Sepkillarga qarshi qanday kurashish mumkin?

DO`STLARGA ULASHING:

Sepkillarga qarshi qanday kurashish mumkin?!
Kosmetik nuqsonlar orasida tez-tez uchrab turadigan va o’z sohibalariga noqulaylik tug’diradiganlaridan biri sepkillardir. Bu jigarrang mayda donachalar bizga tug’ilganimizdan beri yopishib olgandek go’yo. 25 yoshimizagacha ularning soni ko’payib boradi va rangi ham to’qlashadi. 30 yoshdan keyin esa aksincha ranglari oqaradi, lekin miqdori o’zgarmay qolaveradi. Eng qizig’i — 40 yoshdan keyin ular umuman yo’q bo’lib ketishlari ham mumkin.
Sepkilli teri parvarishi. Quyosh nurlari sepkillarning keskin ko’payishiga sabab bo’ladi. Ulardan himoyalanish uchun bahorda yoki yozda soyabon va shlyapadan foydalanish mumkin. Mart oyidan boshlab terini parvarish qilishni boshlash va uni ultrabinafsha nurlari ta’siridan himoyalash zarur. Kosmetik vositalardan qorayishga qarshi engil krem yoki upadan foydalanish joiz. Buning uchun har safar ko’chaga chiqishdan oldin ularni yupqa qilib surtib olish kerak bo’ladi. Afsuski, krem 6 soat mobaynida o’z ta’sirini yo’qota boshlaydi va uni qayta surib olish ehtiyoji tug’iladi. Yuz terisi kremni tez so’rib oladi va uning ta’sirida engil sezilarli salqinlik oladi.
Sepkillarga qarshi kurashishning mahalliy usullari. Ushbu dog’larning rangini oqartirishni istaganlarga qator mahalliy usullarni tavsiya etamiz.
  1. Eng ko’p tarqalgan usullardan biri — bu bodringli damlama. 3 osh qoshiq bodring urug’iga yoki yangi to’g’ralgan bodringga aroq quyib, tun davomida saqlanadi.
  2. Quyida keltirilgan masalliqlardan biri suv bilan (1:1) aralashtiriladi: petrushka yoki momoqaymoq sharbati, qatiq, qaynoq qora choy, limon sharbati, erqalampir (xren) sharbati.
  3. 1:1 nisbatda aralashtiriluvchi smetana va tvorogli niqob ham bu borada juda mashhur usullardan biri. Ba’zan bu masalliqqa vodorod perekisini ham qo’shishadi. Ushbu niqob surtilgandan keyin 20 daqiqa o’tgach, yuvib tashlanadi.
  4. Achchiq anor suvini olib, sepkil toshgan yuz qismiga suriladi va 10 daqiqadan so’ng yuvib tashlanadi. Yog’li teri uchun anor suvini 1:5 nisbatida suvga aralashtirib surtilsa, maqsadga muvofiq. Xuddi shu yo’sinda yuzni greypfrut sharbati bilan yoki uning bo’lagi bilan artish ham mumkin.
  5. Tuxum oqini ko’pirtirib, limon sharbati bilan aralashtiriladi, so’ng 1 qoshiq glitserin qo’shib, 100 gramm odekolon bilan aralashtiriladi. Ushbu niqobni uyqudan oldin surtish tavsiya etiladi.
  6. 5 gramm glitserin, 15 gramm limon sharbati 25 gramm suv bilan yaxshillab aralashtiriladi va yupqa qilib yuzga surtiladi. Biroz vaqtdan keyin yuvib tashlab, oziqlantiruvchi krem surtiladi.
  7. Limon sharbatini 100 gramm asal bilan aralashtiriladi. Doka sochiqchalarga ushbu massadan solinib, sepkil toshgan joyga qo’yiladi. Ushbu muolajani 15-20 kun davomida qaytarilganda kutilgan natijaga erishish mumkin.
  8. Yarim osh qoshiq piyoz suvi bilan yarim osh qoshiq do’lana suvi aralashtiriladi va ko’pirtirilgan tuxum oqi qo’shib yana aralashtiriladi. Paxta tampon bilan yaxshilab bir sutka davomida 2 marta surtiladi.
  9. Shu bilan birga kalendula bargining suvi ham katta yordam beradi. Yangi piyoz suvi ham o’z ijobiy ta’sirini ko’rsatadi.
  10. Kunda 2 mahal yuzni yangi klyukva suvi bilan parvarish qilinsa ham natijaga erishish mumkin. Faqat allergiya bor-yo’qligiga e’tibor bering.
Tarkibida vodorod perekisi bo’lgan vositalardan foydalanilganda har bir muolajadan so’ng yuzga oziqlantiruvchi krem surish kerak.
Sepkillarning asli kelib chiqishi irsiyatimiz bilan bog’liq va oddiy niqoblar yordamida ulardan qutulib bo’lmasa-da, doimiy parvarish orqali ularning ranglarini oqartirib, ko’zga kamroq tashlanuvchi holatga erishish mumkin.

Оставьте комментарий