Kayfiyatni ko‘taradigan yeguliklar

DO`STLARGA ULASHING:

“Ovqating dori, doring ovqat bo‘lsin”, deydi donolar. Yeguliklar tanimizga kuch berish, shifo bo‘lishdan tashqari kayfiyatga ta’sir etish xususiyatiga ham ega.

Mutaxassislar inson kayfiyatini ko‘taradigan taomlar ro‘yxatini tuzib chiqdi. Ularni tanovul qilganingizdan so‘ng, 15-20 daqiqa o‘tgach, rohat va shodlik hissini tuyasiz.

Yeguliklarimiz tarkibida deyarli doim hoziru nozir bo‘ladigan sabzavot bu kartoshkadir. Uni sevadiganlar ko‘p, hatto milliy taomimiz palovga ham soladiganlar topiladi. Kartoshkadan tayyorlangan taomlar organizmda serotonin moddasi ishlab chiqarilishiga sabab bo‘ladi. Bu modda odamga xush kayfiyat va baxt hissini beradi.

Yashil bargli sabzavotlar vujudimizda foli kislotasi – M vitamini paydo bo‘lishiga hissa qo‘shadi. Olimlar fikricha, bu kislota yetishmasligi odamda siqilish va xavotir tuyg‘usini uyg‘otadi. M vitamini karam, salat bargi va ko‘katlarda ko‘p.

Yog‘li aminokislotalarga ega mahsulotlar ham kayfiyatni ko‘tarishga munosib hissa qo‘shadi. Yong‘oq, bodom, baliq va turli o‘simlik moylari ana shunday mahsulotlar sirasiga kiradi.

Bu borada sitrus mevalar ham juda foydali. Mandarin, apelsin kabi mevalar miyaga xursandchilik garmonlari ishlab chiqarishda ko‘maklashadi. Vujudimizni B, C vitaminlari va asab tizimini mustahkamlovchi mikroelementlar bilan boyitadi. Lekin me’yorni bilish shart. Aks holda, xush kayfiyat o‘rniga yuzingizga qizil dog‘lar toshishi, turli allergik toshmalar paydo bo‘lishi mumkin.

Hayratlanarlisi, achchiq yeguliklar ham endorfinlar darajasini oshiradi. Ovqatga qalampir qo‘shib yeyish kishida yengil kayfiyat uyg‘otadi. Albatta, bunda ham qachon to‘xtashni bilish zarur.

To‘g‘ri, ayrim meva-sabzavotlarni sotib olishning doim ham iloji yo‘q. Lekin pishiqchilik mavsumida imkoniyatdan foydalanib qolish kerak. Masalan, qulupnay aprel-may oylaridagina hosil beradi, xolos. Bu meva tarkibida B, C, E vitaminlari, magniy va kalsiy minerallari bor. Sanalganlarning barchasi asab impulslarini kuchaytiradi va endorfin hosil bo‘lishiga ko‘maklashadi. Bundan tashqari, qulupnayning yorqin rangi ham yaxshi kayfiyat bag‘ishlaydi.

Shodlik va baxt hissini berishda ovqat birlamchi emas. Bu tuyg‘ularga ijtimoiy faoliyat, yon-atrofdagilar bilan munosabat, hissiy-ruhiy holat, salomatlik katta ta’sir ko‘rsatadi. Hayotini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan kishi ovqatlanishni ham tartibga sola bilsa, faqatgina ijobiy natijalarga erishadi.

 

Orifjon Madvaliyev tayyorladi.

soglom.uz/tavsiya/kayfiyatni-kotaradigan-yeguliklar/

Оставьте комментарий