Gulxaniy (XVIII asr oxiri – XIX asr birinchi yarmi)

DO`STLARGA ULASHING:

Oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandalaridan biri Muhammad Sharif Gulxaniyning hayoti va ijodiy faoliyati haqida tafsiliy maʼlumotlarga ega emasmiz. XVIII asrning soʻnggi choragi va XIX asrning birinchi yarmi Qoʻqon adabiy muhitida qalam tebratib, oʻzbek badiiy nasri taraqqiyotiga jiddiy hissa qoʻshgan Gulxaniy nomi bir qator tazkira va tarixiy asarlarda zikr etilgan.
Gulxaniy haqida ayrim maʼlumotlar Fazliy Namangoniyning “Majmuat ush-shuaro” tazkirasida uchraydi. Manbalardagi maʼlumotlarga tayanib aytish mumkinki, boʻlajak ijodkor asli togʻli Qorategindan Qoʻqonga kelib oila qurgan, taxminan 1770–80-yillar atrofida dunyoga kelgan, ogʻir iqgisodiy qiyinchiliklarda kun kechirgan. Baʼzi manbalar uning Namangan madrasalarining birida maʼlum muddat tahsil olganligidan darak beradi.
Muhammad Sharif bir necha yil hammomda oʻt yoquvchi – goʻlaxlik vazifasida ishlagan va shunga ishora tarzida Gulxaniy taxallusini kabul ettan. Maʼlum vaqt sipohiylik (navkarlik) ham qilgan. Shoir vafoti sanasi ham maʼlum emas – XIX asrning 30–40-yillarida dunyodan oʻtgan, deb taxmin qilinadi.
Gulxaniy XIX asrning boshlarida shoir sifatida davr adabiy hayotining faol ishtirokchilaridan biriga aylangan edi. Amir Umarxon Qoʻqon xonligi taxtiga oʻtirgach (1811 y.) oʻz saroyi atrofiga isteʼdodli qalam ahlini jalb etganida, ular orasida Muhammad Sharif ham bor edi. Oʻzi ham qobiliyatli shoir boʻlgan xonning toshpirigʻiga koʻra Fazliy Namangoniy tuzgan “Majmuat ush-shuaro” tazkirasida Gulxaniy asarlariga bir necha oʻrin ajratilgan. Shoirning oʻzbekcha gʻazallari, shuningdek, “Az chashmai man”, “Ey toʻti”, “Birun” radifli forsiy gʻazallari gʻoyaviybadiiy jihatdan nihoyatda pishiqdir. Ularni ishqiy lirikaning yetuk namunalari katoriga kiritish mumkin.
Fazliy tazkirasida Gulxaniyning keyinchalik Jurʼat taxallusini qabul qilib, shu taxallus bilan ham qalam tebratganligini yozadi. Bizga Jurʼat taxallusi bilan bitilgan “Angushtam” radifli forsiy gʻazal yetib kelgan.
Gulxaniy isteʼdodli shoir boʻlgan. Ammo milliy adabiyotimiz tarixidan mohir nasr ustasi, mashhur “Zarbulmasal”ning muallifi sifatida faxrli oʻrin olgan. “Zarbulmasal”ning muqaddimasida qayd etilishicha, Gulxaniy bu asarni yozishga Amir Umarxonning tavsiyasiga koʻra kirishgan. “Zarbulmasal” jiddiy ijtimoiy mazmunni majoz yoʻli bilan badiiy ifodalovchi axloqiy didaktik va tanqidiyhajviy yoʻnalishdagi asardir. Unda ijtimoiy hayot muammolari, jamiyatda turli tabaqa guruhlar oʻrtasidagi murakkab munosabatlar, insonlarning oʻzaro muomalalari, urf-odatlar, xalq marosimlari haqida majoziy uslubda soʻz boradi.
