O‘lchash usullari va vositalari. O‘lchash xatoliklari

DO`STLARGA ULASHING:

O‘lchash usullari va vositalari. O‘lchash xatoliklari
             Reja:
  • O‘lchash turlari va usullari
  • O‘lchash vositalari va ularning turlari.
  • Etalonlar, ularning tabaqalanishi.
  • O‘lchashlarning sifat mezonlari.
  • O‘lchash xatoliklarining tabaqalanishi.
  • Muntazam xatoliklar, ularni kamaytirish usullari.
 
Tayanch iboralar: o‘lchash, o‘lchash usuli, o‘lchash jarayoni, o‘lchash vositasi, o‘lchash asbobi, o‘lchash xatoligi.
4.1. O‘lchash usullari va turlari
         Ma’lumki, har bir sohada, masalan, elektr energetika, issiqlik energetikasi, neft va gaz sanoati va h.k., o‘lchash ishlarini o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.
         Kattalikning sonli qiymatini odatda o‘lchash amali bilangina topish mumkin, ya‘ni bunda ushbu kattalik miqdori birga teng deb qabul qilingan shu turdagi kattalikdan necha marta katta yoki kichik ekanligi aniqlanadi.
         O‘lchash deb, shunday solishtirish, anglash, aniqlash jarayoniga aytiladiki, unda o‘lchanadigan kattalik fizikaviy tajriba, ya‘ni eksperiment yordamida, xuddi shu turdagi, birlik sifatida qabul qilingan miqdori bilan o‘zaro solishtiriladi.
         Bu ta’rifdan shunday xulosaga kelish mumkinki: birinchidan, o‘lchash bu har xil kattaliklar to‘g‘risida informatsiya hosil qilishdir; ikkinchidan, bu fizikaviy eksperimentdir; uchinchidan – o‘lchash jarayonida o‘lchanadigan kattalikning o‘lchash biriligi ishlatilishidir. Demak, o‘lchashdan maqsad, o‘lchanadigan kattalik bilan uning o‘lchash birligi sifatida qabul qilingan miqdori orasidagi (tafovutni) nisbatni topishdir. Ya‘ni, o‘lchash jarayonida izlanuvchi kattalik, bu shunday asosiy kattalikki, uni aniqlash butun izlanishning, tekshirishning vazifasi, maqsadi hisoblanadi va o‘lchash ob’yekti ishtirok etadi. O‘lchash ob’yekti (o‘lchanadigan kattalik) shunday yordamchi kattalikki, uning yordamida asosiy izlanuvchi kattalik aniqlanadi, yoki bu shunday qurilmaki, uning yordamida o‘lchanadigan  kattalik solishtiriladi.
         Quyidagi rasmda o‘lchash jarayonining tashkil etuvchilari ifodalangan (4.1 – rasm).
         Shunday qilib, uchta tushunchani bir – biridan ajrata bilish kerak; o‘lchash, o‘lchash jarayoni va o‘lchash usuli.
O‘lchash – bu umuman har xil kattaliklar to‘g‘risida informatsiya qabul qilish, o‘zgartirish demakdir. Bundan maqsad izlanayotgan kattalikni son qiymatini qo‘llash, ishlatish uchun qulay formada aniqlashdir.
O‘lchash jarayoni – bu solishtirish eksperimentini o‘tkazish jarayonidir (solishtirish qanday usulda bo‘lmasin).
         O‘lchash usuli – bu fizik eksperimentning aniq, ma’lum struktura, o‘lchash vositalari va eksperiment o‘tkazishning aniq yo‘li, algoritmi yordamida bajarilish, amalga oshirilish usulidir.
 
