Sa’d ibn Muoz

DO`STLARGA ULASHING:

Qahramonimiz Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuning to‘liq ismi Sa’d ibn Mu’oz ibn Nu’mon ibn Imru’lqays ibn al-Ash’al al-Avsiydir. Bu sersavlat, ulug‘vor, novcha, qizil yuzli inson yoshlik chog‘idayoq o‘z qabilasiga boshliq bo‘lgan edi. Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhu Islomga kirganida o‘ttiz bir yoshda edi. Uning  musulmon bo‘lishi qissasi ham ajoyib.
Birinchi yasriblik musulmonlar talabiga binoan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga Islomni o‘rgatish uchun Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhuni qo‘shib yuborgan edilar. Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu va yasriblik musulmonlar aholini Islomga da’vat qilishda jonbozlik ko‘rsatishdi. Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalom tavsiyalari bo‘yicha ish olib borar edi. U odamlarga Qur’on o‘qitish, Islom ta’limi berish va din ahkomlarini o‘rgatishni ajoyib uslub bilan yo‘lga qo‘yar edi. Gohida ba’zilar uning oldiga o‘ldirmoqchi bo‘lib, qurol ko‘tarib kirishar edi. Ammo Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhuning shirin muomalasi, qiroati va Islom haqidagi so‘zlaridan keyin ko‘ngli erib, musulmon bo‘lar, u kishi nima topshiriq bersa, o‘shani so‘zsiz bajaradigan bo‘lib chiqar edi.
Yasrib bo‘ylab Islom misli ko‘rilmagan tezlikda tarqalib borar edi. U yerdagi bosh qabilalar–Avs va Xazrajning ko‘plab odamlari, jumladan, Sa’d ibn Mu’oz va Usayd ibn Huzayr kabi qavmning ulug‘lari ham Islomga kirishdi.
Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuning Islomga kelishlari Yasribda musulmonchilikning keng tarqalishiga sabab bo‘ldi. U kishi musulmon bo‘lgan kundan boshlab, bu shaharda musulmonlarning joniga oro kirdi. Kelasi haj mavsumiga borgan musulmonlar ichida Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu ham bor edi. Madinalik musulmonlar «Aqaba»da Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan kechasi yashirin uchrashadigan bo‘lishdi. To‘planib bo‘lib qarashsa, yetmish uch erkak va ikki ayol–Nasiba binti Ka’b va Asma binti Amr ibn Adiylar kelgan ekan.
Hammalari to‘planib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kuta boshlashdi. Bir vaqt u Zot kelayotganlari aniq bo‘ldi. Yonlarida bir kishi ham bor edi. Yaqin kelganida u kishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning amakilari Abbos ekani ma’lum bo‘ldi.
Orada muloqot bo‘ldi. Musulmonlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ulardan nimani talab qilsalar, o‘shanga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ular ichidan o‘n ikkita naqib saylashni so‘radilar. Ular o‘n ikki kishini tanlashdi. U Zot naqiblarga: «Sizlar o‘z qavmingizga xuddi Iyso ibn Maryamning havoriylari kafil bo‘lgandek kafilsizlar. Men o‘z qavmimga kafilman», dedilar.
Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga Qur’on tilovat qildilar, Allohga da’vat, Islomga targ‘ib qildilar va: «Ayollaringiz va bolalaringizni nimadan himoya qiladigan bo‘lsangiz, meni ham o‘shandan himoya qilishingiz sharti ila sizlarning bay’atingizni qabul qilaman», dedilar.
Baro ibn Ma’rur Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qo‘llarini olib, birinchi bo‘lib bay’at qildi. Keyin hamma birma-bir bay’at qilib chiqdi. So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Endi kelgan joylaringga boraveringlar», dedilar. Ana shu tarzda Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu Islom tarixidagi eng mashhur uchrashuvlardan birining qatnashchisi degan sharafga muyassar bo‘ldilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinai munavvaraga hijrat qilib kelganlarida Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu va qabiladoshlarining eshiklari muhojirlarga keng ochilgan edi. Ular mol-mulklarini ham muhojirlarga minnatsiz tutishdi.
