishtahasi yo‘qoladi. Surunkali ko‘rinishlarida esa yelin pallalaridan biri yoki bir nechtasi shishgan holatda bo‘lib, sut o‘ziga xos bo‘lmagan irigan ko‘rinishda bo‘ladi.
Tuqqandan keyingi falajlik kasalligi. Kasallik tug‘ishdan keyin ro‘y beradi. Sigirlar ko‘p miqdorda sut ishlab chiqarishi davomida katta miqdorda kalsiy va boshqa qimmatli mineral moddalarni organizmdan chiqarib yuborishi natijasida vujudga keladi.
Kasallikning birinchi belgisi bu – gandiraklash, yotgandan keyin tura olmaslik, sigirlar yotib qolganda boshini qorin ustiga qo‘yib yotishi kabilardir. Kasal sigirga o‘z vaqtida zaruriy choralar ko‘rilib yordam berilmasa, u nobud bo‘ladi.
Yana o‘qing:  SABZILI MANTI
Tuyoq kasalligi. Kasallikning kelib chiqishiga sabab – tuyoqning shikastlanishi, tuyoqlar orasidagi terining yorilishi yoki shilinishi kabi hollarda, shu joyga bakteriyalar tushib zararlaydi va kasallik kelib chiqadi.
Kasallik belgilari shundan iboratki, molda borgan sari og‘irlashadigan oqsoqlik paydo bo‘ladi, tuyoq atrofida shish hosil bo‘ladi, qo‘lansa hid paydo bo‘ladi. Kasallik infeksiyasining oyoq bo‘g‘imlariga o‘tishi oqibatida mol nobud bo‘lishi mumkin.
Chorva mollarining qon-parazitar kasalliklariRespublikamiz hududida ko‘p uchraydi kasallik yaylov kanalari tomonidan yuqtiriladi.
Kasallangan hayvonlarda tana harorati ko‘tariladi, ishtahasi yo‘qoladi, qon kamayadi (anemiya), siydik to‘q qizil tusga kiradi, shilliq pardalar sarg‘ayadi.
Kasallikning oldini olish uchun molxonalarning devorlarida tirqish yoriqlar bo‘lmasligi kerak. Devorlarni suvoq qilib, oqlash maqsadga muvofiq. Qoramollarni bahor-yoz davrida har 15-20 kunda cho‘miltirib turish, poliamidin, berenil, azidin preparatlari bilan har 100 kg tirik og‘irligiga 5 ml hisobida oldini olish tadbirlarini o‘tkazish tavsiya etiladi.
Og‘iz sutini buzoqqa to‘liq to‘yganicha emiziladi. Buzoq issiqroq joyda saqlanadi, ayrim kishilar molxonasida maxsus buzoqxona ham qurdiradi va unga erkin qo‘yib yuboradi.
Sigirni sog‘ishdan oldin, uning yelini oldin issiq suvda namlangan latta bilan artilib, keyin quruq latta bilan surtib tozalanadi.
Sigirni saqlaydigan joy toza bo‘lib, nam bo‘lmasligi kerak. Molxona har 3-5 kunda isiriq (adarasmon) tutatilib, dezinfeksiya qilib turiladi.
Buzoqni sog‘lom qilib o‘stirish uchun, buzoq o‘zi oziqlanadigan davrgacha, yani 40 chiqqancha emchakning 2 ta so‘rg‘ichini buzoq emishi uchun qoldirish shart.
Buzoqni har kuni toza havoda yayratish, yani bo‘sh qo‘yish kerak. Boshqa ozuqalar bilan oziqlana boshlagandan keyin qo‘shimcha oziqlantiriladi.
Sigirlarni boqishda oziqlantirishga katta etibor berish lozim, uy sharoitida boqilayotganda berilayotgan ozuqaga yot narsalarning bo‘lmasligiga etibor berish zarur.
Sigirlar damlatadigan ozuqalarni istemol qilib, damlab ketsa quyidagilarni bajarish lozim. Hayvonni yugurtirish, toza sut ichirish, ustidan yaxtak suv quyish, og‘ziga yaxshi chaynaladigan daraxtlarning (tolning) novdasidan solib bog‘lab qo‘yish.
Cho‘l, dasht zonalarida yaylovga boqiladigan hayvonlarda dala kanalari hayvonlarda uchrashi mumkin. Kanani esa o‘ldiruvchi vositalar bilan (kerosin, kakra qaynatmasi va boshqa zamonaviy dezinfektorlar) yuvish kerak.
Buzoq, umuman hayvonlarning ichi ketsa, sariq o‘tning qaynatmasidan ichirish lozim.
Hayvon saqlanadigan molxonani, hayvon molxonadan chiqqandan keyin (bahorning oxiri, yoz oylarining boshlarida) tozalab, ohaklab qo‘yish kerak. Hayvon molxonaga kirish oldidan ham shunday qilish lozim.
Sigir tuqqandan keyin, tezda quyga kelib, yangidan qochirish uchun uni har kuni eng kamida 1-1,5 km yurgizish zarur.
