Greens —— Intervyu

DO`STLARGA ULASHING:

Greens —— Intervyu

Odatda yosh xonandalar kimgadir taqlid qilib, ijod boshlashadi. Ammo, bizning bugungi suhbatdoshimiz Greens hech qachon hech kimga taqlid qilmay ijod qilayotgan xonanda. U bilan bugungi suhbatimiz asosan, qo‘shiqlar haqida kechdi.

– Greens ijodda chindan ham hech kimga taqlid qilmaganmisiz?
Greens: — Yo‘q! Men rostdan ham hech qachon hech kimga taqlid qilmaganman! Taqlid qilishdan qo‘rqqanman va taqlid qilishni yoqtirmayman. Ovoz sozlash, yo‘nalishtirish bo‘yicha bir necha ustozlarim bor, ammo ular taniqli emas. Taniqli san’atkorlarga shogird tushmaganimning sababi ham aslida shu. Chunki, bir qolipga tushib qolishdan qo‘rqaman. Agar biror taniqli insonga shogird tushsangiz, istaysizmi yo‘qmi, o‘zingiz sezmagan holda unga taqlid qila boshlaysiz. Men esa, bu narsadan qochaman. Bu meni shaxsiy fikrim. Men original ijod qilishni hohlayman.

— O‘zingiz asosan kimlarning qo‘shig‘ini tinglaysiz?
Greens: — Biror qo‘shiqni doimiy ravishda tinglab yurmayman. Buni o‘zimga qat’iy qoida qilib olganman. Sababi, yo‘nalishim o‘sha san’atkornikiga o‘xshab qolmasligi uchun, qolaversa, yangi qo‘shiq yaratayotgan vaqtimizda beixtiyor o‘zim sezmagan bir holda biror san’atkorning qo‘shig‘ini bir qismiga o‘xshash bo‘lib qolmasligi uchun ham, o‘zbek san’atkorlarimizning qo‘shiqlarini muntazam eshitmayman. Lekin, o‘zimga xulosa olish uchun, yangiliklardan boxabar bo‘lish uchun, hamma san’atkorlarning yangi qo‘shiqlarini bir-ikki martagina tinglab ko‘raman.

— Xit bo‘lgan qo‘shiqlaringizni kimdir olib kuylasa, bunga munosabatingiz qanday bo‘ladi?
Greens: — Bunga munosabatim ijobiy! Chunki, hech qachon qizg‘anchiqlik qilmayman! Bunday odatim yo‘q! Birov nima so‘rasa, ko‘nglim bo‘shlik qilib berib yuboradigan odatim bor. Shuning uchun ham, bu borada ham, ijobiy munosabatdaman. Yaqinda, “Qadri osmonim” qo‘shig‘imni bir yosh ijodkor to‘ylarda kuylab yurish uchun ruxsat so‘radi. Rozi bo‘ldim va unga qo‘shiqni proyektigacha berdim. Bundan tashqari, yaqin do‘stim, Jon Rumiy  taxallusi ostida ijod qiladigan Rustam ham, qo‘shiqlarimni originalini so‘radi. Internetdan ololmagan ekan. Xo‘p, deb, unga ham  rozi bo‘lib, proyektigacha berdim. U “Qizg‘onmaysanmi?” deb so‘radi. “Yo‘q” dedim. Chunki, “Bu olamda insondan nima qoladi? Mana shu qilayotgan ijodi qoladi! Axir biz mana shu ijodimiz, ertangi kunga qolishi uchun, insonlar ularni eslab kuylashi uchun ham ijod qilyapmiz-ku! Shuning uchun ham, qizg‘onmayman!” –dedim. Bu haqida do‘stimga ham aytdim. U esa juda hayratlandi.

— O‘zingiz ham kimnidir qo‘shig‘ini yaxshi ko‘rib kuylaganmisiz?
Greens: — O‘zim O‘zbekiston Xalq artistlari Yulduz Usmonova, Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova qo‘shiqlarini tinglab katta bo‘lganman. Ularning deyarli hamma qo‘shiqlarini bolaligimdan yodlab kelganman. Hozirchaga bemalol kuylay olaman! Agar so‘rab qolishsa, bajonidil yoddan kuylab berishim mumkin.

— Kim bilan duet kuylash niyatingiz bor? O‘sha xonandani duetdosh sifatida tanlash sababingiz?
Green: — Munisa Rizayeva! Albatta, ijod taraflama u inson bilan tenglashib bo‘lmaydi! Uning ijodiy tajribasi, ijodiy “bagaj”i juda ham katta! Uni shoubizesdagi mukammal san’atkor, deb bilaman. Agar nasib etsa, albatta duet kuylagan bo‘lardim! Munisa Rizayeva bilan birga duet kuylash, orzularimdan biri, desam ham bo‘ladi.

— Chet ellik xonandalardan-chi, qaysi biri bilan duet kuylashni istardingiz?
Greens: — Turk xonandasi Tarkan bilan duet kuylashni juda ham istardim. Chunki, unda o‘ziga xoslik kuchli.

— Kelajakda o‘zingizni san’atkor sifatida ko‘rasizmi, yoki stomatolog shifokor?
Greens: — Menimcha, ko‘proq san’atkor! To‘g‘risi, shifokorlik xalqqa ko‘proq foydasi tegadigan kasb bo‘lsa ham, menda san’atkorlik ko‘proq tosh bosib ketyapti. Unga mehrim kuchliroq, deb o‘ylayman. Hozir shu haqida ko‘proq o‘ylayapman. Lekin, hammasini vaqt ko‘rsatadi!

Оставьте комментарий