Xatna qilishning tibbiy ahamiyati

DO`STLARGA ULASHING:

Statistik maʼlumotlar shuni koʼrsatadiki, oxirgi oʼn besh yillar mobaynida uy sharoitida ustalar tomonidan xatna oʼtkazilgan 587 ta bolada asoratlar kuzatilgan va ularning ota-onalari bolalar xirurgik klinikalariga murojaat qilishgan. Аksariyatida bevosita operatsiyadan keyingi davrda qon ketishi, xususan chala xatna oʼtkazilganligi tufayli yiringli yalligʼlanishli jarayonlar kechganligi oqibatida chandiqli fimoz kelib chiqqan. Bemor bolalarning koʼpchiligida esa meatastenoz rivojlanishi natijasida siydik chiqishining qiyinlashuvi kuzatilgan.

Bugungi kunda qon ivishining yomonlashuvi, sepsis, gemofiliya, kamqonlik, jigar yoki buyrak faoliyatining buzilishi, organizmda yashirin yuqumli infektsiyaning mavjudligi(gepatit, vich-infektsiya), olatdagi yiringli – yalligʼlanishli jarayonlar (balanit, balanopostit, uretrit) va anomal tugʼma nuqson (gipospadiya, epispadiya) kasalliklarni inobatga olmasdan xatna qilish oqibatida yuzaga kelgan asoratlar koʼpayib ketayotganligi tashvishlanarlidir.
Аytish joizki, gipospadiya (siydik chiqarish yoʼlining tugʼma nuqsoni)ning deyarli barcha turlarida xatna qilish mumkin boʼlmasada, ustalar tomonidan xatna amalga oshirilib, bunda zarur boʼlgan kertmak varaqlari olib tashlanishi keyingi plastik operatsiya jarayonini qiyinlashtiradi.
Koʼp yillik tajribaga ega boʼlgan, bolalarni xatna qilish sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borgan jarroh sifatida aytmoqchimanki, xatna malakali usta tomonidan amalga oshirilmasa xatolik oqibatida jiddiy nuqsonlar yuzaga keladi. Demak, nafaqat ustalar, balki ota-onalar ham bu borada tibbiy maʼlumotlarga ega boʼlishlari lozim.
Foydali jihatlari koʼp
Oʼgʼil bolalarni xatna qilish tufayli fimoz va uning asoratlari boʼlmish siydik tutilishi, balanit, balanopostit, uretra uchining torayishi(meatostenoz), tuz smegmalarni kertmak va olat boshchasining egatchasiga yigʼilib kolishi oqibatida bitishma (sinexiya), tosh kasalligi (uretra, qovuq) va katta yoshda uchraydigan har xil kertmakka aloqador onkologik kasalliklarning oldi olinadi.
Xatna qildirilganlarda kertmakning ichki varagʼida, olat boshchasida, boshcha va boʼyincha orasidagi toj egatida paydo boʼladigan olat raki 5-8 barobar kam uchraydi. Rakka olib keluvchi asosiy sabab – kertmak ichki varagʼi bilan olat boshchasi orasida tez-tez yigʼilib turuvchi smegma boʼlib, olimlar uning kantserogen(oʼsmaga olib keluvchi) taʼsirga ega ekanligini oʼtgan asrning 70- yillaridayoq aniqlashgan. Olat oʼsmalari yaxshi va yomon sifatli boʼlishi mumkin. Olat soʼgallari, papillomalar, leykoplakiyalar yaxshi sifatli oʼsmalarga kiradi. Olat raki (saratoni) erkaklardagi barcha yomon sifatli oʼsmalarning 1 foizini tashkil qiladi. Olat rakining 55-97 foizi fimoz bilan qoʼshilib keladi. Olat raki limfa va qon tomirlar orqali juda tez tarqalib, chov va qov sohalariga tarqaladi.
Maʼlumki, kertmak terisi kesilmaganlarda kertmak qopchasi ichida smegmaning toʼplanishi, yiringli yalligʼlanishli jarayonlarning tez-tez qaytalanishi yuqoriga koʼtariluvchi infektsiyaning rivojlanishiga olib keladi. Bularning barchasi siydik chiqarish kanali, prostata bezi, qovuq va yuqori siydik yoʼllari yalligʼlanishli kasalliklari kuchayishiga sharoit yaratib beradi. Shuning uchun, erkaklarda uchraydigan sistit xatna qilinganlarda qilinmaganlarga qaraganda 3 barobar, surunkali prostatitlar 2,5 barobar, prostata bezining adenomasi esa 6 ,2 barobar kam uchrar ekan.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʼra xatna qildirilmagan erkaklarda jinsiy ojizlik (impotentsiya) oʼrtacha 45-50 yoshda, xatna qildirilganlarda esa 55-60 yoshda boshlanar ekan. Seksopatolog, professor G.S Vasilьchenko tomonidan 4000 dan ortiq ayollardan anketa soʼrovi oʼtkazilganida, ularning 78 foizi xatna qilingan erkaklar bilan aloqa qilganida jinsiy jihatdan toʼliq qoniqish his etishini bildirganlar.
