Ramazon qayerda qanday kutib olinadi?

DO`STLARGA ULASHING:

Sharofatidan ruhlar orom oladigan, qalblar taskin topadigan, gunohlar kamayib, shaytonlar kishanband qilinadigan muqaddas ramazon oyi butun musulmon olamida zavq-shavq bilan kutib olinadi. Bu kunlarda yomonliklardan uzoqlashish, tavba qilish, ko‘ngillarni va makonlarni ozoda tutish, xayr-sadaqalar qilish kabi go‘zal holatlar barcha musulmon o‘lkalarida chiroyli ko‘rinishda davom etib kelmoqda. Quyida siz azizlarni ulardan ba’zilari bilan tanishtiramiz.
Madinai munavvara
Ramazon qayerda qanday kutib olinadi?
Ramazon qayerda qanday kutib olinadi?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hijrati bilan qadr va sharaf topgan Madinai munavvara ahlining yoshu qarisi bu muborak oyni qalblari mushtoq bo‘lib, juda chiroyli tarzda kutib olishadi.
Madinaning tub aholisidan biri ramazoni sharifga tayyorgarlik ko‘rishga undab, quyidagilarni aytadi:
«Ramazon ham ruhiy, ham diniy bayram hisoblanadi. Ya’ni bu farz ibodat oldinlari qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham o‘shanday kutib olinadi. Ilgari oilalarimiz sha’bon oyida bir necha kunga Madina atrofidagi bog‘ va dalalarga ketishar edi. Baroat kechasida esa bolalar mahallalarni to‘ldirib nashidlar aytib, aholiga bu kechaning kirib kelgani xabarini yetkazar va turli sovg‘a-salomlar olishardi. Bu sovg‘alar asosan holva, qand, aqcha va hokazolar bo‘lar edi. Shu tarzda yana ramazonning birinchi va o‘n beshinchi kechalari ham Madina ko‘chalarida ramazonga atalgan, an’ana bo‘lib kelayotgan qo‘shiqlarni aytib yurishardi. Bu oyning birinchi iftori yoki saharligi avvalo oilaning kattalari – ota-ona xonadonida qilinardi. Ramazon oyida qarindosh-urug‘lar bir-birlarini uylariga taklif qilishar, bu go‘zal an’ana qo‘shnilar orasida ham kuzatilardi. Dasturxonlarda turli noz-ne’matlardan birinchi bo‘lib xurmo, sho‘rva, sabzavotli ovqatlar va meva-chevalar tortilar edi. Shuningdek, ayollar o‘zlari pishirgan taomlardan farzandlari orqali qo‘shnilariga tarqatishardi».
Ma’lumot uchun: Madina ahli juda ham mehmondo‘st sanaladi. Haj ibodatiga borganlar buni yaxshi bilishadi. Makka ahli sal dag‘al insonlar, Masjidun-nabaviyning ziyoratida esa Madina ahlining juda ham mehmondo‘stligini, shirinso‘zligini ko‘rasiz. Madinadagi ramazon shukuhi, ya’ni ramazonning eng diqqatga sazovor holati Masjidun-nabaviydagi go‘zal muhitdir. Masjidlar jamoat bilan namoz o‘qish hamda ular bilan birga iftor qilishdek baxtdan, bu ulkan savobdan quruq qolishni istamagan mo‘minlar ila to‘lib-toshadi. Jamoat namoziga to‘planib, iftorliklarni to‘kin-sochin qilib qo‘yishadi. Iftorlik qilish uchun dasturxon atrofiga kelgan jamoatni taklif qilishda musobaqalashishadi.
Juda go‘zal holat, shunday emasmi? So‘ng xufton, taroveh va tahajjud namozlarini jamoat bilan ado etishadi. Ba’zilar ramazonning oxirgi o‘n kunini Masjidun-nabaviyda e’tikof o‘tirgan holda, ibodat va tafakkur bilan mashg‘ul bo‘lib o‘tkazishadi.
