Badiiy asar poetikasi haqida tushuncha

DO`STLARGA ULASHING:

Badiiy asar poetikasi haqida tushuncha
Poetika so‘zi yunoncha bo‘lib, san’at, badiiyat ma’nosini anglatadi. Badiiy asar poetikasi deganda, biz avvalo, uning san’atga xos xususiyatlari, badiiy olamini tushunamiz. Badiiy asarning tuzilishi, sujet va kompozitsiyasi, til xususiyatlari, hikoya qilish yo‘sini, ifoda tarzi, tasvir usullari va vositalari, ohangi-bularning barchasi asar poetikasini tashkil etadi. Ijodkorning san’atkorligi, o‘ziga xosligi birinchi galda uning poetik ixtirosi, mahorati bilan belgilanadi. Qolaversa, har bir chinakam san’at asari badiiy jilolari bilan ajralib turadi, biri ikkinchisini aslo takrorlamaydi.
Bu jihatdan Abdulla Qodiriy ijodi, asarlari g‘oyat ibratlidir. Adibning «Uloqda», «Jinlar bazmi» hikoyalarini eslang. «Uloqda» hikoyasida qalamga olingan voqealar ayni hayotdagidek jonli gavdalantirilsa, «Jinlar bazmi»da g‘aroyib xayoliy hodisalarning shohidi, ishtirokchisiga aylanasiz. «Kalvak Maxzum» va «Toshpo‘lat tajang»-har ikkisi ham hajviy asar, biroq ulardagi tasvir usuli, kulgi bir-biridan farq qiladi; «Kalvak Maxzum»da istehzo, kinoya-kesatiq ustun bo‘lsa, «Toshpo‘lat tajang» da kinoya bilan birga hazil, hajviy personajga nisbatan qandaydir xayrixohlik ham mavjud. Yozuvchining uch yirik asari- ,,O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon», «Obid ketmon» bamisoli bir-biriga mutlaqo o‘xshamaydigan mahobatli uchta san’at koshonasiga yoxud musiqa-kuyga o‘xshaydi. Darhaqiqat, ,,O‘tkan kunlar»ni o‘qiyotganda ham vazmin, ham mungli, ham nurli tuyg‘ularga to‘la shashmaqom kuylarini tinglayotganday bo‘lasiz; «Mehrobdan chayon» mutolaasi paytida esa qandaydir nafis, sho‘x-shiddatkor, dilbar xalq qo‘shiqlari sadolari qulog‘ingiz ostida jaranglab turganday bo‘ladi. «Obid ketmon»da esa bir oz «dag‘al»-jaydari, hazil-mutoyibalarga, kinoya-qochiriqlarga yo‘g‘rilgan xalq laparlari sadolari yangrayotganday tuyuladi.
«Mehrobdan chayon»da ham xon o‘rdasi, ham quyi tabaqa odami Anvarning bosh qahramon qilib olinishi bejiz emas. Anvar orqali, bir tomondan, o‘rdadagi mojarolar, xon oilasi turmushi, ikkinchi tomondan, oddiy mehnatkash, ziyolilar hayotini ko‘rsatish imkoniyati tug‘iladi. G‘alamislar qutqusi tufayli Anvar sevgilisi Ra’noning xonga unashtirilishi vaziyatni keskinlashtiradi. Shu jarayonda romandagi barcha personajlar bisoti-ularning kimligi namoyon bo‘la boradi. Mana shu chigal hodisalar tasviri, talqinida adibning asar qurilmasini, qiziqarli sujet chiziqlarini yaratish, xarakterlarni ochish, til-tasvir bobidagi ustaligi, tasvirning esa benihoya serjilo, ta’sirchanligi namoyon bo‘ladi. Shoirona liro-romantik, kinoya-kesatiqlar, hazil-mutoyibalar bilan yo‘g‘rilgan ifodalar asarga ajib bir ruh baxsh etadi. Yozuvchi romanda, hatto tarixiy ma’lumotlarni ham san’atkorona tarzda beradi. Mana shular tufayli «Mehrobdan chayon» noyob san’at durdonasiga aylanadi.

Оставьте комментарий