“Farhod va Shirin”da komil inson

DO`STLARGA ULASHING:

“Farhod va Shirin”da komil inson
   Shohg’arib mirzoga bag’ishlangan bobda podshohlarning ilmli bo’lishi lozimligidan so’z yuritib, Ulug’bek mirzoni eslatishi sababsiz emas:
                            Temurxon naslidin sulton Ulug’bek,
                            Ki olam ko’rmadi sulton aningdek.
                            Aning abnoyi jinsi bo’ldi barbod,
                            Ki davr ahli biridin aylamas yod.
                            Valek ul ilm sori topti chun dast,
                            Ko’zi olinda bo’ldi osmon past.
                            Rasadkim bog’lamish zebi jahondur,
                            Jahon ichra yana bir osmondur.
                            Bilib bu nav’ ilmi osmoniy,
                            Ki andin yozdi «Ziji Kuragoniy».
                            Qiyomatga degincha ahli ayyom.
                            Yozarlar oning ahkomidin ahkom.
         Demak, Alisher Navoiy Farhod va Shirin kabi komil insonlarning baxtli bo’lishi, orzu istaklariga erishishi uchun shart bo’lgan omil – bu odil podshohning o’qimishli, ilmli  bo’lishi lozim deb biladi, ya’ni  komil insonning maydonga kelishi uchun komil sharoit ham, ya’ni Farhodkush zamona – sharoit emas, balki Farhodparvar zamona – sharoit darkorligidan so’z yuritadi. Huddi shuni nazarda tutib, zamondoshlari bo’lgan tarixiy shohzodalarga murojaat qilib, ular shoh bo’lgach, shunga amal qilishlari lozimligini istardi.
         Alisher Navoiy dostonining bosh qahramoni Farhoddir. Shoir e’tiroficha, u ham, Husrav Dehlaviyda bo’lganidek, Farhodni Chin xoqonining o’g’li sifatida tasvirlaydi. Shunisi muhimki, xoqon oilasida dunyoga kelgan Farhodga nom qo’yish masalasiga shoir alohida e’tibor berib, shu nomni talqin qilishda, Farhodning tug’ilishi – kelajakdagi komil insonning tug’ilishi sifatida sharhlaydi.
         Birinchi sharh:
                            Ki chun Xoqong’a tengri berdi farzand,
                            Bo’lub ul hadya birla shodu xursand.
                            Jamoli birla ko’nglin aylabon xush,
                            Otin qo’ymoq sori bo’ldi raqamkash.
                            Jamolidin ko’ringach, farri shohi,
                            Bu fardin yorudi mah to ba mohi.
                            Qo’yub  yuz himmatu iqbolu davlat,
                            Hamul far soyasidin topti ziynat.
                            Bu javharlarg’a chun isnod topti,
                            Murakkab aylagach Farhod topti.
         Keltirilgan misolning uchinchi va to’rtinchi baytlarida Farhod so’zining ma’nosi quyidagicha sharhlangan:
Uchinchi baytda: Chaqaloqning yuzidan shohlik farri-shohlik shon shukuhi, yorug’ligi ko’rindi. Bunda Farhod so’zining birinchi qismi-«far» izohlangan. To’rtinchi baytida esa Farhod so’zining ikkinchi qismi-«hod» shunday izohlanadi: uning «h» harfi «himmat» so’zining birinchi harfidan, «alif»(o) «iqbol» so’zining arabcha yozuvda birinchi harfi-«alif»dan , uchinchi harfi «d» «davlat» so’zining birinchi harfidan olingan bo’lib, ular to’plansa («h»+ «o» + «d») «hod» so’zi kelib chiqadiki, uning ma’nosi «yo’l boshlovchi»dir. Bas shunday ekan, Farhod so’zining ma’nosi shohlik shon-shuhratiga ega bo’lgan, himmatu iqbol, baxtu saodat va davlat sohibi degan ma’noni anglatadi. Bu bilan Alisher Navoiy Farhod shohzodagina emas, balki eng olijanob fazilatlarga ega shohzoda ekaniga ishora qilmoqda.
         Ikkinchi sharh:
                            Bu «far»ni «hodi»yi baxt etgach irshod,
                            Ravon shohzoda otin qo’ydi Farhod.
