Kuz shoirlarning sevgan fasli. Kuzni kuylamagan shoir boʻlmasa kerak. Oʻzbek shoirlari uchun kuz faqatgina ilhom manbai emas, shu bilan birga, bu mavsum paxta, paxtazor, egatlarga egilgan xalq timsollari bilan bogʻlangan. Bugun sizga Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davronning kuz bilan bogʻliq sheʼrlarini taqdim etamiz.
Xurshid DAVRON KUZ SHE’RLARI
* * *
Ko’z o’ngimda bepoyon bog’lar,
Yaproqlarda tilla rang g’ubor.
Yaqinlashib qolgandek tog’lar,
Havo shunday tiniq, beg’ubor.
Shitirlagan kechki yomg’ir, ham
Tumanlarni quchoqlagan tong,
Qop-qoraygan dalayu qir ham,
Bari menga tanish, qadrdon.
Daraxtlarda lovillar gulxan,
Yuragimda uning tafti bor.
Bog’chadagi xazonlar bilan
Uchib yurar kechagi bahor.
Meni tashlab ketmoqchi do’stni
To’xtatmoqchi bo’lganday shu on
Men jimgina qo’lim cho’zaman
Yonayotgan gulxanlar tomon.
* * *
Eshiklar to’satdan bir quchoq nurni
Sochib yuboradi tunning ko’ksiga.
Eshikni yopaman, tinch ko’chalarni
Kezib termilaman oyning raqsiga.
Keyin dalalarga chiqib ketaman,
Men bilan bog’larda tentiraydi tun.
Bulutlar oqadi. Ko’zni tutaman,
Poyimda maysalar shivirlar afsun.
Tun shaharni quchgan.
Baxtli ayollar
Erkaklar ko’ksiga qo’yadilar bosh –
Uxlar choyshablarga o’ralgan gullar,
Ko’rpani toblashib mushukday yuvvosh.
Faqat uzoqlarda, tungi qirlarda
Ko’zlari qora qiz, qoshi qora qiz
Yigitning ko’ksiga emas, dalada
Uvatga bosh qo’yib uxlaydi yolg’iz.
1977
* * *
Mezon kechdi.
Qanday shoshib kechdi bu mezon.
Hosil to’la aravasi loylarga botib
Sochi oqardi.
Mezon kechdi.
Qanday ma’yus kechdi bu mezon.
Oromni, uyquni unutib qaridi.
Yulduzlarga ulashib berdi
Daraxt uchlarida qolgan noklarni.
Chinni kosalarga musallas quyib,
Keling, mezon bilan xayrlashaylik.
Qishda uni yaqin do’st kabi
Juda ko’p bor eslaymiz hali.
1979
* * *
Tungi bog’lar – sirli, qo’rqinchli,
Xususan kuz, xususan kech kuz.
Qora tunga bo’lib qo’riqchi
Qotib turar daraxtlar unsiz.
Oyog’ingning ostida nogoh
“Chirs” etaru sinib tushar shox,
Biroq, ulkan qushdek banogoh
Qalqib ketar butun ulkan bog’.
Tungi bog’lar qora o’pqonday
Guvlar bo’ron kezingan chog’lar.
Bog’ni chetlab o’tadi tunda
Qo’rqa-pisa oydin so’qmoqlar.
1979
KUZNI O’YLA
Yozni o’yla… Maris Chaklays
Kuzni o’yla,
Qor ketishi bilan kuzni o’yla…
Kuzni o’yla,
G’ildiragi loyga botib qolgan aravani
Tortolmayotgan otni ayamay qamchilab,
Kuzni o’yla.
Beshafqat kuzni o’yla,
Usti ochilib qolgan bolalaringni
Ko’rpa bilan o’rab qo’ya turib,
Kuzni o’yla…
Kuzni o’yla, tashnalikdan
Bahor yomg’irlari aro lablaring yorilib ketganda,
Saraton oftobi tig’ida
Mehnat qoraytirgan bolalarning
Ko’zlariga qarolmasdan kuzni o’yla.
