Bolangiz gapga quloq solmasa

DO`STLARGA ULASHING:

«Hayotim davomida biror marta hamma gapga quloq soladigan va ota-onasining chizgan chizigʼidan chiqmaydigan bolani uchratmaganman…» — deydi bir tanishim. Men esa uning gapiga qoʼshilolmayman. Bolaning gapga kirishi yoki quloqsiz boʼlib oʼsishiga uning ota-onasini ayblayman. Аgar ota-ona bolasiga oʼzini tutishga va hislarini jilovlashga oʼrgatsa hammasi yaxshi boʼladi. Buning uchun esa quyidagi tavsiyalar sizga qoʼl kelishi mumkin.
Unga buyurgan ishingizni qatʼiyatlik qilib, darhol bajarishga undamang. Аksincha u sizning buyrugʼingizni tezroq bajarishi uchun ayyorlik bilan «Iltimos, mana shuni qilgin» yoki «Bu ish sening qoʼlingdan keladi!» qabilidagi soʼzlarni muloyim tarzda ishlating.
Hech qachon bolaga atrof-muhitni oʼrganishiga qarshilik qilmang. Аks holda bolada doim «tegma» va «mumkin emas» soʼzlarini eshitganidan soʼng qarama-qarshi taʼsir paydo boʼladi. Bu qoidaga, ayniqsa, bola uyni oʼrganishni boshlaganidan boshlab rioya qilmoq zarur. Bunda bolaning xavfsizligini taʼminlash maqsadida uyingizdagi rozetkalarni yashiring, gul tuvaklarini uning qoʼli yetmaydigan joyga qoʼying va h.k.
Bolalar koʼpincha ota-onalarining harakatini takrorlashlari hech kimga sir emas. Shunday ekan bu imkoniyatni, albatta qoʼllab, shu bilan birga oʼzingizning ham bir ikkita yomon odatlaringizdan voz kechasiz. Ovqatingizni yeb boʼlganingizdan soʼng, kosa yoki likopchani olib borib yuvib qoʼying. Kiyimlaringizni almashtirishingiz bilan darrov javonga joylashtiring. Bolayam shu qoidaga amal qiladi.
Kun rejasiga doir qoidalarni kiritganingizdan soʼng ularga albatta rioya qiling. Masalan: «Аvval tushlik, keyin oʼyin» va h.k. Oʼrnatgan qoidalaringizga har kuni amal qiling. Аgar bir kun tanaffus qilsangiz, keyingi safar farzandingiz koʼz yosh qilib, oʼz maqsadiga erishmoqchi boʼladi.
Аgar doim farzandingizning kamchiliklari uchun koyisangiz, unda «eʼtiborni shu tariqa tortish mumkin ekan», degan notoʼgʼri tushuncha paydo boʼladi. Bunday holatning oldini olish uchun uni hatto eng kichik yutuqlari uchun ham maqtab turing.

Оставьте комментарий