Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari haqida

DO`STLARGA ULASHING:

Oʻzbekiston respublikasi qurolli kuchlari — Oʻzbekiston Respublikasi milliy manfaatlarini, suvereniteti, hududiy yaxlitligini hamda aholining tinch hayotini himoya qilish, urushlar va qurolli mojarolarni qaytarish va oldini olish uchun davlat tomonidan tashkil etilgan va saqlab turilgan harbiy birlashmalar, qoʻshilmalar va qismlarni oʻz ichiga oladi.
Oʻzbekiston Respublikasida Mudofaa vazirligi tizimidagi qism va boʻlinmalar, ppIchki ishlar vazirligining ichki va qorovul qoʻshinlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmatining harbiylashtirilgan qismlari, Chegara qoʻshinlaridan tashkil topgan.
Oʻzbekiston armiyasi
2015-yilga kelib Oʻzbekiston armiyasi jahonning 106 mamlakati qurolli kuchlari oʻrin olgan jahon armiyalari reytingida 48-oʻrinni egallaydi.[4] Bu haqda yangilangan Global Firepower reytingida axborot berilgan.[5]
Global Fire Power (GFP) maʼlumotlariga koʻra (ular 2014 yil martiga doir), Oʻzbekiston ixtiyorida hozirgi vaqtda 420ta tank, 715ta BTR (zirhli transport vositasi), 109ta raketa tizimlari, 70ta qiruvchi samolyot, 65ta vertolyot, xususan, 25ta hujumkor vertolyot va boshqa koʻplab qurol-aslahaga ega, qurol koʻtarib, armiyada xizmat qilishi mumkin boʻlgan aholisi soni esa 15,7 milliondan oshadi.[6]
GFP Oʻzbekiston haqidagi maʼlumotlarni Markaziy razvedka boshqarmasi sayti, MRBning World Factbook toʻplami maʼlumotlari, „Vikipediya“ va ochiq manbalardagi boshqa maʼlumotlarga asoslanib tuzib chiqqan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Oʻzbekistondan tashqari Qozogʻiston ham reytingdan oʻrin olgan boʻlib, GFP uni 80-oʻringa joylashtirgan. Oʻzbekistonga hududiy jihatdan yaqin mamlakatlar orasida Afgʻoniston 76-oʻrinni egallagan, TojikistonQirgʻiziston va Turkmaniston reytingga kiritilmagan.
MDH, Boltiqboʻyi mamlakatlari va Gruziya orasida Oʻzbekiston Rossiya (2-oʻrin) va Ukraina (21-oʻrin)dan keyingi 3-oʻrinni band etgan. Ozarbayjon (50-oʻrin), Belarus (52), Gruziya (64), Qozogʻiston (80), Estoniya (96), Litva (103) oʻrin olgan. Armaniston, Moldova, Latviya kabi mamlakatlar reytingga kiritilmagan.
Reytingga koʻra, AQSh armiyasi eng qudratli deb topilgan boʻlsa, Rossiya va Xitoy armiyasi kuchli uchlikdan oʻrin olgan. Hindiston, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya va Yaponiya armiyasi esa kuchli oʻnlikka kirgan.
Qayd etish joiz, GFP’ning 2014 yilgi reytingida ham Oʻzbekiston 48-oʻrinda borayotgan edi.
Tarix
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 31-avgustdagi „Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi toʻgʻrisida“gi Bayonotida „Davlat mustaqilligini, hududiy yaxlitligini, fuqarolarning Konstitutsiyaviy huquqi va erkinligini himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida Mudofaa ishlari vazirligi va Milliy gvardiya tuziladi. Respublika hududida joylashgan sobiq SSSR Ichki ishlar vazirligi, SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi hamda Ichki qoʻshinlari OʻzR yurisdiksiyasiga olinadi“, deb koʻrsatilgan edi. Bu 1991 yil 31 avgustda qabul qilingan „Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari toʻgʻrisida“gi qonunda „Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari vazirligini tuzish, Milliy gvardiya va muqobil xizmatni tashkil etish huquqiga ega“ deb huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Bu amalda yosh respublikaga harbiy siyosatni amalga oshirish huquqini berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1991-yil 6-sentyabrdagi farmoniga asosan, Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etildi, uning shtat tizimi va vakolatlari belgilandi. 1991-yil 10 sentyabrdagi farmonga binoan, Mudofaa Vaziri ayni vaqtda Milliy gvardiya qoʻmondoni etib tayinlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 25-oktyabrdagi qaroriga binoan, Mudofaa ishlari vazirligining huquqiy maqomi, tuzilishi va nizomlari tasdiqlandi. Turkiston harbiy okrugi boshqaruv organlari negizida Mudofaa ishlari vazirligi Bosh shtabi va boshqarmalari tuzildi.