4.1 – rasm. O‘lchash jarayoni sxemasi.
O‘lchash odatda o‘lchashdan ko‘zlangan maqsadni (izlanayotgan kattalikni) aniqlashdan boshlanadi, keyin esa shu kattalikning tavsifini tahlil qilish asosida bevosita o‘lchash ob’yekti (o‘lchanadigan kattalik) aniqlanadi. O‘lchash jarayoni yordamida esa shu o‘lchash ob’yekti to‘g‘risida informatsiya hosil qilinadi va nihoyat ba’zi matematik  qayta ishlash yo‘li bilan o‘lchash maqsadi haqida yoki izlanayotgan kattalik haqida informatsiya (o‘lchash natijasi) olinadi.
O‘lchash natijasi – o‘lchanayotgan kattalikning son qiymatini o‘lchash birligiga ko‘paytmasi tariqasida ifodalanadi:
Х = n(х),
bu yerda: X –  o‘lchanadigan kattalik;
                n – o‘lchanayotgan kattalikning qabul qilingan o‘lchov birligidagi son qiymati;
               (х) – o‘lchash birligi.
O‘lchash fan va texnikaning qaysi sohasida ishlatilishiga qarab, u aniq nomi bilan yuritiladi: elektrik, mexanik, issiqlik, akustik va h.k.
O‘lchanayotgan kattalikning sonli qiymatini topishning bir necha xil turlari (yo‘llari) mavjuddir (4.2. rasm).
 
4.2 –  rasm. O‘lchash turlari.
 
 
4.3.rasm. O‘lchash usullari.
O‘lchash usullarning ta’riflarini keltiramiz:
Bevosita baholash usuli – bevosita o‘lchash asbobining sanash qurilmasi yordamida to‘g‘ridan – to‘g‘ri o‘lchanayotgan kattalikning qiymatini topishdir. Masalan, prujinali manometr bilan bosimni o‘lchash yoki ampermetr yordamida tok kuchini topish.
O‘lchov bilan taqqoslash (solishtirish) usuli – o‘lchanayotgan kattalikni o‘lchov orqali yaratilgan kattalik bilan taqqoslash (solishtirish)dir. Masalan tarozi toshi yordamida massani aniqlash. O‘lchov bilan taqqoslash usulining o‘zini bir nechta turlari mavjud.
Ayirmali o‘lchash (differentsial) usuli – o‘lchov bilan taqqoslash usulining turi hisoblanib, o‘lchanayotgan kattalikning va o‘lchov orqali yaratilgan kattalikning ayirmasini (farqini) o‘lchash asbobiga ta‘sir qilishdir. Misol qilib uzunlik o‘lchovini qiyoslashda uni komparatorda namunaviy o‘lchov bilan taqqoslab o‘tkaziladigan o‘lchash yoki, voltmetr yordamida ikki kuchlanish orasidagi farqni o‘lchash, bunda kuchlanishlardan biri juda yuqori aniqlikda ma’lum, ikkinchisi esa izlanayotgan kattalik hisoblanadi.
∆U=U0 – Ux;  Ux=U0 – ∆U
Ux bilan U0 qanchalik yaqin bo‘lsa, o‘lchash natijasi ham shunchalik aniq bo‘ladi.
Nolga keltirish usuli – bu ham o‘lchov bilan taqqoslash usulining bir turi hisoblanadi. Bunda kattalikning taqqoslash asbobiga ta‘siri natijasini nolga keltirish lozim bo‘ladi. Masalan, elektr qarshiligini qarshiliklar ko‘prigi bilan to‘la muvozanatlashtirib o‘lchash.
O‘rindoshlik usuli – o‘lchov bilan taqqoslash usulining turi hisoblanib, o‘lchanayotgan kattalikning o‘lchov orqali yaratilgan ma‘ lum qiymatli kattalik bilan o‘rin almashishiga asoslangan.
Misol, o‘lchanadigan massa bilan tarozi toshini bir pallaga galma – gal qo‘yib o‘lchash yoki qarshiliklar magazini yordamida tekshirilayotgan rezistorning qarshiligini topish.
         Mos kelish usuli – o‘lchov bilan taqqoslash usulining turi. O‘lchanayotgan kattalik bilan o‘lchov orqali yaratilgan kattalikning ayirmasini shkaladagi belgilar yoki davriy signallarni mos keltirish orqali o‘tkaziladigan o‘lchash. Masalan, kalibr yordamida val diametrini moslash.
         Har bir tanlangan usul o‘z usuliyatiga, ya‘ni o‘lchashni bajarish usuliyatiga ega bo‘lishi lozim. O‘lchashni bajarish usuliyati deganda, ma’lum usul bo‘yicha natijalarini olish uchun belgilangan tadbir, qoida va sharoitlar tushuniladi.
 