Asosan ramazonning oxirgi o‘n kunida jamoatning boshqa kunlardagiga qaraganda ko‘payishini kuzatish mumkin. Atrofdagi mehmonxona va bozorlar to‘lib-toshadi. Dunyoning turli chekkalaridan kelgan ziyoratchilar birinchi bo‘lib Masjidun-nabaviy, so‘ngra Rasulullohning qabrini, Ka’ba va Qiblatayn masjidlarini, birinchi juma namozi o‘qilgan masjidni, Uhud va Handaq urushi shahidlarini o‘z ichiga olgan Yetti masjid nomli qadamjolarni ziyorat qilishadi.
Qohira
Qohirada ramazonga aloqador bo‘lgan voqea va hodisalardan biri «Ramazon fonusi» hodisasidir. Bu hodisa fotimiylar xalifasi Mu’iz Lidinillah davrida yuz bergan. Mu’iz milodiy 973 yili ramazoni sharifning 15-kechasida Qohiraga kirib borar ekan, Qohira ahli uni uzun saf tortib kutib olishga chiqadi. O‘sha paytda ular uni qo‘llarida mash’alalar va mayoqlar ko‘tarib, she’rlar aytib kutib olishgani qohiraliklarning bugungacha eslaridan chiqmaydigan voqeadir. Asrlar osha Qohira ahli bu mayoqlardan masjidga borish, qarindosh-urug‘larini ziyorat qilishda foydalanishar edi. Bu mayoqlar juda ham qulay edi, ularni yosh bolalar ko‘tarib shahar ko‘chalarini yoritib yurishar edi. Buning evaziga insonlar u bolalarga haq to‘lashardi. Shu yo‘sinda «Ramazon fonusi» hodisasi takrorlanib-takrorlanib, odat tusiga kirib qoldi.
Yosh bolalar ko‘targan bu mayoqlardan masjidga borishda, ro‘zadorlarga ishorat berishda foydalanila boshlandi. Saharda yonsa saharlik vaqtini, kechqurun o‘chirilsa esa xufton namoziga ishorat berar edi bu mayoqlar. Bu mayoqning Misrda qo‘llanishi, ba’zi rivoyatlarga ko‘ra, Jome’ ul-Azhar bino qilinmasidan 6 oy oldin boshlangan ekan. Hisoblansa, bu milodiy 973 yil (hijriy 362) bo‘ladi.
Boshqa rivoyatga ko‘ra, fotimiylar xalifaligi davrida ramazoni sharifning boshidan oxirigacha ko‘chalarni charog‘on etuvchi fonuslar yoqish rasm bo‘lgan. Shuningdek olimlar kechasi biror yumush bilan ko‘chaga, uyoq-buyoqqa chiqsa bolalar ularning oyoqlari ostini, yo‘llarini yoritib yurishardi. Keyinchalik fonus yoqish ham, qandillar ham udumdan qolib ketdi.
Shuningdek xalifa Mu’iz Lidinillah ayol kishilarga kechasi ko‘chaga chiqishni man qilgan edi, faqat bir shart bilan, kechasi ko‘chaga o‘zlaridan bo‘lgan yoxud boshqa bolalarning hamrohligida chiqishlariga ruxsat berilar edi. Bu shaklda uzoqdan nur sochib kelayotgan ishora ayollar ekanini ko‘rsatar edi va erkaklar ularga yo‘l berishardi.
Shu tariqa ramazon fonusi Misr xalqi ramazonni kutib olishidagi an’analardan biri bo‘lib qoldi. Ramazon fonusi bugungi kunimizgacha bolalarning sevinchini namoyon qilib keladi.
