Bolajon uchun sevimli bo‘tqa yoxud suli yormasining foydali jihatlari xususida

DO`STLARGA ULASHING:

Har bir ona farzandi uchun tongda to‘yimli va foydali nonushta tayyorlashga harakat qiladi. Ayniqsa, turli xil mazali bo‘tqalar bolajonlarning eng sevimli yeguligi hisoblanadi. Xususan, suli yormasi yorma donlar ichida foydaliligi bilan alohida ajralib turadi.

Ushbu taom an’anaviy tarzda Skandinaviya davlatlari va Rossiyada tayyorlanadi. Sharqiy slavyanlar uni suvda va sutda pishirishgan. Quvvat beruvchi, kayfiyatni ko‘taruvchi va uzoq vaqt insonni to‘q tutuvchi ushbu bo‘tqa diyetologlar tomonidan eng foydali nonushta deya e’tirof etilgan.
Ushbu yormada saraton kasalliklariga qarshi antioksidantlar mavjud. U fosfor va kalsiyga boy bo‘lib, suyaklar uchun foydali hisoblanadi. Temir moddasi ko‘pligi sabab, kamqonlikda koni foyda. Me’da shilliq qavati yallig‘lanishiga qarshi, qorin sohasida og‘riq bo‘lganda hamda ich dam bo‘lganda ijobiy ta’sir qiladi. Ushbu yorma ichaklarni tozalaydi. Natijada organizm ortiqcha va zararli xiltlardan tozalanadi.
Bo‘tqa me’da-ichak tizimi faoliyatiga ijobiy ta’sir qiladi, ushbu sohadagi saraton xastaliklarining oldini oladi. Shuningdek, me’da va o‘n ikki barmoq ichak yarasining rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Tarkibida turli vitaminlar mo‘lligi sababli teriga ham ijobiy ta’sir etadi. Unda kaliy, kalsiy, natriy, magniy, fosfor, temir, rux hamda V1, V2, RR, Ye vitaminlari mavjud. U organizmda tez hazm bo‘ladi.
So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra bir likopcha suli bo‘tqasi tarkibida zararli xolesterinni parchalaydigan beta-glyukan unsuri aniqlangan. U 8-23 foizgacha qondagi yomon xolesterinni parchalar ekan.
Shuningdek, suli tarkibida 6,2 foiz o‘simlik yog‘i, ko‘p miqdorda fosfor va magniy mavjud. Yana yormadagi dag‘al tola-kletchatka qondagi qand miqdorini me’yorda bo‘lishiga yordam beradi. Bo‘tqa suyuqroq qilib tayyorlansa, foydasi ko‘proq bo‘ladi.
Ayrim kishilar taomdagi yorma donador bo‘lishi uchun uni bug‘da pishirishadi. Biroq, bug‘da pishgan yegulikning shifobaxsh xususiyati kamroq. Ushbu taomga tuz yoki shakar, sut, sariyog‘, qatiq hamda turli mevalar qoqisi, murabbo, banan, anor, asal, mayiz, dolchin, yong‘oq va hatto, pishloq solib iste’mol qilish mumkin. Suli doni butun-butun bo‘lsa, bo‘tqa bir soat davomida pishiriladi. Agar u maydalangan bo‘lsa, yegulik yarim soatda pishadi.
Uning tarkibidagi kletchatka sababli me’da-ichaklar harakati ravon bo‘ladi. Qabziyat (ich qotishi)dan aziyat chekadigan bemorlar suli bo‘tqasini tez-tez iste’mol qilishsa, bu parhezbop taom tufayli albatta, shifo topishlariga ishonamiz. Ammo, chilla yara (diatez) xastaligi mavjud bolalar, astma (ziqqinafas) hamda allergiyaga moyil xastalar uchun ushbu taomni suvda pishirib va sariyog‘ aralashtirib yeyish yoki unga yog‘siz qatiq solib iste’mol qilish tavsiya etiladi.
 
Mayna HASANOVA

soglom.uz/tavsiya/bolajon-uchun-sevimli-botqa-yoxud-suli-yormasining-foydali-jihatlari-xususida/

Оставьте комментарий