Pirimqul Qodirov. Xalq tilining qudrati

DO`STLARGA ULASHING:

Til ilmining bilimdonlari, ayniqsa, adabiy til tadqiqotchilarining kitoblarini varaqlaganda atoqli adib, O‘zbe­kiston xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning nomini, “Xalq tili va realistik proza”, “Til va dil”, “Til va el” nomli asarlaridan olingan iqtiboslarga tez-tez ko‘zingiz tushadi. Zamonaviy o‘zbek nasrini “Qadrim”, “Erk”, “Meros” singari ajoyib qissalari, tarixiy romanchiligimizni yangi pog‘onaga ko‘targan “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar davoni”, zamondoshlar hayotidan olib yozilgan “Qora ko‘zlar”, “Olmos kamar” kabi romanlar bilan boyitgan adibning adabiy til tad­qiqiga bag‘ishlangan tadqiqotlari bugungi kunda ham yosh ijodkorlarga, ilmiy izlanuvchi va adabiyotga ixlosi baland kitobxonlarga badiiyat sirlaridan o‘ziga xos saboq berib kelayotir.
Til tarixi, mumtoz adabiyotimiz namunalari, xalq tili va adabiyot muammolari yozuvchini ham hayrat solgan, ham duru gavharlar makonidek mudom izlanishga chorlagan. Garchi yuksak realistik asarlari bilan keng tanilgan bo‘lsa-da, ustoz Pirimqul Qodirov badiiy so‘z jozibasini, til sehrini ilmiy-ommabop uslubda chuqur tahlil va talqin etganki, uning bu sohaga doir merosi ham ulkan qadr-qimmatga ega.
Quyida adibning adabiy til, so‘z san’ati, mumtoz shoirlar, ulug‘ siymolarning bu boradagi ibratlari talqin etilgan asarlaridan ayrim iqtiboslarni o‘qiysiz.
* * *
Dunyo tarixiga nazar tashlasangiz, qaysi mamlakatda milliy til davlat tiliga aylangan bo‘lsa va shu tilda haqqoniy tarixiy asarlar yaratilsa, o‘sha joyda taraqqiyot tezlashib borganini ko‘rasiz. O‘tgan asrlarda Angliya taraqqiyotini tezlashtirgan eng muhim omillar orasida ingliz adabiy tilining davlat tiliga aylangani va bu tilda Sheks­pir, Valter Skott kabi yozuvchilar yorqin tarixiy asarlar yozib, o‘z xalqini dunyoga tanitgani alohida ahamiyat kasb etadi. Xuddi shu fikrni Balzakning vatani Frantsiya, Gyotening vatani Germaniya, Lev Tolstoyning vatani Rossiya haqida ham aytish mumkin.
* * *
“Temur tuzuklari” o‘zbek adabiyotida bundan olti asr burun realizmni boshlab bergan avtobiografik asar sifatida yuksak darajada qadrlanishi kerak. Amir Temur Shomiy kabi adiblar oldiga ham realistik talablar qo‘ygani, lof va mubolag‘aga berilmasdan, chin haqiqatni barchaga yetib boradigan tushunarli tilda asar yozishga da’vat etgani keyinchalik davlatni bosh­qargan Temuriylar uchun ulkan bir ibrat va dasturilamalga aylanadi.
* * *
Amir Temur o‘z “Tuzuklar”i bilan turkiy tilning mavqeini yuqori ko‘tarib, bu tilga munosabatda burilish yasab ketganligi uning avlodlari uchun katta bir ibrat manbai bo‘ldi.
* * *
Ellik ming bayt she’rni xotirasida jamlagan Alisher Navoiy adabiy tilimizning ming yillar davomida yaratilgan boyliklarini qalbga yig‘ish bilan cheklanmaydi. Balki arab va fors tilining o‘ziga yoqqan so‘z va iboralarini ham xotirasida jamlab, bu tillardagi yaxshi she’rlarni yod oladi.
* * *
Alisher Navoiy she’riyatiga uning hayot paytidayoq eng yuksak bahoni Husayn Boyqaro bergan edi. Davlat ishlari bilan behad band bo‘lgan podshoning shoir ijodiga bag‘ishlab maxsus risola yozganligi tarixda misli ko‘rilmagan hodisadir.
Risolada Alisher Navoiyning eng buyuk xizmati quyidagicha baholanadi: “Turkiy tilning o‘lgan jasadig‘a Maseh nafasi bila ruh kiyurdi va ul ruh topqonlarg‘a turkiy alfoz toru pudidin to‘kulgan hulla va harir kiyurdi”.
* * *
Alisher Navoiy asarlarini bunday suyukli umrboqiy qilgan fazilatlar, avvalo, uning so‘z san’atida, badiiy tilida aks etadi. Chunki til mazmunga nisbatan shakldir va go‘yo mazmunga kiydirilgan “li­bos”dir. Shuning uchun bizning nigohimiz eng avval shu “libos” — tilga tushadi.
