Referendum — xalq irodasining hayotiy ifodasi

DO`STLARGA ULASHING:

Referendum — xalq irodasining hayotiy ifodasi
2023 yil 13 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi 3017-IV-son qarori (ilovasi bilan) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Sud majlisini Konstitutsiyaviy sud raisi M.Abdusalomov olib bordi. Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, senatorlar, Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar rahbarlari va xodimlari, Konstitutsiyaviy sud Ilmiy-maslahat kengashi aʼzolari, nodavlat notijorat, ilmiy va taʼlim tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Konstitutsiyaviy sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tartibiga rioya qilinganligi, referendumga qo‘yilayotgan Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasida referendum predmeti bo‘lishi mumkin bo‘lmagan masalalar mavjud emasligi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan referendum tayinlash tartibiga rioya etilganligi kabi masalalar atroflicha va har tomonlama muhokama qilindi.
Xususan, loyiha yuzasidan fuqarolarning fikr va takliflarini qabul qilish, umumlashtirish va ularga javob qaytarish mexanizmlari joriy qilinganligi, “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasi, qisqa raqamli koll-markazi, pochta aloqasi, mahallalar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali fuqarolardan 220 mingdan ortiq takliflar qabul qilinib, ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olganligi taʼkidlandi.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati vakillari, adliya vaziri hamda Konstitutsiyaviy sud Ilmiy-maslahat kengashi aʼzolarining ko‘rib chiqilayotgan masala yuzasidan fikr va mulohazalari tinglandi.
Sud majlisida Konstitutsiyaviy sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qo‘ymasdan qabul qilish vakolatiga ega bo‘lsa-da, uni qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilganligiga eʼtibor qaratildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish mamlakat tarixida birinchi marta qo‘llanilayotganligi, referendum xalq irodasining bevosita ifodasi ekanligi, referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘lishi, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir degan konstitutsiyaviy tamoyilga asoslanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Konstitutsiyani qabul qilish xalqning irodasiga havola qilinishi xalq hokimiyatchiligi konstitutsiyaviy prinsipini amalga oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Majlisda ekspert va mutaxassislar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalq ovoz berganidan keyin to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga kiritilishi, bunda qo‘shimcha hujjatlar qabul qilish, Oliy Majlis tomonidan muhokamadan o‘tkazish yoki imzolash zarurati bo‘lmasligi va bu bevosita demokratiyaga oid xalqaro standartlarga mos kelishi eʼtirof etildi.
Konstitutsiyaviy sud “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining har bir moddasi va bandini atroflicha ko‘rib chiqdi. Konstitutsiyaviy sud tomonidan  referendum tayinlash tartibiga rioya etilganligi o‘rganilganda, O‘zbekiston Respublikasi referendumi 2023 yil 30 aprel – yakshanba kuni o‘tkazilishi “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonun 14-moddasiga muvofiqligini hamda referendum o‘tkazilishini istisno etadigan holatlar mavjud emasligi haqida to‘xtamga keldi.
Shu bilan birga majlisda O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolati hisoblanishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga asosan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining murojaatida ko‘rsatilgan masala Senatning tegishli qarori bilan ham tasdiqlangandan so‘ng amalga oshirilishi taʼkidlandi.
Muhokamalar yakuni bo‘yicha Konstitutsiyaviy sud Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish tartibiga rioya qilinganligi, referendumga qo‘yilayotgan  Konstitutsiyaviy qonun loyihasida referendum predmeti bo‘lishi mumkin bo‘lmagan masalalar mavjud emasligi hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan referendum tayinlash tartibiga rioya etilganligini aniqladi.
Konstitutsiyaviy sud tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi o‘rganilib, referendum predmeti bo‘lishi mumkin bo‘lmagan masalalar mavjud emas, deb topildi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi yangi tahriri O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalardagi majburiyatlariga ham mosligi aniqlandi.
“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunning 38-moddasiga muvofiq referendumga qo‘yilayotgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘i tomonidan yoqlab ovoz berilgan taqdirda yuridik kuchga ega bo‘ladi. Bunda ro‘yxatga kiritilgan fuqarolarning yarmidan ko‘pi referendumda ishtirok etgan bo‘lsa, Markaziy saylov komissiyasi referendumni o‘tgan deb topadi.
Majlisda Konstitutsiyaviy Qonun loyihasining referendumga qo‘yilishini bevosita demokratiya, xalq hokimiyatchiligini amalga oshirishning konstitutsiyaviy-huquqiy shakli va ifodasi, ekanligi, Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining referendumda xalq tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinishi ushbu hujjatning oliy yuridik kuchi va maqomini yana-da mustahkamlashi, Konstitutsiyaning
1-moddasida belgilangan O‘zbekistonning demokratik respublika ekanligi haqidagi tavsifi, shuningdek 7-moddasidagi xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai hisoblanishi, 32-moddasidagi fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita ishtirok etishi haqidagi konstitutsiyaviy normalardan kelib chiqishi hamda Konstitutsiyaga to‘la muvofiqligi taʼkidlandi.
Konstitutsiyaviy sud muhokama qilingan masalani har tomonlama o‘rganib chiqib, ish bo‘yicha to‘plangan materiallar, taraflar va ekspertlarning fikr-mulohazalarini hisobga olib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2023 yil 10 martda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi 3017-IV-son qarorini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq deb topdi va tegishli qarorini eʼlon qildi.

Оставьте комментарий