Nafas qisishi

DO`STLARGA ULASHING:

Nafas qisishini keltirib chiqaruvchi bir qancha omillar mavjud. Masalan, fiziologik (tabiiy) nafas qisishi zinapoyadan tez chiqqanda yoki shoshib, yugurganda yuzaga keladi. Mushaklarning tez qisqarib boʼshashi qondagi kislorod miqdoriga boʼlgan talabni bir necha marotabagacha oshirib yuboradi. Bosh miya esa kislorod yetishmovchiligini reflektor yoʼl bilan tez nafas olish orqali qoplashga harakat qiladi. Fiziologik nafas qisishi yigirma daqiqadan soʼng oʼtib ketsa, organizm uchun xavf tugʼdirmaydi. Аmmo 2-qavatga yurib chiqqaningizda uzoq vaqt nafasingiz qisa boshlasa, demak tananing jismoniy holati havas qilgudek emas. Tana holati meʼyorda boʼlganda nafas qisishi kam vaqt kuzatiladi va yaqqol namoyon boʼlmaydi.
Ochiq havoda muntazam jismoniy mashqlar bilan shugʼullanilsa kishi oʼzini ancha yengil sezadi. Bunday mashqlar nafas ritmi va yurak urishi tezlashishiga olib kelib, nafas olish hamda yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi. Har kuni yarim soat muntazam ravishda tez-tez qadam tashlab piyoda sayr qilish ham yaxshi natija beradi. Shuningdek, zinadan 3-4-qavatlarga sekin chiqib-tushish ham foyda beradi.
Hissiy zoʼriqish roʼy bersa
Oʼta qattiq hayajonlanish, vahima bosishi, qattiq jahl va qoʼrquv adrenalin gormoni ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. Аdrenalin qonga tushgach, oʼpkada meʼyordagidan koʼp havo aylanadi, oqibatda nafas siqilishi roʼy beradi.
Hissiy zoʼriqish tufayli yuzaga kelgan nafas qisishining salomatlik uchun deyarli zarari yoʼq. Lekin vahima xurujlari (vegetativ kriz) kuzatilganda bemor mutaxassis shifokorga uchrashishi zarur. Vegetativ kriz paytida kishi oʼz-oʼzidan vahima va qoʼrquvga beriladi, bu holat esa biror kasallik, masalan, vegetativ-qon tomir distoniyasining belgisi boʼlishi ham mumkin.
Nafas qisishining yana bir sababi kamqonlik (anemiya) kasalligi boʼlishi ham mumkin. Temir ionlari qonning kislorod bilan toʼyinishi, toʼqimalar orqali nafas olishini taʼminlab, qon yaratilishida muhim rolь oʼynaydi. Temir ionlari yetishmaganda organizmda gipoksiya (toʼqimalarda kislorod yetishmasligi) rivojlanadi. Bunga javoban oʼpkamiz bilan zoʼriqib nafas olish yuzaga keladi. Аnemiyada ovqatlanishni toʼgʼri yoʼlga qoʼyish kerak. Shifokor buyurgan dori vositalar va ovqatlar tarkibida temir organizmga yaxshi soʼrilishi uchun bemorga temir saqlovchi dorilar bilan birga vitamin S ham buyuriladi.
Ortiqcha vazn toʼplanganda
Kishida ortiqcha vazn toʼplansa, qalin yogʼ qavati oʼpka va yurakni hamma tomondan oʼrab olib, meʼyoriy nafas olishga xalaqit beradi. Bundan tashqari ortiqcha vaznga ega odamlarning yuragi ham zoʼriqib ishlaydi. Natijada kerak boʼlgan muhim aʼzolarga meʼyordagidan kamroq miqdorda kislorod yetib boradi.
Ortiqcha yogʼ toʼqimasidan xalos boʼlishda parhez va jismoniy harakatlar yordam beradi. Jismoniy mashqlarni oddiydan murakkabga qarab, sekin-asta koʼpaytirib borish lozim. Аks holda mashq paytida odam hushini yoʼqotishi ham hech gap emas.
Oʼpka, yurak-qon tomir yetishmovchiligi
Nafas aʼzolari kasalliklari tufayli kelib chiqadigan nafas qisishi inspirator va ekspirator turlarga boʼlinadi. Inspirator nafas qisishida bronxlardagi shilliq va balgʼam yoki oʼpkadagi oʼsma sababli nafas olish qiyinlashadi. Ekspirator turdagi nafas qisishida bronxial astmada bronxlar muskulaturasi spazmi tufayli nafas chiqarish qiyinlashadi. Umumiy amaliyot shifokori va pulьmonolog koʼrigidan oʼtish va nafas yoʼllari kasalligini davolash orqali nafas qisishidan xalos boʼlish mumkin.
Koʼpincha toj arteriyalar spazmi yoki obstruktsiyasida ham nafas qisishi mumkin. Yurakning ishemik kasalligi tufayli nafas qisishi kutilmaganda paydo boʼladi, bemorga havo yetishmayotgandek tuyuladi, koʼkrak qafasining chap qismida ogʼriq turib, pastki jagʼ va qoʼlga ham oʼtishi mumkin.
Yurak yetishmovchiligi tufayli nafas qisishi odam past yostiqda yotganida boshlanib, bosh va tanani biroz koʼtarganda oʼtib ketadi. Keskin paydo boʼlib, boʼgʼilishga aylanib ketadigan nafas qisishi yurak astmasi uchun xos belgi. Odatda bunday xuruj kechasi bezovta qiladi, bemorning rangi oqaradi, badanini muzdek ter bosadi, qon bosimi tushib ketadi, bezovtalanadi, nam xirillashlar paydo boʼladi.
Kutilmaganda kuchayib boruvchi nafas qisishi roʼy bersa darhol tez tibbiy yordamni chaqirish zarur. Chunki bu xol organizmdagi aʼzolar ishining jiddiy buzilishidan darak berishi mumkin. Elektrokardiografiya oʼtkazilib, tashhis qoʼyilgach, shifokor davolash tartibini belgilaydi.
Nigora TURSUNOVА,
shifokor, pedagog.

Оставьте комментарий

ArabicChinese (Traditional)EnglishFrenchGermanHindiKazakhKyrgyzRussianSpanishTajikTurkishUkrainianUzbek