Ikki tol ovuta olmayotgan
Belanchakdagi bolaning bo’g’ilib yig’lashi,
Kun issig’ida ko’ksida suti qurib qolgan ayolning
Iztirobi aro kuzni o’yla,
Kuzni o’yla, kuzni o’yla…
1981
TERIMCHI QIZLAR
Terimchi qizlar
Shoxlardagi qushlarday yengil,
Qomatlari xayol,
Quyosh isi anqib turar chehralaridan.
Ular
To’lib ketgan armonlar kabi,
Egatlarga egilgan.
Orzulari mezonlar kabi
Oppoq bo’lib uchib yurguvchi
Oydin shamollarga osilgan.
Huv… Bo’g’ilib sayragan
qushdan ham uzoq,
Qishlog’imning cheksiz dalalarida,
Oppoq shiyponlarda ko’ksini titroq,
Iliq, moviy shamollar o’pib,
Uxlab yotar terimchi qizlar
Tushlarini quyoshga ko’mib…
Aravada savat va savat
Naqsh olmalar osmonga boqar.
Kuzni olib ketdi arava,
Aravaga sig’madi bog’lar.
1978
UMRZOQ KUNBO’YI…
Umrzoq kunbo’yi paxtalariga
ishlov berib horib qaytadi.
Uyda uni oyday xotini,
xotinining ma’yus ko’zlari,
ikki qavat ko’rpa kutadi.
U yechinib shoshmay yuvinar,
bir oz sho’xlik qilar xotini bilan –
birdan uyg’onadi mudragan shamol,
ohista titraydi shohi pardalar.
Umrzoq xotinining ko’zidan sezar,
u ham hali tuz totimagan.
— Ovqatlansang bo’lmasmidi? – deb
Umrzoq tikilar ma’yus ko’zlarga.
Homilador xotini jilmayib qo’yar,
Siniqqan yonoqlar ketar qizarib.
Xotini juda ham yaxshi biladi –
yolg’iz ovqatlanmas eri.
Umrzoq yoriga tikilgan sayin
yelkasidan sirg’alar horg’inlik toshi.
Ular endigina cho’zilgan mahal
Ufq anor kabi qizara boshlar…
1974
SO’NGGI OLMA HAQIDA QO’SHIQ
Sunbulaning yellari
alla aytgan chorbog’da,
sunbulaning yo’llarin
yomg’irlar yuvgan chog’da,
aravalar g’ijirlab
loylarga botib qolgach,
qaqragan va tashna lab
yoz kuzga yetib olgach,
bog’lar aro hokimlik
qilganida bolalar,
qizarib nurga to’lar
so’nggi kuzgi olmalar
………………………………….
………………………………….
Ayol kabi yalang’och
go’zalligin bu damda
shoxlar aro noiloj
ko’z-ko’zlar so’nggi olma.
Bechora ko’r gadoni
o’ynagandek to’rt yondan,
tosh uchar yolg’iz qolgan
olmaga – yer, osmondan
Har daqiqa, har bir on
xavotir-la kechadi,
bog’ga kirgan har shamol
uni izlab uchadi.
Kirgan sayin kuz bog’lar
yuragiga ichkari,
Talpinar olma shoxlar
uchiga – yulduz sari.
O, yolg’iz qolgan olma,
naqadar sen shirinsan.
Holbuki sen ham o’sha
olmalarning birisan.
Faqat sen beva kabi
yolg’izsan, o yolg’izsan.
Yolg’iz ayol erkakka
shirin tuyular qizdan.
…O’rmalagach tumanlar
kuzning xira sahari,
so’nggi olma, qalbingga
botar qishning zahari.
Shimirasan entikib
va qayg’uga to’lasan.
Sovuqni qancha yutsang
shuncha shirin bo’lasan.
O, beva kabi yolg’iz
so’nggi olma, alvido.
