Oʼtkir sinusitlar

DO`STLARGA ULASHING:

Burun yon boʼshliqlari shilliq qavatlarining oʼtkir yalligʼlanishi hisoblangan sinusitlar quloq, burun va tomoq kasalliklari bilan ogʼrigan bemorlarning 25-35 foizini tashkil qilishi aniqlangan. Olimlarning fikricha, yaxshi davolanmagan virusli yuqumli kasalliklar va batamom tuzalmagan shamollashlar sinusitlar kelib chiqishiga sabab boʼladi.
Tasavvur qiling, bosh suyagimiz ichida koʼplab boʼshliqlar mavjud, ular xuddi gʼorga oʼxshaydi va hammasi burun boʼshligʼiga ochiladi. Аslida bu boʼshliqlar faqat havo bilan toʼla boʼlishi kerak, shamollash oqibatida esa burun boʼshligʼi va boshqa sinus boʼshliqlaridagi shilliq qavatlar yalligʼlanib, shishadi va koʼp ajralma chiqara boshlaydi. Oqibatda burundan nafas olish qiyinlashadi.
Sinusitlarni keltirib chiqaradigan mikroblar – stafilokokklar, streptokokklar, enterokokklar, pnevmokokk va zamburugʼlardir. Klinik kechishi va belgililarning namoyon boʼlishiga qarab sinusitlar quyidagi turlarga boʼlinadi:
Oʼtkir sinusitlar — davomiyligi 4 haftagacha
Oʼrtacha oʼtkir sinusitlar — davomiyligi 4 – 12 haftagacha
Surunkali sinusitlar — davomiyligi 12 haftadan koʼpga choʼziladi.
Burundagi sinus boʼshliqlar oʼzining joylashishiga qarab bir nechta turlarga boʼlinadi. Yuqori jagʼ boʼshligʼi shilliq qavatlarining yalligʼlanishi (gaymorit), gʼalvirsimon boʼshligʼi shilliq qavatining yalligʼlanishi (etmoidit), peshona boʼshligʼini shilliq qavatlarining yalligʼlanishi (frontit), asosiy boʼshliq shilliq qavatining yalligʼlanishi (sfenoidit), shuningdek bir necha boʼshliqlar shilliq qavatining yalligʼlanishi (polisinusit), bir tomonlama boʼshliqlar shilliq qavatining yalligʼlanishi (gemisinusit), hamma boʼshliqlarning yalligʼlanishi (pansinusit)lar bir-biridan farqlanadi. Klinik kechishi boʼyicha oʼtkir va surunkali sinusit, kelib chiqishiga qarab – rinogen, odontogen, nozokomial va zamburugʼli sinusitlar ham mavjud.
KELIB ChIQIShI (ETIOLOGIYaSI). Burun va burun yon boʼshliqlari shilliq qavati himoya funktsiyasining hamda mahalliy va umumiy immunitet pasayishi kasallik kelib chiqishiga imkon yaratadi. Infektsiyaning boʼshliqlarga oʼtish yoʼllari turlicha: tabiiy yoʼllar orqali (rinogen yoʼl), gematogen yoʼl – oʼtkir yukumli kasalliklarda (difteriya, skarlatina, qizamiq va boshqalar), yuqori jagʼning yalligʼlanish oʼchogʼi – boʼshliqning pastki devoriga yaqin joylashgan kasallangan tishlar boʼlishi mumkin (odontogen gaymorit).
Oʼtkir sinusitlar klinik kechishiga qarab quyidagi turlarga boʼlinadi:
Ekssudativ turi: a) kataral, b) serozli, v) yiringli.
Hosilali turi: a) devorli–giper plastik, b) polipoz-kistoz.
Аlьterativ turi: a) xolesteatomali, b) kazeoz, v) nekrotik, g) atrofik.
Аralash turi: a) yiringli-polipoz, b) serozli, v) kataral.
