Smartfondan bu narsalarni o‘chirib tashlang!

DO`STLARGA ULASHING:

Oddiy savolga oddiy javob berib bo‘lmaydi. Mana, savol: “Sizga telefon nima uchun kerak?” Javob berishga shoshilmang. “Theuk.one” sayti mutaxassislari bergan javoblar bilan ham tanishing. Balki fikringiz o‘zgarar.

Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlar bugungi hayotimizning favqulodda hodisasi. Hatto ko‘plar ularning mobil ilovasi (yoki ilovalari)gacha o‘rnatib olishdi. Mobil ilovaga xabarlarning o‘zi keladi, yangi fotosuratlarni post qila olasiz, muhimi, do‘stlar bilan doimiy aloqa bor. Shunday ekan “Sizga telefon nega kerak?”, degan oddiy savolning javobi ham mantiqan olganda oddiy: “Do‘stlar bilan muloqot qilish uchun”. Shu xolosmi? Ammo tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi, do‘stlar!

O‘zingiz o‘ylang, “ijtimoiy” mobil ilovalar tizim resurslarining katta qismini sarflaydi, demakki, mobil telefon batareyasi quvvati ham ancha-munchaga kamayadi. Har yili chiqadigan “AVG Android App Report”da yozishlaricha, “Android” ilovalari ichida aynan mobil “Facebook” “ochko‘zligi” bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Demak, smartfondan o‘chirilishga “birinchi raqamli” da’vogar.

Mobil ilovasiz ham “Facebook”dan yengil foydalansa bo‘ladi: istalgan yaxshi brauzerda saytning mobil talqinini oching. Kompyuterdagisidan farqi juda oz, qaytanga telefon batareyasi quvvati tejalishi hisobiga do‘stlaringiz bilan muloqotingiz davomliroq bo‘ladi.

Ob-havo ilovalari

Telefonda ob-havoni bilish yaxshi, doim yoningizda. Ob-havo mobil ilovalari bilan shug‘ullanuvchilargayam qoyil: oddiy narsani shunchalik murakkablashtirib yuborishdi: animatsiyali oboylar, meteorologik xaritalar, interaktiv vidjetlar… Sizga shunchaki ertangi ob-havo ma’lumoti kerak: yomg‘irmi-quyosh, issiqmi-sovuq… Buyoqda esa telefon batareyasining sho‘ri qurib yotibdi. Yo‘lda yomg‘irga tutilib qolsangiz, shu ilova yordam beradimi? Eng tezkor xabarni bilmoqchimisiz, ana, derazani oching. Bir necha kunlik ob-havo xabari esa internet resurslarida yetarlicha, masalan, “Google” yaqin kunlardagi ob-havoni deyarli bexato aytib beradi.

Antiviruslar

“Men telefondan axborot olishda foydalanaman. Shuning uchun ham antivirus kerak”. To‘g‘ri va asosli javob, ammo yana bir savol tug‘iladi: “Siz axborotni qayerdan qidirasiz?”

Dolzarb va rostakamiga foydali axborot qurilmangizni xavf ostiga qo‘yishiga ishonish qiyin. Lo‘nda qilib aytganda, faqat sifatli kontentdan foydalanishga odatlaning, shubhali manbalardagi buzilgan dasturlarni o‘rnatishga urinmang. Shunda sizga antivirus kerak bo‘lmaydi. “Google” o‘z onlayn do‘koni mahsulotlari sifatiga doim hushyor yondashib kelgan, xavfli dasturlarni topishi bilan o‘chirib yuboradi. Shuning uchun ham antivirusning doimiy faol monitoringi real foyda keltirmaydi. “Doimiy” so‘ziga e’tibor bering! Ammo bu xavf yo‘q degani emas. Agarda qurilmangizda virus bor-yo‘qligiga shubhangiz bo‘lsa antivirus o‘rnating, zararli dasturni topib yo‘q qiling, undan so‘ng antivirusni ham o‘chirib tashlang.

Tizim optimallashtiruvchilari

Afsuski, aksariyat bu toifa ilovalar yo o‘z ishini bajara olmaydi yoki borini ham yo‘q qiladi, xullas, turgan-bitgani zarar. Keshni tozalash, eski dasturlar qoldiqlarini o‘chirishni qurilmaga o‘rnatilgan tizim asboblari ham uddalaydi. “Tozalash” aslida dasturlarning ochilishi va “Android” ishini qiyinlashtiradi. Nima qilish kerak? Telefoningizning o‘z ichki imkoniyatlaridan foydalaning. “Android”ning o‘z vositalari muammolarga qarshi chet dasturlarsiz ham kurasha oladi.

“Proshivkadan chiqqan” brauzer

Oddiy savolga oxirgi javob. Ko‘pincha chet ishlab chiqaruvchilar o‘z “proshivka”lariga maxsus brauzerlar o‘rnatishadi. Bu brauzerlarning ichiga esa reklama beruvchilarning saytlariga yoki sizga umuman kerak bo‘lmagan kontentlarga eltuvchi havolalar joylashtiriladi. Bunday brauzer sizning ma’lumotlaringizni kimlarga ulashishi esa alohida mavzu. Xullas, buniyam o‘chiramiz! O‘rniga-chi?

“Android” uchun o‘nlab yaxshi brauzerlar bor. Masalan, “Google Chrome” ko‘plarning nazarida ishonchli va tezkor brauzer. “Chrome” funksiyalarga boy, zamonaviy veb-texnologiyalar bilan qo‘llab-quvvatlanadi, mobil trafikni iqtisod qiladi, oddiy va tushunarli interfeysga ega deyishadi. Buyog‘i sizning didingizga bog‘liq.

O‘ylaymizki, bergan ma’lumotlarimiz sizga asqotadi, telefoningiz ravon ishlashda davom etadi!

Manba: Xabar.uz

Оставьте комментарий