Qoramollarni bo‘rdoqiga boqishda salqin, qorong‘iroq joy maqsadga muvofiq bo‘ladi. Berilayotgan ozuqaga etibor berish kerak hayvonni ozuqa bilan bo‘ktirib qo‘ymasligi lozim.
Yoz kunlari har kuni cho‘miltirilsa semirib, tozalanadi. Semirayotgan mol juda nozik didli bo‘ladi, agar ozuqani ko‘ngildagiday yemasa, boshqasiga almashtirish zarur.
Yana o‘qing:  Qaynoq mavsumning zavqli mashg‘uloti
Parrandalarni kasalliklardan asrash
Jo‘ja va tovuqlarni kasalliklardan himoya qilish uchun quyida keltirilgan reja asosida emlash maqsadga muvofiqdir.
VAKSINALAR
1. Mareka
1 kunligida muskul orasiga
2. Gamboro
7-8 kunligida suv bilan
3. La-Sota
14 kunligida burniga 2 tomchi
4. Gamboro
17-18 kunligida suv bilan
5. IBK-NB
35 kunligida burniga 2 tomchi
6. Salmonellyoz
43 kunligida og‘ziga 5 tomchi
7. ILT
45 kunligida ko‘ziga 1 tomchi
8. IBK-NB
65 kunligida burniga 2 tomchi
9. ILT
80 kunligida ko‘ziga 1 tomchi
10. IBK-NB
90 kunligida burniga 2 tomchi
11. Salmonellyoz
105 kunligida og‘ziga burniga 5 tomchi
12. Ospa ptits
115 kunligida qanoti ostiga
13. SSYa
115 kunligida muskul orasiga
Jo‘jalarga dastlabki kundan boshlab A, D, Ye, S va V guruhiga kiruvchi vitaminlarni meyoridagi miqdorlarda berib borilishi, ko‘pchilik yuqumsiz kasalliklarning oldini olib, jonivorlarni sog‘lom o‘sib-etilishida muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, parrandalar ozuqasiga turli mikro va makroelementlar hamda boshqa qo‘shimchalarning berib borilishi ham maqsadga muvofiqdir.
Parrandalarni oziqlantirishda 1 bosh parrandaga sarf qilinadigan kombikorma miqdori:
Yoshi
Kunlik me’yor
1-4 kunlik
11 g
5-21 kunlik
17 g
22-56 kunlik
41 g
57-112 kunlik
70 g
113-133 kunlik
90 g
134-160 kunlik
120 g
G‘oz va o‘rdaklarni saqlashda yuqoridagilardan tashqari ularga cho‘milish havzasi bo‘lishi kerak.
Qishloq xo‘jalik hayvonlarini saqlayotgan va turgan og‘ilxonalarga parrandalarni (tovuq, o‘rdak, g‘oz) kirishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur.
Quyonlarni kasalliklardan asrash
Quyonlarning yuqumli kasalliklarini oldini olish va davolash tadbirlarini ishlab chiqish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Quyonlarning pasterellyoz (gemorragik septitsemiya) kasalligi juda og‘ir va murakkab kechuvchi o‘ta havfli kasallik hisoblanadi. Kasallikda o‘pka, yurak, qon tomirlar tizimi, ichaklar va boshqa a’zolarda sepsis, gemorragik yallig‘lanish, qon quyilishlar kabi og‘ir jarohatlar ro‘y berishi natijasida hayvonlar ko‘plab nobud bo‘ladi. Pasterellyoz kasalligi bahor va yoz oylarida keng rivojlanadi. Bunga iqlimning keskin o‘zgarishlari hamda turli stresslar kabi omillar qo‘shimcha sabab bo‘ladi.
Quyonlar orasida yuqorida nomlari keltirilgan kasallik bilan kasallangan quyonlarning o‘lish darajasi 80-85 foizgachani tashkil etadi. Kasallangan quyonlarni davolash va kasallikka qarshi kurashish tadbirlari uchun katta mablag‘ sarflanadi. Kasallanib tuzalgan quyonlar o‘sish va rivojlanishdan ortda qoladi hamda kasallik qo‘zg‘atuvchisini tashuvchi bo‘lib qoladi.
Quyonlarning yuqumli (pasterellyoz, salmonellyoz, gemorragik septitsemiya, quyonlar ulati va boshqa) kasalliklarni oldini olish uchun o‘z vaqtida kasalliklarga qarshi emlab turilsa maqsadga muvofiqdir. Shuningdek ko‘p hollarda quyonlar orasida invazion kasalliklardan koksidioz, strongilyoz, askaridioz, trixinellyoz kasalliklari uchrab turadi. Mazkur kasalliklarni oldini olish uchun har ikki oyda bir marta gelmintlarga qarshi antigelmintik preparatlardan qo‘llab turish maqsadga muvofiq.
Sh. Jabborov
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi sayti

Оставьте комментарий

ArabicChinese (Traditional)EnglishFrenchGermanHindiKazakhKyrgyzRussianSpanishTajikTurkishUkrainianUzbek