RUFAT RISQIYEV. “Toshkent yo‘lbarsi” laqabi bilan tanilgan boks afsonasi.

DO`STLARGA ULASHING:

“Toshkent yo‘lbarsi” laqabi bilan tanilgan boks afsonasi. Jahon chempioni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi. “El-yurt hurmati” ordeni sohibi. U o‘zbek bokschilari orasida xalqaro maydonlarda g‘olib va sovrindor bo‘lgan dastlabki bokschi sifatida tarixga muhrlangan. Bugun uning tug‘ilgan kuni.
Zamondoshning hayot yo‘li

Rufat Risqiyev 1949 yil 2 oktyabr kuni Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on shahrida tavallud topgan. U dastlab akrobatika bilan shug‘ullangan. Bir kuni sinfdoshi uni boks zaliga olib borgan. Shu bilan Rufatning hayoti boks bilan ipsiz bog‘langan. Ustozi Aleksandr Baranovdan boks sirlarini o‘rgangan. Ilk bor 1972 yili 75 kilogrammgacha vazn toifasida sobiq ittifoq chempionligini qo‘lga kiritdi. Rufat Risqiyev 1974-76 yillarda qatorasiga uch bor yana mamlakatda tengsiz ekanligini isbotlagan. U 1974 yilda Gavanada o‘tkazilgan boks bo‘yicha ilk jahon chempionatida barcha raqiblarini tiz cho‘ktirib, oltin medalga sazovor bo‘lgan. 1974 yildan e’tiboran AIBA havaskorlar o‘rtasida jahon chempionati tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilgan va Rufat Risqiyev dastlabki chempionlardan biri sifatida tarixga kirgan.

Shuningdek, Rufat Asadovich 1976 yilgi Olimpiya o‘yinlari finalchisidir. U paytlarda boks bo‘yicha jahon chempionati xuddi Olimpiya o‘yinlari singari har to‘rt yilda bir marta o‘tkazilar edi. Xuddi shu yili Monreal shahri mezbonlik qilgan to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida ham finalgacha yetib bordi va kumush medalga sazovor bo‘ldi. 1979 yili O‘zbekiston jismoniy tarbiya institutini tugatgan.

Boks afsonasi bir kuni xorijlik murabbiylardan biriga Yevropaning to‘rt chempioni bilan ringga tushib, g‘alaba qozongani haqida gapirganida suhbatdoshi bunga ishonmaydi, hatto miyig‘ida kulib qo‘yadi. Ammo, murabbiy o‘zbek bokschisining raqiblari Vladimir Tarasenkov, Anatoliy Klimanov, Vyacheslav Lemeshev, Maykl Spinks kabi nomdor sportchilar bo‘lganidan xabar topgach qilgan muomalasidan xijolat bo‘lgan.

Rufat Risqiyev sobiq ittifoq boks federatsiyasi tomonidan “Eng yaxshi bokschi” unvoni bilan taqdirlangan.

Ma’lumot uchun, ushbu mukofot 1948 yilda Rossiyada boksning 50 yilligi munosabati bilan ta’sis etilgan bo‘lib, unvonga o‘z davrining yengilmas bokschilari sazovor bo‘lishgan. O‘zbek bokschisi o‘z karerasi davomida 189 ta jang o‘tkazib, shundan 174 tasini g‘alaba bilan yakunlagan.

Sportdagi faoliyatidan so‘ng Rufat Risqiyev 1979 yil o‘z hayotiga bag‘ishlab ishlangan “Ringga chaqiriladi…” filmida suratga tushgan. 1997 yilda Rufat Risqiyev WBAning hakamlar bo‘limiga a’zo bo‘ldi va Markaziy Osiyoda professional boks bo‘yicha xalqaro toifadagi birinchi hakamga aylandi. Rufat Risqiyev turmush o‘rtog‘i Ma’muraxon Risqiyeva bilan ikki o‘g‘il va bir qizni tarbiyalagan va hozirda 7 nabirani voyaga yetkazishmoqda. 1999 yildan Toshkentda Risqiyev sovrini uchun o‘smirlar o‘rtasida boks musobaqalari o‘tkaziladi.

Bolaligida afsonaviy bokschimizga havas qilib sportga kirib kelgan Bahodir Jalolovning ta’kidlashicha, 3 yoshligida Rufat aka Surxondaryoga kelganida uni qo‘liga olib, bu yigit katta bo‘lsa, kuchli bokschilardan biri bo‘ladi, deb niyat qilgan ekan. Hozir o‘sha tilaklarining ijobatini ko‘rib turibmiz.

Zamondosh fikrati

“40 yilimni professional boksda o‘tkazdim. Ammo juda charchadim. Men uchun endi u qiziq emas. Ba’zi-ba’zida sport kanallarida boks uchrashuvlarini ko‘rib qolaman. Shunda birorta nabiram kelib, multfilm ko‘raylik desa, ikkilanmay aytganini qilaman”.

“Men katta natijalarni qo‘lga kiritdim, charchab, kuchdan qolganimdan so‘ng farzandlarimga vaqt ajratdim. Jonimni bergan O‘zbekiston boks federatsiyasiga bir kuni qo‘ng‘iroq qildim. Go‘shakni ko‘targan yigit o‘zini «Falonchi Palonchiyev» deb tanishtirdi. «Tanishganimdan xursandman. Men Rufat Risqiyevman», desam, «Kim u? Uzr, tanimadim», dedi. Ichimda nimadir chirs etib uzilgandek bo‘ldi. Ortda qolgan yillar ko‘z o‘ngimdan kino tasmasidek o‘tdi…”

new.fikrat.uz

Оставьте комментарий