Ekologiya fani, uning tarkibi, maqsadi, vazifalari va boshqa fanlar bilan bog’liqligi

DO`STLARGA ULASHING:

“Ekologiya” fani, uning tarkibi, maqsadi, vazifalari va boshqa fanlar bilan bog’liqligi
Ma’lumki, keyinga 80 yil davomida fan va texnika keskin rivojlandi, sanoat, transnort, qurilish, energetika tarmoqlari tez sur’atlar bilan o’sdi, tabiiy boyliklar (neft va gaz, ko’mir, rangli metallar) dan haddan tashqari foydalanildi, quriq yerlar-yaylovlar, to’qayzorlar, botqoqliklar o’zlashtirildi, sanoatda va qishloq xo’jaliga tarmoqlarida turli zaharli kimyoviy moddalardan qo’llanib kelindi. Natijada tabiiy muhitda ekologik muvozanat buzildi, tuproq, suv va atmosfera havosining tabiiy tarkibi o’zgaradi, turli ifloslanishlar paydo bo’ldi. Bular nafaqat iqtisodiy — ijtimoiy tangliklarni, balki ekologik tangliklarni kelib chiqishiga asosiy sabab bo’ldi va tabiiy boyliklarni kun sayin kamayishiga olib keldi. Masalan, Jarqoq va Gazli yer osti boyliklari yildan yilga kamayib borishi ko’pchilikka ma’lum bo’lib qoldi.
Bundan tashqari, ba’zi-bir mintaqalarda suv muammolarining kelib chiqishi (masalan, Orol dengizining qurib borishi, Zarafshon daryosining qurib borishi, Arnasay ko’llari atrofidagi ekologik muammolar va hokazolar), o’simlik va hayvonot turlarining qirilib ketishiga sabab bo’ldi. Agar 17 — 18 asrlar davomida hammasi bo’lib 32 turlari yo’qolib ketgan bo’lsa, 20 asr oxirlariga kelib 235 hayvonot turlari va 400 dan ortiq o’simlik turlari yo’qolib ketdi.
Ekologik muammo deganda insonning tabiatga ko’rsatayotgan ta’siri bilan bog’liq holda tabiatning insonga aks ta’siri, ya’ni uning hayotida, iqtisodiyotida xo’jalik ahamiyatiga molik bo’lgan jarayonlar, tabiiy hodisalar bilan bog’liq har qanday hodisa tushuniladi. Masalan, iqlimning o’zgarishi yoki suv toshqini natijasida paydo bo’ladigan muammolar, ishlab chiqarish korxonalarida vujudga keladigan ba’zi bir favqulodda vaziyatlar va hodisalar, ba’zi bir hayvonot turlarining bir joydan ikkinchi joyga. ko’chib borishi va hokazolar, ekologik muammo bo’la oladi.
Ekologik muammolarni ko’lami va dolzarbligiga qarab 3 guruhga ajratish mumkin.
  1. Umumbashariy (global) ekologik muammolar. Bu guruhga ozon qatlamining siyraklanishi, “Atmosferaning dimiqishi”, chuchuk suv muammolari misol bo’la oladi.
  2. Mintaqaviy (regional) ekologik muammolar. Bu guruhga Orol dengizining qurib borishi, Arnasoy ko’llari atrofidagi ekologik muammolar, Sarez ko’li muammosi va boshqalar misol bo’la oladi.
  3. Mahalliy (lokal) ekologik muammolar. Bu guruhga sanoat korxonalari joylashgan mintaqalarda (masalan, Navoiy, Angren, Olmaliq, Chirchiq va b.) tabiatni muhofaza qilish muammolari, suv tanqisligi muammolari, chiqindilar, pestisidlar, gerisidlar va boshqa kimyoviy moddalar bilan bog’liq agrosanoat ekologik muammolari misol bo’la oladi.
“Ekologiya” yunoncha so’z bo’lib, “oykos”–uy va “logos”–fan, ta’limot degan ma’nolarni anglatadi. Bu atamani 1866 yilda nemis biolog-darvinist olimi Ernest Gekkel “Organizmlar marfologiyasining umumiy prinsiplari” asarida izohlab bergan edi. E.Gekkel “umumiy ekologiya” ni tirik organizmlarning atrof-muhit bilan o’zaro aloqalarini va ta’sirini o’rganadigan fan deb, ta’riflagan edi.
Umumiy ekologiya biologiya fanining bir bo’lagi bo’lsa-da, ammo botanika, zoologiya nisbatan yangi fan bo’lib, u XX asrning boshlarida rivojlana boshladi.
Ekologiya tirik organizmlarning yashash sharoiti va ulariing o’zi yashab turgan muhit bilan o’zaro murakkab munosabatlari, hamda shu asosda vujudga keladigan qonuniyatlarni o’rganadi. Ya’ni tirik mavjudot va uning ma’lum hududiga mos keladigan muhitlaridan iborat tizimlar tabiatini tadqiq yetadi. Bu esa ekologik tizimlar yoki ekotizimlar deb ataladi.
Populyasiyalar, turlar, biosenozlar, biogeosenozlar va biosfera kabi tushunchalar ekologiya fanining asosiy tushunchalari va manbalari hisoblanadi. Shuning uchun umumiy ekologiya 4 bo’limga bo’lib o’rganiladi.
  1. Autekologiya
