Suvaraklarning odam salomatligi uchun qanday xavflari mavjud?

DO`STLARGA ULASHING:

Xonadonda suvaraklar bo‘lsa insonning me’da-ichak tizimida xastaliklar rivojlanadi. Undan tashqari immun tizimi kuchsizlangan organizmga ayrim bakteriyalarning tushishi sababli og‘ir yuqumli kasalliklar yuzaga kelishida qulay sharoit yaratiladi. Uy suvaraklari orqali virusli kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilari ham tarqaladi. Shunday qilib ular inson salomatligi uchun o‘ta xavfli hisoblanadi. Yerto‘lalarda, kanalizatsiyalarda va axlat tortadigan quvurlarda kalamushlar yashab, ular vaziyatni yana ham og‘irlashtiradi. Chunki kemiruvchilar yanada jiddiy kasalliklar qo‘zg‘atuvchilarini tarqatadi. Chordoqlarda esa kaptarlar yashaydi. Ular ham qator kasalliklarni tarqatishda muhim rol o‘ynaydi. Bu parrandalar orqali tarqaladigan barcha yuqumli kasalliklarning qo‘zg‘atuvchilari uy suvaraklarigacha yetib boradi.
Suvaraklar ozuqasiz uzoq muddat yashaydi. Ular har kuni turli ozuqa qoldiqlari, nonning uvoqlarini yeyishadi. Suvaraklar ifloslantirgan oziq-ovqat mahsulotlarini tashlab yuboring. Ammo, zararkunandalar ozuqa zahiralarigacha yetib boradi. Bu orqali ular odamlar salomatligiga katta zarar yetkazadi.
Allergiyaga ham sababchi hasharotlar
Suvaraklar yana nimasi bilan odamlar uchun xavfli? Ma’lum bo‘lishicha ular astma (ziqqinafas) bilan og‘rigan bemorlarning eng katta dushmanlarilaridan biri hisobladi. “Nonxo‘rak”larning axlatlari va boshqa ajratmalari inson uchun kuchli allergenlardan hisoblanadi. Nobud bo‘lgan suvaraklarning tana qismlari, xitinlari chang bilan aralashib, allergiyasi bor odamlar uchun zarar yetkazadi. Nafas qisishi xurujlaridan tashqari, ular yana bir qancha kasallik belgilarini keltirib chiqaradi. Bularga terining qizarishi va qichishi, toshma, eshakemi, yo‘tal hamda tomoqda qichishish kabi belgilar kiradi. Yana tumov, ko‘zdan yosh oqishi va uning qichishishi ham ushbu hashoratlar sababchisi bo‘lishi mumkin.
Odam suvaraklar bilan uzoq muddat kontaktda bo‘lishi oqibatida surunkali allergik kasalliklar fonida – rinit, kon’yunktivit, dermatit, faringit rivojlanadi. Ayrim allergik kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarga suvaraklarning hidlari ham salbiy ta’sir etadi.
Olimlarning ta’kidlashicha AQSH da 15 mln. nafargacha odamlar suvaraklar bilan bog‘liq holda allergik reaksiyalardan azob-uqubat chekadi. 80 foiz bolalar davriy ravishda astma xurujlarini boshidan o‘tkazadi.
Suvaraklardan insonlarga yana qanday zarar yetishi mumkin?
Oshxonada oziq-ovqatlardan foydalanish chegaralangan bo‘lsa, ular boshqa joydan ozuqa qidirishga majbur bo‘lishadi. Albatta, suvaraklar qon so‘rmaydi. Lekin ular terida qurib qolgan epiteliy parchalarini yeyishi mumkin. Ushbu jonzotlar qo‘l va oyoqlar terisi hujayralarini yeyishi hamda og‘iz bo‘shlig‘ida nam shilliq pardalardan so‘laklarni ma’lum muddat “ichishi” mumkin.
Yana o‘qing:  Farzandingiz maktabga chiqdimi?
Yosh bolalar og‘zini ochib uxlaganligi sababli, ayniqsa, bu hasharotlar bolalarga ko‘proq tunda yaqinlashadi va infeksion kasalliklarni yuqtirishadi. Ular bolalarning teri parchalarini yeyishi oqibatida terida yaralar paydo bo‘ladi. Chunki ularning terisi juda nozik bo‘ladi. Ozuqa qidirib va yashirinish maqsadida suvaraklar quloq ichiga kirib ketadi. Bunday holatda ularni quloqdan shifokorlarning yordamisiz chiqarib olish juda mushkul. Agar quloqqa suvarak kirib qolsa nog‘ora parda yaqinidagi shovqin juda qattiq bo‘ladi va asab buzilishlariga olib keladi.