Huquqiy asos
Oʻzbekiston Respublikasining „Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining asoslari toʻgʻrisida“gi Qonuni hamda 1991-yil 30 dekabrdagi Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Kengashining Qurolli Kuchlari va Chegara qoʻshinlari haqidagi Minsk qarori asosida 1992-yil 1-fevraldan sobiq Ittifoq tizimidagi qoʻshinlarni mablagʻ bilan taʼminlanishi toʻxtatilishini inobatga olgan holda OʻzR Oliy Kengashi 1992-yil 10-yanvarda „Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining harbiy qismlari va oʻquv muassasalarini Oʻzbekiston Respublikasi tasarrufiga olish toʻgʻrisida“, 14-yanvarda „Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy oʻquv muassasalari toʻgʻrisida“ qarorlar qabul qildi. Unda OʻzR hududida joylashgan sobiq Ittifoqqa qarashli Ichki ishlar va Mudofaa vazirligining qismlari, birlashmalari, qoʻshilmalari, oliy oʻquv yurtlari, harbiy tuzilmalari mamlakatning qonuniy tasarrufiga olinadi, deb belgilandi. Qaror asosida harbiy xizmatchilar, ularning oila aʼzolari, harbiy muassasalardagi ishchi va xizmatchilar, sobiq Ittifoq armiyasida xizmat qilgan pensionerlarga ijtimoiy va huquqiy himoyalandi. Harbiy qismlar va oʻquv yurtlari, muassasalar, tashkilotlar davlat tomonidan moddiy texnika va mablagʻ bilan taʼminlandi.
  • 1992 yil 24 martda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan Chegara qoʻshinlari boʻlinmalari haqida“gi farmoni bilan Respublika Milliy Xavfsizlik Xizmati qoshida Chegara qoʻshinlari boshqarmasi tashkil etildi va Oʻrta Osiyo Chegara qoʻshinlari boʻlinmalari uning tasarrufiga oʻtkazildi.
  • 1992 yil 18 mayda „Oʻzbekiston Respublika hududida joylashgan havo desanti qoʻshinlari, harbiy transport aviatsiyasi, razvedka qoʻshinlari, taʼminot qismlari haqida“gi farmon bilan bu qoʻshinlar respublika tasarrufiga oʻtkazildi. OʻzR Prezidentining 1992 yil 12 noyabrdagi „Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan havo hujumiga qarshi harbiy qismlar haqida“gi, 13 noyabrda „Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan kimyoviy harbiy qismlar haqida“gi farmonlari bilan mamlakatimiz hududida joylashgan mazkur turlardagi qoʻshinlar respublika tasarrufiga olindi va sifat jihatidan takomillashtirildi. Shu tarzda mustaqil mamlakat Qurolli Kuchlarini barpo etishning tashkiliy davri yakunlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi oʻz Qurolli Kuchlarini tuzishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning huquqiy meʼyorlari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik boʻyicha Xelsinki yakunlovchi akti, MDH kollektiv xavfsizlik Shartnomasi kabi xalqaro hujjatlarning barcha talablariga rioya qildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 3-iyuldagi farmoniga muvofiq, Mudofaa ishlari vazirligi Mudofaa vazirligiga aylantirildi. Oʻzbekiston Respublikasining „Mudofaa toʻgʻrisida“, „Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida“ hamda „Muqobil xizmat toʻgʻrisida“gi qonunlari qabul qilindi.
  • 1993-yilning 22-noyabrda „Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy qismining Jangovar bayrogʻi toʻgʻrisida“gi Prezident farmoni imzolanib, Qurolli Kuchlar Jangovar bayrogʻining yagona namunasi belgilandi. OʻzR Oliy Kengashining 1993 yil 29 dekabrdagi Oʻzbekiston Respublikasining „Vatan himoyachilari kunini belgilash toʻgʻrisida“gi qonuniga binoan, 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni, deb eʼlon qilindi.
  • 1995-yil avgustida qabul qilingan OʻzR Harbiy doktrinasi mamlakatning harbiy sohadagi siyosatini belgilab berdi. Mintaqadagi harbiy siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan hodda 2000-yil 3 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi qabul qilindi.

Оставьте комментарий