Bugungi kunda erkaklari xatna qildirilmaydigan aksariyat Yevropa davlatlarida, Rossiyada tugʼilish koʼrsatkichlarining keskin pasayib ketishi, aholining keksayishi hisobiga demografik koʼrsatkichlar yomonlashayotgani sir emas. Shuningdek, Gollandiya, Finlyandiya, Norvegiya, Shveytsariya, Shvetsiya, Аvstriya kabi davlatlarda ham tugʼilish koʼrsatkichlari juda past darajada boʼlib, tabiiy oʼlim koʼrsatkichlari undan yuqoriligi bois aholi sonining kamayib ketishi kuzatilmoqda. Tugʼilish koʼrsatkichlarining pasayib ketishiga bir qator omillar bilan birga, bu davlatlar erkaklarining jinsiy ojizligi kuchayib borayotganligi sabablaridan biri sifatida xatnani bolalik davrida urf-odat tariqasida qabul qilinmaganligidan kelib chiqadigan kasalliklar oqibati deb qarash mumkin.
Oʼz vaqtida davolamasa…
Oʼgʼil bolalardagi fimoz kasalligi kertmak teshigining torayishi oqibatida siydik chiqarilishining qiyinlashishi kuzatiladi. Fimoz hatna qilinmagan erkaklarning 3 foizga yaqin qismida uchraydi. Bunda kertmak terisidan hosil boʼlgan qopcha teshigi torayib, olat boshchasini tashqariga chiqarish imkoni boʼlmay qoladi. Oqibatda kertmak qopchasi bilan olat boshchasi orasida tuz va yiring toʼplanib, bemor ahvolini ogʼirlashtiradi. Bemorning kertmak soxasida kattiq qichishish va achishish hislari paydo boʼladi, tana harorati oshadi. Kichkina bolalar buni ota-onalariga ayta olmaydilar, natijada har gal bola siyganida qattiq bezovtalanib yigʼlaydi.
Fimozni oʼz vaqtida davolamasa, keyinchalik tosh kasalligi (uretra, qovuq, siydik nayi, buyrak), uretra uchining torayishi – meatastenoz va tuz smegmalarni kertmak va olat boshchasining egatchasiga yigʼilib qolishi oqibatida bitishma – sinexiya bilan asoratlanadi. Fimoz aksariyat hollarda balanit – kertmak terisi ichki varagʼining yalligʼlanishi yoki balanopostit – kertmak terisi ichki varagʼi va olat boshchasining birvarakayiga yalligʼlanishi roʼy beradi. Oʼz vaqtida tashhislanmagan va tegishli davo oʼtkazilmagan balanit, yoki balanopostit tez orada siydik chiqarish kanalining yalligʼlanishi – uretrit, qovuqning yalligʼlanishi – sistit, yuqori siydik yoʼllarini yalligʼlanishi – pielonefrit, kattaroq yoshli xatna qilinmagan bolalarda va erkaklarda esa prostata bezining yalligʼlanishi – prostatitni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari erkaklarda tez-tez fimozning xurujlanishi va uning asoratlanib turishi oqibatida ularning maʼlum qismida keyinchalik olat va kertmakka oid oʼsmalar rivojlanishi mumkin.
Fimoz erta yoshdagi oʼgʼil bolalarda juda koʼp uchraydi va koʼpincha siydikning oʼtkir tutilishi tariqasida kechadi. Fimozning bu yoshda tugʼma va orttirilgan, yoki atrofik va gipertrofik turlari farqlanadi.
Gipertrofik fimozda – kertmak terisi yalliglanib uning oʼsishi oqibatida teshigi toraysa, atrofik turida esa – kertmak terisi chandiklanishi oqibatida uning teshigi torayib bitishadi va bola siyishga qiynaladi. Bezovtalanish, sababsiz tana haroratining koʼtarilishi, uyqu yomonlashishi shikoyati bilan klinikaga murojaat qilayotgan oʼgʼil bolalarni chuqur tekshirganimizda ularning 25 foizida fimozning asoratlanib balanopostitga aylanganini kuzatish mumkin.
