Tuya suvsizlikka qanday chiday oladi?

DO`STLARGA ULASHING:

Hali mashina, samolyot kabi texnikalar kashf etilmasdan ilgari, juda qadim zamonlardan boshlab odamlar Osiyo va Afrika choʻllarini tuyalarda kesib oʻtganlar. Shu sababli ham tuyalar koʻpincha “sahro kemalari” deb atalgan.

Tuyaning oʻrkachi uzoq vaqt ovqat yemasdan va dam olmasdan yurishga imkon yaratadi.

Agar oʻrkachda hech vaqo boʻlmasa xuddi boʻsh qopga oʻxshab osilib qoladi. Oʻrkachda suyaksiz, faqat yogʻ va mushak toʻqimalaridan iborat. Uni oziq moddalar ombori deb atash mumkin.

 

Katta safarlarga chiqishdan oldin tuyani yaxshilab boqishgan. Shu sababli uning oʻrkachi “oʻsish”ni boshlagan va 45 kg gacha yukka ega boʻlgan. Yogʻ qatlami tufayli tuya bir necha kun oziqlanmay yashashi mumkin.

Tuyalar suvni ham zaxira qilib oladilar. Yoʻl oldidan 57 litrgacha suv ichgan. Birdaniga shuncha suyuqlikni qanday qilib icha oladi deb hayron boʻlishingiz mumkin. Axir qalovini topsa qor ham yonadi-ku. Buning siri shundaki, avval tuyaga ozgina tuz berishgan. Keyin u shunaqangi kuchli chanqoqni his qilganki, 60 litga yaqin suvni koʻrdim demagan.

Tuyada uchta oshqozon bor. Birinchisida chala-yarim chaynalgan oʻsimliklar, ikkinchisida suyuqlik boʻladi, uchinchisida esa yeyilgan oʻsimliklar hazm qilinadi. Birinchi va ikkinchi oshqozonlarda suv saqlanadigan xaltalar joylashgan. Ular toʻlgach mushak toʻqimalari bilan mustahkam berkitiladi. Jonivor suvsagan paytdagina xaltachalar ochiladi va ehtiyojga yarashasi ishlatiladi.

Tuya suvsizlikka qanday chiday oladi? Yuqorida tushuntirganimizdek aslida u hech qachon suvsiz qolmaydi. Johil koʻchmanchi qabila odamlari ham tuyalarni boʻlar-boʻlmasga oʻldirmaganlar. Chunki ular suvni tuyaning oshqozonida saqlaganlar. Shu sababli eng qiyin vaziyatlardan qutulib chiqqanlar.

 

Orifjon Madvaliyev

oriftolib.uz

2010

Оставьте комментарий