         Bunda shoir «Farhod» so’zini ikki qismga – «far + hod» bo’lib shunday sharhlaydi: shohlik shon-shukuhi va olijanob fazilatlar egasi bo’lgan shahzoda Farhod – baxt tomon «hodiy»lik-yo’lboshchilik qiluvchi shaxsdir, ya’ni Farhod baxtli bo’lishga intiluvchilar rohnamosidir.
         Uchinchi sharh:
                            Bu nav’ ermas ato qo’ymadi otin,
                            Ki ko’rgach ishq aning pokiza zotin.
                            Anga farzona Farhod ism qo’ydi,
                            Hurufi ma’xazin besh qism qo’ydi.
                            Firoqu rashku hajru oh ila dard,
                            Biror harf ibtidodin aylabon fard.
                            Borin ustodi ishq etgach murakkab,
                            Tarakkubdin bu ism o’ldi murattab.
         Bunda shoir Farhod (            ) so’zining har bir harfi «firoq», «rashk», «hajr», «oh» va «dard» so’zlarining birinchi harflaridan («firoq»dan «f», «rashk»dan «R», «hajr»dan «H», «oh»dan «o» va «dard»dan «d» ) iboratligiga ishora qilib, bu bilan Farhodning «ishq» ahlidan ekaniga urg’u beradi.
         Shunday qilib , «Farhod» so’ziga berilgan bu uch sharhga  diqqat qilinsa, unda shu nomga (Farhod) ega bo’lib, Alisher Navoiy tasvirlagan badiiy obrazning mohiyati ochiladi hamda butun doston davomida u ana shunday fazilatlari bilan namoyon bo’ladi.
Bu hol uning yoshligidan, maktabda o’qish jarayoni, ilm o’rganishidan ko’zga tashlanadi. Alisher Navoiyning yozishicha, yosh Farhod:
                            Agar bir qatla ko’rdi har sabaqni,
                            Yana ochmoq yo’q erdi ul varaqni…
                            O’qub o’tmak, o’qub o’tmak shiori,
                            Qolib yodida safha –safha bori…
                            Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm,
                            Bilib tahqiqini kasb etmagan ilm…
                            Ulum avroqi chun bir-bir yopildi,
                            Dilovarliq silohi mayli qildi…
         Shuning bilan bir qatorda Farhod:
                            Demonkim, ko’ngli poku ham ko’zi pok,
                            Tili poku so’zi poku o’zi pok,-
bir olijanob inson sifatida ham shakllanib boradi. Bu bayt «Hayrat ul-abror»da oshiq haqida:
                            Oshiq ani bilki erur dardnok,
                            Ham tili, ham ko’ziyu ham ko’ngli pok,-
deb yozganlarining Farhod misolida amalga oshganini, ya’ni umumlashma fikrlarning badiiy obrazda mujassamlashganini ko’rsatadi.
         Farhodning keyingi faoliyati ham ibratbaxsh: Farhod shohzoda bo’lsa-da, mashhur usto Qorandan toshyo’narlik, Moniydan naqqoshlik san’atlarini mukammal o’rganib, ustozlarini hayratda qoldiradi. Xoqon o’g’liga toj-taxtni taqdim etishini aytganda Farhodning  asosli uzrlar aytishi, Xoqonning o’g’liga xazinasini ko’rsatgani, «Oinai Iskandariy» sirlarini bilish uchun Yunon tomon safari, undagi ajoyib-g’aroyib sarguzashtlari nihoyatda jozibali va go’zal tasvirlangan. Bu sarguzashtlarda Farhod faqat lashkarboshi, pahlavon sifatida emas, balki donishmand, adolatli va olijanob inson sifatida ko’zga tashlanadi. Farhod Yunon safaridan Chinga qaytib, «oinai Iskandariy»da Arman o’lkasidagi dasht, unda kanal qazuvchilar va bir go’zal boshchiligidagi qizlarni ko’rdi va o’sha go’zalga oshiq bo’lib qoldi. Ishq Farhodni kasal qiladi, uni davolash uchun dengiz sayohatini uyushtiradilar. Kemalar halokatga uchrab, Farhod bir yog’och ustida tanho qolib, tijoratchilar kemasi uni qutqaradi. Farhod esa ularni qaroqchilardan himoya qiladi, Shopur bilan tanishadi. So’ng ular Arman dashtida kanal qazayotganlar oldiga keladilar. Farhod ularga rahmi kelib,
                                      Hunarni asrabon netgumdur oxir,
                                      Olib tuproqqamu ketgumdur oxir, — deb hunarini, mo’jizakor teshasini ishga solib, kanal qozadi. Uning ovozasi Arman malikasi Mehinbonu va jiyani Shiringa yetib boradi. Shirin o’zining donishmand kanizaklari bilan Farhodni ko’rishga keladi. Farhod «Oinai Iskandariy»da ko’rgan go’zali Shirin ekanini bilib, hushdan ketadi… Keyin voqyealar Farhodning Arman o’lkasidagi faoliyati-kanal  — «Ayn ul-hayot», hovuz- «Bahr un najot» va qasr qurish, Xusravga qarshi kurash, oxirida esa vafoti bilan bog’liqdir.