Fimoz agar oʼz vaqtida tashhislanib tegishli davo oʼtkazilmasa, infektsiya tabiiy siydik yoʼllari orqali tepaga koʼtarilib boraverishi oqibatida yuqori siydik yoʼllari va buyraklarga asorat beradi. Аgar qon ivishining buzilishi, yoki umumiy ahvolning oʼta ogʼirligi kuzatilgan bemor bolalarda fimoz tez-tez qaytalab turadigan boʼlsa, xirurgik muolaja oʼtkazilmasdan, dori-darmon bilan (konservativ) davolash mumkin. Buning uchun, har kuni olat boshchasi kertmak qopchasidan mumkin qadar chiqarilib, antiseptik eritmalar bilan yuviladi, sintomitsin, levomekol kabi antibiotikli mazlar qoʼyilishi lozim boʼladi. Oʼtkazilgan davo naf bermasa, kichik yoshdagi bemorlarni statsionar va katta yoshdagi bemorlarni esa poliklinika sharoitida, bolalar xirurglari tomonidan rejalik xatna operatsiyasi oʼtkazilishi mumkin.
Siydik tutilishi bilan kechadigan fimozning barcha turlarida albatta bola shoshilinch xatna qilinadi. Qolgan holatlarda oʼgʼil bolalarda 7 yoshgacha milliy anʼanaga koʼra toʼydan oldin xatna qilinadi. Buning tibbiyotda profilaktik ahamiyati juda katta boʼlib, oʼgʼil bolaning jinsiy sogʼlom voyaga yetishida muhim rolь oʼynaydi.
Bugungi kunda tibbiyotda fimozni operativ yoʼl bilan bartaraf qilish, yaʼni xatna qilishning yigirmaga yaqin usullari mavjud. Bolalarni mumkin qadar erta yoshda, xatna qilishni va unda 0,25 foiz yoki 0,5 foiz novokain eritmasini qoʼllash yoki umumiy ogʼriqsizlantirish ostida xatna qilish maqsadga muvofiqdir. Chunki lidokain bilan ogʼriqsizlantirish ostida bajarilgan xatnadan keyin bemorda anafilaktik shok kelib chiqqanligi koʼp kuzatilgan. Oʼz tajribalarimizdan kelib chiqib, novokainning 0,5 foiz eritmasiga agar bir tomchi 0,1 foiz adrenalin eritmasini qoʼshib, qoʼllanishni tavsiya qilamiz. Bu esa, uzoq muddatda ogʼriqsizlantirishni taʼminlaydi va asoratlar bermaydi.
Faqat mutaxassis bajargani maʼqul
Bolaning anatomo-fiziologik xususiyatlaridan bexabar, bevosita bolalar mutaxassisi boʼlmagan ayrim shifokorlarning ham xatna qilishi uchrab turadi. Tajribalar shuni koʼrsatadiki, oʼgʼil bolalarni faqat bolalar xirurgi operatsiya qilishi lozim. Qoʼpol va oʼylamay bajarilgan har qanday xirurgik muolaja ogʼir asoratlarga olib kelishi shubhasizdir. Ular orasida kertmak jarohatidan qon ketishi, jarohatning yiringlashi, chala kesilish oqibatida chandiqli fimoz bilan asoratlanishlar koʼp uchrab turadi.
Shuni alohida eʼtiborga olish lozimki, kertmakda yiringli – yalligʼlanish (balanit, balanopostit) jarayonlari kechayotgan davrda xatna qilish mutlaqo mumkin emas. Bunday paytlarda bir necha kun mobaynida olatni antiseptik vositalar bilan yuvish, antibiotikli mazlardan qoʼyish, ogʼirroq hollarda esa antibiotik va uroseptiklarni qoʼllash kerak. Butunlay yiringli – yalligʼlanishli jarayonlar bartaraf boʼlganidan keyingina xatna qildirish lozim. Аks holda xatnadan keyin yalligʼlanib turgan yiring oʼchogʼidan infektsiya qonga oʼtib, ogʼir septik holatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Maʼlumki, operatsiyaning katta–kichigi boʼlmaydi. Badanga tekkan tigʼ albatta ogʼriq va qon ketishi bilan kechadi. Shuning uchun, har qanday xirurgik muolajadan keyin, antibiotiklar berish, bemorni yaxshi parvarishlash, yogʼlar, uglevodlar, oqsillar, mikroelementlar, mineral tuzlar bilan toʼlaqonli oziqlantirish operatsiyadan keyingi davrning asoratsiz va silliq kechishiga, jaroxatni bitish jarayonlarining jadallashishiga olib keladi. Xatna operatsiyasi ham bundan mustasno emas.
Аbdurashid XАMRАEV,
oliy toifali bolalar xirurgi,
tibbiyot fanlari doktori, professor.

Оставьте комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован.

ArabicChinese (Traditional)EnglishFrenchGermanHindiKazakhKyrgyzRussianSpanishTajikTurkishUkrainianUzbek