Maryam Yoqubova haqida

DO`STLARGA ULASHING:

O‘zbekiston halq artisti
(1909-1987)
Maryam Yoqubova 1909 yilda Buxoroda tug‘ilgan. 1924 yilda Moskvada Sharq mehnatkashlari universitetida, so‘ngra ma’rifat uyida va kinorejissyor Boris Chaykovskiyning kinoaktyorlik studiyasida tahsil olgan. Moskvada besh yil yashash va o‘qish yosh aktrisaning kelgusidagi ijodiy kamolotida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Maryam Yoqubova 1929—1932 yillarda Hamza nomidagi teatr qoshida tashkil etilgan Ishchi-sayyor teatrida mehnat faoliyatini boshlab, bu yerda sahnalashtirilgan spektakllarda asosiy rollarni ijro etadi. Ishchi-sayyor teatri tarqatilib yuborilgandan keyin M.Yoqubova Hamza teatrining asosiy tarkibiga o‘tadi. Teatr rahbarlari uni Moskvaga Meyerxold nomidagi teatrga malaka oshirishga yuboradilar. Moskvadan qaytgach, 1933—1939 yillarda Sverdlov nomidagi musiqa teatrida faoliyat ko‘rsatib, Ro‘zvon (K.Yashin, «Gulsara»), Mehinbonu (Xurshid, «Farhod va Shirin») obrazlarini yaratadi. Maryam Yoqubova 1939 yilda Muhimiy nomidagi teatrga ishga o‘tib, to 1941 yilgacha teatrda qizg‘in faoliyat ko‘rsatadi. Teatrdagi faoliyati mobaynida yaratgan epchil, xushchaqchaq va dono Maysara obrazi (Hamzaning «Maysaraning ishi» musiqali komediyasi) aktrisani keng jamoatchilikka yaqindan tanitadi va katta shuhrat keltiradi. 1941 yilda Maryam Yoqubova Hamza nomidagi teatr (hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatri)ga ishga taklif etiladi. Bu mashhur ijodiy jamoadagi ko‘p yillik faoliyati jarayonida aktrisa yuzga yaqin rollarni muvaffaqiyatli ijro etadi. Ular orasida A.Ostrovskiyning «Sepsiz qiz» asaridagi kuchli va hisob-kitob asosida yashovchi, sovuqqon Ogudalova-ona, A.Chexovning «Ayiq» asaridagi bor kuch-irodasi bilan baxt-saodat sari talpingan, hazil-mutoyibaga usta Popova, «Vanya tog‘a»dagi Voynitskaya, Shekspirning «Xamlet» va «Otello» tragediyalaridagi malika Gertruda, yengil tabiatli Byanka va Emiliya obrazlari ulkan iste’dod va mahorat bilan ijro etildi. Nikolay Gogolning «Revizor» komediyasidagi shahar hokimining xotini, tannoz va yengil tabiatli Anna Andreyevna, A.Ostrovskiyning «Momaqaldiroq» pesasidagi yoqimsiz, nihoyatda kaltafahm Feklusha, Hamzaning «Maysaraning ishi» komediyasidagi dono va tadbirkor Maysara obrazlari ham keng tomoshabinlarning mehriga sazovor bo‘ldi va matbuotda yuksak baholandi. Umuman yorqin, quyuq bo‘yoqli hajviy rollarni me’yoriga yetkazib o‘ynashda M.Yoqubova tengi kam aktrisalardan edi. 1954 yili M.Yoqubova M.Gorishy nomida¬gi rus drama teatriga ishga taklif etiladi. Uzoq yillar o‘zbek teatrlarida samarali faoliyat ko‘rsatgan aktrisaning rus teatrida sahnaga chiqishi va asosiy rollarni o‘ynashi hamda tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lishi noyob hodisadir. Jumladan Nozim Hikmatning «Bayramning birinchi kuni» spektaklidagi Ferxunde obrazi M.Yoqubovaning rus teatri saqnasida erishgan jiddiy yutug‘i bo‘ldi. Aktrisa ijodida kino san’ati muhim o‘rin tutadi. M.Yoqubova O‘zbekistonda birinchi bo‘lib 20-yillardayoq Moskvada kino sohasida ta’lim olgan professional o‘zbek aktrisasidir. U 1925 yilda ilk bor «Yax uy» filmida suratga tushib, tashlandiq qiz rolini ijro etgan. 30-yillarda rejissyor Piotrovskiyning «Tug‘ishganlar» filmida jurnalist, «Trefxonim» filmida yo‘l ko‘rsatuvchi rollarini ijro etadi. 