Vaqti-soati yetib, insoniyat tarixi g‘ildiragini boshqa tomonga burib yuboruvchi va hal qiluvchi Badr jangi kuni ham keldi. Tish-tirnog‘igacha qurollangan, son jihatidan bir necha marta ko‘p dushman bilan to‘qnashuv ayon bo‘lib qoldi.
Jangga tayyorlanish jarayonida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z sahobalariga maslahat soldilar. Bir necha kishi o‘z fikrini aytdi. So‘ngra Miqdod ibn Amr turib: «Ey Allohning Rasuli! Allohning amriga yuravering, biz siz bilanmiz. Biz Bani Isroilga o‘xshab: «Sen va Robbing ular bilan urushaveringlar, biz esa bu yerda o‘tirib turamiz», demaymiz. Siz va Robbingiz  ularga qarshi urush qilinglar, biz ham sizlar bilan birga jang qilamiz. Sizni haq ila yuborgan Allohga qasamki, bizni Barkul G‘imodga (Yamanning chekkasidagi bir joy) boshlasangiz ham, ketaveramiz», dedi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xursand bo‘lib, uning haqiga yaxshi duolar qildilar. Shu bilan birga, Rasululloh ansoriylar fikrini ham eshitishni xohladilar. Payg‘ambar alayhissalom ular faqat shahar ichidagina menga yordam berishsa kerak, deb o‘ylar edilar. Chunki ular hijratdan oldingi ikkinchi «Aqaba» bay’atida Rasulullohni o‘zlari va bolalarini himoya qilgandek himoya etishga va’da berishgan edi. Shuning uchun ham Rasululloh: «Ey odamlar, menga maslahat beringlar!» deya yana bir bor nido qildilar.
Shunda Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu turib: «Ey Allohning Rasuli! Siz bizni nazarda tutyapsiz, shekilli?» deb so‘radi. Payg‘ambarimiz: «Shunday», deb javob qildilar. Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu: «O‘zingizga vahiy qilingan ishdan boshqasiga duch kelib qolganga o‘xshaysiz. Biz sizga iymon keltirganmiz, sizni tasdiq etganmiz. Siz keltirgan narsani haq deb shahodat berganmiz. Sizga quloq osib, itoat qilishga ahdu paymon berganmiz. Ey Allohning Payg‘ambari, nimani xohlasangiz, shuni qilavering. Sizni haq ila yuborgan Allohga qasamki, agar bir dengizni ko‘rsatib, unga sho‘ng‘isangiz, biz ham orqangizdan bitta qolmay sho‘ng‘iymiz. Kimni xohlasangiz, yoningizga oling, xohlamaganingizdan uzoq bo‘ling. Mol-mulkimizdan ham istaganingizcha olavering. Siz olgan molimiz o‘zimizda qolganidan ko‘ra suyukliroqdir. Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yo‘ldan hech yurganim yo‘q, nima bo‘lishini ham bilmayman. Ammo ertaga dushmanga yo‘liqishdan qo‘rqmaymiz. Urush vaqtida sabr qilamiz. To‘qnashuv paytida Sizga sodiqmiz. Shoyadki, Alloh bizga ko‘zingizni quvontiradigan ishlarni nasib etsa. To‘g‘ri, ba’zi qavmlarimiz ortda qoldi. Ularning Sizga bo‘lgan muhabbati biznikidan kam emas. Sizga bo‘lgan itoatimiz ularnikidan kuchli emas. Ammo ular karvon uchun ketilmoqda, degan o‘y bilan chiqmay qolishdi, xolos. Sizga bir soyabon qurib, ulovlaringizni o‘sha yerga to‘playlik. So‘ngra dushmanga ro‘baro‘ bo‘laylik. Agar Alloh bizni aziz qilib, dushmanimiz ustidan g‘olib qilsa, xo‘p yaxshi. Agar ish boshqacha bo‘lsa, unda tuyalarga minasiz-da, ortimizda qolganlarga yetib olasiz», dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sevinganlarini bildirib: «Ey Sa’d! Alloh bundan ham yaxshi hukm qiladimi?!» dedilar. Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuning so‘zi tamom bo‘lganidan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qani, Alloh barakoti bilan, yuringlar! Alloh menga ikki toifadan birini va’da qildi. Allohga qasamki, men u qavmning yiqiladigan joylarini ko‘rayotgandekman», deya mujda berdilar.