  2. Populyasiyalar ekologiyasi
  3. Sinekologiya
  4. Biosfera
  5. Autekologiya (“autos”– yunoncha so’z bo’lib, “o’zi” degan ma’noni bildiradi) ayrim turlarning yashab turgan muhiti bilan o’zaro munosabatini, turlarning qanday muhitga ko’proq va uzviy moslashganini o’rganadi.
  6. Populyasiyalar ekologiyasi (“populyasion”– fransuzcha so’z bo’lib, “aholi” degan ma’noni bildiradi) populyasiyalar tuzilmasi va dinamikasi. ma’lum sharoitda turli organizmlar sonining o’zgarishi (biomassa dinamikasi) sabablarini tekshiradi.
  7. Sinekologiya («sin»– yunoncha so’z bo’lib, “birgalikda” degan ma’noni bildiradi) biogeosenozning tuzilishi va xossalarini, ayrim o’simliklar va hayvonot turlarining o’zaro aloqalarini, hamda ularning tashqi muhit bilan munosabatini o’rganadi.
  8. Ekotizmlarni tadqiq qilish va ularning rivojlanishi biosfera (yunoncha “bios”–hayot, “sfera”–shar) haqidagi ta’limotni vujudga keltirdi. Sayyoramizda tarqalgan organizmlar, ya’ni Er qobig’idagi barcha mavjudotlar tizimi biosfera deb ataladi. Ushbu ta’limotning asoschisi akademik V.I.Vernadskiy (1863-1945) hisoblanadi.
Ekologiya fanining rivojlanishiga taniqli olimlar YA.N.Pavlovskiy, V.L.Sukachev, S.I.Vavilov, K.A.Timiryazev va xususan V.I.Vernadskiy salmoqli hissa qo’shganlar.
Ingliz olimi Ch.Darvin (1809-1885)ning “Tirik organizmlarning yashash uchun kurash» qonuni ekologiya fanining negizini tashkil yetadi.
Tabiiy muhitda tirik organizmlarning issiqlikka, namlikka, bosim va qurg’oqlikka moslanishi va turlarning bir-biri bilan o’zaro munosabatlari asosida vujudga keladigan o’zgarishlar ushbu qonunning negizi (asosi) hisoblanadi.
Rus olimi, Moskva Davlat Universiteti professori K.F.Rul`e (1814-1858) tirik organizmlarning tashqi muhit bilan o’zaro munosabatlarini “tabiat qonuni” yoki “munosabat qonuni” deb atagan edi.
Markaziy Osiyo xalqlari qadimdan ekologik madaniyat merosiga ega. Markaziy Osiyo, shuningdek O’zbekiston tabiatini, o’simliklar va hayvonot dunyosini o’rgangan olimlar D.N.Kashkarov, E.P.Korovin, T.Z.Zohidov, A.M.Muhammadiev va boshqalarning ilmiy maktablari, shogirdlari bilan birga olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlarining natijalari ekologiyaning yanada rivojlanishiga katta hissa qo’shdi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “ekologiya” va “ekonomika” atamalari bir ildizli yunoncha so’zlardir. Agar “oykos”-uy, ro’zg’or, xo’jalik bo’lsa, “nomos”-qoida, qonun demakdir. “Ekonomika” (iqtisodiyot fani)–uy–ro’zg’or xo’jaligini boshqarish san’atidir. Demak, “ekologiya” fani “iqtisodiyot” faniga chambarchas bog’liqdir. Bundan tashqari, ekologiya fani fizika, matematika, kimyo, biologiya, fiziologiya, mineralogiya, geografiya, metrologiya, tibbiyot, huquqshunoslik va boshqa fanlar bilan chambarchas bog’liq fandir.
Oxirgi 20-25 yil davomida insonning atrof-muhitga bevosita ta’siri tufayli ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar tubdan o’zgarib, sohalar ekologiyasi (ijtimoiy ekologiya, iqtisodiy ekologiya, suv ekologiyasi, energetika ekologiyasi, qurilish ekologiyasi, sanoat ekologiyasi va hokazolar) vujudga keladi. Lekin ekologiya fanini o’rganmasdan, sanoat ekologiyasini o’rganib bo’lmaydi.
“Ekologiya” fanining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
  1. Hayot jarayoni qonuniyatini o’rganish, shuningdek, insonning tabiiy tizimlarga va biosferaga ko’rsatayotgan ta’sirini bir butun holda o’rganish.
  2. Biologik resurslardan oqilona foydalanishning ilmiy asoslarini ishlab chiqarish, inson faoliyati tufayli o’zgargan tabiatdagi jarayonlar va o’zgarishlarni oldindan bashorat qilish, ularni boshqarish va inson uchun eng qulay muhitni saqlash.
  3. Populyasiyalar sonini boshqarish, ya’ni kimyoviy moddalardan oqilona foydalanish.
  4. Ekologik-huquqiy qonun-qoidalarni o’rganish va ularga qat’iy rioya qilish.
  5. Zararli chiqindilar, ularni zararsizlantirish yoki qayta ishlov berish yo’llarini ko’rsatish.

Оставьте комментарий