4.2. O‘lchash vositalari va ularning turlari
Ma’lumki, o‘lchashni biror bir vositasiz bajarib bo‘lmaydi.
O‘lchash vositalarining turlari xilma – xil. Ular sodda yoki murakkab, aniqligi katta yoki kichik bo‘lishi mumkin. O‘lchash vositalari me’yorlangan metrologik xossalarga ega bo‘lishlari lozim va bu metrologik xossalar davriy ravishda tekshirilib turiladi. O‘lchash amalida o‘lchanayotgan kattalikning qiymati to‘g‘ri aniqlanishi aynan mana shu o‘lchash vositasining to‘g‘ri tanlanishiga va ishlashiga bog‘liq.
O‘lchash vositalarining turlari quyidagi sxemada ifodalangan (4.4 – rasm).
4.4 – rasm. O‘lchash vositalarining turlari.
 
O‘lchovlar – keng tarqalgan o‘lchash vositalaridan hisoblanadi.
O‘lchov deb, kattalikning aniq bir qiymatini hosil qiladigan, saqlaydigan o‘lchash vositasiga aytiladi. Masalan, tarozi toshi, elektr qarshiligi, kondensatori va shu kabilarni o‘lchovlarga misol qilib olishimiz mumkin (4.5 – rasm).
 
4.5 – rasm. O‘lchovlar (tarozi toshlari).
O‘lchovlarning ham turlari va xillari ko‘p. Standart namunalar va namunaviy moddalar ham o‘lchovlar turkumiga kiritilgan.
Standart namuna – modda va materiallarning xossalarini va xususiyatlarini tavsiflovchi kattaliklarni hosil qilish uchun xizmat qiladigan o‘lchov sanaladi. Masalan, g‘adir – budurlikning namunalari, namlikning standart namunalari.
Namunaviy modda esa, muayyan tayyorlash sharoitida hosil bo‘ladigan va aniq xossalarga ega bo‘lgan modda sanaladi. Masalan, “toza suv”, “toza metall” va hokazolar. “Toza rux” 4200 C haroratni hosil qilishda ishlatiladi.
O‘lchovlar ko‘p qiymatli (o‘zgaruvchan qarshiliklar, millimetrlarga bo‘lingan chizg‘ich) va bir qiymatli (tarozi toshi, o‘lchash kolbasi, normal element) turlarga bo‘linadi. Ba’zan o‘lchovlar to‘plamidan ham foydalaniladi.
Kattalikning o‘lchamini hosil qilish va foydalanishda quyidagi qatorni yodda tutishimiz lozim bo‘ladi:
Ishchi o‘lchash vositalari, namunaviy o‘lchash vositalari, ishchi etalon, solishtirish etaloni, nusxa etalon, ikkilamchi etalon, maxsus etalon, birlamchi etalon va davlat etaloni.
         O‘lchash asbobi deb, kuzatish (kuzatuvchi) uchun qulay ko‘rinishli shaklda o‘lchash ma’lumoti signalini ishlab chiqishga mo‘ljallangan o‘lchash vositasiga aytiladi.
         O‘lchash asboblarining  turlari quyidagicha (4.5 – rasm):
 