Odamlar jangga duch kelishlarini, ular qasd qilgan karvon allaqachon o‘tib ketganini anglashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari qalblarda nusrat kelishiga ishonch tug‘dirdi. Mana shulardan ham Badr jangi kuni Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu qanchalar ahamiyatli ishni amalga oshirganini bilib olsak bo‘ladi.
O‘sha kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bayroq tikishga amr etdilar. Bayroqlar uchta edi. Birini Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu ko‘tarib yurdi. Qolgan ikkitasining rangi qora bo‘lib, ularni Ali ibn Abu Tolib va Sa’d ibn Mu’ozlar ko‘tarishdi. Islom tarixidagi eng birinchi va eng ahamiyatli jangda musulmonlarning bayroqdori bo‘lish sharafi Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuga nasib etgani ham u Zotning kim ekanlarini yana bir bor namoyon qilmoqda.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlar dushman tomon yurib borib, o‘sha yerdagi quduq yoniga joylashishga qaror qilishdi. Quduq yoniga joylashganlaridan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga xurmo shoxlari va po‘stlog‘idan bir qarorgoh−kapa qurildi. Uning eshigi oldida Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu qilichini yalang‘ochlab, qorovullikda turdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga kapa qurish va u Zotni qo‘riqlab turish fikri ham Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuning o‘zidan chiqqan edi.
Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu o‘ta saxiy odam edi. U, ayniqsa, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam xursandchiliklari uchun hech narsani ayamas edi. Bu holni hazrati Ali va Fotimai Zahro roziyallohu anhumoning to‘ylari kunidagi hodisadan ham bilib olsak bo‘ladi.
To‘y kechasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kuyov bo‘lmish Ali ibn Abu Tolib karramallohu vajhahuga: «Ey Ali, kelinga bir to‘y ham qilish kerak», dedilar. Shunda Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu: «Menda bir qo‘chqor bor!» dedi. Ansoriylardan bir guruhi bir necha so’ jo‘xori jamlab keldi. Ana o‘sha narsalardan to‘y ziyofati uyushtirildi.
Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu uyida ham tez-tez ziyofat uyushtirib turar edi. O‘sha ziyofatlarda u kishi hurmatidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ishtirok etar edilar. Imom Ibn Moja Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa’d ibn Mu’oznikida iftor qildilar va so‘ngra: «Aftora indakum as-soimuun va akala taomakum al-abror va sollat alaykum al-maloika», ya’ni «Huzuringizda ro‘zadorlar iftor qilishdi, taomingizni yaxshilar yeyishdi va farishtalar sizga salavot aytishdi», dedilar».
Ushbu duo musulmonlar uchun sunnat bo‘lib qoldi. Ular birortalarinikida ziyofatda bo‘lishsalar, albatt, ushbu duoni o‘qishadi.
Uhud urushida esa musulmonlar katta sinovga uchrashdi. Kamonchilar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato tufayli qurshovda qolganlar tum-taraqay bo‘lib qocha boshlashdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yonlarida oz sonli kishilargina sobit turdi. O‘sha oz sonli bahodirlarning biri Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu edi. U kishi belni mahkam bog‘lab, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni dushmandan mardonavor himoya qildi.
Ibn Abu Shayba Amr ibn Shurahbiyl roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuga Xandaq kuni o‘q tekkanda uning qoni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga oqa boshladi. Abu Bakr roziyallohu anhu kelib: «Voy, belim sinibdi-ku!» deya boshladi. «Jim tur, ey Abu Bakr!» dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.
So‘ngra Umar roziyallohu anhu kelib: «Inna lillahi va inna ilayhi roji’un!» dedi».
Muslim va Abu Dovudlar Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilishadi: «Sa’d ibn Mu’oz bilagidagi tomiridan yarador bo‘ldi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z qo‘llari bilan mishqosni qizdirib bosdilar. So‘ngra uning qo‘li shishib ketgan edi, U Zot ikkinchi bor yana qizdirib bosdilar».
