Sil: dardni erta aniqlash muhim

DO`STLARGA ULASHING:

Аbu Аli ibn Sino tibbiy asarlaridan birida insonning salomatligi oʼz qoʼlida ekanligiga toʼxtalib, “Shabada esib turgan joyni maskan qil, boisi oʼpkangga toza havo yetib borsin, tutundan nafas olma, shunda sogʼlom boʼlasan, koʼzlaringni ham bugʼlardan asra” degan ekan.
Shuningdek, Ibn Sino sil xastaligining yuqumliligini alohida taʼkidlab, bu dardga chalingan bemor boshqalar bilan muloqotda ehtiyot choralarini koʼrishi lozimligini aytadi. Koʼhna zamonlarda aytilgan ushbu hikmatlar bugungi kunda ham oʼz qadr-qimmatini yoʼqotmagan. Shuning uchun ham sil xastaligini yuqtirishning yagona chorasi gigienaga amal qilishdan iborat ekanini zamonaviy shifokorlar ham taʼkidlashmoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulьmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida sil kasalligining oldini olish va davolash boʼyicha yangicha usullardan foydalanilmoqda. Silni barvaqt aniqlashda Germaniyaning Myunьxen shahridan keltirilgan dunyodagi eng kuchli oʼnta laboratoriyadan bittasi “Milliy referens” majmuasi ishlab turibdi. Ushbu laboratoriya koʼmagida silning barcha turlarini erta aniqlash imkoni yaratilgan.
Oʼpka silidan tashqari tuberkulezning oʼndan ortiq turlari mavjud boʼlib, ayniqsa urologik va ginekologik aʼzolarda koʼp kuzatilmoqda. Hozirda bularni zamonaviy usulda asoratsiz davolash uchun hamma imkoniyatlarimiz yetarli, – deydi tibbiy markazning urogenital boʼlimi rahbari, tibbiyot fanlari doktori Doniyorbek Аbdurahmonov.
Maʼlumki, silga chalingan bemorga dastlabki tashxis notoʼgʼri qoʼyilsa, silning yashirin turga oʼtib rivojlanishi kuchayadi. Sil kasalligini koʼp hollarda surunkali sistit, pielonefrit, prostatit va ginekologik kasalliklardan ajrata olish muhimdir. Buning uchun chuqur va aniq tekshiruvlar oʼtkazilayotganligi yaxshi natijalar berayapti. Markazga keyingi yillarda olib kelinayotgan zamonaviy tibbiy asboblar mutaxassis shifokorlar ishini ancha yengillashtirmoqda.
Farzand koʼrmayotgan ayollarning ahvoli oʼrganib chiqilganda, ularning 65 foizgacha boʼlgan qismi sil sababli bepushtlikka uchrayotganligi maʼlum boʼldi. Ular sil aniqlanguncha 8-10 yil ginekologlar va turli tabiblarda davolanib yurishadi va keraksiz jarrohlik amaliyotlarini oʼtkazadilar. Endilikda asosiy maqsadimiz – oʼz vaqtida mutaxassis shifokorga murojaat qilish zarurligini odamlarga toʼgʼri tushuntirish va kasallikning oldini olishdir,- deydi katta ilmiy xodim, tibbiyot fanlari nomzodi Mirazim Hakimov.
Kishilarimiz silning jiddiy xastalik ekanligini qanchalik chuqur tushunib yetishsa ancha hushyor tortishadi, albatta. Demak, sogʼlom boʼlishni astoydil istagan odamgina bunga erisha olishi shubhasiz.
Mavluda Muhammadieva.

Оставьте комментарий