4.5 – rasm.  O‘lchash asboblarining o‘lchash natijasi ma’lumotlarini
ko‘rsatishiga ko‘ra turlarga bo‘linishi.
4.3. Etalonlar, ularning tabaqalanishi
Fan va texnikaning eng yuqori saviyasidagi aniqlik bilan ishlangan namunaviy o‘lchovlar etalonlar deb ataladi. Etalonlar ishlatiladigan va davlat etalonlariga bo‘linadi. Davlat etalonlari namunaviy o‘lchov va asboblarni tekshirishda qo‘llaniladi va Davlat standarti idoralarida saqlanadi.
Etalon deb, kattalikning o‘lchamini hosil qilish, saqlash va uni boshqa o‘lchash vositalariga uzatish uchun xizmat qiladigan o‘lchovlarga aytiladi. Kattalikning birligi etalondan razryad etalonlariga uzatiladi, ulardan esa pog‘onasimon tarzda ishchi o‘lchash vositalariga uzatiladi.
Etalonlarning tabaqalanish pog‘onasi quyidagicha joylashgan:
 –  birlamchi etalonlar;
 –  ikkilamchi etalonlar;
 –  ishchi etalonlar.
Zamonaviy ilm – fan yutuqlarini qo‘llagan holda, mazkur o‘lchashlar sohasidagi mavjud bo‘lgan imkoniyat doirasida va eng yuqori aniqlikda kattalikning birligini hosil qiluvchi etalonga birlamchi etalon nomi berilgan. Birlamchi etalon milliy (davlat) yoki xalqaro bo‘lishi mumkin (4.6 – rasm).
4.6.– rasm. Etalonlarning tabaqalanishi va turlari.
Xalqaro etalon – milliy etalonlar bilan qayta tiklanadigan va saqlanadigan birliklar o’lchamlarini muvofiqlashtirish uchun xalqaro kelishuv bo‘yicha xalqaro asos sifatida qabul qilingan etalon.
Xalqaro etalonlarni «Og‘irlik va o‘lchovlar bo‘yicha  xalqaro byuro» saqlaydi (OO‘XB) va u bilan bog‘liq barcha masalalarni hal etadi. OO‘XB faoliyatidagi eng muhim va mas’uliyatli vazifalaridan biri, turli davlatlarning yirik va katta ko‘lamga ega bo‘lgan metrologiya laboratoriyalaridagi milliy etalonlarini xalqaro etalonlar bilan muntazam va xalqaro miqyosda taqqoslash hisoblanadi. Shuningdek o‘lchashlarning ishonchliligini, aniqligini va birligini ta’minlash maqsadida o‘zaro taqqoslovlar ham muhim vazifalar qatoriga kiradi. Bu esa xalqaro iqtisodiy aloqalarning eng asosiy talablaridan  sanaladi. SI tizimidagi asosiy kattaliklarning etalonlari bilan bir qatorda, hosilaviy kattaliklarning etalonlari ham taqqoslanib turadi. Taqqoslash amallari belgilangan muddatda, davriy ravishda bajariladi. Masalan, metr va kilogramm etalonlari har 25 yilda, elektr va yorug‘lik kattaliklarining etalonlari esa har 3 yilda taqqoslab turiladi. Birlamchi etalonga ikkilamchi va boshqa razryaddagi barcha etalonlar buysunadi.
Davlat etaloni – davlat hududida ushbu kattalikning boshqa barcha etalonlari bilan qayta tiklanadigan, birliklarning o‘lchamlarini aniqlash uchun asos sifatida xizmat qilishi vakolatli davlat idorasining qarori bilan tan olingan birlamchi yoki maxsus etalon.
Milliy etalon – mamlakat uchun boshlang‘ich etalon sifatida xizmat qilishi rasmiy qaror bilan tan olingan etalon bo‘lib, milliy metrologiya organi tomonidan tasdiqlanadi. O‘zbekiston Respublikasida ushbu organ sifatida, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo‘yicha milliy markaz – O‘zstandart Agentligi hisoblanadi.
Maxsus etalon – birlikning alohida sharoitlarda qayta tiklanishini ta’minlaydigan va bu sharoitlar uchun birlamchi etalon bo‘lib xizmat qiladigan etalondir. Maxsus etalon yordamida yaratilgan birlik birlamchi etalon yordamida yaratilgan birlik birlamchi etalon yordamida yaratilgan birlikka mos bo‘lishi kerak.
 Birlamchi etalon orqali qiymati aniqlanadigan etalonga ikkilamchi etalon nomi berilgan.
Guvoh etalon – davlat etalonining butliligini va o‘zgarmaganligini tekshirish uchun va buzilgan toki yuqolgan hollarda uni almashtirish uchun mo‘ljallangan ikkilamchi etalon.
Hozir asosiy birliklarning etalonlaridan faqat kilogrammning guvoh etaloni bor.
Nusxa etalon ishchi etalonlarga birliklar o‘lchamlarni uzatishga mo‘ljallangan ikkilamchi etalon hisoblanadi.
Nusxa etalonlar, odatda, birlamchi yoki maxsus etalonni barvaqt yeyilishdan saqlash maqsadida, qiyoslash ishlari ko‘p bo‘lgan hollarda yaratiladi. Nusxa-etalon zarur bo‘lganda, davlat etaloni o‘rnida ishlatilishi mumkin.
Taqqoslash etaloni ham ikkilamchi etalon bo‘lib, undan biror sababdan ko‘ra bir – biri bilan bevosita solishtirib bo‘lmaydigan etalonlarni taqqoslash uchun foydalaniladi.
Yuqori aniqlikka ega bo‘lgan namunaviy o‘lchash vositalariga va ayrim hollarda juda katta aniqlikka ega bo‘lgan namunaviy o‘lchash vositalariga birlikning o‘lchamini uzatish uchun ishchi etalon qo‘llaniladi.
Etalon sifatida tasdiqlangan o‘lchash vositalarning to‘plamiga kiruvchi o‘lchash uskunalariga esa etalon uskunasi nomi berilgan.
 