«Mishqos» qizdirib yaraga bosiladigan asbob. Ahzob urushida  ulkan sahobiy Sa’d ibn Mu’oz bilaklaridagi qon tomirlariga o‘q tegib qattiq yaralanganlar. U kishining hurmatlaridan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bemorga o‘zlari qaraganlar va ushbu rivoyatda bayon qilinganidek, davolash ishlarini ham shaxsan o‘zlari olib borganlar. Qon oqib turgan tomirga issiq narsani bosib qonni to‘xtatish o‘sha vaqtdagi birdan-bir uslub edi.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yarador Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuni masjidi Nabaviyga chodir qurib, o‘sha yerga yotqizishga amr qildilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bemor Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuga doimo o‘zlari qarab turishlari uchun shunday qilgan edilar. Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhu masjidda bemor yotgan holida Alloh taologa iltijo bilan quyidagi duoni qildi: «Ey Allohim! Agar Quraysh bilan bo‘ladigan urushdan biror narsani qoldirgan bo‘lsang, meni ham o‘sha uchun qoldirgin. Chunki men uchun Rasulingga ozor bergan, u Zotni yolg‘onchiga chiqargan va haydagan qavmga qarshi jang qilishdan sevimliroq ish yo‘q. Ey Allohim! Agar biz bilan ularning orasida urushni aritgan bo‘lsang, menga bugun yetgan musibatni shahidlikka yo‘l qilgin! Meni Bani Qurayzadan ko‘zim to‘ymaguncha o‘ldirmagin!» Alloh taolo Sa’d ibn Mu’oz roziyallohu anhuning avval Bani Qurayza haqidagi duolarini qabul ayladi.
Sa’d ibn Mu’oz Bani Qurayza g‘azotidan keyin vafot etdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: «Sa’dning o‘limidan Arsh titradi», dedilar.
Ahmad tayyorladi | Siyrat.uz
Ushbu buyuk sahobiy Islomni qabul qilgach olti yil yashadilar xolos. O‘ttiz bir yoshida Islomga kirib o‘ttiz yetti yoshida vafot etdilar.
Xo‘sh, bu zot  kim bo‘ldiki, uning o‘limidan Rahmonning Arshi larzaga kelsa va janozasiga yetmish ming farishta hozir bo‘lsa!
U zot Sa’d ibn mu’oz ibn No‘‘mon ibn Imrulqays al-Ansoriy al-Ashhaliydir. Kunyalari Abu Amr edi. U zotning onalari Kabsha binti Rofi’ ibn Ubayd ibn Sa’laba. Islomni Qabul qilgach, Rasulullohga bay’at berib, O‘g‘li Sa’d ibn Mu’ozdan keyin vafot etganlar.
Sa’d ibn Mu’oz bo‘ylari baland, jussador, oqdan kelgan, hush yuzli va soqoli o‘ziga yarashib turadigan kishi edilar.