Qoshingda turdim ma’yus,
chiqmadi sendan sado.
Bugun tunda osmonda
nogoh yulduz surilar,
ucha-ucha azonda
kelib senga urilar.
Biroq hech kim sezmas kuz
yong’inida isinib,
muzdek tongi havoda
kuygan olma isini…
Ko’zini yumadi,
g’amgin dalalar
xayolga bostirib kirar ushbu on.
Paxtazor… Charchagan yerni allalar
namxush xazon isi va telba osmon.
…Yarim tun uyg’onib ketar to’satdan —
osmonni o’ksik dil kabi titratar
uchib ketayotgan qushlar qo’shig’i.
Chol yig’lab yuborar va uchib ketar
oppoq laylaklarga qo’shilib.
1977
TUN SHUNDAY ZIM-ZIYO… (Miroslav Florianga nazira)
Tun shunday
zim-ziyo –
naqsh olmalar
yulduzdek porlar.
Tun shunday
chuqurki –
Uchgan yulduz
quduqqa tushar.
Tun shunday
oydinki –
Kelinchaklar
darchani to’sar.
Tun shunday
sokinki –
Eshitilar
quyosh nafasi.
1980.
ERTAKNING DAVOMI
Qiz sochida shamol hayqirar,
guvlar shamol kabi qiz sochi.
Yo’l tugaru uyiga kirar
qiz zangori eshikni ochib.
Kun kelar, qushlarning to’dasi uzoq
aylanar osmonda va o’char sasi –
bahor – tashna qushlar intilgan tuzoq,
kuzak – sindirilgan qushlar qafasi.
Ketarlar qushchalar parvoz bilan mast,
qaytarlar uvillab qora shamollar.
…Erkaklar qonida yig’lar musallas,
yig’lab kuzatadi qushlarni chollar.
1980
KUZ
Qora yomg’ir va yolg’izlik, qorong’i chorbog’ –
g’amgin qushlar karvon bo’lib ko’chib ketadi.
Yomg’ir yuvgan daraxtlardan eng so’nggi yaproq
uzilaru yurak kabi uchib ketadi.
* * *
Keyin yana kuzak boshlanar,
derazadan boqqanda – faqat
bo’zrang tuman aralash yuksak
tog’ cho’qqisi ko’zga tashlanar.
Sen o’zingni qo’yarga ham joy
topolmaysan… Beshafqatdir kuz!
Ko’kka boqsang… Ko’rinmaydi oy,
Seni yodga soladi yulduz.
Uyqusiz tun – qorong’i xatar
aro ko’kka boqasan… Tongda
sen g’ijimlab tashlagan xatlar –
oq bulutlar suzar osmonda.
1985
* * *
O’z-o’zingga aytding: “Qaragin, xazon”.
O’z-o’zingga aytding: “Qaragin, kuz bu!”
Alvonrang quyoshning yog’dusi tushib
Sening ko’zlaringga urildi ko’zgu.
Sen unga qarashga qo’rqasan, balki
Unut va olislab ketgan muhabbat
Yodini ko’zingda ko’rging kelmaydi.
O, nahot yashasang shunday to abad!
Mung’ayib, qor tushgan tongdagi qushday
Ayvon chekkasida o’ylar surasan,
U kunlar bamisli unut bir tushday –
Aytgin, tushlaringda kimni ko’rasan?!
To’zg’igan sochingdek to’zg’igan o’ying,
Osmonga boqasan, bosib titrog’ing.
Bu kuz hech kim kelmas, unutdir uying,
Hech kim taqdim etmas chinor yaprog’in.
Nega yig’lamaysan nega kulmaysan,
Umr o’tayotir, umr – oqizoq…
Nega eshigingning oldidan o’tgan
Bolalar ortidan qaraysan uzoq?..
1986
* * *
Qora tunda so’ldi yaproq –
So’nggi yaproq.
Vujudlarda so’ndi titroq,
Tindi tuproq.