4.4.O‘lchashlarning sifat mezonlari
Har bir narsaning sifati bo‘lgani kabi o‘lchashlarning ham sifati va mezonlari mavjud. Bu mezonlar o‘lchashlardagi asosiy tavsiflarni ifodalaydi. Bu mezonlar qatoriga quyidagilar kiritilgan:
Aniqlik – bu mezon o‘lchash natijalari kattalikning chinakam qiymatiga yaqinligini ifodalaydi. Miqdor jihatdan aniqlik nisbiy xatolik moduliga teskari tarzda baholanadi. Masalan, agar o‘lchash xatoligi 10 – 3 bo‘lsa, uning aniqligi 103 bo‘ladi yoki boshqacha aytganda, qanchalik aniqlik yuqori darajada bo‘lsa, shunchalik, o‘lchash natijasidagi muntazam va tasodifiy xatoliklar ulushi kam bo‘ladi.
Ishonchlilik – o‘lchash natijalariga ishonch darajasini belgilovchi mezon hisoblanadi. O‘lchash natijalariga nisbatan ishonchlilikni ehtimollar nazariyasi va matematik statistika qonunlari asosida aniqlanadi. Bu esa konkret holat uchun xatoligi berilgan chegaralarda talab etilgan ishonchlilikdagi natijalarni olishni ta’minlovchi o‘lchash usuli va vositalarini tanlash imkonini beradi.
To‘g‘rilik – o‘lchash natijalaridagi muntazam xatoliklarning nolga yaqinligini bildiruvchi sifat mezoni.
Mos keluvchanligi – bir xil sharoitlardagi o‘lchashlar natijalarini bir – biriga yaqinligini bildiruvchi sifat mezoni. Odatda, o‘lchashlarning mos keluvchanligi tasodifiy xatoliklarning ta’sirini ifodalaydi.
Qaytaruvchanlik – ushbu mezon har xil sharoitlarda (turli vaqtda, har xil joylarda, turli usullarda va vositalarda) bajarilgan o‘lchashlarning natijalarini bir – biriga yaqinligini bildiradi.
4.5. O‘lchash xatoliklarining tabaqalanishi
O‘lchash xatoligio‘lchash natijasini chinakam (haqiqiy) qiymatdan chetlashuvini (og‘ishuvini) ifodalovchi o‘lchashning sifat mezoni.
         O‘lchash xatoliklari turli sabablarga ko‘ra turlicha ko‘rinishda namoyon bo‘lishi mumkin. Bu sabablar qatoriga quyidagilarni kiritishimiz mumkin:
          –  o‘lchash vositasidan foydalanishda uni sozlashdan yoki sozlash darajasini siljishidan kelib chiquvchi sabablar;
          –  o‘lchash ob’yektini o‘lchash joyiga (pozitsiyasiga) o‘rnatishdan kelib chiquvchi sabablar;
          –  o‘lchash vositalarining zanjirida o‘lchash ma’lumotini olish, saqlash, o‘zgartirish va tavsiya etish bilan bog‘liq sabablar;
          –  o‘lchash vositasi va ob’yektiga nisbatan tashqi ta’sirlar (harorat yoki bosimning o‘zgarishi, elektr va magnit maydonlarining ta’siri, turli tebranishlar va hokazolar)dan  kelib chiquvchi sabablar;
          –  o‘lchash ob’yektning xususiyatlaridan kelib chiquvchi sabablar;
          –  operatorning malakasi va holatiga bog‘liq sabablar va shu kabilar.
         O‘lchash xatoliklarini kelib chiqish sabablarini tahlil qilishda eng avvalo o‘lchash natijasiga salmoqli ta’sir etuvchilarini aniqlash lozim bo‘ladi.
O‘lchash xatoliklari u yoki bu xususiyatiga ko‘ra quyida keltirilgan turlarga bo‘linadi (4.7 – rasm):
 