Sa’d islomdan avval qavmlarining sayyidi,  Avs Qabilasining raisi, Bani Abdulashhalning sardori edilar. Hijratdan bir yil oldin o‘ttiz bir yoshlarida Islomni qabul qildilar. U zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan yigirma bir yoshga kichik bo‘lganlar. U zotning hidoyatlariga Madinada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amrlari bilan da’vat yuritgan Mus’ab ibn Umayr sababchi bo‘ldilar. Sa’d roziyallohu anhu  Islomni qabul qilib Bani Ashhalga qarata: “Toki Islomni qabul qilmas ekansiz, erkagingiz-u ayolingiz bilan gaplashish men uchun haromdir!”, dedilar. Bu gapdan keyin ular ham Islomga kirdilar. Sa’d roziyallohu anhu Islomda ham barokotli kishi edilar. Badr, Uhud va Handaq g‘azotlarida ishtirok etdilar. Badr jangidan oldin Rasulullohga qay darajada fidokor ekanliklarini butun ansoriylar nomidan namoyon etganlari ma’lum va mashhur. O‘shanda Ul zot alayhissalom qayta-qayta maslahat so‘raganlarida Sa’d o‘rnidan turib shunday dedilar: : “Yo Rasululloh! Siz bizlarni nazarda tutayotgan ko‘rinasiz?” — “Ha, shunday”, dedilar ul zot alayhissalom. Sa’d so‘zida davom etdi: “Yo Rasululloh! Biz sizga iymon keltirganmiz va siz keltirgan narsalarni haqligiga shahodad berganmiz. Bu narsalar ustida sizga  quloq tutib, itoat etishga ahd va va’dalar berganmiz. Bizni istagan joyingizga boshlang, yo Rasululloh! Sizni haq bilan yuborgan Zotga qasamki, agar bizga bir dengizni ko‘rsatib, unga sho‘ng‘isangiz, albatta, ortingizdan siz bilan birga sho‘ng‘iymiz. Oramizdan biror kishi ortiga qaytmagay! Bizni biror dushmanga yo‘liqtirsangiz ham dilxirilik qilmaymiz. Biz jang qarshisida matonatli, dushman qarshisida sadoqatli kishilarmiz. Umid qilamanki, bizning harakatlarimiz bilan Alloh taolo sizni mamnun qilajak. Bizni Alloh taoloning barokoti ila olg‘a boshlang, yo Rasululloh!”.
Uhud jangida esa qo‘shin orti himoyachilari belgilangan joyni tark etgandan keyin musulmonlar juda og‘ir holatga tushib qoldilar. Shunday holatda Rasulullohning oldilarida sobit turib, ko‘ksini qalqon qilib, himoya qilgan oz sonli kishilar ichida Sa’d ham bor edilar.
Sa’d Ibn Mu’oz roziyallohu anhu Handaq g‘azotida musibatga uchradilar. Qattiq jarohat olgan buyuk sahobiy bir oy betob bo‘lib yotdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa’dning oldiga kirdilar. Uni oq kiyimiga o‘rab qo‘yishgandi. Boshidan ushlab, bag‘rilariga bosdilar va duo qildilar: “Allohim! Albatta Sa’d sening yo‘lingda jiddu jahd qildi. Rasulingni tasdiqladi va zimmasidagi burchni ado etdi. Bas, Uning ruhini biror bir ruhni qabul qilmagan suratda qabul et!”
Sa’d roziyallohu anhu ul zotning so‘zlarini eshitib, ko‘zlarini ochdilar va: “Assalomu alayka yo Rasululloh! Guvohlik beramanki, albatta siz Allohning Rasulisiz!”, dedilar.
Sa’d ibn Mu’ozning so‘nggi onlarida Nabiy alayhissalom uning oldiga kirdilar va: “Alloh seni yaxshilik bilan mukofotlasin! Qavmingning qanday ham yaxshi boshlig‘i eding. Sen Allohga bergan va’dangning ustidan chiqding, albatta Alloh taolo ham senga bergan va’dasining ustidan chiqadi!”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyqudan turganlarida Jabroil alayhissalom kelib: “Yo Rasululloh! Bu kecha ummatingdan bir kishi vafot etdi. U kim?”, deb so‘radi.“Sa’ddan boshqaning og‘ir bemorligini bilmayman. Unga nima bo‘ldi?”, dedilar. “Yo Rasululloh! Sa’dning ruhi qabz qilindi. So‘ng uning qavmi kelib, o‘z diyorlariga olib ketishdi”, deyishdi. Ul zot Bomdod namozini o‘qib, yo‘lga tushdilar. Odamlar ham u zotga ergashishdi. Rasululloh juda tez yurardilar. U zotga yetishib yuraman deb, odamlarning oyoq kiyimidagi iplari uzilib, yelkalaridan ridolari tushib ketardi. Shunda ular: “Yo Rasululloh! Odamlarni shoshirib yubordingiz!”, deyishdi. Ul zot esa: “Maloikalar Hanzalaga bizdan oldin borganlari kabi unga ham bizdan oldin borib qolishmasin, deb qo‘rqmoqdaman!”, dedilar.