* * *
Boburning tili Navoiy tiliga nisbatan sodda, jonli so‘zlashuv tiliga yaqin. Shuning uchun kitobiy tilda “erdi”, “erdim” deb yoziladigan so‘zlar qisqaroq tarzda “edi”, “edim” deb yoziladi. Bu hammasi Bobur Mirzoning adabiy tilimiz sarchashmalariga vatan bo‘lgan Andijonda tug‘ilib o‘sganligi, Toshkent va Samarqandlarda yashaganligi bilan ham bog‘liqdir.
* * *
Bobur Mirzo so‘z orqali odamning o‘zini ko‘rish mumkin, deb hisoblagan. “Har vaqteki ko‘rgaysen mening so‘zumni” degan satrda so‘z ko‘rinadigan bir mavjudot sifatida baholanadi.
Albatta, so‘zning shakli faqat qog‘ozda ko‘rinadi, ammo so‘zning ichki mazmunida surati chizilgan tasvir ham bor. Bu tasvirda Boburning hayoti, boshidan kechirganlari, uning tilida aks etgan didi, fe’li atvori, ichki kechinmalari — hammasi mavjud. Bobur shuni hisobga olib, “so‘zimni o‘qiganda o‘zimni ko‘rganday bo‘lasen” (“sog‘ingaysen o‘zimni”) deydi.
Badiiy tilga bunday tirik jon ato qilishga faqat daho darajasidagi realist adiblargina muyassar bo‘ladilar.
* * *
Adabiy tilimizning mumtozlik qudrati tufayli jahon tillarida bor hamma nozik va murakkab his-tuyg‘ular va tushunchalarni ona tilimizda bemalol ifodalash imkoniyati mavjuddir.
* * *
Tilning butun qudrati — uning xalq dilida va mehnat jarayonida yaratilib, boyib borishi bilan bog‘liqdir.
* * *
G‘oya bilan tuyg‘u chinakam uyg‘unlashgandagina kitobxonning qalbiga yetib boradi, unga yaxshi ma’noda “yuqadi”, demak, uni tarbiyalaydi. G‘oya bilan tuyg‘u esa faqat badiiy til materialida, aniq va obrazli so‘zlar vositasida uyg‘unlashishi mumkin.
* * *
Qalbi pok, niyati xolis kishilarimiz o‘tgan davrdagi adabiy til vositasi bilan o‘zlarining eng nozik, eng go‘zal, eng she’riy tuyg‘ularini ham ifodalay olganliklarini Kumush va Otabekning xatlarida ko‘rish mumkin.
* * *
Agar Otabek bilan Kumushning xatlari butunicha o‘tgan asr uslubida yozilsa edi, “edi” o‘rniga “erdi”, “tuproq” o‘rniga “tufroq”, “maktub” o‘rniga “kitobat” yozilgan bo‘lar, ko‘pgina o‘zbekcha iboralar arab-fors tilining qonunlariga asoslangan murakkab iboralar bilan almashinar edi. Ana unda yozuvchi bu xatlar orqali ifoda qilgan haqqoniy fikrlar, ajoyib his-tuyg‘ular kitobxonga hozirgichalik kuchli ta’sir ko‘rsata olmas edi.
* * *
A.Qodiriy, S.Ayniy, Oybek, G‘.G‘ulom, A.Qahhor kabi adiblarimizning asarlariga yondoshsak, ularning hammasi ham jonli xalq tilini adabiy tilga san’atkorona payvand qilib ishlatilganini ko‘ramiz. Ammo xuddi shu ikki dar­yoni — jonli xalq tili bilan adabiy tilni bir-biriga qanday qilib qo‘shish, ularni qanday uyg‘unlashtirish masalasini har bir yozuvchi o‘z oldiga qo‘ygan g‘oyaviy-badiiy vazifadan kelib chiqib, o‘ziga xos did, iqtidor, hayotiy tajriba ishtirokida mustaqil hal qiladi. Ularning badiiy tillaridagi rang-baranglik shundan kelib chiqadi.
* * *
Cho‘lpon ijodiga tanqidchilar bera olmagan eng teran va haqqoniy talqinni Cho‘lponning o‘zi beradi. U chindan ham yuksak g‘oyalar og‘ushida yashaydi, bu g‘oyalar ko‘klarga berkingan yulduzlarday pok va jozibali. Ayni vaqtda, shoir o‘sha ko‘klardagi poklik, ozodlik va jozibani yerdan ham izlaydi, ammo shafqatsiz zamonada o‘z izlaganini topolmay dard chekadi.
* * *
Biz, bugungi qalam ahli, haq so‘zini aytishda, xalqqa jon kuydirishda, shijoat va fidoyilikda Cho‘lpon va uning buyuk maslakdoshlari bo‘lgan Abdulla Qodiriy, Behbudiy, Fitrat kabi dovyurak istiqlolchilardan qanchalik ko‘p narsa o‘rganishimiz va qay darajada ibrat olishimiz kerakligini esdan chiqarmaslikka burchlimiz.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2015 yil 26-son

Оставьте комментарий