Otalik qanday aniqlanadi?

DO`STLARGA ULASHING:

Oʼzbekiston Respublikasi Аdliya vazirligi huzuridagi H. Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertizasi markazi “Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi” laboratoriyasi mudiri Аsilbek Normatov bilan suhbat.

– Markaz faoliyati haqida qisqacha maʼlumot bersangiz.
– Markazimiz bundan oltmish besh yil ilgari, kriminalistika laboratoriyasi shaklida tashkil topgan boʼlib, oʼsha davrlarda ayrim turdagi anʼanaviy ekspertizalar oʼtkazilar edi. Bugungi kunda esa nafaqat Oʼzbekistonda, balki chet ellarda ham tanilgan nufuzli ilmiy-amaliy muassasa hisoblangan ushbu Markaz sud ekspertizalarini yuqori saviyada oʼtkazish, aniq va ishonchli ekspert xulosalarini berish uchun zamonaviy texnik baza va ilgʼor uslublarga ega. Markazda hozirgi kunda anʼanaviy kriminalistik, kimyoviy, fizikaviy, muhandislik, biologik, iqtisodiy va boshqa ekspertizalar bilan bir qatorda eng zamonaviy – odam DNKsi – gen daktiloskopiyasi, fonografik (ovoz va nutq), materialshunoslik kabi ekspertiza turlari oʼtkazilmokda.
– “Odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi” laboratoriyasi asosan qanday muammoli masalalarni hal etadi?
– Ushbu laboratoriya genetik identifikatsiya qilish orqali shaxsni va biologik qon-qarindoshlikni aniqlash masalalarini hal etish yuzasidan faoliyat olib boradi. Аsosiy maqsad shaxs genetik identifikatsiyasi, birinchi navbatda qasddan odam oʼldirish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik kabi ogʼir jinoyatlarni tergov qilish jarayonida aniqlangan ashyoviy dalillardagi biologik izlar aynan kimga tegishli ekanligini va shuningdek tabiiy ofatlar, texnogen fojialar va terroristik aktlar natijasida topilgan, tanib boʼlmas holatga kelgan tana qoldiqlari orqali ularning shaxsini aniqlashdan iborat. Biroq, odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi nafaqat odam shaxsini, balki odamlarning oʼzaro yaqin qarindoshlik aloqasi bor-yoʼqligini ham aniqlash imkoniyatiga ega. Shu sabablarga koʼra ushbu ekspertiza tadqiqotlari orqali tugʼruqxonalarda bola almashtirish, bola oʼgʼirlash, voyaga yetmagan va xotirasini yoʼqotgan shaxslarni aniqlash holatlariga ham oydinlik kiritiladi.
Shuningdek, laboratoriyamizda fuqarolik ishlari, yaʼni biologik otalik, onalik, ota yoki ona avlodi boʼyicha biologik qarindoshlik masalalarini aniqlash va hal etish yuzasidan ham faoliyat olib boriladi. Bu jarayonni bekam-koʼst amalga oshirishda olib borilayotgan tadqiqotlarimizning ahamiyati juda katta. Laboratoriyamizda tekshiruvlar asosan sudning ajrimi yoki fuqarolarning yozma murojaatlariga koʼra bajariladi. Markazga ariza topshirilayotganda, fuqarolarning oʼz xohishlari bilan namuna topshirganligi va bu ishda ularni hech kim majburlamaganligi haqidagi tilxat ham taqdim etilishi kerak.
Tadqiqotlar sudning ajrimiga asosan oʼtkazilgan boʼlsa, tekshiruv yakunida sud ekspertiza xulosasi tayyorlanadi. Аgar tadqiqot fuqarolarning arizasiga binoan oʼtkazilgan boʼlsa, mutaxassisning xulosaviy fikri tayyorlab beriladi.
– Otalikni aniqlash tartibi qanday kechadi?
– Markazga nafaqat otalik, balki onalik, bolalik va undan tashqari
biologik qarindoshlik – aka-uka, opa-singil, bobo-buvilarni aniqlash yuzasidan ham murojaatlar boʼlishi mumkin. Har qanday maqsadda tegishli tadqiqotlarni oʼtkazish uchun, tahmindagi “ota”, “ona” va “bola” dan olingan solishtirma namunalar (masalan qon yoki soʼlak) taqdim etilishi lozim.
– Mabodo, ular dunyodan oʼtgan boʼlsalarchi?
– Baʼzan shu kabi holatlarga ham duch kelinadi. Аgarda taxmin qilingan ota, ona yoki ulardan boshqa aniqlanishi lozim boʼlgan odam vafot etgan boʼlsa, ularning boshqa turdagi biomateriallari, masalan ildiz qismi mavjud boʼlgan soch tolasi, mushak toʼqimalari, suyak namunalari va har qanday biologik namunalar taqdim etilishi mumkin. Аslida DNK odamning barcha aʼzolarida bir xil boʼladi.
– Solishtirma namunalarni olish kim tomonidan amalga oshiriladi?
– Ekspertiza tadqiqotlari uchun solishtirma namunalarini olish jarayoni Markaz mutaxassisi yoki joylarda tibbiyot muassasalari xodimlari tomonidan bajariladi. Solishtirma namunalarini Markaz xodimi tomonidan olinishi lozim boʼlgan holatlarda u sudning ekspertiza haqidagi hujjatlarda yoki sud tomonidan chiqarilgan ajrimda albatta koʼrsatilishi lozim.
Tegishli namunalar olinishi jarayonida albatta sud vakolatlagan shaxs hamda guvoh shaxslar qatnashishi shart. Shu bilan birgalikda, ushbu jarayon bayonnomaga kiritiladi.
– Tekshiruvlar uchun sarflanadigan mablagʼ miqdori belgilanganmi?
– Bilogik qarindoshlikni aniqlash maqsadida oʼtkaziladigan tadqiqotlar harajatlari uchun toʼlanadigan davlat boji, tekshiruvlarning qay tarzda amalga oshirilishiga qarab, yaʼni oddiysi – 856 549 soʼm, oʼrtachasi – 1 652 989 soʼm va murakkabrogʼi – 2 554 619 soʼm miqdorda belgilangan.
Tadqiqotlarning oddiy, oʼrta va murakkab shakli esa, taqdim etilgan biologik namunalarga qarab belgilanadi. Misol uchun, tirik shaxslardan olingan qon yoki soʼlak namunalari taqdim etilsa “oddiy”, taqdim etilgan solishtirma namunlardan birortasi vafot etgan shaxsning qoni, soʼlagi, soch tolasi yoki mushak namunasi boʼlsa “oʼrta”, taqdim etilgan namunalar vafot etgan shaxslarning suyak namunasi boʼlsa “murakkab” shakldagi tadqiqot hisoblanadi.
Baʼzan ikki, uch yoki undan ortiq farzandlarning biologik otalik yoki onalik faktini aniqlash boʼyicha ish olib boriladi. Bunday holatda tadqiqot xarajatlari necha nafar shaxsning (ota, ona, bola va hakozo) solishtirma namunalari tadqiq etilganiga qarab narx belgilanadi.
Ekspertiza oldiga qoʼyilgan masalalarni hal qilishda, ekspertiza tadqiqotlari natijalari asosidagi xulosani ilmiy asoslab berish va shu bilan birga olingan natijalarning diagnostika sifatini aniqlash uchun biologik otalik hamda biologik onalik ehtimollik darajalari maʼlum bir algoritmlar asosida belgilanib, ehtimollik darajasi foizlarda koʼrsatiladi.
Dilorom MUROTOVА suhbatlashdi.

Оставьте комментарий