Ha, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Sa’d ibn Abu Vaqqosni yuvish sharafi farishtalardan ko‘ra o‘zlariga bo‘lishini istardilar.
Ibn Sa’d Salama ibn Aslam roziyallohu anhu aytadilar: “Biz eshik oldida turib, Rasulullohdan keyin kirmoqchi edik, u zotga ko‘zim tushdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ichkariga kirdilar, uyda o‘rab qo‘yilgan Sa’ddan boshqa hech kim yo‘q edi. Men u zotning ortga tisarilganlarini ko‘rib, to‘xtadim. Uzot menga “O‘rningda tur”, deb ishora qildilar. Men to‘xtab ortimdagilarni ham to‘xtatdim. U zot bir muddat o‘tirib, keyin chiqdilar. Men: “Yo Rasululloh, hech kimni ko‘rmadimku, ammo sizning orqaga tisarilganingizni ko‘rdim?”, dedim. Shunda u zot alayhissalom: “Farishtalardan biri men uchun qanotini tortib turmagunicha o‘tira olmadim”, dedilar-da: “Ey Abu Amr, muborak bo‘lsin! Ey Abu Amr, muborak bo‘lsin! Ey Abu Amr, muborak bo‘lsin!”, dedilar.”
Insonlar uning tobutini ko‘tarar ekanlar, Sa’dning jussador bo‘lganiga qaramay juda yengilligidan ajablandilar. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytishganida, Ul zot alayhissalom: “Uni sizlardan boshqalar ko‘tarishyapti. Jonim Qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, Sa’dning ruhi bilan Farishtalar shod bo‘ldi va unga Rahmonning Arshi larzaga keldi!”, dedilar.
Sa’d ibn Mu’oz o‘ttiz yetti yoshga yetib vafot etgandilar. U kishining jismlari insonlar orasidan rihlat qilgan bo‘lsada, siyratlari tillardan-tillarga o‘tib, mangu qolajak.
Zero u zotning Robb subhanahu va taoloning huzurida ham yuksak maqomlari bor edi. U zot Bani Qurayza yahudiylari musulmonlarga hiyonat qilishgach oqibatlari qanday bo‘lishini ko‘zlari bilan ko‘rmagunlaricha jonini olmaslikni Robbdan duo qilib so‘ragandilar. Duolari  ijobat bo‘ldi. Maqsadlari hosil bo‘lgach yana Robb taologa duo qilib, jonini qabz qilishini so‘ragandilar, u ham qabul bo‘ldi. Bu Sa’d roziyallohu anhuning  Alloh taoloning huzuridagi oliy maqomiga dalolatdir.
Ibn Umar roziyallohu anhu aytadilar: “Alloh taolo Sa’dga yo‘liqishni yaxshi ko‘rgani uchun Arsh larzaga keldi. Zero, kimki Alloh taoloni yaxshi ko‘rsa va Unga mushtoq bo‘lsa, Alloh taolo ham unga yo‘liqishni yaxshi ko‘radi!”
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhu: “Arsh Sa’d ibn Mu’ozning vafoti uchun Robb azza vajallaning xursanligidan larzaga keldi!”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa’d ibn Mu’oz haqida marhamat qilib, aytadilar: “Bu shundayin solih bandaki, uning o‘limidan Arsh larzaga keldi, uning uchun osmon eshiklari ochildi va  ilgari yerga tushmagan yetmish ming farishta (janozasida) hozir bo‘ldi! Albatta u (qabrda) bir qisishlik bilan qisildi so‘ngra qo‘yib yuborildi!”
Yana ul zot  sollallohu alayhi vasallam Sa’dning jannatdagi mavqeyi haqida quyidagicha marhamat qildilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ipak sarpo hadya qilindi. U zotning sahobalari uni ushlab ko‘rib, uning yumshoqligidan ajablana boshladilar. Shunda u zot: “Buning yumshoqligidan ajablanyapsizlarmi?! Albatta, Sa’d ibn Mu’ozning jannatdagi dastro‘moli bundan ham yaxshiroq va yumshoqroqdir!”. dedilar”.
Ikrom Karimov | Muslim.uz

Оставьте комментарий