Oʼtkir sinusitlar klinik kechishi davomida burun ichi anatomiyasi meʼyoriy boʼlmasligi, burun yon boʼshliqlari shilliq qavatlari yalligʼlanishi va aeratsiya-drenaj xususiyati buzilishi mumkin. Boʼshliqdagi shilliq qavatlar namlanadi, shishadi. Oʼzidan serozli suyuqlik ajratib yiringga aylanishi va shilliq qavatning shishi tabiiy yoʼllarning bitishiga olib keladi. Shilliq qavatdagi yalligʼlanish jarayoni periostal qavatga, ogʼir hollarda suyakkacha oʼtishi mumkin. Bu holatda periostit rivojlanadi, bu esa kasallik surunkali turga oʼtishiga olib keladi.
SАBАBLАRI. Oʼtkir yuqumli kasalliklar (ORVI, gripp), sovuqqotish, har-xil shikastlanishlar, organizmning umumiy va mahalliy yuqumli kasalliklarga kurashish qobiliyati pasayib ketishi oʼtkir sinusitlarni keltirib chiqaradi.
Oʼtkir sinusitlarga tashxis qoʼyishda bemorning shikoyatlari hisobga olinadi. Yuqori jagʼ soxasida qattiq ogʼriq paydo boʼlishi va zararlangan boʼshliq tomonda boshning har xil qismida ogʼriq kuzatilishi mumkin. Nafas olish qiyinlashadi (bir yoki ikki tomonlama), burundan yiringli ajralma keladi, hid bilish sezgisi buziladi. Tana harorati koʼtarilib umumiy holsizlik paydo boʼladi.
Paypaslab koʼrish va uskunalar orqali tekshiruv oʼtkazilib, bemorga tashhis qoʼyish mumkin. Bemorning burun va yuqori jagʼ sohasi paypaslab koʼrilganda ogʼriq paydo boʼlishi hisobga olinadi. Uskunalar, yaʼni rinoskoplar orqali tekshirilganda shilliq qavat shishgani va yiringli ajralma borligi aniklanadi. Tashhislash rentgenografiya, kompьyuterli tomograf, endoskopiya va yuqori jagʼ boʼshligʼini igna yordamida teshish orqali, shuningdek umumiy qon va siydik tahliliga qarab ham amalga oshiriladi.
DАVOLАSh. Bir necha turda davo muolajalari oʼtkaziladi. Yalligʼlanishga qarshi terapevtik muolaja oʼtkazish, klinik belgilarga qarab davolash, tomirlarni toraytiruvchi tomchi va surtmalarni qoʼllash, ajralma miqdori va koʼrsatkichlarini meʼyorlashtirish, shilliq qavatdagi shishlarni yoʼqotish shilliq qavatning yemirilishini tiklash va kasallik surunkali turga oʼtishining oldini olish, shuningdek immun tizim faoliyatini tiklash, yuqori jagʼ boʼshliqlarini teshish yoʼli bilan yuvish va dorilar yuborish, fizik usullarda davolash, koʼz va miya asoratlarining oldini olish borasida jarrohlik usullarini qoʼllash orqali davolash ishlari amalga oshiriladi.
OLDINI OLISh (PROFILАKTIKАSI). Sport bilan shugʼullanib, organizmni chiniqtirish:
suvda (basseynda) suzish;
gimnastika, burundan nafas olish gimnastikasi;
yugurish, tennis oʼyinlarida qatnashish.
Yuqori nafas yoʼllarini ravon qilib tozalash, organizmga nafas olish tizimini va yurak-qon tomir tizimini bir xil meʼyorda ishlash yaʼni (rezonator) funktsiyasini tiklash.
Organizmning umumiy va mahalliy har xil oʼtkir yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati (immunitet) ni oshirish.
Аna shularga muntazam amal qilib borilsa oʼtkir sinusitlar kishini bezovta qilmasligi mumkin.
Rajabboy MАShАRIPOV,
tibbiyot fanlari doktori, professor.

Оставьте комментарий