Gulxaniy ijtimoiy hayotdagi voqea va hodisalarni, insonlar tabiati va amaliy faoliyatidagi olijanoblik va pastkashlik, adolat va zoʻravonlik, saxovat va xasislik, kamtarlik va manmanlik, qanoat va ochkoʻzlik, xushmuomalalik va qoʻpollik, halimlik va dagʻallik kabi fazilat va salbiy belgilarni badiiy mahorat bilan qushlar va hayvonlar tili va harakatlariga, intilish va qilmishlariga koʻchiradi va ular ishtirokidagi hayotiy lavhalarda oʻz munosabatini bildiradi. Albatta, asar bilan tanishgan har bir oʻquvchi unda gap qushlar va hayvonlar faoliyatlari va oʻzaro mojarolari haqida emas, balki, aslida kishilik jamiyatidagi turli tabaqa guruhlar vakillari haqida borayotganini darhol anglab oladi. Asar ishtirokchilarining nutqlari xalq maqollari, matal, hikmat va qoliplangan birikmaiboralaridan keng foydalanish asosiga qurilgan. Asar voqeasi qadimgi “Fargʻona iqlimida” joylashgan “eski bir shahristonda” yuz beradi. U yerda istiqomat qilayotgan Yapaloqqush oʻz oʻgʻli Kulangirsultonni uylantirish taraddudiga tushadi, shu manzilda yashaydigan Boyoʻgʻli va Boyqushlar qizi Kunushbonuga sovchi qilib Koʻrqushni yuboradi. Bahs va tortishuvlardan soʻng qiz tarafga beriladigan qalin miqdori ming chordevor deb belgilanadi, nikoh marosimlari oʻtkaziladi. Voqealar davomida boʻlajak qudalar va ularning manfaatlarini ifodalovchi ishtirokchilarning tabiatlari, falsafasi, ichki dunyosi va intilishlari bosqichma-bosqich ochila boradi.
“Zarbulmasal”da yetakchi mazmun bilan mantiqan uzviy bogʻlanib ketgan oʻndan ortiq nasriy va nazmiy masala, qissa va hikoyatlar mavjud. Bu moʻjaz badiiy asarlar, asosan, axloqiy taʼlimiy yoʻnalishda boʻlib, halollik, toʻgʻrilik, olijanoblik, mehr-muhabbat, vafo va sadoqat gʻoyalarini olgʻa suradi, xasislik, manmanlik, befarosatlik, johillik, sotqinlik kabi salbiy belgilarni qoralaydi. Xususan, “Maymun bilan Najjor” va “Toshbaqa bilan Chayon” kabi masallar yuksak badiiy mahorat bilan yozilgan.
Zikr etilgan masallarning birida hayotiy lavha orqali “bilmagan, oʻrganmagan va aqling yetmaydigan ishga hovliqib urinma, avval hunarni yaxshilab egalla, shunda pand yemaysan!” deb oʻgit berilsa, ikkinchisida hayotda doʻst tanlashda nihoyatda ehtiyot boʻlishlikka, yomonga aslo yaqinlashmaslikka daʼvat etiladi. “Zarbulmasal”dagi bu kabi axloqiytaʼlimiy yoʻnalishdagi masallardan farqli oʻlaroq “Tuya bilan Boʻtaloq” masalida sof ijtimoiy mavzu badiiy intihosiga yetkazilgan. Unda erksiz Tuyaning och va suvsiz qolgan Boʻtalogʻining yolvorib qilgan figʻonu nolasiga bergan gʻamgin javobi aniq eshitiladi:
Aydi onasi bolasiga boqib,
Koʻzlarining yoshlari suvdek oqib:
“Koʻrki, – burunduq kishini qoʻlida,
Ul kishining koʻzlari oʻz yoʻlida!
Menda agar zarra kabi ixtiyor
Boʻlsa edi – boʻlmas edim zori bor!”
“Zarbulmasal” oʻzbek badiiy nasrining eng yetuk namunalari katorida faxrli oʻrin olgan. Rang-barang tasviriy vositalardan, jumladan, murakkab sajdan keng foydalanib yozilgan bu asarning tili nihoyatda shirador, jozibali boʻlib, asarning chin maʼnoda xalqchil ruh egallashida juda katta xizmat qilgan.

10 комментариев к “Gulxaniy (XVIII asr oxiri – XIX asr birinchi yarmi)”

  1. Уведомление: DevOps Solutions & Services

  2. Уведомление: stucco fresno

  3. Уведомление: sbobet

  4. Уведомление: sbo

  5. Уведомление: เงินด่วน

  6. Уведомление: best Cambodian Cubensis Mushrooms in Canada

  7. Уведомление: Recommended Reading

  8. Уведомление: soothing music

  9. Уведомление: buy cocaine online

  10. Уведомление: เว็บปั้มไลค์

Комментарии закрыты.