Erkin A’zam deydiki…

DO`STLARGA ULASHING:

Yo‘ldagi odamni (yozuvchini) shakllanib bo‘lgan, ya’ni manziliga yetgan deyish mumkinmi, ayting? Hayot uni yo‘nib, toblantirib, chiniqtirib borishi tabiiy hol. Biroq yo‘nilaverib, sip-silliq bo‘lib qolmoqdan saqlanish lozim. Unday odamning qalamidan chiqqan narsalar ham o‘ziga o‘xshab sip-silliq bo‘ladiki, adabiyotga buning sira darkori yo‘q.
* * *
Adabiyotning bugungi jamiyatdagi o‘rni haqida to‘lib-toshib so‘zlamoq qiyindir-ov. Adabiyot, umuman san’at hozirgi kunda pul, manfaat dunyosiga duch kelib turibdi. Bu balolar aralashgan joyda chinakam adabiyotu san’atdan so‘z yuritish ortiqcha.
Bular ham zamonga moslashsin. Ana, xaridorgir kitoblar peshtaxtalarni to‘ldirgan-ku, demoq bo‘lsangiz, kaminangiz ularni adabiyot hisoblamaydi-da. Ular yozuvchilik da’vosida, adabiyotga o‘xshatib, aslida bozor ilinjida naridan-beri yasab tashlanayotgan nimarsalar, xolos. Haqiqiy adabiyot namunasi bunday tezqadam, tezpishar bo‘lmaydi, u dard¬li so‘zdan, toza so‘z¬dan dunyoga keladi. Xudo bergan kuni emas, Xudo yorlaqagan kuni!
* * *
Adabiyot… o‘zim yaxshi ko‘rgan, hayotimni bag‘ish¬lamoqqa ahd qilgan soha. Taqdir boshqa bir yo‘lga solib yuborganida ham men baribir usiz yashayolmas edim chog‘i.
* * *
Meni asarning janri emas, unda erishilgan badiiy natija ko‘proq qiziqtiradi. Roman yozgani bilan odam yozuvchi bo‘lib ketaversa koshki ekan! Boshqalarni qo‘yib buyuk Chexovni oling! Unga zamondosh bo‘lgan necha-nechalari o‘nlab romanlar yozgan, lekin bugun ularning nomini kim biladi, ayting?
* * *
Bitta “sekret”imni aytaymi? Mavjud andozalarni unutib, sipogarchilikni yig‘ishtirib, voqelikni, qahramonlaringizni iloji boricha aniq, rostgo‘ylik bilan tasvirlab bersangiz, o‘zi shunday chiqaveradi: kulgiliroq, hayratomuz… Bunda o‘zingizning shaxsiyatingiz, ta’b-didingiz ham muhim, albatta.
* * *
Ko‘p o‘qib-o‘rganganim, havas qilganlarim rost, ammo sira birovga o‘xshatib yozgim kelmaydi. Axir, o‘zim-chi, men ham odamman-ku, hech kimga o‘xshamayman-ku, bilganimcha, qo‘ldan kelganicha yozaveray-chi, deb urinib yotaveraman.
* * *
Ikki yuz-uch yuz sahifali qo‘lyozmaning ustiga “roman” deb yozib qo‘ygan bilan roman bo‘laveradimi? Uzundan-uzoq bir kechmishni anchayin jo‘ngina yozib chiqqan yoki tarixan biror davrni olib, “qosh-ko‘zi”ni adabiylashtirib qayta hikoya qilib bergan “roman”lar haqiqatan ham ko‘payib ketdi. Nima ham derdingiz, Xudo insofini bersin, xolos!
Menimcha, roman deganlarida yangi bir voqelik, yangi ruh, murakkab xarakterlar, ularning chigal taq¬diri, shulardan tug‘iladigan salmoqli bir falsafa, fikrlar bo‘lmog‘i lozim. Kitobxonni u ilgari notanish yangi bir dunyo, yangi voqelikka boshlab kirmog‘i darkor.
Shunaqa asarlarimiz chindan ham kamroq.
* * *
Modern, aslida, yangicha, adabiy bir yangilik degani. Sirasini aytganda, chinakam badiiy asar hamisha kashfiyot, yangicha bo‘lmog‘i lozim va shu so‘zga ko‘ngil juda sust ketsa, uni sira ikkilanmay modern namunalari qatoriga qo‘shish mumkin. Darvoqe, rus adabiyotshunosligida bu borada “modernlashgan realizm”, ya’ni yangilangan realizm degan bir istiloh ham paydo bo‘libdi-ku. Demak, baribir, tagzaminida realizm bor ekan-da, osmonga sapchib nima foyda!
* * *
Har gal yangi nimadir yozganingizda bir gaplarni aytdim-ov, deb o‘ylaysiz o‘zingizcha. Lekin bari – dengizdan tomchi. Dildagisini umrning oxirigacha aytib ado qilib bo‘lmas!
Muhim gapni aytish uchun, avvalo, ko‘ngilda shunday gap bo‘lishi kerak.
ziyouz.uz

Оставьте комментарий

ArabicEnglishFrenchGermanKazakhKyrgyzRussianTajikTurkishUzbek