Tamaraxonim haqida — U kim, bu nima

DO`STLARGA ULASHING:

TAMARAXONIM (taxallusi; asl ismi va familiyasi Tamara Artyomovna Petrosyan) [1906.16(29).3, hoz. Yangi Margʻilon shaharchasi — 1991.30.6, Toshkent] — qoʻshiqchi va raqkosa, baletmeyster, oʻzbek professional raksi asoschilaridan. Oʻzbekiston xalq artisti (1932). Moskva teatr texnikumida oʻqigan (1923—24). Yoshligidan sanʼatga qiziqqan: dastlab Margʻilon, Fargʻona ayollari orasida raqsga tushib, koʻshik aytgan. Yusufjon qiziq Shakarjonov, Usta Olim Komilovlardan oʻzbek raqs harakatlarini, Hamza, K. Stanislavskiy, NemirovichDanchenko va b. dan qoʻshiqchilik, aktyorlik mahoratini qunt bilan oʻrgandi. Sahna faoliyatini 1919-y. Hamza Hakimzoda Niyoziy truppasida boshlagan. Keyinchalik Yusufjon kiziq truppasida ishlagan. 1921 — 22 y. lar Toshkent rus opera va balet teatrida, 1924-y. dan Muhiddin Qoriyoqubov rahbarligidagi konsert truppasi (1926-y. dan Oʻzbek davlat konsertetnografik ansambli, 1929-y. dan Oʻzbek davlat musiqali teatri)da faoliyat koʻrsatgan. 1925-y. Parijda boʻlib oʻtgan Jahon bezak sanʼati koʻrgazmasida M. Qoriyoqubov bilan birgalikda ishtirok etib, oʻzbek sanʼatini ilk bor Yevropada namoyish etgan. Tamaraxonim oʻzbek lapar va yalla namunalarini sahnaviy ijro sharoitiga moslashtirib, yangicha ifodaviy vositalar (mimika, raqs, dialog va b.) bilan boyitib, ular negizida bir necha kichik musikiy inssenirovkalarni yaratdi, milliy ommabop (estrada) sanʼat rivojiga asos soldi. Tamaraxonim ijrosidagi qoʻshiq va laparlar («Lolaxon», «Qorasoch», «Bilaguzuk», «Oyijon», «Fabrikaning yoʻlidan», «Qizlar, shitobingiz nima?», «Gulyor», «Yetimlar yigʻisi», «Tuygʻunoy», «Erk bolalari» va b.), «Sinaxiroj», «Dilxiroj», «Qarinavo», «Usmoniya» singari raqslari xalqqa manzur boʻlgan.
1925—29 y. lar Andijon, Qoʻqon, Samarkand teatrlarida sahnalashtirilgan musiqali dramalarda Halima (F. Zafariy, «Halima»), Shirin (Xurshid, «Farhod va Shirin»), Gulchehra (U. Hojibekov, «Arshin mol olon») singari rollarni ijro etdi. 1929—34 y. lar Samarkanddagi Oʻzbek davlat musiqali teatri (1931 i. teatr Toshkentga koʻchirilgan) da, 1934—35 y. lar Xorazm teatrida ishladi. 1934-y. M. Yanovskiyning «Ferenji» baletida Indra rolini oʻynadi. Oʻzi tashkil qilishda qatnashgan respublika balet maktabi 1935—47 y. lar Tamaraxonim nomi bilan yuritilgan. 1935-y. Londonda boʻlib oʻtgan birinchi xalqaro xalq raqsi va musiqa sanʼati festivalida (Usta Olim Komilov, Toʻxtasin Jalilov, Abduqodir Ismoilovlar bilan) qatnashib oltin medal olishga sazovor boʻlgan. 1937-y. Moskvada boʻlib oʻtgan birinchi oʻzbek sanʼati dekadasida ham ishtirok etgan. 1936 — 41 y. lar Oʻzbek davlat filarmoniyasi, ayni vaqtda, Oʻzbek davlat musiqali teatri (1939-y. dan Oʻzbek davlat opera va balet teatri)da raqqosa va baletmeyster. 1941—69 y. larda Oʻzbek davlat filarmoniyasining musiqa ansamblida badiiy rahbar, baletmeyster va aktrisa. Tamaraxonim 2jahon urushi yillarida konsert brigadalari bilan armiya qismlarida xizmat kildi. Tamaraxonim qaysi xalq qoʻshiq va raqsini ijro etmoqchi boʻlsa, oʻsha xalqning tarixi, etnografiyasi, mahalliy urfodatlari, sanʼati va madaniyatini batafsil oʻrganib, soʻng ijro etgan. Uning ijrosida «Erta bilan» (qoʻqoncha), «Yallama yorim» (margʻiloncha), «Omonyor» (andijoncha), «Fargʻonacha raqs», «Buxorocha raqs», «Mavrigi», «Lazgi» (xorazmcha), «Bibijon» (turkmancha), «Yangi oy» (moʻgʻulcha), «Nikoh toʻyi» (gruzincha), «Eshikni qoqma» (ozarbayjoncha), «Gulizor» (turkcha), «Chando» (indonezcha), «Xumor koʻzlar», «Binti shalobiya» (arabcha), «Banday togʻi» (yaponcha), «Choʻpon raqsi», «Torazi» (koreyscha), «Shirin zabon» (afgʻoncha), «Nilufar» (hindcha), «Parizodoy» (qirgʻizcha), «Joʻra jonim» (tojikcha), «Garmonchi» (tatarcha), «Oy da Galya i Sultan» (ukraincha) kabi 500 dan ortiq qoʻshiq va raqslar 86 tilda yangragan. U ustozi Usta Olim Komilov bilan koʻplab oʻzbek xalq raqslarini sahnalashtirib, oʻziga xos (ayollar va erkaklar raqsi harakatlarini mujassam etgan) uslubini yaratdi, yangi zamonaviy raqslar, teatrlashgan raqs syujetlarini, yangi xoreografik kompozitsiyalarni («Gul oʻyin», «Sadr», «Zang», «Pilla», «Kema oʻyini» kabi) ijod qildi. U oʻzbek xalq raqs harakatlari bilan Yevropa mumtoz balet raqslari harakatlarini uygʻunlashtiruvchi dasturlar («Bahor», «Navo», «Qizil va oq atirgullar urushi» va b.) yaratdi, bular milliy oʻzbek baletini yuzaga kelishida, milliy xoreografiyani rivojlantirishda muhim omil boʻldi. U birinchi oʻzbek baletlaridan «Gulandom» (Ye. Brusilovskiy, 1938) librettosini Uygʻun va M. Yanovskiylar bilan birgalikda yaratdi, uni sahnalashtirib, bosh rolni oʻzi ijro etdi. M. Turgʻunboyeva, G. Rahimova, R. Karimova, G. Mavayeva, H. Komilova, I. Okilov, L. Pepgrosova kabilar Tamaraxonimning shogirdlaridir. T. Fransiya, Norvegiya, Germaniya, Italiya, Turkiya, Eron, Hindiston kabi davlatlarda gastrolda boʻlgan. Toshkent sh. koʻchalaridan biri (oʻzi yashagan koʻcha)ga Tamaraxonim nomi berilgan. Toshkentda Tamaraxonim uy muzeyi faoliyat koʻrsatmokda. Vafotidan soʻng «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan (2001).
Ad:Avdeyeva L. A., TamaraXanum, Tamaraxonim, 1959; Shirokaya O. I. Tamara Xanum, Tamaraxonim, 1973.
Mohina Ashirova.

1 комментарий к “Tamaraxonim haqida — U kim, bu nima”

Оставьте комментарий