Jazoir
Jazoirda ham musulmonlar ramazonga o‘zgacha tarzda hozirlik ko‘radilar. Jumladan, uy sohibi oilasining ramazon oyi oxiriga qadar bo‘lgan ehtiyojini oldindan ta’minlab qo‘yadi. Aholi sha’bon oyining 29-kuni birgalashib hilolni ko‘rishga chiqadi. Hukumat ham ramazonning kirib kelganini e’lon qilib, aholini bu muqaddas oy bilan tabriklaydi. Odamlar bir-birlarini qutlashadi.
Jazoirliklar ramazonni kelib ketadigan aziz mehmondek hurmat qilishadi. Uy bekalari uylarini orasta qilib qo‘yishadi. Bolalar ham ramazonning kelishini intizorlik bilan kutishadi va har bir xalqda bo‘lgani kabi she’rlar, qo‘shiqlar aytishni boshlab yuborishadi. Jazoirliklar asosan sut va xurmo bilan og‘izlarini ochgach, masjidlarga borib shom namozini o‘qib bo‘lgach, uylariga qaytib ovqatlanishadi.
Marokash
Marokash xalqi ham bu muborak oyni chiroyli qarshilab, chiroyli kuzatib qo‘yishadi. Bu oyda xalq bir-biriga hurmat va izzatda bo‘lib, birodarona aloqalarni mustahkamlaydilar. Bundan tashqari, uy-joylar saramjonligi-yu ozodaligi, ko‘cha va xiyobonlardagi daraxtlarni oqlash va boshqa bo‘yoq ishlari, yangi liboslar sotib olish – bular barchasi ramazonga hurmatning, unga tayyorgarlikning yorqin belgisidir.
Ramazon hiloli ko‘rinishi bilan bu muqaddas oyni 21 ta zambarakdan o‘q otib qarshilashadi. Aholi, asosan yosh bolalar uylarining tomlariga chiqib, ramazonga atalgan turli xil she’rlar, nashidlar, misralarni ovozlarining boricha aytishadi. Ramazon ovqatlaridan asosan harira sho‘rvasi, haris, kus-kus va boshqa turdagi shirindan-shakar taomlar tortiq qilinadi. Ichimliklardan esa ko‘pincha choy ichiladi.
Senegal
Senegal aholisi 10 million atrofida bo‘lib, 95 foizi musulmonlardir. Senegal xalqi marokashlik bir guruh savdogarlarning tashrifi sabab islomni qabul qilishgan. Islom bilan birga arab tili ham muloqot va muomala tili sifatida qabul qilingan. Bu o‘lkada ham ramazon chiroyli tarzda kutib olinadi. Birinchi kundanoq masjidlarda suhbatlar, ma’ruza, tafsir, hadis va fiqh darslari boshlab yuboriladi.
Shuningdek, iftor vaqti atroflarida oynaijahon va radioda chiroyli ko‘rsatuvlar, eshittirishlar qo‘yib beriladi. Bu oydagi har bir kechani ibodatda o‘tkazishga chaqirilib, bir guruh ko‘ngillilar saharlik vaqtlarini e’lon qilib yurishadi. Ramazonda eng ko‘p tanovul qilinadigan ovqatlar guruch, go‘sht, zaytun moyi hamda baliqdir. Xurmo faqat iftorlik uchun yeyiladi. Kunduz kuni restoran va kafelar butunlay yopib qo‘yiladi.
Janubiy Afrika Respublikasi
Bu o‘lkada musulmonlar ozchilikni tashkil qilsa-da, ramazoni sharif to‘y kabi kutib olinishini kuzatish mumkin.
Havo harorati juda yuqori bo‘lgan bu o‘lkada ro‘za tutish albatta qiyinchilik tug‘dirishi turgan gap. Shunga qaramasdan musulmonlar ro‘zalarini ado etishadi. Musulmonlarga g‘ayridinlar tomonidan hech qanday dushmanlik, ro‘za tutishlariga monelik qilinmaydi. Aksincha, g‘ayridinlarning ko‘pchiligi ularning ro‘zasiga hurmat ko‘rsatib, ularning oldida yeb-ichmaydilar.