Bunda Farhod quruvchi, naqqosh , toshyo’nar va pahlavongina emas, balki Shirinning haqiqiy oshiqi , uning uchun o’zini ham qurbon qilishga tayyor inson sifatida gavdalanadi. Shuning uchun Alisher Navoiy dostonini yozayotganida ham ana shu masalaga asosiy diqqatni qaratib yozadi:
                                      Meni mahzung’akim , ishq etti bedod,
                                      Solib g’am tog’ida andoqki Farhod.
                                      Munosibdur agar tortib navoni,
                                      Desam Farhodi mahzun dostoni.
                                      Yozib jon mus’hafidin ikki oyat,
                                      Debon Farhodu Shirindin hikoyat.
Dostonda ana shu ikki timsol o’zining jozibadorligi bilan , samimiyligi, haqiqiyligi, buyuk insonga xos fazilatlari bilan kishini maftun etadi.
         Alisher Navoiy tasvirida Shirin Mehinbonu tarbiyasidagi malika. U har jihatdan: zohiriy , botiniy, ma’naviy va ma’rifiy jihatdan ham go’zal va beqiyos. Shuning uchun shoir Shirin siymosi-portretini  shunday bir mahorat bilan chizadiki, uni o’qigan kishining ko’zi o’ngida bu timsol butun borligi bilan namoyon bo’ladi. Bundan tashqari uning ma’naviy-ma’rifiy saviyasi ham  ana shunday go’zal va yuksak darajada. Shuning uchun uning atrofidagi o’n qiz-Dilorom, Diloro, Dil oso, Gulandom, Sumanbu, Sumanso, Parichehr, Parivash va Paripaykarlar ham Shiringa munosib bo’lib, biri she’riyat, biri musiqa , biri mantiq, biri hay’at, biri tarix, biri hisob, biri muammodonlikda tengi yo’q foziladirlar:
                            Bu fanlarda bular bir-birdin ahsan,
                            Yuz ul fanliq aro har qaysi yak fan.
         Bunda Alisher Navoiy Mehinbonu saroyidagi ajoyib bir ijodkorlik va bilimdonlik muhitini tasvirlaydi. Buning sababini esa Mehinbonuning o’zida ko’radi:
                            Mehinbonu ki donishparvar erdi,
                            Bilik ahlig’a shohi sarvar erdi.
«Farhod va Shirin»dagi bu tasvir Shirin kabi komil insonlarni yetishtiruvchi komil sharoitni ham nazarda tutadi. Shunday bo’lganda faqat erkaklargina emas, balki ayollar ham o’z qobiliyatlari va imkoniyatlarini har tomonlama yuzaga chiqora oladilar. Bu esa Alisher Navoiyning orzusi va asosiy maqsadi hamdir. Shuning uchun Alisher Navoiy tasviridagi Shirin o’z taqdirini o’zi hal qiladigan erkin shaxs. Bu holat quyidagi  lavhada yaqqol ko’zga tashlanadi: Shirinning dovrug’ini eshitgan Xusrav unga sovchi yuboradi. Bu haqda Shiringa aytganlarida, u shunday javob beradi:
                            Manga ne yoru ne oshiq havasdur,
                            Agar men odam o’lsam ushbu basdur.
                            Agar Bonu iloji bilsa, qilsun,
                            O’zumni o’ltururmen, yo’qsa bilsun.

Оставьте комментарий