4.7 – rasm. O‘lchash xatoliklarining turlarga bo‘linishi.
 
Absolyut xatolik. Bu xatolik kattalik qanday birliklarda ifodalanayotgan bo‘lsa, shu birlikda tavsiflanadi. Masalan, 0,2 V; 1,5 mkm va h.k. Mutlaq xatolikni quyidagicha aniqlanadi:
Δ = А  –  хch А  –  хх
Bunda: A – o‘lchash natijasi;
  xch – kattalikning chinakam qiymati;
  xх – kattalikning haqiqiy qiymati.
Absolyut xatolikni teskari ishora bilan olingan qiymati tuzatma deb ataladi:
 – Δ=kt;
Odatda, o‘lchash asboblarining xatoligi keltirilgan xatolik bilan ham belgilanadi.
Absolyut xatolikni asbob ko‘rsatishining eng maksimal qiymatiga nisbatini  аk mах fоizlаrdа olinganiga keltirilgan xatolik deb ataladi:
Βх=(Δ/аk mах) 100%;  
Bu faqat o‘lchash asboblari uchun qo‘llanadi.
Nisbiy xatolik – absolyut xatolikning haqiqiy qiymatga nisbatini bildiradi va foiz (%) da ifodalanadi:
Δ=[(Ахх)/хх]100%=(Δ/хх)100%
Statik xatoliklar – vaqt mobaynida kattalikning o‘zgarishiga bog‘liq bo‘lmagan xatoliklar. O‘lchash vositalarining statik xatoligi shu vosita bilan o‘zgarmas kattalikni o‘lchashda hosil bo‘ladi. Agar o‘lchash vositasining pasportida statik sharoitlardagi o‘lchashning chegaraviy xatoliklari ko‘rsatilgan bo‘lsa, u holda bu ma’lumotlar dinamik sharoitlardagi aniqlikni tavsiflashga nisbatan tadbiq etila olmaydi.
Dinamik xatoliklar – o‘lchanayotgan kattalikning vaqt mobaynida o‘zgarishiga bog‘liq bo‘lgan xatoliklar sanaladi. Dinamik xatoliklarning vujudga kelishi o‘lchash vositalarining o‘lchash zanjiridagi tarkibiy elementlarning inertsiyasi tufayli deb izohlanadi. Bunda o‘lchash zanjiridagi o‘zgarishlar oniy tarzda emas, balki muayyan vaqt davomida amalga oshirilishi asosiy sabab bo‘ladi.
Asosiy xatolik deb,  normal (graduirovka) sharoitda ishlatiladigan asboblarida hosil bo‘ladigan xatolikka aytiladi. Normal sharoit deganda havo (atrof – muhit) harorati 200С±50С, havo namligi 65%±15%, atmosfera bosimi (750±30) mm s.u., ta’minlash kuchlanishi nominalidan  ±2%  o‘zgarishi mumkin va boshqalar.
Agar asbob shu sharoitdan farqli bo‘lgan tashqi sharoitda ishlatilsa, hosil bo‘ladigan xatolik qo‘shimcha xatolik deyiladi.
Muntazam  xatolik deb, umumiy xatolikning takroriy o‘lchashlar mobaynida muayyan qonuniyat asosida hosil bo‘ladigan, saqlanadigan yoki o‘zgaradigan tashkil etuvchisiga aytiladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, o‘lchash natijasidagi bo‘lgan umumiy xatolikni quyidagicha tasvirlashimiz mumkin.
Muntazam xatoliklarning kelib chiqish sabablari turli tuman bo‘lib, tahlil va tekshiruv asosida ularni aniqlash va qisman yoki butkul bartaraf etish mumkin bo‘ladi. Muntazam xatoliklarning asosiy guruhlari quyidagilar hisoblanadi:
 –  uslubiy xatoliklar;
 –  asbobiy (qurilmaviy) xatoliklar;
 –  sub’ektiv xatoliklar.
O‘lchash usulining nazariy jihatdan aniq assolanmaganligi natijasida uslubiy xatolik kelib chiqadi.
O‘lchash vositalarining konstruktiv kamchiliklari tufayli kelib chiqadigan xatolik asbobiy xatolik deb ataladi. Masalan: asbob shkalasining noto‘g‘ri graduirovkalanishi, qo‘zg‘aluvchan qismining noto‘g‘ri mahkamlanishi va hokazolar.
Asbobning (qurilmaning) xatoligi – asbobning noto‘g‘ri qo‘yilishidan yoki uni ba’zi tashqi faktorlar ta’sirida ishlatilishidan kelib chiqadigan xatolikka aytiladi.
Sub’ektiv xatolik – kuzatuvchining aybi bilan chiqadigan xatolikdir.
4.6. Muntazam xatoliklarni kamaytirish usullari
Umuman, muntazam xatolikni yo‘qotish yo‘li aniq ishlab chiqilmagan. Lekin, shunga qaramay, muntazam xatolikni kamaytirishning ba’zi bir usullari mavjud:
  1. Xatoliklar chegarasini nazariy jihatdan baholash, bu uslub o‘lchash uslubini, o‘lchash apparaturasining tavsiflarini, o‘lchash tenglamasini va o‘lchash sharoitlarini tahlil qilishga asoslanadi. Masalan: o‘lchash asbobining parametrlari va tekshirilayotgan zanjirning ish holatini bilgan holda biz uning tuzatmasini (xatoligi) topishimiz mumkin. Xatolik, bunda, asbobning iste’mol qiluvchi quvvatidan, o‘lchanayotgan kuchlanishning chastotasini oshishidan hosil bo‘lishi mumkin.
  2. Xatolikni o‘lchash natijalari bo‘yicha baholash. Bunda o‘lchash natijalari har xil prinsipdagi usul va o‘lchash apparaturasidan olinadi. O‘lchash natijalari orasidagi farq – muntazam xatolikni xarakterlaydi. Bu uslub yuqori aniqlikdagi o‘lchashlarda ishlatiladi.
  3. Har xil tavsiyalarga ega bo‘lgan, lekin bir xil fizikaviy printsipda ishlaydigan vosita yordamida o‘lchash usuli. Bunda o‘lchash ko‘p marotaba takrorlanib, o‘lchash natijalari muntazam statistika usuli yordamida ham ishlanadi.
  4. O‘lchash apparaturasini ishlatishdan oldin sinovdan o‘tkazish. Bu usul ham aniq o‘lchashlarda ishlatiladi.
  5. Muntazam xatoliklarni keltirib chiqaruvchi sabablarni yo‘qotish usuli. Masalan: tashqi muhit harorati o‘zgarmas qilib saqlansa, o‘lchash vositasini tashqi maydon ta’siridan himoyalash maqsadida ekranlashtirilsa, manba kuchlanishi turg‘unlashtirilsa (stabillashtirilsa).
  6. Muntazam xatolikni yo‘qotishning maxsus usulini qo‘llash. Bu usul nisbatan kengroq tarqalgan usullardan bo‘lib, o‘rin almashtirish, differensial usul, simmetrik kuzatishlardagi xatoliklarni kompensatsiyalash usullari bunga misol bo‘la oladi.

Оставьте комментарий