Zararkunandalar ko‘pincha rozetkalar, turli elektr asboblari ichiga o‘rmalab kiradi. Bu qisqa tutashuvga olib keladi va mol-mulkni ta’mirtalab qilib qo‘yadi. Zaharlangan hasharotlarni uy hayvonlari yeyishi natijasida ularda zaharlanish belgilari kuzatiladi. Shunga qaramasdan suvaraklarni albatta zaharlash kerak. Yo‘qsa ular ko‘payib, koloniyalar hosil qilib olishi mumkin. Ushbu jonzotlarning zarari juda katta. Shuning uchun ham suvaraklarni albatta, yo‘qotish zarur.
Ulardan qanday xolos bo‘lish mumkin?
Ayrim ekzotik suvaraklarga qiziqish ortayotgan bo‘lishiga qaramasdan bu jonzotlar eng xavfli zararkunandalardan hisoblanadi. Insoniyat barcha davrlarda ularga qarshi kurashib keladi. Qayerdaki suvaraklar mavjud bo‘lsa antisanitariya holatining yaqqol belgilaridan biri hisoblanadi. Ularga qarshi kurashishda, eng avvalo, xonadonni toza va ozoda tutish hamda gigiyena qoidalariga qa’tiy rioya etish zarur. Axlatlarning o‘z vaqtida to‘kilmasligi mo‘ylovli jonzotlarning bemalol hayot kechirishi uchun qulay sharoit yaratadi. Bunday xonadonlarda kuchli zaharlovchi dori vositalarini qo‘llash ham qisqa muddatli samara berishi mumkin. Shuning uchun ham birinchi navbatda xonadonlarning tozaligini ta’minlash lozim. Uyda suvaraklar yashashi va ko‘payishi mumkin bo‘lgan barcha tirqishlar va yoriqlarni suvab tashlash kerak. Ishlatilmaydigan eski buyum va kiyim-kechaklarni olib chiqib tashlash darkor. Suvaraklarni och qoldirish – bu ishning yarmi hisoblanadi. Eng asosiysi ularni suvsiz qoldirish kerak. Stol, pol, rakovina va vannadagi har bir tomchi suv yaxshilab artib tashlanishi zarur. Ular uzoq vaqt ozuqasiz yashashi mumkin. Lekin “nonxo‘raklar” suvsizlikka ko‘p dosh bermaydi.
Barcha hududlarda profilaktik tadbirlar davriy ravishda har oy va har kvartal hamda har yili belgilangan muddatlarda o‘tkazilishi kerak. Suvaraklarga qarshi ishlatiladigan kimyoviy moddalar ichida bura va bor kislotasi bugungi kunda ham qo‘llanilib kelinadi. Hozirgacha suvaraklarda aynan mana shu kimyoviy vositalarga o‘rganib qolish holati kuzatilmagan.
Bor kislotasi va burani suvaraklarga qarshi qanday qo‘llash zarur?
Bura moddasini teng nisbatda shakar va un qorishmasiga aralashtiriladi va suvaraklar to‘planadigan joylarga qo‘yiladi. 1000 milligramm bor kislotasi 5 ml miqdordagi suvda eritib, non ushoqlari bilan qorishtiriladi va xonadondagi teshik va tirqishlar, gaz plitasi, rakovina va vanna atroflariga qo‘yib chiqiladi. Qirg‘ichdan o‘tkazilgan kartoshka bilan bor kislotasi teng nisbatda aralashtiriladi va yuqorida ta’kidlangan joylarga qo‘yib chiqiladi.
Yana bir oddiy va juda samarali vositani ayrim mutaxassislar tavsiya etishadi. Qurilishda ishlatiladigan alebaster yoki gips va unni teng nisbatda aralashtirib, suvaraklar ko‘p yuradigan joylarga qo‘yib chiqiladi. Uni suvaraklar ishtaha bilan yeydi. Alebaster yoki gips esa ularning ichiga kirib, qotib qoladi va zararkunandani nobud qiladi. Xalq o‘rtasida qo‘llaniladigan usullardan yana biri “muzlatish” sanaladi. Bunda noldan past haroratda xonadon ma’lum muddat shamollatiladi. – 5oS haroratda suvaraklar nobud bo‘ladi. Bu usulni faqat qishda qo‘llash mumkin.
Agarda xonadon egalari suvaraklarga qarshi kurash usullarini yaxshi bilmasalar, u holda maxsus tashkilotlarga murojaat qilganlari ma’qul hisoblanadi. Chunki har qanday kimyoviy dori vositasi ham ehtiyot choralarini bilib qo‘llanilmasa, inson salomatligi uchun zarar yetkazadi.
Erkinjon ShAKARBOYEV,
O‘zR FA Zoologiya instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari,
biologiya fanlari doktori
soglom.uz/tavsiya/suvaraklarning-odam-salomatligi-uchun-qanday-xavflari-mavjud-2/

Оставьте комментарий

ArabicChinese (Traditional)EnglishFrenchGermanHindiKazakhKyrgyzRussianSpanishTajikTurkishUkrainianUzbek