Musulmonlar ramazon hayiti kuni hayit namoziga chiqishadi. Iyd namozlarini o‘qib bo‘lishgach, bir-birlarini bayram bilan tabriklashadi. Xonadonlar ham mehmon kutiladigan holga keltiriladi. Asosan yoshlarga shirinlik va mevalar tortiq qilinadi.
Hindiston
Hindiston aholisining beshdan biri musulmonlardir. Ramazon oyi kelishi bilan musulmonlar birinchi navbatda masjidlarni nurafshon qilishga kirishadi. Bu ishlarida boshqa dindagilar musulmonlarga ko‘mak berishadi. Ramazon oyining kirib kelishini ko‘rsatadigan yangi oyni ko‘rish uchun o‘zlariga qulay joylarga to‘planishadi. Oy sobit bo‘lgach, diniy olimlardan bir hay’at tuzilib oynaijahon hamda radio orqali e’lon qilishadi. Zambarakdan olti marta o‘q uzilishi ramazon kelganini anglatadi. Radio orqali shaharu qishloqlarga iftor va shom namozi vaqti xabari berib turiladi. Davlat yaratib bergan imkoniyatlardan yana biri shuki, har bir musulmon ma’lum bir raqamga qo‘ng‘iroq qilib, iftor va shom namozi vaqtini bilib olishi mumkin. Hindistonda masjidlar jamoat bilan to‘lib-toshib, taroveh namozi bilan oydinlashadi. Qulaylik yaratilgan, sharoiti bo‘lgan ba’zi masjidlarga ayollar ham taroveh namoziga borishadi.
Hindistonliklar mol go‘shti tanovul qilish uchun faqat musulmonlarning restoranlariga borishadi. Ma’lumki, boshqa hindlarda bunday go‘sht pishirish odati yo‘q. Ular ro‘zador musulmonlarning hurmati yuzasidan kunduzi restoranlarga parda tortib qo‘yishadi.
Hindistonlik musulmonlarda sunnatga muvofiq ramazonning oxirgi o‘n kunligida e’tikof o‘tirish rivojlangan. Masjidlarda xatm tugagach, shirinliklar tarqatish odat tusiga kirgan.
Amerika
Ramazonda ko‘pchilab islom markazlari ochiq qoladi, shu bois namoz o‘qish uchun u yerga borish qulay bo‘ladi. Masjidlarda tez-tez ma’ruzalar o‘qiladi, bu e’tiqodga nisbatan intellektual qiziqish uyg‘otishda qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratadi.
Islom markazlariga mehmonlar ko‘pincha guruh-guruh bo‘lib keladi: oilaning musulmon bo‘lmagan a’zolari yaqinda islomni qabul qilgan qarindoshiga hamrohlik qiladi, hamkasblar o‘z do‘sti bilan bir dasturxondan ovqatlanadi, universitet, maktab va diniy muassasalar dasturxon yozadi va muqaddas oy ne’matlaridan tatib ko‘rishga taklif qiladi. U yerga oddiy odamlar va siyosiy yetakchilar tez-tez tashrif buyurib, shu tariqa amerikalik musulmonlarning mamlakat hayotidagi muhim rolini e’tirof etadi.
Ko‘pchilik masjidlar har kuni iftor tashkil qiladi. Unda har qanday didga mos tushuvchi taomlarni topish mumkin. Ular orasida Janubi-Sharqiy Osiyo, arab mamlakatlari, Afrika va Yevropa davlatlarining milliy taomlari bo‘ladi.
Abdulloh Rahimboyev tayyorladi.

m.xabar.uz/uz/jamiyat/ramazon-qaerda-qanday-kutib-olinadi

ArabicChinese (Traditional)EnglishFrenchGermanHindiKazakhKyrgyzRussianSpanishTajikTurkishUkrainianUzbek