1953 yilda rejissyor Latif Fayziyev, Aleksandr Ginz¬burg bilan ijodiy hamkorlikda Hamza teatrida sahnaga qo‘yilgan «Boy ila xizmatchi» spektaklini ekranlashtiradi. M.Yoqubova bu asarda Xonzoda rolini ijro etadi. Boyning molu-mulkini qo‘lga kiritishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan, ushbu yo‘lda har qanday tubanlik va pastkashlikdan ham qaytmaydigan Xonzoda xarakteridagi qabihlik va tubanlikning mohiyatini aktrisa ham psixologik, ham ijtimoiy jihatdan asosli ravishda aniq ko‘rsata olgan. So‘ngra u «Hovli to‘yi» filmida partiya rahbari Odilova rolini ijro etadi. Shuningdek, M.Yoqubova K.Yormatovning «Opa-singil Rahmonovalar», Y.A’zamovning «Maftuningman», SHAbbosovning «Mahallada duv-duv gap», X.Axmarning «Ganga qizi», «Mashaqqatli yo‘l» filmlarida suratga tushadi. M.Yoqubovaning kinodagi rollari katta yoki epizodik bo‘ladimi, dramatik yo hajviy bo‘ladimi, aktrisa uchun buning ahamiyati yo‘q edi. Har bir rolga katta ma’suliyat bilan juda jiddiy yondashar va yorqin esda qolarli obrazlar yaratar edi. Tomoshabinlar tomonidan juda iliq kutib olingan Sh.Abbosovning «Mahallada duv-duv gap» kinokomediyasidagi Oyposhsha obrazi, o‘ziga xos, hukmfarmo, farzandi baxti, xonadon obro‘si uchun jon-jahdi bilan kurashadigan shaddod ayol. Oyposhsha obrazini aktrisa shunday mohirona ijro etganki, bu rol go‘yo M.Yoqubova uchun yozilgandek. Oyposhsha ob¬razi yoqimliligi, hazil, piching va kesatiqqa boyligi bilan hamon tomoshabinlarni o‘ziga maftun etmoqda. Keyinchalik M.Yoqubova «Tojikfilm» kinostudiyasida suratga olingan «Sevadimi, sevmaydimi?», «Oq royal» muzikali komediyalarida Zamira va Malohat obrazlarini yaratadi. Shuningdek, u «Maysaraning ishi», «Olovli yo‘llar» ko‘p seriyali televizion filmlarida, «Sevgi afsonasi», «Qalbingda quyosh» kabi badiiy filmlarda ham ajoyib obrazlar yaratadi. Y A’zamov A.Qodiriyning «O‘tgan kunlar» romanini ekranlashtirar ekan, asardagi bosh rollardan biri — O‘zbekoyim rolini M.Yoqubovaga topshiradi. O‘zbekoyim (M.Yoqubova) — kuchli va tadbirkor, o‘z hukmini o‘tkazishni yaxshi ko‘radigan murakkab xarakterli inson. U ana shu hukmronlikka erishish yo‘lida o‘g‘li Otabekni va jamiyatda katta mavqega ega bo‘lgan eri Yusufbek Hojini ham juda ustalik bilan tobe qilmoqchi bo‘ladi. U Kumush va Zaynablarga o‘z farzandiga bo‘lgandek onalarcha mehribonlik ko‘rsatadi, ular haqida o‘ylaydi, ularga g‘amxo‘rlik qiladi. Lekin bu urinishlari, afsuski sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fojianing oldini ololmaydi. Chunki, O‘zbekoyimning o‘zi ham u yashaydigan ijtimoiy muhit va davrning mahsuli hamda qurboni edi. Aktrisa iste’dodining komediyaga, hazil-mutoyiba, piching va hajviy bo‘yoqlarga moyilligi uning «Nashtar»hajviy kinojurnallarida ijro etgan kichik-kichik rollarida ham o‘z tasdig‘ini topadi. Bunday qisqa syujetlarda aniq, yorqin obrazlar yaratish talab etiladi. Aktrisa bu murakkab va mas’uliyatli vazifani ham yaxshi ado eta olgan. M.Yoqubova ijodida radio alohida o‘rin tutadi. U O‘zbekiston radiosi tashkil bo‘lgan birinchi kunlardan boshlab, to umrining oxirigacha turli radiopostanovkalarda, radiojurnallarda va boshqa eshittirishlarda faol qatnashdi. 70 yillardan boshlab M.Yoqubova radioda bolalar uchun ertaklar o‘qib, minglab yosh radiotinglovchilarning sevimli san’atkoriga, radioenagasiga aylandi. Bolalarning ichki dunyosini chuqur his etgan M.Yoqubova ertaklarni shu darajada chuqur samimiyat va xushchaqchaqlik bilan yoqimli ohangda o‘qir ediki, radiotinglovchilar uning noyob iste’dodiga qoyil qolardilar. Maryam Yoqubovaning teatr va kino san’ati ravnaqi yo‘lidagi xizmatlari munosib taqdirlandi. 1955 yilda unga «O‘zbekiston xalq artisti» faxriy unvoni berildi. Maryam Yoqubova 1987 yilda Toshkentda vafot etdi.

Оставьте комментарий